Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ilon Mask: Marsda o‘lishni orzu qiladigan milliarder
28.09.2020 10:37,  
1523

Eshli Vensning "Ilon Mask" kitobini ikkinchi marta o‘qib chiqdim, aniqrog‘i audio kitobini tingladim.

Kitob «SpaceX» va «Tesla» kompaniyalari asoschisi Ilon Mask biografiyasiga bag‘ishlangan.

Albatta, o‘qishingizni qattiq tavsiya qilaman.

Kitobni o‘qib, Ilon Maskning hayotiy e’tiqodi haqida shunday xulosaga kelish mumkin: fizika qonunlariga zid kelmasa, har qanday narsani amalga oshirish mumkin.

Mask tashkil qilgan kompaniyalar kamida uch sohada inqilob yasadi: onlayn to‘lov tizimi (PayPal), avtosanoat va energiya (Tesla) hamda fazo industriyasi (SpaceX).

«PayPal» (dastlabki nomi X.com) orqali u gigant banklar shu paytgacha amalga oshirmagan ishni bajardi: internet-bank va onlayn to‘lov tizimlarini boshlab berdi.

«Tesla» orqali nafaqat avtonasoatni, balki energiya dunyosini titratdi: elektromobillarning ommalashishi ortidan an’anaviy avtomobil sanoati yo‘q bo‘lish arafasida turibdi; batareya va quyosh energiyasi bo‘yicha yaratgan kashfiyotlari esa bir necha asrlik neft va ko‘mir sanoatining tomiriga bolta urmoqda.

«SpaceX» esa imkonsiz narsani ro‘yobga chiqardi: shu paytgacha xususiy kompaniyalar u yoqda tursin, faqat sanoqli davlatlar hukumatlari shug‘ullana olgan kosmik industriyada nafaqat muvaffaqiyatli biznes qura oldi, balki qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketalar yaratib, sohada misli ko‘rilmagan inqilob yasadi.

Maskning maqsadi insonlarni bir necha planetalarda yashaydigan mavjudotga aylantirish. «SpaceX»ni shu maqsadda tashkil qilgan. Maqsadi Mars sayyorasida koloniya qurish va umrining so‘nggi yillarini o‘sha yerda o‘tkazish. Unga ko‘ra, odamzotda boshqa chora ham yo‘q; chunki sun’iy intellekt shu darajada kuchayib ketadiki, u inson nazoratidan chiqib, odamning o‘ziga qarshi urush boshlashi mumkin («Terminator» filmini eslang). Shu bois ozamzot Yerni tark etib, boshqa sayyoraga ko‘chish uchun tayyor turishi kerak, deydi u. Bular hazil emas, Mask haqiqatda yuz berishiga o‘zi ishonadigan farazlar.

Kitobda Ilon Maskning shaxsiyati ham yaxshi ochib berilgan. Ish va biznesga kelganda, u juda shafqatsiz. Xodimlariga haddan ziyod talabchan. Ulardan 15-16 soatlab ishlashni talab qiladi. Vazifasini bajara olmaganlarni ayab o‘tirmaydi, o‘sha zahotiyoq ishdan bo‘shatadi.

Bir misol: o‘n yildan ziyod shaxsiy yordamchisi bo‘lgan, barcha kundalik ishlari va rejalarini boshqarib boradigan ayolni oyligini oshirishni so‘ragani uchun haydab yuborgan. Aslida Mask uchun bitta xodimning oyligi muammo emas, ammo u asossiz talab va shikoyatlarni qabul qila olmaydi. Oyligini oshirishni so‘ragan yordamchisiga ikki hafta ta’tilga chiq, o‘ylab ko‘raman, deydi. Yordamchisi ketgandan keyin uning ishlarini ikki hafta o‘zi bajaradi. Qaytib kelgandan keyin, senga ehtiyojim yo‘q ekan, deb ishdan bo‘shatadi.

Bu jihatlari bilan u afsonaviy Stiv Jobsga o‘xshab ketadi. Lekin inson sifatida Mask «Apple» asoschisi Jobsdan yaxshiroq deb o‘ylayman. Ilm-fan va texnologiyaga qo‘shgan hissasi bo‘yicha ham Maskning yutuqlari ko‘proq.

Ayni paytda Mask o‘zi uchun ham juda talabchan. Har kuni 15-20 soatgacha ishlaydi. Ofisida yotib qoladigan kunlari ko‘p bo‘ladi.

Dunyoning eng boy odamlaridan biri bo‘lishiga qaramay, dam olishni, boshqaruvni boshqalarga berishni o‘ylamaydi. Kompaniyalarini, ular yaratayotgan yangi mahsulotlarni shaxsan o‘zi nazorat qiladi, muhim ishlarni detallarigacha o‘zi boshqaradi.

Mask shunchaki yaxshi menejer emas, balki qilayotgan ishini juda yaxshi biladigan rahbardir. Avtomobil va batareyalardan tortib, raketa yaratishgacha bo‘lgan barcha ishlarning dizaynida ham, muhandislik ishlarida ham shaxsan o‘zi ishtirok etadi.

Ilon Mask serfarzand bo‘lish tarafdori ekan. Aqlli odamlar o‘zlaridan ko‘proq zurriyot qoldirishi kerak, deydi u. 49 yoshli Maskning oltita o‘g‘li bor.

Yaxshi bir yangilik: Kitob muallifi Eshli Vens bilan «Tvitter» orqali gaplashdim. Uning kitobi tez kunlarda O‘zbekistonda ham chop etilar ekan. Nashr qilish huquqi «Azbo» nashriyotiga berilibdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан