«Gazeta.uz» Surxondaryo hokimiyatini tanqid qilgan Otabek Sattoriy telefonni tovlamachilikda gumon qilinib hibsga olinganini, buning uchun u 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligini yozgan. Sattoriyning advokati bu ish uydirma deb da’vo qilmoqda.

IIV matbuot kotibining ta’kidlashicha, ushbu jinoyat ishi yuzasidan rasmiy axborot berilganiga qaramasdan, mamlakatdagi va xorijiy ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan turli mish-mishlarni tarqatish, davlat idoralarining vakolatlari va harakatlarini shubha ostiga qo‘yish, ularni obro‘sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko‘paytirish, masalaning mohiyatini tushunmasdan turib ommani chalg‘itish va boshqa qonunbuzarlik holatlari takrorlanib kelinmoqda.

Shoxrux G‘iyosov «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq jamoatchilik nazorati sub’yektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, u «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonun bilan tergov organlarining materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish qat’iyan taqiqlanganini eslatib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan jinoyat ishi bilan bog‘liq tekshirilmagan axborotni jamoatchilikka tarqatish orqali biror-bir maqsadga erishishga harakat qilish, tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun’iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish — tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, deb baholanadi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi», — deyiladi xabarda.

IIV vakili Tergov va sud organlari o‘zining vakolat doirasidagi faoliyatini, jumladan muhokama etilayotgan holat yuzasidan, aybsizlik prezumpsiyasiga to‘la rioya etgan holda hamda jamoatchilik oldidagi majburiyatidan kelib chiqib olib borayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov sud jarayonida Otabek Satoriyga nisbatan tovlamachilikda aybdorligi isbotlangan bo‘lsa, unga nisbatan jazo qonun bilan belgilanishi kerakligini va qonunni buzishga na jurnalist, na bloger haqli ekanligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Allamjonov bir necha savollar bilan murojaat qildi:

«Lekin nima uchun eng xavfli jinoyatchidek uning uyida tintuv o‘tkazildi, nima uchun u ko‘plab odamlar bilan olib ketildi, nima uchun sud yopiq bo‘lyapti? Barcha tovlamachilikda gumon qilingan fuqarolarga shunaqa munosabat qilinadimi? Yoki bloger bo‘lgani uchun shunday alohida „hurmat-ehtirommi“? Bu normal holatmi? Ichki ishlar vazirligi bu masala yuzasidan izoh berishi shart. Metodlar qachon o‘zgaradi? Bosib olib ketmay, idoraga qonuniy chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilsa, kelmas edimi? Ehtiyot chorasi sifatida nima uchun eng og‘iri, qamoq tanlandi? Qonun hamma uchun barobar ekan, organ xodimlari ham oshirib yuborishmasin. Bizning jamoat fondimiz bunday hatti-harakatni keskin qoralaydi. Bosh prokuraturadan ushbu holatga huquqiy baho berishlarini so‘raymiz», — dedi u.

Fond raisi Bosh prokuraturadan ushbu holatga huquqiy baho berilishini so‘radi.

«Albatta, bizning hamkasblarimiz orasida ham boshqa sohalar kabi qonunbuzarlari bor. Viloyat, shaharlarda o‘zini blogerman deb, turli tovlamachilik yo‘llari bilan kun ko‘rayotganlar yo‘q emas. Lekin aksariyat xalq dardi bilan yashaydigan jurnalist va blogerlar bilan bog‘liq huquqiy masalalar maksimum ochiq-oshkora, shaffof bo‘lishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (shtab-kvartirasi Nyu-Yorkda joylashgan xalqaro nodavlat tashkilot) murojaat bilan chiqdi va O‘zbekiston rasmiylaridan Otabek Satoriyni zudlik bilan ozod etilishini, unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bekor qilishni hamda unga erkin ishlash imkoniyatini berishni talab qildi.