Imomali Rahmon tojik orfografiyasini takomillashtirishni talab qildi

Imomali Rahmon tojik orfografiyasini takomillashtirishni talab qildi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Til va adabiyot institutiga 2020 yilning yanvarigacha tojik tili orfografiyasining yangi qoidalarini tayyorlashga ko‘rsatma berdi. Bu haqda «Aziya-Plyus» nashri xabar tarqatdi.

“Qirq-ellik yil avval yozilgan grammatika ilm-fan va hozirgi jamiyat talablariga javob bermayapti. Tojik orfografiyasidagi chalkashliklarning sabablaridan biri til bo‘yicha yangi qo‘llanmaning yo‘qligidir”, – dedi Rahmon ziyolilar bilan uchrashuvda.

Prezidentning fikriga ko‘ra, tojik orfografiyasi qoidalari faqatgina ilmiy xodimlar emas, balki hamma uchun amaliy qo‘llanma hisoblanib, uning maqsadi xalqning bilim darajasini oshirishdir.

Shuningdek, Imomali Rahmon tojik tilidagi atamashunoslik muammolariga e’tibor qaratdi, tilshunoslarga “Tojik tilining akademik grammatikasi”ni yaratish hamda tojik tilidagi barcha so‘zlarni elektron katalogga kiritishga ko‘rsatma berdi. Tojik tilining ensiklopediyasini yaratish ishlari 2016 yildan beri cho‘zilib kelayotgani uchun Madaniyat vazirligini va Milliy tojik ensiplopediyasi tahririyatini tanqid qildi.

Tojikistonda Til va atamashunoslik qo‘mitasi faoliyat yuritadi. “Davlat tili haqida”gi qonun 2009 yilning oktyabrida qabul qilingan va unda Tojikistonning barcha fuqarolari davlat tilini bilishi kerakligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun Tojikistonda Milliy til bayrami nishonlanmoqda.