Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






II Jahon urushi tarixidan: nega urush tugashiga yaqin qolganda Drezden yakson qilindi? (foto)
15.02.2020 09:39,  
2568

“Bu olovli bo‘ron dahshatga solardi. Meni mislsiz qo‘rquv chulg‘ab olar, o‘zimga-o‘zim bir jumlani qaytarardim: “Tiriklayin yonib ketishni istamayman”. Nechta odamning jasadi ustidan yugurib o‘tganimni bilmayman. Men faqat bitta narsani bilardim: yonib ketmasligim kerak!”

1945 yil 13 fevral kuni Britaniya harbiy havo kuchlari Germaniya sharqida joylashgan Drezden shahriga zarba berdi. Britaniyaliklar atigi bir necha kun ichida shaharga 4 000 tonna aviabomba tashladi.

Bomba tushishi sababli kelib chiqqan yong‘inlardan 25 ming kishi kuyib yoki kislorod yetishmasligidan halok bo‘ldi. 

Drezden bomba hujumiga uchragan yagona shahar emas edi. Ittifoqchilar Kyoln, Gamburg va Berlinni ham hujumga tutdi, o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, yirik hududlar to‘lig‘icha yonib ketdi. Yaponiya shaharlari – Tokio, Xirosima va Nagasaki ham bomba hujumidan omon qolmadi.     

Drezdenning 1900 yilda olingan rangli surati. Unda bombardimonda vayron qilingan binolar aniq ko‘rinib turibdi ©️GETTY IMAGES

 

Ammo aynan Drezden bombardimoni Ikkinchi Jahon urushi vaqtida ittifoqchilar amalga oshirgan eng ziddiyatli amaliyot sanaladi. Drezdenning harbiy ahamiyati uning bombardimon qilinishini oqlashi haqidagi vajlar savol uyg‘otadi. Hatto o‘sha vaqtdagi Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill ham havo hujumidan keyinoq shaharni bombardimon qilish lozimligi borasida ikkilangan. 

“Menimcha, shunchaki qo‘rqitib qo‘yish uchun nemis shaharlarini bombardimon qilishni – garchi bunga boshqacha sabablar ko‘rsatilayotgan bo‘lsa ham – qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi. Drezdenning vayron qilinishi ittifoqchilarning bombardimonlariga qarshi jiddiy dalil bo‘lib qolyapti”, deb yozgandi u hisobot qaydlarida.   

Drezden – Saksoniya yerining poytaxti. Urushgacha bu shaharni iqlimi va me’morchiligi bois “Elba ustidagi Florensiya”, “qimmatbaho taqinchoqlar qutisi” deb nomlashardi. 

1945 yil fevraliga kelganda Drezden Sovet Ittifoqi va natsistlar Germaniyasi askarlari o‘rtasida qaqshatqich janglar ketayotgan Sharqiy frontdan atigi 250 km uzoqlikda joylashgan, nemislar hamon qiyinchilik bilan mudofaani ushlab turar, ammo urushning so‘nggi oylari ketayotgani ayon bo‘lib qolgandi.

 

Havo hujumida ham fugas – portlatuvchi, ham yondiruvchi bombalar baravar tashlangan. ©️GETTY IMAGES

 

Drezden o‘sha vaqtda yirik sanoat va transport tuguni edi. Bu yerda joylashgan fabrika va zavodlar o‘q-dori, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar va Gitler qo‘shini uchun kerak bo‘lgan boshqa ta’minot vositalarini ishlab chiqarardi. 

Qo‘shin, tank va artilleriya kuchlari quruqlikdan ham, temiryo‘l bilan ham Drezden orqali o‘tardi. Harbiy harakatlar borayotgan hududlardan qochib kelgan yuz minglab nemis qochqinlari ham Drezdenda boshpana topgandi. 

Britaniya Qirollik harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi bergan bayonotga ko‘ra o‘sha vaqtda Drezden bombardimonga uchramagan Germaniyadagi eng yirik shahar bo‘lib qolayotgan edi. 

Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi Drezdenga havo zarbasi berish ittifoqchi Qizil armiyaga yordam beradi, natsist qo‘shinlarining harakatini to‘xtatib, nemislarni sharqdan evakuatsiya qilishga xalaqit qiladi, degan qarorga keldi.

Ittifoqchilar bombardimoni natijasida Drezdenning katta qismi vayronaga aylandi. ©️GETTY IMAGES

Besh yillik urush davomida Britaniya harbiy havo kuchlari nemis shaharlarini bombardimon qilishda ishtirok etgan va yanada qudratliroq bo‘lib olgan edi. Samolyotlar Drezden osmoni uzra ham fugas, ham yondiruvchi bombalarni yog‘dirar, birinchisi binolarni portlatsa, ikkinchisi kuchli yong‘in keltirib chiqarar – nishondagi joyni butunlay vayron qilish ko‘zda tutilgandi. 

Bundan avvalgi havo hujumlari Germaniyaning bir qator shaharlarini to‘liq yer bilan yakson qilgan edi. Yuzlab britan bombardimonchilari 1943 yil 25 iyuldan 3 avgustgacha “Gomorra amaliyoti”da – Gamburg shahrini bombalashda qatnashgandi. O‘sha paytdagi issiq va quruq havo tufayli bu hujum shu qadar kuchli olovli bo‘ronni keltirib chiqarganidan shahar deyarli to‘liq yo‘q qilindi; 45 000 dan ortiq inson halok bo‘ldi, 200 000 kishi jarohatlandi, bir milliondan ortiq kishi uysiz qolib, Gamburgni tark etishga majbur bo‘ldi. 

Drezdenga havodan zarba berish 1945 yil 13 fevral kuni boshlandi. 800 ga yaqin bombardimonchilar yo‘l ko‘rsatuvchi samolyotlar boshchiligida yo‘lga tushdi. Yo‘l ko‘rsatuvchi samolyotlar Drezdendagi “Ostragege” stadioni joylashgan hududga ogohlantiruvchi raketalarni yo‘llab, hujum nuqtasini ko‘rsatib berdi. 

Bombardimon oqibatida kelib chiqqan kuchli yong‘in va is gazidan o‘n minglab insonlar halok bo‘ldi. ©️GETTY IMAGES

Atigi 25 daqiqa ichida britan bombardimonchilari 1 800 tonnadan ortiq bombani tashlashga ulgurdi. 

AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli 520 dan ortiq samolyot keyingi ikki kun davomida havo zarbalarida ishtirok etdi. Aslida ularning nishoni temiryo‘l saralash bekatlari edi, ammo yo‘l-yo‘lakay shahar markazidagi muhim joylarga ham zarba berishdi. 

Ikkinchi Jahon urushi yillarida deyarli qoidaga aylanib qolgan odatga ko‘ra Amerika havo kuchlari britan hamkasblarining ishini kunduzi davom ettirdi.

Shaharning tinch aholisi dahshatga tushdi. Havo hujumidan darak beruvchi sirena ovozini eshitgan ko‘pchilik bombapanohlarga yashirinishga oshiqdi. 

Ko‘plab tarixiy inshootlar xarobaga aylandi. ©️GETTY IMAGES

 

Biroq shaharga berilgan birinchi zarba elektr ta’minotini izdan chiqardi. Natijada bombardimonning ikkinchi to‘lqini boshlanishi arafasida odamlar nafas olish uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘ldi.  

Kuydiruvchi yong‘indan tirik qolgan aksariyat kislorod yetishmasligidan joni uzilib yerga quladi. O‘sha voqealar guvohi bo‘lgan Margaret Frayer bolasi bilan bomba hujumidan qutulib qolgan ayolni shunday tasvirlab bergan edi: “U yugurdi, yiqildi, bolasi esa qo‘lidan otilib chiqib to‘g‘ri olovning ichiga uchib tushdi. Ayol yerda yotar, mutlaqo harakatsiz qotib qolgan edi”.

Drezden bir necha yil davomida xarobalar ostida qoldi. 1946 yilda olingan surat. ©️GETTY IMAGES

 

Amerikalik yozuvchi Kurt Vonnegut o‘sha paytda harbiy asir bo‘lgan; AQSh askari sifatida G‘arbiy frondagi urushda qatnashgan Vonnegut 1944 yil kuzida nemislarga asir tushgan va Germaniya sharqidagi mehnat lagerlaridan biriga ishlash uchun jo‘natilgan. U Drezden bombardimoni paytida kushxona yerto‘lasiga yashiringan va halokatdan omon chiqqan. 

“Drezden ulkan gulxanga aylangandi. Olov tirik bo‘lganlarning barchasini, umuman, yonishi mumkin bo‘lgan hamma narsani yondirib yubordi”, deb yozgan u o‘zining “Beshinchi raqamli kushxona” kitobida. 

U bombalangan Drezdenni Oy yuzasiga qiyoslagan: “Drezden Oyga o‘xshardi – hammayoq bir xil mineralga aylanib qolgandi, toshlar qizib ketgan, atrof o‘limga to‘la edi”. 

Vayronaga aylangan bino qoldiqlarini tozalashga bir necha yil ketdi. ©️GETTY IMAGES

 

Bu amaliyot natijasida britaniyaliklar oltita bombardimonchi samolyotini yo‘qotdi, ulardan uchtasiga shaharga tashlanayotgan bombalar tekkani natijasida quladi; amerikaliklarning esa faqat bitta samolyoti urib tushirildi – nemis artilleriyasi va harbiy havo kuchlarining dushmanga qarshilik ko‘rsatishga deyarli holi qolmagandi.

Natsistlar Germaniyasi ushbu bombardimondan darhol ittifoqchilarga qarshi tashviqot zarbasi berish uchun foydalandi. Gebbelsning Targ‘ibot-tashviqot vazirligi “Drezdenda hech qanday harbiy sanoat bo‘lmagani, bu joy faqatgina madaniy markaz bo‘lgani” haqida bayonot berib chiqdi.

Shahar hokimiyati 25 ming kishi halok bo‘lgani haqida xabar berganiga qaramay (zamondosh tarixchilar ham shu raqamni aytadi), natsistlar Drezdenda 200 ming tinch fuqaro halok bo‘lganini da’vo qildi. 

Drezdenning ko‘plab tumanlari Germaniya Demokratik Respublikasi yillarida ham qayta tiklanmadi. Drezden qal’asining 1969 yilda olingan surati. ©️GETTY IMAGES

 

Drezden Britaniyada diqqatga sazovor sayyohlik markazi sifatida mashhur edi. Shu sababli parlamentning ko‘plab deputatlari va jamoat faollari “Bu aviazarba asoslimidi?” – deya savol bera boshladi. 

O‘sha vaqtda Assoshieyted press (Associated Press) nashr qilgan ma’lumotda “ittifoqchilar qo‘rquv uyg‘otish uchun o‘ta kuchli bombardimon uyushtirgani” aytilgandi. 

Biroq amerikalik va britaniyalik harbiy strateglar xuddi boshqa nemis shaharlarida bo‘lganidek bu amaliyotni o‘tkazish zarur bo‘lganiga urg‘u beradi – boshqa shaharlarda ham sanoat infratuzilmasi, transport tizimi va harbiy ob’yektlarda ishlaydigan ishchilar yashovchi uylar vayron qilingan. 

1953 yili urush natijalari haqida AQShda chop etilgan hisobotda ayni shu tarixiy voqeaga baho berilgan: Drezden bombardimoni natijasida shahardagi sanoat inshootlarining 23%i, aholi turar-joylarining esa kamida 50%i butunlay yo‘q qilingan yoki jiddiy vayron etilgan. 

Fraunkirhe cherkovi. O‘nlab yillar mobaynida harbiy yodgorlik bo‘lgan bino Buyuk Britaniya va AQShda to‘plangan xayriya pullari hisobiga qayta tiklandi. 2004 yilda olingan surat. ©️GETTY IMAGES

 

Shunga qaramay, ushbu hisobotda “Drezden haqli ravishda harbiy nishon bo‘lgani” va bu havo zarbasi “qabul qilingan bombardimon siyosati”ga mos o‘tkazilgani haqida aytilgan.

Ittifoqchilarning Drezdenga havo hujumi uyushtirishi va bombardimon qilishi borasidagi bahslar haligacha to‘xtamagan. Tarixchilar shunday savol qo‘yishadi: bu bombardimon haqiqatdan ham natsistlarning hujumiga xalaqit berganmi, yoki urush yakuniga yetayotgani aniq bo‘lgan bir vaqtda shunchaki tinch fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lganmi?

Ushbu vaziyatda – Normandiyaga tushirilgan desant qo‘shinlaridan farqli ravishda – bombardimon ittifoqchilarga urushda yutishga qanchalik yordam berganini tushunish juda qiyin.

Drezden vayronalar ustida qaytadan qurildi, ammo o‘sha bombardimon asoratlari hanuz ko‘zga tashlanadi. 2015 yilda olingan surat. ©️GETTY IMAGES

 

Bir qator mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar bu urush jinoyati bo‘lmasa ham ittifoqchilarning ochiq axloqiy xatosi bo‘lgan. Biroq boshqalarga ko‘ra bunday bombardimonlar natsistlar Germaniyasini yo‘q qilish uchun olib borilgan urushning zaruriy qismi edi. 

Ikkinchi Jahon urushining bu lavhasidan turli xil fitna nazariyachilari, xolokostni inkor etadigan o‘ta o‘ng va ekstremist qarashdagi kishilar o‘z manfaati uchun foydalanadi. Ular hujumda qurbon bo‘lganlar soni borasida natsistlar keltirgan ma’lumotlarga tayanadi va Drezden bombardimonini fojeaviy sana sifatida nishonlaydi. 

Bombardimondan buyon 75 yil o‘tgan bo‘lsa ham bu voqea haligacha ko‘plab ehtiros va bahslarga sabab bo‘lib kelyapti. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан