Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Italiyaning kichik bir shaharchasida koronavirus tarqalishini qanday to‘xtatishdi?
19.03.2020 19:59,  
1848

Italiya shimolidagi kichik bir shaharchada koronavirus bilan zararlanish holatlarini tajriba yordamida to‘xtatishga muvaffaq bo‘lindi.

Venetsiya viloyati, Paduya provinsiyasida (tumanida), Venetsiya shahridan 50 km uzoqlikda joylashgan Vo Euganeo (Vo) shaharchasi fevral oyi boshlarida COVID-19 virusining Yevropadagi ilk o‘chog‘iga aylangan, Italiyada bu kasallikdan birinchi o‘lim holati ham aynan shu yerda yuz bergan edi. 

Shaharcha kasallik markaziga aylanar ekan, boshidanoq aholini faol ravishda tekshirish, testdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Hammasi bo‘lib 3 400 kishi yashaydigan Voning barcha aholisi – o‘zida kasallik alomatlari ko‘ringan-ko‘rinmaganidan qat’i nazar koronavirus tekshiruvidan o‘tdi. Kimda kasallik tashxisi tasdiqlansa, qat’iy ravishda karantinga jo‘natildi. Ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar ham karantinda o‘tirdi. 

Oradan 10 kun o‘tib, yana hamma qaytadan testdan o‘tdi. Natijada kasallanganlar soni 90%ga kamaydi, deydi bu tajribada ishtirok etgan Imperial College London universiteti professori Andrea Kresanti italyan va britan ommaviy axborot vositalariga. 

22 fevral kuni koronavirusdan Italiyadagi ilk o‘lim holati qayd etilgan Vo shaharchasining sog‘liqni saqlash muassasasi infeksiya tarqalishini to‘liq to‘xtatishning uddasidan chiqdi. 

“Tekshirish – koronavirusga qarshi test o‘tkazish eng muhim ish, u ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qoldi”, dedi shaharcha hokimi Juliano Martini jurnalistlarga. 

“Test o‘tkazing, test o‘tkazing, test o‘tkazing”

Shu hafta boshida Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) barcha mamlakatlarni koronavirusga qarshi o‘z aholisini faol ravishda tekshiruvdan o‘tkazishga chaqirdi. Bunda Janubiy Koreya va Tayvan misol qilib keltirildi. “Bizning asosiy chaqirig‘imiz: test o‘tkazing, test o‘tkazing, test o‘tkazing”, dedi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus.

Professor Andrea Kresantining so‘zlariga ko‘ra Vo Euganioda barchani – kasallik alomatlari kuzatilmagan odamlarni ham testdan o‘tkazishgan. Tahlillar shaharcha aholisining 3%ida virus borligini ko‘rsatgan. Koronavirus bilan zararlangan har bir kishiga uning hech qanday alomatlari sezilmagan 10 kishi to‘g‘ri kelgan. Ularning barchasi izolyasiyaga olingan. 

JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus imkon qadar ko‘proq odamni koronavirusga qarshi tekshiruvdan o‘tkazishga chaqiryapti/GETTY IMAGES

 

“Odamlar ikkinchi marta testdan o‘tkazilganida musbat natijalar 90%ga tushib ketdi”, deydi mutaxassis. 

Shunisi muhimki, qayta tekshiruv natijasida koronavirus bilan zararlangan kamida olti kishi aniqlandi. Vaholanki, ularda kasallik alomatlari sezilmagan. Tekshiruvdan so‘ng ular ham karantinga joylashtirildi. 

“Agar ular tekshiruvdan o‘tkazilmaganida infeksiya tarqalishda davom etardi”, deydi Britaniyaning Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Andrea Kresanti.

Garchi alohida olganda bir mamlakatning barcha aholisini tekshirib chiqish imkoni bo‘lmasa ham kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan, ammo kasallik alomatlari ko‘rinmagan kishilarni testdan o‘tkazish muhim, deb hisoblaydi Kresanti. 

Bu amaliyotni butun Venetsiya viloyatiga yoyish va kuniga 11 ming tahlil olish rejalashtirilyapti. 

Milliy karantin boshlanganidan bir yarim hafta o‘tib

2020 yil 18 mart, chorshanba kuni Italiyada koronavirusdan o‘lim holati bir kunda 475 tani qayd etib, jami 2 978 taga yetdi. Bu ushbu kasallik paydo bo‘lganidan buyon eng katta sakrash. 

Italiyada ayni paytda COVID-19 bilan og‘riganlar soni 35 713 kishini tashkil qilyapti. 4 025 nafar bemor tuzalib ketdi. Mamlakat ayni paytda koronavirusdan zarar ko‘rish bo‘yicha  Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda boryapti. 

Italiyada 2020 yil 9 mart kuni qat’iy karantin tartibi o‘rnatilgandi. Virus tarqalishining oldini olish uchun odamlardan uydan ko‘chaga chiqmaslik so‘raldi. Shunga qaramay, mamlakatda kasallikdan o‘lim darajasi muntazam oshib bormoqda. 

JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Mayk Rayan bu holat sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘ta katta yuklama sababli kelib chiqqan, deb hisoblaydi. Bemorlar soni ko‘pligi uchun ularning har biri bilan alohida shug‘ullunish imkoniyati yetmayapti. Shuningdek, mamlakatda keksa yoshli insonlarning ko‘pligi (aholining 23%i 60 yoshdan yuqoriligi) ham bu vaziyatga hissa qo‘shyapti. 

Koronavirus dunyo bo‘ylab: chorshanba kuni nimalar ro‘y berdi?

  • Chorshanba kuni dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 200 ming, vafot etganlar soni esa 8 ming kishidan oshib ketdi.
  • Rossiyada bir sutka ichida yana 33 kishi kasallangani qayd etildi, umumiy bemorlar soni 147 kishiga yetdi.
  • Buyuk Britaniyada so‘nggi bir kun davomida 700 ta yangi holat aniqlandi. Virusga chalinganlarning umumiy soni 2 600 kishiga, vafot etganlar soni esa 104 kishiga yetdi. Juma kuni mamlakatda maktablar yopiladi, imtihonlar ko‘chiriladi.   
  • AQSh prezidenti Donald Tramp Mudofaa vazirligi millionlab respiratorli niqob, 2 mingta sun’iy yengil shamollatish qurilmasi va boshqa jihozlarni ishlab chiqishini e’lon qildi.
  • Ispaniya hukumati butun mamlakat bo‘ylab mehmonxonalarni yopdi.
  • Yevropa Ittifoqida ittifoq mamlakatlari fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning kirishiga 30 kunlik taqiq kuchga kirdi. Shunga ko‘ra, ittifoq yetakchilari qaroriga ko‘ra so‘nggi kunlarda YeI davlatlari o‘rtasida o‘rnatilgan ichki chegaralar olib tashlanadigan bo‘ldi. 
  • Afrika qit’asining Sahroi Kabirdan janubdagi hududida koronavirusdan birinchi o‘lim holati qayd etildi: Burkina-Faso Milliy assambleyasining vitse-prezidenti Rouz Mari Kompaore 62 yoshida vafot etdi.
  • AQShning Nyu-York shtati gubernatori bergan ko‘rsatmaga ko‘ra kompaniyalar xodimlarining 50%dan ko‘p bo‘lmagan miqdori ish joyida ishlashi mumkin. 
  • AQSh va Kanada o‘rtasidagi chegara yopilyapti. Buni har ikki mamlakat rahbarlari tasdiqladi. Aytish kerakki, AQSh-Kanada chegarasi quruqlikdagi ikki davlat o‘rtasidagi  eng uzun chegara hisoblanadi.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан