Ijtimoiy tarmoqda Jamoliddin Muhammadjon nomi bilan postlar qo‘yib boruvchi blogerni 23 avgust kuni formali xodimlar "4-gom" deb yozilgan joyga olib borgan hamda suhbat o‘tkazgan. Suhbat yakunida uni soqolini olishga majbur ekanligini eslatishgan. Jamoliddin ulardan hujjat ko‘rsatishni so‘ragan, biroq unga hech kim hujjat ko‘rsatmagan.
Bloger quyidagicha yozadi: “...Qonunlarda "soqol o‘stirish mumkin emas", degan yeri bo‘lsa ko‘rsating, unga so‘zsiz itoat qilaman, dedim. Lekin ular bunday qonun yo hujjat ko‘rsatishmadi. Endi ham rozi bo‘lmaganim sababli," "organ hodimining qonuniy talabini bajarmaslik" deya so‘zini davom etayotgan kishi, "soqolni oldirib, keyin qayoqqa xohlasangiz o‘sha yoqqa shikoyat qilishingiz mumkin", dedi...”
Jamoliddin asr namozi vaqti chiqib ketayotganligi boisidan soqolini maxsus biriktirilgan sartaroshga oldirishga majbur bo‘ladi. Sartarosh bu ishni o‘z xohishi bilan qilmayotganligini aytgan. Maxsus xodimlarning biri blogerni kulgi ostiga olib “sochini ham olib tashla” degan.
U soqoli olingan holdagi rasmini sahifasiga qo‘ydi.
Jamoliddin Muhammadjon bo‘lib o‘tgan ishlar yuzasidan Ichki ishlar Bosh boshqarmasidan izoh kutmoqda.
(fotosurat blogerning tarmoqdagi sahifasidan olindi)