Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






II Jahon urushi tarixidan: Dunyoni o‘zgartirgan Yalta konferensiyasi (video)
25.02.2020 15:24,  
3751

1945 yil 4 fevral kuni Qrimning Yalta shahridagi mehmonxonada uch kishi dunyo xaritasini o‘zgartirish maqsadida uchrashdi.

Bu vaqtga kelib, natsistlar Germaniyasi tizzasiga cho‘kkalab qolgandi. Sovet askarlari Berlinga yaqinlashib borayotgan, Ittifoqchi kuchlar ikkinchi front hududidan qiyinchilik bilan o‘tib, Germaniyaning g‘arbiy chegaralariga yetib kelgan, Tinch okeanida esa AQSh Yaponiyaga qarshi qonli, ammo muvaffaqiyatli urush olib borayotgan edi

O‘z qo‘shinlari g‘alaba ketidan g‘alabaga erishar ekan, “Katta uchlik” deb atalgan yetakchilar – AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt, Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchil va Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin Yalta shahrida, Qora dengiz bo‘yidagi mehmonxonada uchrashishga kelishib oldi.

Uch yildan ortiq davom etgan qonli janglar natijasida Sovet Ittifoqi qo‘shinlari nemislarni yakson etib, Berlinga yetib borishiga bir necha yuz kilometr qolgan edi. ©️ GETTY IMAGES

 

Tarixning shu davrigacha eng qonli mojaro nihoyasiga yetayotgan bir pallada ittifoqchilar yana qachondir shu kabi halokat yuz berishini to‘xtatib qolishni istadi.

Biroq AQSh ham, SSSR ham o‘z qoidalari ustuvor bo‘lishini xohlardi. Yaltadagi kelishuvga qaramay, oradan bir necha oy o‘tib, Sovuq Urush uchun poydevor qo‘yildi – har ikki superqudrat dunyoni ikki mafkuraviy lagerga bo‘lib, o‘n yillar davomida o‘zaro raqobat qilib keldi. 

“Yalta konferensiyasining asosida urushdan keyingi tinchlikni mustahkamlash yotgan bo‘lsa ham keyinchalik bu konferensiya natijalari muvaffaqiyatli chiqmadi. Zero, AQSh va SSSRning qarama-qarshi manfaatlarini hisobga olganda bu maqsad boshidanoq rejada bo‘lmagan, deyish mumkin”, deydi Boston Universitetidan professor Endryu Beysvich. 

1945 yil fevraliga kelib nimalar bo‘lgandi?

1945 yil boshlanganida natsistlar Germaniyasi urushni boy berib bo‘lgan, mamlakat qonga botgan, tobora umidiz ravishda dushmanga qarshilik ko‘rsatar, ammo mojaro uzoqqa cho‘zilmasligi, mag‘lubiyat muqarrarligi ochiq-oydin ko‘zga tashlanib qolgandi. 

Sharqiy Yevropada Sovet Ittifoqi qo‘shinlari qudratli to‘lqinga aylanib, to‘rt yillik vahshiyona urushdun keyin nemislarni shiddat bilan yanchib kelar edi. 

Biroq Germaniya askarlarining to‘rtdan uch qismi Sharqiy frontda halok bo‘lib, SSSR harbiy qudratning cho‘qqisiga chiqqaniga qaramay, mamlakat dahshatli azoblarni boshdan kechirgandi. 

Yalta konferensiyasida Polshaning chegaralari rasman tasdiqlandi: 1919 yilda e’lon qilingan "Kerzon chizig‘i"dan sharqdagi yerlar – 1939 yil senyatbrida SSSR tomonidan bosib olingan G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorussiya rasman Sovet Ittifoqiga o‘tdi; buning evaziga Polsha g‘arbda Germaniyaning bir qism hududini qo‘lga kiritdi, ammo umumiy hisobda o‘z yerining 20%ini, 77 500 km2 maydonini yo‘qotdi.  

 

Taqoslash uchun: har yetti sovet fuqarosidan bittasi, ya’ni, 27 million kishi bu urushda halok bo‘ldi; ularning uchdan ikki qismi qo‘liga qurol olmagan oddiy odamlar edi. Ba’zi olimlar bu raqam yanada ko‘proq bo‘lganini aytadi.  

Sovet Ittifoqining yirik shaharlari va boy yerlari ushbu urush natijasida vayronaga aylandi. Sanoat korxonalari, ekinzorlar, uylar va hatto yo‘llar ham yer yuzidan yo‘q qilib yuborildi. 

Dunyo yetakchilarining maqsadlari qanday edi?

Iosif Stalin o‘z mamlakatini qaytadan oyoqqa turg‘izishni maqsad qilib olgandi. U Yaltaga Sharqiy Yevropada ta’sir doiralariga ega bo‘lish uchun kelgan, bu mintaqa kelajakda SSSRga xavfsiz oraliq hudud sifatida kerak edi. U shuningdek, yana bir marta xavf manbaiga aylanmasligi uchun Germaniyani ikkiga bo‘lib tashlash, undan pul, texnika va hatto asirlardan iborat ulkan miqdorda tovon olishni istar, shu yo‘l bilan yakson bo‘lgan SSSRni ko‘tarmoqchi edi.

Stalin bu maqsadini amalga oshirish uchun G‘arb davlatlarining roziligini olish kerakligini bilardi. 

1951 yili Sovet Ittifoqi va Polsha o‘rtasidagi kelishuvga binoan "Kerzon chizig‘i" atrofidagi ba’zi yerlar o‘zaro almashildi va ayni chegaralar bugungi Polsha xaritasini belgilab berdi. 

 

Uinston Cherchill Stalinning maqsadlarini tushunardi. Ikkalasi 1944 yil oktyabrida Moskvada uchrashgan va Yevropani SSSR va G‘arbdagi qudratli davlatlar orasidagi ta’sir doiralariga bo‘lib olishni muhokama qilishgan edi. U yana millionlab sovet askarlari Markaziy va Sharqiy Yevropadan o‘tib Germaniya hududidga kirib bo‘lgani, ular G‘arbdagi ittifoqchi kuchlardan son jihatdan anchagina ko‘pligi va agar Stalin o‘zi egallagan hududlarda qolishni istasa, Buyuk Britaniya bunga qarshi hech narsa qila olmasligini ham tushunardi.   

Buyuk Britaniya 1939 yilda Germaniyaga urush e’lon qildi. Chunki 1939 yil 1 sentyabr kuni Germaniya uning ittifoqchisi bo‘lgan Polshaga bostirib kirgandi. Cherchill urush yakundashayotgan pallada ham bu mamlakatning ozodligini saqlab qolish kerak, degan qarorida qat’iy edi. Ammo Britaniya g‘alabaga erishish uchun juda katta to‘lov qilgan va Yalta konferensiyasi vaqtiga kelib bankrotlik yoqasida turardi. Cherchill bu vaziyatda AQShning qo‘llab-quvvatlovidan umid qilib, uning Stalinga qarshi turishini kutardi. 

Biroq AQSh prezidenti Ruzveltning ham o‘z ustuvor maqsadlari bor edi. U Stalin Birlashgan Millatlar Tashkilotiga – urushdan keyingi dunyoda tinchlikni saqlovchi xalqaro tuzilmaga kirishini istardi.   

Virjiniya Universitetidan professor Melvin Lefflerning izohlashicha, Ruzvelt Birinchi Jahon urushidan keyin ittifoqchilar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik 1920-1930 yillar orasida AQShning jahon siyosatidan chiqib ketishiga sabab bo‘lganini yaxshi bilardi. “Ruzveltning maqsadi eng avvalo AQShni izolyasionizm – boshqa davlatlarning ishlariga aralashmaslik, dunyodan ihotalanib olish siyosatiga qaytarish edi”, deydi u. 

AQSh prezidenti yana Sovet Ittifoqi Yaponiyaga qarshi urush e’lon qilishini ham xohlardi. Garchi Yaponiya imperiyasiga qarshi urush boshlanganidan beri vaziyat amerikaliklarning foydasiga o‘zgargan bo‘lsa ham hamon AQSh harbiy kuchlari Tinch okeanida og‘ir yo‘qotishlarga uchrardi. Bundan tashqari, yaponlar Tinch okeanidagi AQShga tegishli orollarga ham hujum qilishi ehtimoli borligi Ruzveltni bezovta qilardi.

Yalta konferensiyasi Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II ning yozgi qarorgohi bo‘lgan Livadiya saroyida bo‘lib o‘tdi. ©️ GETTY IMAGES  

 

Yaltada nima bo‘ldi?

Ruzvelt uchrashuv O‘rta Yer dengizidagi biron joyda o‘tishini istagandi, ammo samolyotda parvoz qilishdan qo‘rqadigan Stalin buning o‘rniga Yaltani taklif qildi. Uchrashuvlar 1945 yil 4-11 fevral kunlari, AQSh vakillari joylashgan Livadiya saroyida bo‘lib o‘tdi. Bu saroy Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II ning yozgi qarorgohi bo‘lgan edi. 

Uch yetakchi bungacha 1943 yilda, Eron poytaxti Tehronda uchrashgandi. Ruzvelt Cherchilldan ko‘ra Stalinga ko‘proq ishonar, Cherchill esa Stalinni sekin-asta o‘sib kelayotgan xavf deb ko‘rardi. 

Bir haftalik muhokamalardan keyin Katta Uchlik dunyoning kelajagi haqidagi o‘z qarorlarni e’lon qildi: Germaniya so‘zsiz, hech qanday shartlarsiz taslim bo‘lganidan keyin ittifoqchilar o‘rtasida qismlarga bo‘linadi; to‘rtta istilo hududi tashkil etiladi – Yaltada ishtirok etayotgan davlatlar va yana Fransiya bu hududlarni boshqaradi; Berlin shahri ham xuddi shu tartibda bo‘linadi. 

Urush ikki raqib mafkura – kommunizm va kapitalizm yetakchilarini bir davraga yig‘di. ©️ US government photographer

 

E’lon qilingan deklaratsiyada Germaniya “juda katta miqdorda to‘lov to‘lashi” va buning miqdorini rasmiy Moskva alohida komissiya tuzib belgilashi qayd etildi. 

Shuningdek, yetakchilar ozod qilingan Yevropada, jumladan, Polshada ham demokratik saylovlar o‘tkazish, yangi hukumatda “Polshaning o‘zidan va xorijdagi polyaklar orasidan tanlangan demokratlar ham bo‘lishi”ga o‘zaro rozilik bildirdi. Varshavani egallab, bu yerda allaqachon kommunistik hukumatni boshqaruvga keltirishga ulgurgan Sovet Ittifoqi uning tarkibini kengaytirishga rozi bo‘ldi. 

Biroq Stalinning nazaridagi “demokratiya” boshqacha ma’noga ega edi. Garchi u ozod qilingan Yevropada erkin saylovlar o‘tkazilishiga rozilik bergan bo‘lsa ham uning qo‘shinlari Markaziy va Sharqiy Yevropadagi muhim idoralar boshqaruvini mahalliy kommunistik partiyalarga topshirib bo‘lgandi.

Bundan tashqari, Stalinning bosimi bilan yetakchilar Polshaning chegaralari g‘arbga qarab surilishiga qaror qildi – SSSR uning sharqiy hududlarini oladigan bo‘ldi. Boltiqbo‘yi davlatlari – Litva, Latviya va Estoniya ham Sovet Ittifoqiga qo‘shildi. 

Tarixchi Anna Applebaumning “Temir pardalar” kitobida yozishicha, dunyo yetakchilari “Yevropaning katta qismini hayratlanarli befarqlik bilan hal etib tashlagan”. Ruzvelt Stalindan “yumshoqroq tarzda” “Lvov Polshaning qismi bo‘lib qolishi mumkinmi?” – deb so‘radi. Biroq u o‘z g‘oyasini qat’iy ilgari surmadi va bu masalaga shu bilan qaytilmadi.

Ruzveltni ko‘proq Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzish g‘oyasi qiziqtirardi va aytish mumkinki, u o‘z niyatiga yetdi. Uchala davlatning barchasi 1945 yil 25 aprelda o‘z vakillarini San-Fransiskoga jo‘natishga va u yerda yangi xalqaro tashkilot tuzish ishlariga yordam berishga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, Stalin Germaniya to‘liq yengilganidan uch oy o‘tib Yaponiyaga qarshi urush boshlashga va’da berdi. 

Cherchill esa o‘zaro shartnomalardan keyin ham asosiy e’tiborini Sharqiy Yevropadagi vaziyatga qaratishda davom etdi. U urushdan so‘ng Britaniya va Amerika kuchlari imkon qadar sharqroqqa siljishi kerakligiga urg‘u berardi.

Yalta konferensiyasi qarorlariga ko‘ra qismlarga bo‘lingan Berlin shahri va umuman Germaniya 1989 yilgacha ikkiga ajralganicha qoldi. ©️ GETTY IMAGES 

 

Undan keyin nima bo‘ldi?

Yaltada erishilgan kelishuvlardan bir necha oy o‘tib, xalqaro vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. 1945 yil 12 aprelda AQSh prezidenti Ruzvelt miyaga qon quyilishidan vafot etib, uning o‘rnini Harri Trumen egalladi. 8 may kuni Germaniya so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi shartnomaga imzo chekdi – Yevropada urush tugadi. 16 iyul kuni AQSh o‘zining maxfiy quroli  – atom bombasini muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazdi. Undan keyingi 10 kun ichida AQSh prezidenti Harri Trumen Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill (28 iyunda uning o‘rniga ikki kun oldingi saylovda g‘alaba qilgan Kliment Ettli Britaniya nomidan qatnasha boshladi) va Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin bilan Berlin tashqarisidagi Postdamda uchrashdi.  

Trumen hali Stalin bilan tanish emas, prezidentlik kursisini egallaniga endigina 4 oy bo‘lgandi. 1940 yil bahorida hokimiyatga kelgan Uinston Cherchill Potsdam konferensiyasiga Buyuk Britaniya bosh vaziri sifatida kelgandi, ammo 1945 yil 26 iyulda e’lon qilingan parlament saylovi natijalariga ko‘ra 28 iyuldan boshlab uning ishini Leyboristlar partiyasi vakili, yangi bosh vazir Kliment Ettli davom ettirdi.

Konferensiyada tomonlarning kayfiyati o‘ta farqli edi. AQSh siyosatchilari atom bombasining qudratidan keyin o‘zlarini o‘ta qulay his qilardi. Trumen Ruzveltdan ancha farq qilib, Stalinga shubha bilan qarar, uning o‘zi ham, maslahatchilari ham SSSR Yaltada erishilgan kelishuvlarga sodiq qolishiga ishonmas edi.

1945 yil 17 iyuldan 2 avgustga qadar davom etgan Potsdam konferensiyasida Ikkinchi Jahon urushi natijalari rasmiylashtirib qo‘yildi. Chapdan o‘ngga: Buyuk Britaniya bosh vaziri Kliment Ettli, AQSh prezidenti Harri Trumen va Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin. ©️ GETTY IMAGES  

 

Potsdam konferensiyasidan keyin ikki yil ham o‘tmay, 1947 yil 12 martda AQSh prezidenti o‘zining “Trumen doktrinasi”ni taqdim etdi – AQSh o‘z qudrati vositasida dunyo bo‘ylab Sovet davlati tajovuzini tiyib turishni va’da qildi. Sovuq Urush boshlandi.

Cherchill ham, Ruzvelt ham Yaltada Stalinga o‘z maqsadlarini amalga oshirishida yo‘l ochib bergani uchun tanqidga tutildi. Biroq amalda AQSh ham, Buyuk Britaniya ham o‘shanda qo‘lidan kelganini qilgan, Stalinning qo‘shinlari allaqachon Markaziy va Sharqiy Yevropa tuproqlarini egallab turgan bir vaziyatda g‘arbdagi ittifoqchilar uchun boshqacha tanlov yo‘q edi. Yalta konferensiyasidan keyin Cherchill “Alqga sig‘mas amaliyot” (“Operation Unthinkable”) nomi bilan SSSRga hujum qilish rejasini ishlab chiqishga buyruq berdi. Biroq britan harbiy strateglari buning hech qachon amalga oshmaydigan ish ekanligini yaxshi tushungan. 

“Yaltada qabul qilingan qarorlar o‘sha paytda Sharqiy Yevropadagi mavjud vaziyatni rasmiylashtirib qo‘ydi, deb oddiy qabul qilish kerak”, deydi professor Leffler.

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан