Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekiston so‘mni devalvatsiya qilishga tayyormi?
10.03.2020 12:51,  
5941

O‘zbekiston Respublikasi hududida shu kungacha bironta ham koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilmagani yaxshi xabar. Ammo virus tarqalishi bilan bog‘liq sarosima mahsulot va xizmatlarning global harakati muvozanatini izdan chiqarib, noqulay voqealarning zanjirli ketma-ketligiga sabab bo‘ldi. Men ushbu maqolada xalqaro makroiqtisodiy hodisalar va ularning kelgusi bir necha oy ichida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashinuv kursiga ta’siri o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rib chiqmoqchiman.

Birinchidan, xomashyo resurslarining dunyodagi asosiy iste’molchisi bo‘lgan Xitoy joriy yil boshidan ish faolligi hajmini keskin qisqartirdi va bu barcha yo‘nalishlarda ishlab chiqarishning qisqarishiga olib keldi. Masalan, O‘zbekistonning eksport yo‘nalishidagi fyuchers savdolarida temir rudasini yetkazib berish bekvordatsiya holatida turibdi, ya’ni, ayni paytda bir tonna ruda uchun 90,12$ narx belgilangan bo‘lib, bu 2023 yil dekabrda ruda yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomalardan 50%ga yuqori. 

Rangli metallarga belgilangan birja ko‘rsatkichlari ham o‘tgan yilgi eng yuqori narxlarga nisbatan 10-20%ga pastladi. Shu yil boshidan buyon Xitoy uglevodorodlar (gaz va neft) importini 20%ga qisqartirdi. 

Ustiga ustak OPEK davlatlari va Rossiya o‘rtasida neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha o‘tgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi va bu uzoq muddatli salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi narx urushiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda bir barrel neft uchun o‘rtacha narx 2020 yilda 40$ bo‘lib turgan bo‘lsa, bu o‘tgan 2019 yilda 61$ edi. 

Men yuqorida keltirilgan ushbu uchta mahsulot (temir rudasi, rangli metallar va uglevodorodlar) toifasi bo‘yicha O‘zbekistonning bu yilgi eksport ko‘rsatkichlari 2019 yilga solishtirganda 880 million AQSh dollariga kamroq bo‘lishini kutyapman. (2019 yildagi 3,8 milliard dollardan 2020 yilda 2,9 milliard dollarga pasayish.)

Ikkinchidan, dunyo iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashuvi, buning natijasida metall va neft ko‘rsatkichlarining keskin tushib ketishi Rossiya va Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bu esa o‘z navbatida o‘zbek mehnat muhojirlarining hayotida ham aks etadi. Shimoliy qo‘shnilar o‘zlarining milliy valyutasini devalvatsiya qilishga majbur bo‘ladi. Qo‘shni davlatlar valyutasi 30%ga devalvatsiya bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston kelgusi 12 oy ichida mehnat muhojirlari orqali keladigan 1 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘dan mahrum bo‘ladi.

Uchinchidan, koronavirus keltirib chiqargan sarosima xalqaro yo‘lovchilarni tashish sanoati va mehmonxona biznesiga ham kuchli zarba berdi. Bloomberg axborot agentligining xabariga ko‘ra, epidemiya sababli dunyo aviakompaniyalarining umumiy daromadi 113 milliard AQSh dollariga tushib ketadi. 

Sayyohlik sohasidagi inqiroz bizni ham chetlab o‘tmadi – hozirning o‘zidayoq Buxoro va Samarqanddagi mehmonxona egalari bekor qilingan aviaparvozlar, xususan, Italiya va Ispaniyadan keladigan sayyohlarning yo‘qotilishi sababli xavotirga tusha boshladi. O‘tgan yili O‘zbekistonga 6,7 million xorijlik tashrif buyurgan, ulardan 983 ming nafari mamlakatimiz bilan umumiy chegaraga ega bo‘lmagan davlatlardan kelgan. Uzoq xorijdan keladigan sayyohlar O‘zbekistonda odatda 2-8 kun istiqomat qilib, yashash uchun kuniga 50-70 AQSh dollaridan sarflaydi; ovqatlanish, yo‘lkira va esdliklar uchun ketadigan xarajatlar buning ichiga kirmaydi – shu jihatdan olib qaraganda sayyohlik sohasi xorijiy valyuta kirishi uchun muhim manba sanaladi. Agar koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yaqin orada ijobiy tomonga hal etilmasa, sayyohlik faoliyatining pasayishi O‘zbekistonning valyuta muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. 

Demak, yuqorida ko‘rsatilgan mahsulot va xizmatlarning qisqarishi natijasida mamlakatga valyuta kirishi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 milliard AQSh dollaridan ko‘proqqa kamayadi. O‘tgan yilning 9 oyi uchun to‘lov muvozanatidagi kamomad 10 milliard (hozirgi hisoblarga ko‘ra 5 milliard) dollarni tashkil etgani hisobga olinsa, pul almashtirish kursiga bo‘lgan bosim sezilarli darajada oshadi. Albatta, o‘zbek iqtisodiyotining asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan oltin narxi oshib borayotgani va 28,6 milliard AQSh dollari miqdoridagi xalqaro zaxiralar borligi salbiy omillarning ta’sirini yumshatadi va O‘zbekiston Markaziy Banki uchun ma’lum darajada xavfsizlikni ta’minlaydi. 

Nimani kutish mumkin?

Agar qo‘shnilar milliy valyutalarini devalvatsiya qiladigan bo‘lsa – bu vaqt masalasi, xolos, ya’ni, albatta yuz beradi – o‘zbek bozori qo‘shni davlatlarning arzon import mahsulotlari bilan to‘lib ketadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ishlab chiqargan mahsulotlar – olmadan avtomobilga qadar – qo‘shnilarning bozorida narx borasida raqobat qilishi qiyinlashadi. 

O‘zbekistondagi biznes sohalari bozorni yo‘qota boshlaydi, valyuta zaxiralari tez sarflanadi va oxir-oqibatda Markaziy Bank valyuta zaxiralari chetga chiqib ketishining oldini olish maqsadida so‘mni dollarga nisbatan devalvatsiya qiladi (pul almashtirish kursini sezilarli ravishda oshiradi).         

Ammo qachon? Bu endi vaqt va siyosiy iroda masalasi. Menimcha, so‘mning devalvatsiyasi joriy yil davomida, Rossiya rubli va Qozog‘iston tengesi devalvatsiya bo‘lganidan keyin amalga oshadi. 

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat kamroq insoniy yo‘qotishlar bilan ijobiy tomonga o‘zgarishiga, jahon iqtisodiyoti mahsulot ayirboshlash hajmini yangi yilgacha bo‘lgan darajada tiklab olishiga, mamlakatimiz va qo‘shnilarimiz iqtisodiyoti esa imkon qadar nekbin yo‘nalishda rivojlanishiga umid qilib qolamiz. 

Nodir Nurmatov,
Massachusets Texnologiya Instituti bitiruvchisi, xalqaro biznes bo‘yicha maslahatchi

 

Ma’lumot o‘rnida

Devalvatsiya (lotincha de – “tushish” va valeo “qiymat” so‘zlaridan) – milliy pul birligi kursining chet el valyutalari (erkin almashtiriladigan valyutalar, xalqaro hisob birliklari)ga nisbatan pasaytirilishi. Devalvatsiya davlat tomonidan rasmiy ravishda e’lon qilinadi va qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Devalvatsiya mamlakat savdo va to‘lov muvozanatining keskin yomonlashuvi, valyuta zaxirasining holdan toyishi, xalqaro valyuta bozorlarida milliy valyuta kursining pasayishi bilan bog‘liq holda yuz beradi. 

Uning ochiq devalvatsiya (hukumat tomonidan qonun yo‘li bilan rasman e’tirof qilinadi, eski qog‘oz pulning bir qismi muomaladan chiqariladi yoki kadrsizlangan pul almashtiriladi) va yashirin devalvatsiya (qog‘oz pulning qadrsizlanishi, oltin ta’minotining kamayishi yuz beradi, lekin pulning bir qismi muomaladan olinmaydi) ko‘rinishlari bor. 1978 yilgacha jahon mamlakatlari valyutalarining rasmiy qiymati ularning oltin ta’minotini taqqoslash orqali aniqlanar edi. XX asrning 70-yillari oxiridan (xalqaro kelishuvga muvofiq) barcha qadri baland valyutalardagi oltin nisbatlari bekor qilindi va devalvatsiya u yoki bu chet el valyutasiga (odatda, AQSh dollari, ingliz funt sterlingi kabilar) nisbatan pasaytirish yo‘li bilan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Mac, 1990 yil 1 noyabrdan sobiq Ittifoqda amalda bo‘lgan rubl AQSh dollariga nisbatan 1,8 = 1 dollar nisbatida devalvatsiya qilingan.

Devalvatsiya hodisasi hozirgi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning bank-moliya tizimlarida tez-tez uchrab turadi. 1998 yilda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Rossiya va boshqa davlatlarda yuz bergan moliyaviy tanglik oqibatida bu mamlakatlarning milliy valyutalari dollarga nisbatan qisman devalvatsiya qilingan.  

Bekvordatsiya (inglizcha backwardation – “kechikish”, “orqaga ketish” so‘zidan) – mahsulotning hozirgi narxi bir muddat o‘tgandan keyingi narxidan yuqori bo‘lishi. Boshqacha aytganda, mahsulotni fyuchers savdosi bo‘yicha yetkazib berish hozirgi narxidan arzonroq bo‘ladi.  

Fyuchers shartnomasi yoki fyuchers savdosi (inglizcha futures – “kelajak” so‘zidan) – bu hozir mavjud biron mahsulotning oldi-sotdisi bo‘yicha tuziladigan birja shartnomasi. Bunda shartnomaga ko‘ra, tomonlar (sotuvchi va xaridor) faqat narx darajasi va yetkazib berish muddatinigina kelishib oladi. O‘zaro savdoning boshqa jihatlari – mahsulotning miqdori, sifati, qadog‘i, qayd etish belgilari kabi masalalar keyinroq, birja shartnomasining maxsus bandlarida ko‘rib chiqiladi. Oddiyroq qilib aytganda, fyuchers shartnomasi – aniq bir mahsulotni kelajakda aniq bir narxda yetkazib berish uchun kelishib olishni anglatadi, bunda pul hozir to‘lanmaydi, faqat aniq narxga o‘zaro kelishib olinadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан