Insonda ona Vatan, ota-ona va milliy til ikkitadan bo‘lishi mumkin emas!

Insonda ona Vatan, ota-ona va milliy til ikkitadan bo‘lishi mumkin emas!

Xalqaro-Press klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev feysbukdagi sahifasida davlat tili haqidagi mulohazalarini bayon qildi.

Men bolalikdagi hayotimni eslasam, o‘sha davrlarda judayam qiziq bo‘lgan, o‘ziga xos tarzda kechgan. Men ham o‘sha davrdagi tengdoshlarim qatori sovet davrida tug‘ildim, ta’lim oldim, balog‘atga yetdim. Yoshligim asosan o‘zbeklar yashaydigan mahallada o‘tdi. Mahalla uchun bir notabiiy holat: bolalar bog‘chasida rusiyzabon guruhda tarbiya topdim.

Shuningdek, o‘rta maktab va universitetda ham Ovrupo guruhida ta’lim oldim. Mutaxassis bo‘lib yetishishdan tashqari rus tilini ham mukammal o‘rgandim. Shuning uchun eskitdan rus tilida emin-erkin gaplashaman, yozaman, ijod qilaman, ko‘rsatuvlar olib boraman. Keyinchalik kasbiy ehtiyojlar paydo bo‘lgani sababli ingliz tilini, shuningdek, turkcha so‘zlashishni xam o‘rgandim. Bugun qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, turkman, uyg‘ur, tatar, boshqird va hatto tojik tillarini tushunaman, oz-oz bo‘lsa-da fikrimni tushuntira olaman.

Lekin bolalik davrimdan boshlab o‘z ona tilim – o‘zbek tili men uchun bosh va asosiy til. O‘ylaymanki, har qanday sog‘lom, o‘zini hurmat qilgan odamda o‘z ona tiliga munosabat shu kabi bo‘lishi kerak. Insonda ona Vatan, ota-ona va milliy til ikkitadan bo‘lishi mumkin emas. To‘g‘ri, odam boshqa tillarda ham erkin va mufassal so‘zlasha olishi, xorijiy tildagi kitoblarni o‘qib zavq olishi tabiiy bir hol. Lekin, har bir kamolga yetgan inson uchun uning o‘zligini anglashi faqat ona tili orqali kechadi. Har qanday or-nomus va pok vijdonga ega bo‘lgan hazrati inson o‘z ona tili turganida boshqa bir tilga rasmiy maqomni berishni so‘rab yurmaydi.

O‘zbek tili kecha paydo bo‘lgan til emas. O‘zbek tili oltoy tillar oilasining turkiy tillar turkumiga kiradi. Bu til turkiy tillar ichida markaziy o‘rinni egallaydi. O‘z davrida Hazrat Alisher Navoiy o‘zbek tilining boshqa turkiylarda bo‘lmagan sifatlarini ochib berdi va bu tilni nihoyatda boy va jozibador ekanligini o‘z ijodi bilan isbotladi ham. O‘zbek tilining forsiy-tojik tillaridan hech qanday kam jihatlari yo‘q ekanligini turli dalillar bilan ko‘rsatib berdi.

Sovet davrida qatag‘onlik davri – 1937 yildan mustaqillik davrigacha o‘zbek tili kommunistik mafkura, totalitar siyosat va mustabidlik ostida kamsitib kelindi. O‘sha davrda o‘zbek xalqining o‘z ona tilida so‘zlashishi baynalmilalchilikka zid, deb talqin qilindi. Hamon esimda, hatto maktabda, transportda, ko‘chalarda o‘zbekcha gapirsak, bizga jerkib berishardi o‘zbekcha gapirma deb, davlat idoralaridagi manzarani endi tasavvur qilavering...

Milliy tilimiz – o‘zbek tili mustaqillik davriga kelib erkinlikka erishdi, millatni rivojlantirishning eng asosiy omillaridan biriga aylandi. Ammo bizning xatoyimiz salkam 30 yil davomida «O‘zbek tili to‘g‘risidagi» Qonunni qabul qildik, endi u Davlat tili deb beparvo yuraverdik.

To‘g‘ri, hozir dunyoda ikki davlat tilli – Kanada (ingliz, fransuz), Gollandiya (niderland, g‘arbiy friz), Belarus (belarus, rus), Finlyandiya (fin, shved), Irlandiya (irland, ingliz), Kipr (yunon, turk), Isroil (ivrit, arab), Hindiston (hind, ingliz), Iroq (arab, kurd), Filippin (filippin, ingliz), shuningdek, ikki tildan ko‘proq tillarga davlat tili maqomi berilgan mamlakatlar – Belgiya (fransuz, niderland va nemis), Buyuk Britaniya (ingliz, irland va shotland), Lyuksemburg (lyuksemburg, fransuz, nemis), Shveysariya (nemis, fransuz va italyan), JAR (11ta til, jumladan, ingliz, afrikans, venda, zulu, kosa), Yangi Zelandiya (ingliz, maori va yangi zeland imo-ishora tili) hozirga qadar yashab kelmoqda. Chunki, bu davlatlar ikkita til bo‘lish uchun asos mavjud: ana shu tilda so‘zlashishga ehtiyoj sezadigan millatlar yashaydi. O‘zbekiston aholisining taxminan 2 foizini rus millati va 8 foizini rusiyzabonlarga mansub aholi tashkil etsa-yu, yana rus tiliga rasmiy maqom berishni istaydiganlar qanday mantiqiylikka asoslanyaptilar?

Men til masalasida ayrim odamlar ko‘targan masaladan juda ham taajjubdaman. Nima uchun ba’zi katta avlod vakillari O‘zbekiston Respublikasining mustaqil va suveren davlat ekanligini anglashni istashmayapti?

Nima uchun Mustaqilligimizning o‘tgan 27 yili ichida ularda o‘z milliy tillari va mamlakatini sevish his-tuyg‘ulari shakllanmadi? 

Nega ular Vatan bitta va tanho ekanligini anglay olishmayapti? 

Nega ular milliy tilimizga yangi sherik topishga harakat qilmoqda? 

Ular orasidagi ijod ahli, olimlar nega shuncha yillar davomida tilimizni rivojlantirmadi?

Nega bu masala millatlararo nizo va tortishuvlarga olib kelishini anglamayaptilar?

Bu masalani ko‘tarayotgan bir guruh katta avlod vakillari yoshlarga namuna bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha eski zamonni, «sotsialistik» o‘tmishni qo‘msayotganini tushunish juda ham qiyin, albatta. Hurmatli keksa avlod vakillari, avvalo shuni bilinglar: o‘sha mash’um sovet davri endi qaytib kelmaydi, orqaga qaytadigan ko‘priklar yonib ketgan. Orqaga qaytuvchi yo‘llar ham qolmadi. Millat ham o‘zgardi, O‘zligini qaytarayotgan millat bu.

Lekin, har qanday hodisaning bir necha hikmati bo‘ladi. Til masalasida ko‘tarilgan bu shov-shuv gaplarni barcha ziyolilar, ayniqsa ijodkorlar ham o‘ylab ko‘rishlari lozim. Ona tilimizni yanada rivojlantirishga, uning ajib va noyob ohanglarini boyitishga, bu til zamirida qanchadan-qancha boyliklar yotganini ochib berishga har birimiz hissa qo‘shishimiz lozim. Zero, istiqbolda farzandlarimiz, do‘stlarimiz, millatdoshlarimiz ham bir-birlari bilan o‘zbek tilida gaplashsinlar...

Sizlarga oddiy misol keltirmoqchiman: gar xorijga, masalan, deylik Turkiyaga borsangiz, u yerda turklar siz qanday millatga mansub bo‘lishingizdan qat’i nazar turk tilida so‘zlashadi. Ular bizlarga o‘xshab, 10 -15 kishi o‘z ona tilida gaplashib turganida bitta ajnabiy qo‘shilsa likillab uni tilida «tvaya-maya» qilmaydilar.

Yoki, agar Xitoyga borsangiz, Xitoy aholisi siz bilan faqat chin tilida so‘zlashadi. Ular sizni o‘z milliy tilida so‘zlashishga, o‘z yeri, o‘z millati va albatta, o‘z tilini hurmat qilishga majbur etadi. Shunday ekan, nega biz faqat o‘z tilimizda so‘zlashmaymiz, nega ona tilimizni hurmat qilishga boshqalar tugul, hatto o‘zimizni majbur etolmaymiz?! Men bu kabi holatlarni hech tushunolmayman. Ammo ba’zilar ona tili ahamiyatini seza olmagani, ularning xohishlari millat taqdiridan-da yuqori qo‘ygani meni hayratga solmoqda.

Yana shuni aytmoqchimanki, agar hozir keksa avlod vakillari ko‘targan bu masalani hozir to‘g‘ri hal etmasak, kunlar o‘tib uning oqibatlari bizga juda ham qimmatga tushadi. Eng achinarlisi, bu masalaga tashqaridagilardan birortasini aybdor etolmaymiz. Chunki, bu oqibatlarga faqat o‘zimiz – biz o‘zbeklar aybdor bo‘lamiz.

Zero, Abdulla Avloniy aytganlaridayoq, «Milliy tilni yo‘qotmoq – millatning ruhini yo‘qotmoq»dir.

Xo‘sh, nimalar qilmoq darkor desak, IMHOlarim shunday:

– Internetda o‘zbekcha kontentni keskin ko‘paytirish (Vikipediya, Google), o‘zbek tilidagi veb-saytlar, e-kutubxonalar sonini ko‘paytirish, sifatini oshirish;

– Milliy kino va teatr, madaniy sohada inqilob qilish, bugungi daraja aslo qoniqarli emas;

– O‘zbek tilidagi romanlar, adabiy asarlar, musiqa mahsulotlarini keskin ko‘paytirish kerak;

– Ko‘chalarimizdagi peshtaxtalardagi yozuvlarni tanqidiy ko‘rib chiqish kerak, bu ketishda yaqinda mo‘g‘ulcha ham yozib, osib qo‘yishadi.

Xullas, Shum bola ta’biri bilan aytganda: «Endi bildim, nima qilish kerakligi»ni – sevish kerak ona tilini, so‘zlashish kerak, ardoqlash kerak uni!!!

Bugun biz barcha sohada o‘ta faol bo‘lishimiz darkor, biz bag‘rikengmiz, ammo bunday masalada aslo yo‘q, endi o‘tmaydi! Andishani nomi qo‘rqoq bo‘lsa, bizga Pushkin bir jahonu, Bayron bir jahon bo‘lgay!

P.S. Bugun dunyoda taxminan 50 million kishi o‘zbek tilida gaplasharkan, bu aslo kam emas!