Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Infeksionist shifokor O‘zbekistonda qat’iy karantindan ma’no qolmaganini aytdi (video)
27.07.2020 10:27,  
3557

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ko‘paygan hozirgi sharoitda qat’iy karantin choralarini qo‘llashning o‘zidan ma’no yo‘q. Bu haqda «Milliy» telekanalidagi «Tez yordam» dasturida Defactum Laboratories klinikasining immunolog-infeksionisti, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jayeva ma’lum qilgan.

«Ha, karantin bo‘lishi kerak, lekin bu kabi nihoyatda kuchli karantin qilish kerak emas. Chunki uning asosiy g‘oyasi yo‘qotilgan. Boshidan karantin kasallikni to‘xtatish uchun yaratilgan, lekin hozirgi davrda kasallik populyasiyaga o‘tib ketdi, xalq ichida yoyilib ketdi. Kecha ham, undan oldingi kuni ham, bugun ham eshitdik, ko‘plab bemorlar bilan muloqotda bo‘lyapmiz. Bir oilada bitta bemor emas, butun hamma oila bemor bo‘lib, kasallanib tuzalib ham ketyapti. Shuning uchun bu kasallikni mana hozirgi davrda to‘xtatish imkonsiz», — degan Aziza Xo‘jayeva.

10 iyuldan 1 avgustgacha O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin tartibi joriy qilingandi. 23 iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev COVID-19 qurbonlari sonini kamaytirish maqsadida cheklov me’yorlarini yana uzaytirishga rozilik bergan. 26 iyulda Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari 2020 yilning 15 avgustiga qadar uzaytirilganini e’lon qildi.

Ekspertning fikricha, qat’iy karantin cheklovlari aholining yuqori saviyadagi tibbiy yordam xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini cheklab qo‘yadi.

 

 

 

«Bemorlar uchun sharoit yaratish zarur. Kimlardir uyda, kimlargadir ko‘proq ahamiyat berib, ularni kislorod apparatlari mavjud bo‘lgan yaqinroqdagi kasalxonalarga yuborish kerak. Hozirgi davrda aprel oyidagi kabi kuchli karantin hech ham kerak emas. U bizga xalaqit berishi mumkin. Odamlar o‘zi uchun yordam ololmay qolishi ehtimoli mavjud. Masalan, kasallangan bemor qon topshirishi kerakmi, buning uchun ko‘chaga chiqishi zarur, shifokorga murojaat qilishi talab etiladi. Kompyuter tomografiyasi yoki rentgen tekshiruvidan o‘tish zarur. Harakatlanib, ko‘chaga chiqishi mumkin. Hozirgi davrda poliklinikadan shifokorlar, hamshiralar maxsus kiyimda uyma-uy yura olsa, buning iloji topiladi. Lekin hozirgi davrda ushbu mas’uliyatni ularga yuklash og‘irroq, poliklinikalarda ishlayotgan personal buni ko‘tara olmasligi mumkin. Shuning uchun, xususiy klinikalar bor, bemorlar o‘zi uchun yengilroq yo‘lni tanlaydi», — deydi ekspert.

Dastur boshlovchisi Komil Allamjonov ushbu gaplarga javoban agar ekspert aytayotgan ishlar qilinsa, og‘ir ahvoldagi bemorlarga kasalxonalarda joy qolmasligi mumkinligini aytib o‘tdi.

«Men epidemiologik nuqtai nazardan kelib chiqib gapirdim. Umumiy populyasiyada karantin samara bergan bo‘lardi. Lekin hozir kasallanganlar soni ko‘payib ketdi, deyarli har oilada kamida bitta kasallangan bemor bor. Shuning uchun karantinning ma’nosi yo‘qoldi», — degan tibbiyot fanlari nomzodi.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, yengil va o‘rta og‘irlikdagi bemorlar uchun uyda davolash sharoitlari yaratilgani, shu sababli og‘ir ahvoldagi bemorlar ko‘paymasligi va yengil yoki o‘rta og‘irlikdagilar kasalxonalarda ularning o‘rnini egallamasligiga e’tibor qaratilmoqda.

Virusolog, molekulyar-genetik tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis, tibbiyot fanlari nomzodi Dildora Sekler kuchli karantin kasallikning tarqalib ketmasligi va kasalxonalarda davolash koykalarini tayyorlab olish uchun joriy qilingani, ammo koronavirus populyasiyaga kirishib ketgani hozirgi sharoitda tibbiyot saralashini amalga oshirish (bemorlarning ahvoliga qarab ularni saralab, ajratib olish) lozimligini qayd etdi.

«Masalan, ʼO‘zekspomarkaz'da katta klinika ochildi, u yerda hammani ketma-ket qabul qilib, bemorlarda kasallikning yengil shaklimi, og‘ir shaklimi aniqlashtirib, bilib olib, yengil shaklni uyga qaytarish, o‘rta og‘irlikdagi bemorga muolajalarni qilib, ahvoli og‘irlashmayotgan bo‘lsa, uni uyiga qaytariladi. Bu qanday aniqlanadi, bir necha kundan beri qayta-qayta aytilayotgan belgilar tekshiriladi, maxsus apparatlarda tekshirib, bemor bilan suhbatlashib, bemorning qo‘liga qo‘llanma berib, shifoxonaga yoki uy sharoitida davolashga jo‘natiladi», — degan u.

Avval maxsus shtab a’zosi Habibulla Oqilov qat’iy karantin choralari sog‘liqni saqlash tizimida kollaps holatining oldini olish va virusning tarqalish zanjirini uzish uchun qayta joriy qilinganini aytgandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан