Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qiluvchi inspeksiyaga qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi

Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qiluvchi inspeksiyaga qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi tayyorlandi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalariga (Davsuvinspeksiya) quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatish nazarda tutilgan:

- ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarni, shu jumladan yer osti suv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ob’yektlarda loyiha-smeta hujjatlarni tahlil qilish, qurilish-rekonstruksiya ishlarida nazorat o‘rnatish;

- o‘tkazilgan texnologik auditda aniqlangan egasiz va muhofazasiz inshootlardan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek sifatsiz ichimlik suv ishlab chiqarishni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

- suv ta’minoti korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan texnologik yo‘qotilgan ichimlik suvning me’yorlarini kelishish va yo‘qotilgan ichimlik suv haqidagi hisoblarni asosliligini tahlil qilish;

- suv ta’minoti korxonalari ichimlik suv sifatini tahlil qilish uchun oladigan na’muna nuqtalarni kelishish hamda ularni laboratoriya tahlilidan o‘tkazilishida nazorat o‘rnatish;

- yuridik shaxslar tomonidan ichimlik suvning belgilangan limitidan ortiqcha suv olgan iste’molchilarga jarima sanksiyalarni qo‘llash;

- suv ta’minoti va oqova suv chiqazish xizmatlari uchun tariflarni deklaratsiya qilish bo‘yicha barcha hujjatlarni tahlil qilish, zaruriy hollarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Moliya vazirligiga tariflarga o‘zgartirish kiritish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

- suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berishni teng huquqlilik va oshkoralik asosida o‘tkazilishini nazorat qilish.

“2020 yil 1 yanvardan boshlab, Davsuvinspeksiya tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarini, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladi”, - deyilgan hujjatda.

Yuklatilgan qo‘shimcha vazifalardan kelib chiqqan holda Davsuvinspeksiya boshqaruv xodimlariga qo‘shimcha 79 ta shtat birligi ajratib, ularning cheklangan soni 152 nafarga yetkazish belgilangan.