Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Hokimiyatning mutlaq zaifligi”. Qozog‘istonning Masanchi qishlog‘ida nima ro‘y berdi?
11.02.2020 18:13,  
1070

Qozog‘iston janubida o‘tgan shanbaga o‘tar kechasi ommaviy mushtlashuv natijasida o‘n kishi halok bo‘ldi, uylar va mashinalarga o‘t qo‘yildi. Hokimiyat buni shunday izohladi: “Avval maishiy ziddiyat yuzaga kelgan, keyin bu janjal ig‘vogarlar tufayli ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan”. 

Mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev xolis tekshiruv o‘tkazish va aybdorlarni jazolashni talab qildi. Ammo mutaxassislarning fikricha, hammasiga korrupsiya, qashshoqlik va davlat organlarining me’yorida ishlashga layoqatsizligi sabab bo‘ldi. 

Ig‘vogarlar aybdormi?

Axborot vaziri Davron Abayev tergovchilar vaziyat qanday rivojlanganini daqiqama-daqiqa tiklashini va’da qildi. Guvohlarning tasdiqlashicha, ziddiyat ommaviy mushtlashuvdan bir necha kun oldin Sortobe va Masanchi qishloqlarida boshlanishi mumkin edi. Voqea joyiga borgan jurnalistlar mahalliy aholiga tayanib “maishiy to‘qnashuvlar” haqida xabar qilgan.

Ichki ishlar vazirligi xodimlarining aytishicha, mushtlashuv Masanchida boshlangan va unga qo‘shni ovullar aholisi qo‘shilishi bilan yiriklashib ketgan, yuzlab odamlar tosh, armatura va o‘qotar qurol bilan kelib janjalga qo‘shilavergan. Natijada 10 kishi halok bo‘ldi. Kelib chiqqan yong‘inlar sababli 25 ta shaxsiy uy, 30 ta tijorat nuqtasi va 40 dan ortiq mashina zarar ko‘rgan. 

Hokimiyat aybni ig‘vogarlarga to‘nkadi: rasmiylarning fikricha, aynan o‘shalar maishiy ziddiyatni millatlararo mojaroga aylantirishga harakat qilgan. 

Masanchi qishlog‘ida asosan milliy ozchilik – dunganlar yashaydi. Ular XIX asr ikkinchi yarmida O‘rta Osiyoga ko‘chib kelgan xitoyliklarning avlodi bo‘lib, Islom diniga e’tiqod qiladi. Dunganlar Masanchi aholisining 90%ini tashkil etadi. 

Kuch ishlatar tizim vakillari aybdormi?

Qozog‘iston Dunganlar uyushmasining rahbari Husey Daurov aybni kuch ishlatar tizim vakilllariga to‘nkaydi. Uning fikricha, agar maxsus vazifali mobil bo‘linma (OMON) ilgariroq, ziddiyat boshlanayotgani haqida xabar qilinishi bilan vaziyatga aralashganida qurbonlar bo‘lmasligi mumkin edi. 

Masanchida 30 ga yaqin uy va 15 ta savdo nuqtasiga o‘t qo‘yilgan

 

“Shanba kuni tonggi 5:25 da Almatidan maxsus vazifali mobil bo‘linma (OMON) va harbiylar yetib keldi va darhol butun vaziyatni nazoratga oldi. Ammo ular roppa-rosa bir sutkaga kech qoldi. Agar ular bir sutka oldin ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan vaziyatga ko‘ra harakat qilishganida biz bu musibatdan qutulib qolgan, insonlar hayotini saqlab qolgan bo‘lardik”, deydi Daurov KazTag nashriga. 

Qozog‘iston hukumati boshidanoq “millatlararo ziddiyat” nuqtai nazaridan foydalanmaslikka urindi. Vaholanki, bunday ziddiyatlar mamlakat tarixida kam uchraydigan holat emas. 

1990 yillar boshida Ust-Kamenogorskdagi zavod ishchisi o‘ldirilishi qozoq-chechen ziddiyatiga aylanib ketgan, bir guruh chechenlar qotillikda gumonlangan edi. 2006 yilda Aktauda norozilar to‘planib, dastlab akim – shahar ma’muriyati boshlig‘i iste’fosini talab qilishgan, keyin esa OAV xabariga ko‘ra namoyishda kavkazliklarga qarshi shiorlar yangragan edi. Natijada lezgin, chechen va ozarbayjonlarga tegishli do‘konlar vayron qilingan. 

O‘sha yil oktyabrida “Tengiz” neft konida turk va qozoq ishchilari orasida ommaviy mushtlashuv ro‘y bergan. Bir yil o‘tib, Mayatas qishlog‘ida qozoq va kurdlar orasida ziddiyat kelib chiqqan.

Korrupsiya aybdormi?

Bu kabi ziddiyatlar Qozog‘iston hududida davomli tarzda bo‘lib turadi, ammo aynan Masanchi qishlog‘ida shuncha odam halok bo‘ldi.

“Bu ziddiyat asosida mamlakatdagi ijtimoiy keskinlikning oshishi yotadi. Bu keskinlik tez-tez mana shunday tartibsizliklar ko‘rinishida yuzaga qalqib chiqadi. Nazarboyev davrida hokimiyat jamiyatdagi ijtimoiy bosimni bo‘shashtirish uchun bironta ham usulni ishlab chiqmadi. Bu ziddiyat esa shundayiga ham vazifasini me’yorida bajara olmaydigan davlat organlarining mutlaqo zaifligini ko‘rsatib qo‘ydi”, deydi qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev.

Qishloqning 90% aholisini dunganlar (xitoy musulmonlar) tashkil etadi

 

Qozoqlar mamlakat aholisining 65%ini tashkil etadi. Jahon Banki ma’lumotlariga ko‘ra, aholining 8,6%i qashshoqlikda hayot kechiradi. Qozog‘iston Statistika qo‘mitasi esa bu raqamni 4,7% deb ko‘rsatadi. Iqtisodchi Maqsad Xoliqning aytishicha, hukumat o‘z hisob-kitoblarida yashash uchun zarur eng kam miqdorga tayanadi: bu hozir oyiga 29 698 tenge, (76 dollar) yoki kuniga 2,5 dollarni tashkil etadi. 

“Shunda ming tenge bir kishiga nonushta, tushlik va kechki ovqatni qilishiga yetishi kerak. Uning ovqatlanish ro‘yxatiga esa go‘sht, baliq, mevalar va donli mahsulotlar ham kirishi lozim. Bu ayni miqdordagi pulga taqqoslaganda kulgili (ya’ni, ming tenge buncha narsaga yetmaydi), deydi Maqsad Xoliq “Azattik” radiosiga bergan intervyusida. 

Siyosatshunos Satpayevning izohlashicha, mamlakatda ta’lim darajasi tushib ketyapti, yoshlar oliy o‘quv yurtini bitirganidan keyin mehnat bozorida ish topa olmayapti. Vaziyatga katta sondagi ichki muhojirlar ham ta’sir qilyapti – qishloqlardan shaharlarga ish qidirib kelganlar ijtimoiy daromadlardagi farqlarni ko‘ryapti va bu odamlarning asabiylashishiga sabab bo‘lyapti. Bundan tashqari, qozoqlarning asosiy qismi tarixan qishloq joylarda yashab kelgan, qishloqlar esa mamlakatning eng tushkun holatdagi – aroqxo‘rlik, giyohvandlik, o‘z joniga qasd qilish va qashshoqlik hukmron mintaqalari bo‘lib qolgan. 

“Milliy ozchiliklar asosan shaharlarda yashaydi. Shaharda yashamaydiganlari esa qishloqlarda o‘ta uyushqoq holatda hayot kechiradi – ularning o‘z jamoasi, manfaatlarini himoya qilishda jamoaviy yondashuvi, o‘zaro yordam an’anasi bo‘ladi. Ular bir-birini moliyaviy tomondan ham, jismoniy himoya jihatidan ham qo‘llab-quvvatlay oladi. Qozoqlarda esa bunday narsa yo‘q. Shaharlashuv jarayoni qozoqlar yashab kelgan ovullar, qishloqlarni yo‘q qilyapti: ular yoki shaharga ko‘chib ketishi, yoki mana shu hayotiga rozi bo‘lib yashashi kerak. Odamlar yomon ijtimoiy siyosatning asirlariga aylanib qoldi”, deydi siyosatshunos.             

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан