Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Huquqshunos minbari: Kattaqo‘rg‘on voqeasi yoxud falajlangan davlat organlari va fuqarolik jamiyati
14.08.2018 10:30,  
88

Bir qarashda Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan hodisa paysalga solinmasdan, javobgarlarga nisbatan qisqa vaqt ichida qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi kerak edi. Amalda unday bo‘lmadi: San’at Umarov sodir etgan qilmish ijtimoiy tarmoqlarda #QadrimniToptama heshtegi bilan keng tarqalib, millionlab kishining g‘azabiga sabab bo‘lganidan keyingina hibsga olindi. Tahqirlangan ayol hodisa haqida ariza topshirganiga qariyb 45 kun o‘tishiga qaramasdan, tergov qanday yakunlanganini haligacha bilmaymiz. Mazkur hodisa Ichki ishlar organlari faoliyatida keng tarqalgan vakolat suiste’moli bilan birga, davlat organlari va fuqarolik jamiyati faoliyatidagi jiddiy nuqsonlarni ham ko‘rsatdi. Quyida mazkur nuqsonlar aynan nimada kuzatilganligiga to‘xtalib o‘tamiz.

1. Ichki ishlar organlari

Kattaqo‘rg‘on hodisasi kabi holatlarda birinchilardan bo‘lib chora ko‘rishi kerak bo‘lgan eng asosiy davlat organi bu Ichki ishlar organlari. Vakolat suiiste’moli oldini olish uchun Ichki ishlar organlarining birinchi vazifasi o‘z hodimlari qatoriga eng munosib shaxslarni tanlash va ularni tegishli tayyorgarlikdan o‘tkazish. Vakolat suiste’moli ro‘y berganda esa tegishli hodim(lar)ga qarshi zudlik bilan chora ko‘rishi kerak.

Kattaqo‘rg‘on voqeasi esa yuqoridagi ikki vazifa samarasiz bajarilayotganini ko‘rsatdi. S. Umarov Ichki ishlar organlarida ishlashga noloyiq kishi. U bu holatga bir kunda tushmagan. Shunga qaramasdan Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilinib, ko‘p yillar davomida ishlab, kapitan unvonini olgan. Demak, vazifa va majburiyatlarini to‘g‘ri bajarayotgani ustidan hech qanday nazorat bo‘lmaganiga guvoh bo‘ldik, zero xabarlarga ko‘ra ayollarga nisbatan bunday muomalada bo‘lish "odatiy" bo‘lgan.

Shu bilan birga, tahqirlangan ayol hodisa haqida 22 iyun kuni ariza topshirgan bo‘lishiga qaramasdan, 8-iyulgacha hech qanday chora ko‘rilmadi. S. Umarovni darhol ishdan vaqtinchalik chetlatish o‘rniga keng omma uning qilmishi haqida xabardor bo‘lishiga qadar o‘z lavozimida ishlab yuraverdi. Bu esa unga istasa, jabrdiyda bilan ko‘rishish, uni qo‘rqitish, dalillarni yo‘qotish, guvohlar ko‘rsatmalarini o‘zgartirish va boshqa qonunbuzarliklar izini yo‘qotishga keng imkoniyat yaratib berdi.

Bundan tashqari, Ichki ishlar organlari zudlik bilan ichki taftish jarayonini boshlashi, hodisaga aloqador yoki voqif bo‘lgan barcha kishilar aniqlanishi va ularga tegishli chora ko‘rish masalasi muhokama qilinayotgan bo‘lishi kerak edi. Qisman shunday bo‘ldi ham. 16 iyul kuni Ichki ishlar tarqatgan bayonotga ko‘ra, 6 nafar xodim ishdan olindi. Ammo bu yetarli emas, zero bayonotda aytilishicha, mazkur xodimlarning bir nechtasi xizmat vazifalarini "bajarmaganlar" yoki "qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlar", bu esa qilmishning darajasiga qarab jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi kerak edi.

2. Prokuratura

Qonun bilan aniq belgilangan choralarni ko‘rishda sustlik Prokuratura faoliyatida ham kuzatildi. Ichki ishlar organlari kabi, Prokuratura ham S. Umarovni hibsga olib, unga qarshi jinoiy ish ochishiga keragidan ortiq vaqt ketdi. S. Umarovning ijtimoiy xavfliligini hisobga olib, unga qarshi zudlik bilan qamoqqa olish chorasi qo‘llanilishi kerak edi.

Unga qarshi qo‘yilgan ayblovlarda ham jiddiy kamchiliklarni ko‘rish mumkin. S. Umarovga qarshi Jinoyat Kodeksining faqat 206-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Vaholanki, mazkur holatga eng kamida ​yana beshta alohida modda qo‘llanilishi ​mumkin edi: jabrdiyda oyog‘iga ikki marta tepgani uchun 109-modda (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish); videolavhani yozib olib, uni tarqatgani uchun 130-modda (Pornografik mahsulotni tarqatish); jabrdiydani to‘xtamasdan so‘kib, haqorat qilgani uchun 140-modda (Haqorat qilish); S. Umarovning mazkur harakatlari mansab vakolati suiste’moli bo‘lgani uchun 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)​; va 235-modda (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qo‘llash). Xo‘sh, mazkur moddalar asosida nimaga S. Umarovga qarshi ayb qo‘yilmadi?

Bundan tashqari, S. Umarovning noqonuniy, g‘ayriinsoniy va kishi qadr-qimmatni kamsituvchi muomalasiga bir necha IIB hodimi guvoh bo‘lgan. Jumladan, bevosita qonunbuzarlik sodir etilgan xonada eng kamida yana bir hodim bo‘lgan. S. Umarov jabrdiydani butun boshli bo‘limda yalang‘och yurishga majburlagan. Mazkur holatga guvoh bo‘lib, hech qanday chora ko‘rmagan hodimlarga qarshi Jinoiy Kodeksning 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va/yoki 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin edi. Ammo haligacha bunday bo‘lmadi.

3. Parlament

Xalq nomidan ish olib borish uchun Oliy Majlisda 250 deputat ishlaydi: 150 nafar Qonunchilik palatasi deputatlari va 100 nafar Senat a’zolari. Ammo 250 kishidan atigi 4-5 deputat Kattaqo‘rg‘ondagi hodisa yuzasidan fikr bildirdi. Bu yaxshi. Ammo bu kabi hodisalarga deputatlarning javobi oddiy munosabat bildirish bilan cheklanmasligi kerak, zero amaldagi qonunchilik ularga samarali chora ko‘rish uchun keng vakolatlar bergan. Masalan, parlament nazorati. Ikki yil avval parlament nazorati to‘g‘risida butun boshli qonun qabul qilindi. Bu qonun Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan hodisalarga javoban qo‘llanilmasa, qachon qo‘llaniladi?

Parlament nazorati ichiga parlament so‘rovi va parlament tekshiruvi kabi vakolatlar kiradi (Parlament nazorati to‘g‘risidagi Qonunning 5, 14, 18-moddalariga qarang). Bu vakolatlar asosida Oliy Majlis deputatlari nafaqat Ichki ishlar organlari, balki prokuratura faoliyati ustidan ham nazorat o‘rnatishi mumkin. Masalan, S. Umarovga qarshi eng kamida Jinoyat Kodeksining yuqorida sanab o‘tilgan 5ta moddasi bilan ayblov e’lon qilish mumkin bo‘lganda nimaga faqat bitta modda asosida ish qo‘zg‘atilgani haqida parlament so‘rovi kiritilishi kerak edi. Yoki nimaga bittadan ko‘p Ichki ishlar xodimi bu hodisada bevosita yoki bilvosita ishtirok etganiga qaramay, faqat bir kishiga qarshi jinoiy ish ochildi? Maqola muallifi xalqqa yaqin bo‘lgan va ijtimoiy muammolarga munosabat bildirishi bilan tanilgan deputatlar Qodir Jo‘rayev, Rasul Kusherbayev, Akmal Burhanov va Nuriddin Zaynitdinovlarga mazkur savolni berdi, ammo jo‘yali javob ololmadi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis qoshida butun boshli Ombudsman faoliyat ko‘rsatadi. Vakolatlariga davlat organlari tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash kirishiga qaramasdan (1-modda), Kattaqo‘rg‘ondagi hodisadan 5 kun o‘tib munosabat bildirdi. Bayonotda umumiy jumlalar qatorida tergov jarayonini kuzatib borishni “rejalashtirmoqda"ligi, Bosh Prokuraturaga so‘rov yuborilgani aytiladi, xalos. Bayonot ham bevosita Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili janob Ulug‘bek Muxammadiyevdan emas, idora nomidan yozilgan.

Demokratiya va inson hukuklari instituti rahbari Sayyora Xodjayeva ham hech qanday jiddiy munosabat ko‘rsatmadi. Xodjayeva o‘zining Facebook sahifasida hodisa bo‘yicha Rossiyada joylashga mail.runing qisqa xabariga havola keltirib, "Bespredelu konets...." deb izoh qoldiradi (bu ham hodisa ro‘y berganidan 2 kun o‘tib). Ayol, davlat arbobi, huquqshunos va inson huquqlari faoli sifatida boshqa hech qanday tanqidiy yondashuv, bundan keyin nima qilish kerakligi haqida biron mulohaza yoki taklif bildirmagani kishini hayratga soladi.

4. Fuqarolik jamiyati

Kattaqo‘rg‘onda bo‘lgan hodisa fuqarolik jamiyatining ham abgor ahvolini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda 8 ming 700ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti mavjud ekanligi aytilsa-da, ularning loaqal 5tasidan tuzukroq faollik kuzatilmadi. Eng jiddiy faollik Xotin-qizlar Qo‘mitasida kuzatilishi kerak edi. Unday bo‘lmadi. Qo‘mita rahbari Tanzila Narbayeva tarqatgan ilk bayonotda Ichki ishlar hodimlarini himoya qilib chiqdi.

Albatta, hodisadan bir necha kun o‘tib Narbayeva jabrdiyda uyiga tashrif buyurib, turli ijtimoiy yordam turlarini taklif etdi. Bu olqishlanishi kerak. Ammo Xotin-qizlar Qo‘mitasining asosiy vazifasi gumanitar yordam ko‘rsatishdan ko‘ra ayollar huquqlarini samarali himoya qilishdan iborat. Bu borada Ichki ishlar organlari bilan "yo‘l xaritasi" ishlab chiqilayotgani va aniq talablar kiritilishi haqida xabar berildi. Ammo bu holatda e’tibor birinchi navbatda ayb uchun jazoning muqarrarligiga qaratilishi kerak edi. Afsuski, Qo‘mita faoliyatida S. Umarov va boshqa Ichki ishlar hodimlariga qarshi bir necha asosga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortish borasida samarali choralar kuzatilmadi.

Xuddi shunday muammoni Inson huquqlari bo‘yicha milliy Markaz faoliyatida ham ko‘rish mumkin. Markaz O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositasini barpo etish maqsadida 1996 yilda tuzilgan. Kattaqo‘rg‘ondagi hodisa esa Markaz davlatga qarashli inson huquqlari bo‘yicha tahlil, maslahat va muvofiqlashtirish organi sifatida o‘z vazifalarini samarali bajarmayotganini ko‘rsatdi.

Davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘z vazifalarini bajarmas ekanlar, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni kafolatlash borasida qabul qilingan 700dan ortiq qonundan hech qanday naf bo‘lmaydi. Fuqarolar konstitusiyaviy huquqlari bo‘lmish jamoatchilik nazorati doirasida mansabdor shaxslardan o‘z vazifalarini bajarishlarini talab qilishlari kerak. Shunday bo‘lmaguncha davlat organlari o‘z vazifalarini to‘liq bajarmaydi, fuqarolik jamiyati esa jonlanmaydi. 

Mirakmal Niyazmatov, huquqshunos

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан