Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda telefonlar IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha eng oddiy sharh
21.09.2019 11:05,  
53269

IMEI raqamini bepul ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday? IMEI kodini registratsiya qilish uchun qancha to‘lanadi? Ro‘yxatdan o‘tkazmasa nima bo‘ladi? Telefon ishlatish va sotib olish cheklanadimi? Endi bizni kuzatishadimi? Ishlab chiqargan firmasi noma’lum Xitoy telefonlari ishlamay qoladimi? Telefon narxlari oshadimi?

2019 yilning 20 sentyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Unda 2019 yil 17 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori bo‘yicha ma’lumot berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul xodimi Timur Mashanpin qaror bilan bog‘liq barcha savollarga javob berdi.

Qaror matni tushunarsiz bo‘lgani uchun ko‘pchilikda savollar tug‘ilayotgandi. Timur Mashanpinning javoblari asosida telefon, smartfon va planshetlarning IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi haqida tushuntirishga harakat qilaman.

2019 yilning 1 aprelidan boshlab respublikamizda mobil qurilmalar IMEI kodlarini avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan. Hozirgi holatda sizning qurilmangiz IMEI kodlari aloqa operatorlari tomonidan UZIMEI bazasiga o‘tkazilgan. Telefoningiz IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini uzimei.uz saytidan tekshirishingiz mumkin. Qayta ro‘yxatdan o‘tkazishingiz shart emas.

Agar yangi telefon olgan bo‘lsangiz, 2019 yil 1 noyabrgacha unga bir marta sim karta solib, ishlatsangiz, u avtomatik tarzda registratsiya qilinadi. Buning uchun sizdan hech narsa talab qilinmaydi.

2019 yil 1 noyabrdan IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish avtomat bo‘lmaydi, registratsiya SMS/USSD so‘rovlar, UZIMEI tizimi operatori va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. 2019 yil 1 dekabrgacha bu amaliyot bepul bo‘ladi.

Demak yangi telefon olsangiz, 2019 yil 1 dekabrgacha IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish bepul.

2019 yil 1 dekabrdan esa IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘ladi. Bitta IMEI kodini registratsiya qilish uchun jismoniy shaxslar bugungi kun hisobi bilan 44600 so‘m to‘laydi.

Telefon sotib olayotganingizda uning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tganini albatta tekshiring.

2019 yil 1 dekabridan, agar telefoningiz IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, u 30 kundan so‘ng ishlamay qoladi. Agar 30 kun davomida registratsiya qilmasangiz, 44600 emas, 55750 so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Darvoqe, 1 noyabrdan so‘ng ishlab chiqaruvchisi noma’lum, IMEI kodi to‘g‘ri bo‘lmagan arzon Xitoy telefonlari ishlamay qoladi. Ularni 1 noyabrga qadar bir ishlatib avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazsa bo‘ladi. Shuningdek, 1 noyabrdan so‘ng avval ishlatilgan telefonlarni sotib olishda ham ehtiyot bo‘lgan zarur. Avvalo, IMEI kodini tekshirib oling. Shuningdek, avval ishlatgan odam telefon bilan bog‘liq biron “ishkal”ga aralashgan bo‘lsa, sizga ham zarar yetishi mumkin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mulozimining aytishicha, IMEI ma’lumotini ro‘yxatdan o‘tkazish va UZIMEI loyihasini joriy etish orqali mobil qurilmalarni o‘g‘irlash va noqonuniy foydalanishning oldi olinadi. GSMA xalqaro standartlariga javob bermaydigan va inson salomatligiga zarar yetkazadigan sifatsiz mobil qurilmalarning sotuvi cheklanadi. Shuningdek, ichki bozorni soxta mobil qurilmalarni olib kirish va sotishdan himoya qilinadi.

Agar bu tizim to‘liq amalga oshirilsa, O‘zbekistonda telefon qurilmalari narxi oshadi. Chunki, bu holatda faqatgina qonuniy ravishda olib kirilgan qurilmalar ro‘yxatga olinadi. Bunda bojxona va soliq xarajatlari, shuningdek IMEI uchun to‘langan miqdor ham telefon narxiga qo‘shiladi. Keyinchalik sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, eng katta telefon kompaniyalarining rasmiy vakolatxona va do‘konlari, xizmat markazlari ochilsa, narxlar tushishi mumkin.

Endi eng ko‘p so‘raladigan savollarga mutaxassisning javoblarini havola qilaman:

Hozirgi ishlatayotgan telefonimni ro‘yxatdan o‘tkazishim shartmi?

— 1 noyabrgacha foydalanilayotgan telefon qurilmalarining barchasi avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda sizning ishtirokingiz talab etilmaydi va sizdan hech qanday xizmat haqi unidirilmaydi. Ma’lumotlar mobil operatorlari tomonidan UZIMEI bazasiga kelib tushadi.

O‘zbekistonda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish qachondan boshlangan?

— 2019 yilning 1 aprelidan boshlab respublikamizda mobil qurilmalar IMEI kodlarini avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda nechta mobil qurilmalar UZIMEI ro‘yxatidan o‘tdi?

— UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasida 30 millionga yaqin mobil qurilmalar ro‘yxatdan o‘tdi.

Ishlatilmagan mobil qurilmamni ham ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yishim kerakmi?

— Ha, agar 1 noyabrgacha o‘sha qurilmangizga bir marta sim karta qo‘yib ishlatsangiz, antenna ko‘rinishi bilan IMEI ma’lumotlari mobil operatori orqali UZIMEI bazasiga avtomatik kiritiladi.

1 noyabrdan keyin IMEI raqamini qayerda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin?

— Pochta aloqa bo‘limlarida; SMS va USSD so‘rovlar orqali; UZIMEI tizimi operatori orqali; O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

IMEI raqami ro‘yxatga olinganini qanday tekshirish mumkin?

— www.uzimei.uz sayti yoki mobil operatoriga SMS/USSD so‘rovi yuborish orqali.

Telefonim IMEI raqamini qanday bilsam bo‘ladi?

— IMEI raqamini bilish uchun telefoningiz orqali *#06# buyrug‘ini tering.

Qurilmaning IMEI kodi maqomini tekshirish pullimi?

— Qurilmaning IMEI kodi maqomini tekshirish bilan bog‘liq tizim operatoridan barcha SMS xabarlar va abonentlardan SMS/USSD so‘rovlar bepul asosda amalga oshiriladi.

IMEI kodini ro‘yxatga olish uchun qancha to‘lanadi?

— Mobil qurilmaning IMEI kodini ro‘yxatga olish uchun to‘lov miqdori import qiluvchilar uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 20%i (bugungi kunda 44600), ishlab chiqaruvchilar uchun 10%i (22300), jismoniy shaxslar uchun 20%i miqdoridadir.

Turistlar, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar mamlakatimiz hududi o‘z telefon qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari shartmi?

— 30 kun muddatgacha foydalanishlari mumkin. 30 kun muddatdan ko‘proq turishsa, IMEI registratsiyasi uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 20%i miqdorida pul to‘laydi.

— Turistlar O‘zbekiston hududida o‘z sim kartalari orqali roumingdan foydalanganda IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerakmi?

— Norezidentlar chet el sim kartasidan (roumingdan) foydalanganda registratsiya qilishi shart emas. Mahalliy operator sim kartasini 30 kundan ortiq muddatda foydalansa, registratsiya qilishi kerak.

O‘zbekistonga bir yilda qancha mobil qurilma olib kiriladi?

— Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda 115000 ta mobil telefon qurilmasi rasmiy tarzda O‘zbekistonga olib kirilgan. Vaholanki, O‘zbekistonda 22 milliondan ortiq mobil aloqa foydalanuvchilari mavjud. Dunyodagi o‘rtacha statistikaga ko‘ra, mobil telefon foydalanuvchilarining 15 foizi har yili o‘z qurilmalarini almashtiradi. Bunga ko‘ra, agar O‘zbekiston mobil foydalanuvchilarining 15 foizi bir yilda bir marta telefon almashtirsa, ularning soni 3 300 000 bo‘lishi kerak edi. Demak, O‘zbekistonga yiliga juda ko‘p miqdorda mobil qurilmalari noqonuniy olib kirilmoqda.

O‘zbekistonda mobil telefonlar ko‘p o‘g‘irlanadimi?

— Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining hisobotiga ko‘ra, oxirgi uch yilda O‘zbekistonda sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatlarining har uchinchisi mobil telefon bilan bog‘liqdir.

O‘g‘irlangan yoki yo‘qotilgan, “qora ro‘yxatga” tushgan telefonni sotib olsa, ishlatsa nima bo‘ladi?

— Telefonga sim karta qo‘yganidan keyin aloqa operatori tomonidan bu telefon o‘g‘irlangan yoki yo‘qotilganlar ro‘yxatida ekani, qurilmani ichki ishlar bo‘limiga topshirish kerakligi haqida SMS xabar keladi.

O‘zbekistonda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan telefonni boshqa davlatlarda foydalansa bo‘ladimi?

— O‘zbekistonda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan qurilmalar GSMA xalqaro tashkiloti bazasiga kiritiladi. GSMAga a’zo bo‘lgan 40 dan ortiq davlatda bu telefon ishlamaydi. Shuningdek, boshqa davlatda “qora ro‘yxat”ga tushgan qurilmalar ham O‘zbekistonda ishlamaydi.

Smart soat, kompyuter, noutbuk, avtomobilni boshqarish qurilmalari ham pulli ravishda ro‘yxatdan o‘tkaziladimi?

— 1 dekabrdan faqatgina telefon, smarfon va planshetlar pulli asosda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Qurilma IMEI raqamining ro‘yxatga olinishi bilan bizning shaxsiy ma’lumotlarimiz yig‘ilib, telefonimiz kuzatilishi mumkinmi?

— O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanmaydi. Boshqa ma’lumotlar mobil operatorlari va huquq-tartibot organlarida saqlanadi. Ertaga birovning telefoni yo‘qolsa yoki o‘g‘irlansa, IIV tomonidan markazga ma’lum IMEI raqamini o‘chirish so‘rovi keladi. Bu IMEI raqami barcha mobil operatorlari bazasida bloklanadi.

IMEI raqamini registratsiya qilish kimning bo‘ynida bo‘ladi? Sotuvchiningmi? Xaridorningmi?

— Qurilmani kim olib kirgan bo‘lsa, o‘shaning. Masalan, telefonni o‘zingiz sotib olib, O‘zbekistonga olib kelsangiz, siz to‘laysiz. Import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchilar o‘zi to‘laydi.

— Ishlab chiqaruvchisi noma’lum, sifatsiz, IMEI kodi xalqaro talablarga javob bermaydigan, asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan telefonlarning taqdiri nima bo‘ladi?

— Bugungi kunga qadar 30 millionga yaqin IMEI kodlari avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 500 mingi xalqaro standartlarga javob bermaydigan IMEI kodlaridir. Bunday sifatsiz telefonlarni 1 noyabrga qadar ishlatib, avtomatik tarzda registratsiya qilib olish mumkin. 1 noyabrdan so‘ng ular ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi va bu qurilmalardan telefon sifatida foydalanish imkoni bo‘lmaydi.

Internetda IMEI raqamini generatsiya qiladigan ko‘pgina dasturlar bor. Shular orqali telefonlarga qayta IMEI raqami olib, tizimga kiritsa bo‘ladimi?

— Apple, Samsung kabi kompaniyalarning yangi avlod telefonlarida IMEI raqamini o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas. 2-3 avlod ilgarigi telefonlarda IMEI raqamini bu tarzda o‘zgartirish mumkindir. Hozirda tegishli idoralar tomonidan IMEI raqamini o‘zgartirganlik uchun javobgarlik belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

— Agar firibgarlar ishlatib bo‘lingan eski telefonlarning IMEI raqamini qurilmadagi raqam bilan almashtirishsa, buni qanday aniqlaysizlar?

— UZIMEI tizimiga keladigan axborotlar mobil operatorlari tomonidan taqdim etiladi. Masalan, operator ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, tugmali telefon hozirda 4G tarmog‘idan foydalanayotgan bo‘lsa, shubha paydo bo‘ladi. Bu fakt alohida tekshiruvga sabab bo‘lishi va ichki ishlar organlariga oshirilishi mumkin.

— Agar telefonda ikkita yoki ko‘proq sim karta sloti bo‘lsa, har biri alohida registratsiya qilinadimi?

— Ha, telefon qurilmalarida har bir slot uchun alohida IMEI raqami biriktiriladi. Agar ikkinchi yoki uchinchi slotdan ham foydalansangiz, uni ham ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Maslahat: agar telefoningizda bitta sim karta bo‘lib, ikkinchisi bo‘sh turgan bo‘lsa, 1 noyabrgacha sim kartalar o‘rnini almashtirib, qurilmani yoqsangiz, ikkinchi slot ham avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tadi. Buni qilmasangiz, 1 dekabrdan so‘ng 2-slotdan foydalanish uchun pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Bir shaxs uchun IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun cheklov mavjud emasmi? Endi bir yilda bitta telefon ishlata olarkansiz, xolos, degan gaplar chiqqandi.

— Cheklov mavjud emas, jismoniy shaxslar istalgancha qurilmalar uchun IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Faqatgina xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali keltirilgan mobil kurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmasligi lozim.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан