Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Ichkari”dan maktub: “Yurtimda o‘zga davlat vakili “ko‘magi” ostida ozodlikka chiqqandan ko‘ra Alloh jonimni olsin!”
21.10.2019 06:38,  
4587

Mazlumning ohiga yetgan va zolimning dodini bergan, qudratliman degan jamiki takabburlarni yer bilan yakson qilib, tanalarini qaro tuproq changalida chiritib, qumursqalarga yem qilishga qodir bo‘lgan Ulug‘ Alloh taologa Uning O‘zi yaratgan barcha maxluqot adadi va undan ham ko‘proq hamdlar bo‘lsin!

Mazlumlarning panohi o‘laroq Yer yuziga payg‘ambar bo‘lib kelgan va zolimlarning payini qirqib, Ilohiy adolatni o‘rnatgan Muhammad Mustafo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga durud va salovatlarimiz bo‘lsin!

Qamoqda meni nohaq o‘tiribdi deb ishongan samimiy insonlar ko‘pdan ko‘p duo qilayotganlarining xabari kelib turadi. Alhamdulillah. Robbim meni yolg‘izlatib qo‘ymadi degan taskin bu.

Gohida xayrixoh kishilar manzil-koloniya rahbari nomiga ariza yozib meni yo‘qlashadi ham. “Ko‘chada nima gap?” – deyman. U yoq, bu yoqdan gap bo‘ladi. Aksari shoirtabiatlar. Adabiyot haqidagi, Alisher Navoiy haqidagi suhbatga ishtiyoqmand. Ba’zilarining nigohlarida hadik seziladi. Men bu hadikni ketkazishga intilaman, tabiiy.

Robbim mazlumlarga g‘amxo‘r va qayg‘udosh bo‘layotganlarning ajru-savobini ko‘paytirib bersin, omin!

Qamoq – insonlarga ehtiyojmand bo‘lmaslik sabog‘idir. Ehtiyojsizlikni Alisher Navoiy “istig‘no” deb atagan. “G‘aniy”, ya’ni boy degan so‘zga o‘zakdosh ushbu kalima “Lisonut tayr” dostonidagi yetti vodiylardan birining nomi – sufiy inson kamolotidagi bir bosqich. Qamoq: “Insonlarga aslo ehtiyojmand bo‘lma, bulardan foyda yo‘q, har kimning qabri bo‘lak, nomai a’moli bo‘lak; odamlarning hech biriga najot ko‘zlarini tikma; ularga marhamat qanotlarini yoz, lekin hech kimning qanoti ostiga kirma!” – deydi. Bu o‘gitlarning namoyishini har daqiqa ko‘rib turganingdan keyin inkor qilib bo‘larmidi?! “Subhanalloh” – deysan va shu o‘gitlar asosida yashashni boshlaysan.

Kuni kecha oldimga kelgan tanishlardan biri astoydil kuyindi. Mening ozod bo‘lishimni juda ham xohlayotgan edi u. Agar qo‘lida bo‘lsa, shu ondayoq qo‘yib yuborishini tushundim. Yaxshi maslahatlar berdi. “Halim bo‘ling, konflikt qilmang”, – degan mazmunda nasihat qildi. Juda to‘g‘ri gapnni aytdi. Konflikt qilib birovning naf topganini qamoqda ko‘rganim yo‘q.

Shu inson: “O‘z haqingizda qisqacha ma’lumot yozib, xalqaro tashkilotlardan va demokratiya gullagan davlat elchisidan amaliy ko‘mak so‘rang”, – qabilida jiddiy ta’kidlab aytdi.

Qamoq halimlikni xo‘p o‘rgatgani uchun men: “Qanday bo‘larkin, o‘zimiznikilarning ensasi qotiradi-yov”, – deganday juda ham yumshoq, dorixona paxtasiga o‘xshash bir e’tirozni bildirdim.

Mazkur do‘stona maslahatni bergan hurmatli inson ketgach, yolg‘iz qolganimdan keyin miyam ishlab, fenomenim harakatga keldi, ya’ni hayot haqidagi mushohadam bu taklifga zudlik bilan aniq munosabatini e’lon qildi.

Men hech qachon biror xalqaro tashkilotdan yordam so‘ramadim, bunday yordam so‘rash xayoli menda bo‘lmadi va mutlaqo yordam so‘ramayman ham, inshaalloh.

Men hech qachon biror begona davlatning elchisi yoxud chinovniksimonlaridan ko‘mak tilanish haqida xayol surmaganman va bunday qilmayman ham, inshaalloh.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga murojaat qilib, meni ozodlikka chiqaring deb aytdim va joiz bo‘lsa, yana aytaman. Chunki bu inson yurtimning tepasida turgan Rahbar. Davlat mustaqilligining Himoyachisi. Xalqning arzu-dodini tinglab, mazlum jarohatiga adolat marhamini qo‘yishi mumkin bo‘lgan Shaxs. Lekin zinhor-bazinhor meni ozodlikka chiqaring deb Yevropa yoxud Amerikaga elanmayman va shu ishni qilib ikki dunyoda sharmanda bo‘lishdan Alloh taoloning O‘zi meni asrasin, omin!

Xalqimizni begonalarga qul emasligi, o‘lkamizga bosqinchilarning harom qadamlari yetmayotganining bugungi kundagi sababi – O‘zbekiston Davlatining Mustaqilligidir. Robbim bu mustaqillikka xoinlik o‘laroq g‘ayrimillatlar – na qoni, na dini, na tili, na dili uyqashmaganlar oyog‘i ostida xor bo‘lishdan hammamizni asrasin, omin!

Bizda hammasi ideal emas, albatta. Kamchiliklar yetarli. Bunga ilgari ham aqlimiz yetardi, hozir ham yetyapti. Hozir, nafaqat, aqlimiz yetyapti, balki buni baralla aytishga, hatto, isloh qilishga jasorat ham topyapmiz, Alhamdulillah.

Ammo bu kamchiliklarni begona yurtning odami kelib hal qilishiga yoxud bizga boshqa bir yot davlat g‘amxo‘rlik qilishiga hech qachon ishonmayman! O‘z yurtimda o‘zga davlat vakillarining “amaliy ko‘magi” ostida ozodlikka chiqqanimdan ko‘ra Allohim mening jonimni olsin!

Aksincha, Robbim o‘zimizga diyonat bersin! O‘zimizga jasorat bersin! Iymonimizni mustahkam qilsin! Oralarimizni iymoniy do‘stlik ila mustahkam aylasin! Bir-birimizga ola qarab, yotlar ko‘z o‘ngida ortiq sharmisor bo‘lishdan Robbimning O‘zi saqlasin va munosiblarning hammasiga bir go‘zal Hurriyat sharafini ato etsin, omin!

Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu!

Hurmat bilan Akrom Malik,

Toshkent viloyat, Ohangaron tuman, 48-sonli manzil-koloniya mahkumi

2019 yil, 20 oktyabr

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан