Jamol Qoshiqchi fojiasidan keyingi bir yil. Uni kim va nima uchun o‘ldirishgan edi?

Jamol Qoshiqchi fojiasidan keyingi bir yil. Uni kim va nima uchun o‘ldirishgan edi?

Bir yil oldin quvg‘indagi saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘z mamlakatining Istanbuldagi konsulligiga kirib ketganicha bedarak yo‘qolgan edi. Keyinchalik uni o‘sha yerda o‘ldirishgani ma’lum bo‘ldi.

Konsullik binosi turk maxsus xizmatlari tomonidan tekshirilganida jurnalistni qatl qilish rejasi va amaliyoti to‘lig‘icha o‘sha yerdagi kameralarga yozilib qolgani yuzaga chiqdi.

Istanbuldagi Saudiya konsulligiga kirish eshigi

Jamol Qoshiqchi o‘ldirilishidan bir necha hafta oldin Istanbulda – Yaqin Sharq davlatlaridagi hukumatlarning muxoliflari to‘plangan shaharda yashayotgan edi. To‘rt farzandning otasi bo‘lgan 59 yoshli jurnalist turk ilmiy tadqiqotchisi Xadicha Chingizga unashtirilgan, ular birgalikda hayot kechirishni rejalashtirgandilar. Ammo buning uchun Qoshiqchiga avvalgi ayolidan ajrashgani haqidagi ajrim hujjatlari kerak bo‘lgan.

2018 yil 28 sentyabrda Jamol Qoshiqchi va Xadicha Chingiz nikohdan o‘tish uchun Istanbuldagi tuman hokimiyatiga borishganida mas’ullar Saudiya Arabistoni konsulligidan ajrim qog‘ozini olib kelish kerakligini aytadi.

Xadicha Chingiz: “Bu so‘nggi chora bo‘lib, rasman nikohdan o‘tishimiz uchun u konsullikka borishi va o‘sha hujjatlarni olib kelishi kerak edi. Chunki u vataniga qayta olmasdi”, deydi.

Xadicha Chingiz

Qoshiqchi doim ham quvg‘inda, hukumatga muxolif bo‘lmagan. Masalan, 2004 yilda u Londonda, Saudiya Arabistonining Britaniyadagi elchisiga yordamchi bo‘lib ishlagan. 2007 yili vataniga qaytgach, hukumat qarashlarini yoqlaydigan “Al-Vatan” gazetasiga muharrir etib tayinlangan. Biroq oradan uch yil o‘tib, “Saudiya jamiyati ichidagi munozaralar chegarasini buzgani” uchun ishdan haydalgan.

2011 yili sodir bo‘lgan “Arab bahori” voqealaridan ta’sirlangan Jamol Qoshiqchi Saudiya rejimining “zulmi va qatag‘onlari”ga qarshi gapira boshladi. 2017 yilga kelib unga maqola yozish taqiqlab qo‘yildi va u o‘z ixtiyori bilan AQShga chiqib ketdi. Turmush o‘rtog‘i esa u bilan ajrashishga majburlandi.

Qoshiqchi AQShda Washington Post gazetasi uchun mualliflik maqolalarini yoza boshladi, vafotigacha o‘tgan bir yil ichida 20 ta kuchli tanqidiy materialni e’lon qildi.

Jamol Qoshiqchi Washington Post gazetasi uchun yozar edi

“U Saudiya Qirolligida gazeta bosh muharriri bo‘lganida “qizil chiziq”ni kesib o‘tdi, shaxsiy fikrini ochiq aytgani uchun muammolarga uchradi”, deydi uning do‘sti, Washington Post nashrining tashqi aloqalar bo‘yicha bosh sharhlovchisi Devid Ignatus.

Saudiyalik jurnalistning asosiy tanqidlari yangi valiahd, taxt vorisi bo‘lgan Muhammad bin Salmonga qarshi qaratilgan bo‘lgan. Shahzoda G‘arbda ko‘pchilik uchun islohotchi va zamonaviylikka urg‘u beradigan shaxs sifatida tanilgan. Ammo mamlakat ichkarisida o‘zgacha fikrlarga betoqat munosabatda bo‘lgani uchun Qoshiqchi uni Washington Post sahifalarida bir necha bor qoralab chiqqan. Bu esa Muhammad bin Salmon rejalashtirgan loyihalarga soya solardi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, taxt vorisi Muhammad bin Salmon

“O‘ylashimcha, bu tanqidlar shahzodaga yoqmagan va u “Qoshiqchi muammosini hal qilish” uchun nimadir qilishga buyruq bergan”, deydi Saudiyaga doimiy safar qiladigan va bu mamlakat siyosati haqida yozib boradigan Ignatus.

Unga ko‘ra, “Istanbuldagi Saudiya mulozimlariga “Qoshiqchini nimadir qilish” uchun imkon berilgan”.

Jamol Qoshiqchi Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligiga birinchi marta borganida Xadicha Chingiz uning yonida bo‘lgan, ammo bino ichiga kirmay, tashqarida qolgan. U Qoshiqchi konsullikdan tabassum bilan chiqqani, u yerdagi mas’ullar o‘ziga yaxshi muomalada bo‘lib, choy va qahva taklif etgani haqida so‘zlab berganini eslaydi: “U bu yerda qo‘rqadigan biron narsa yo‘qligi, mamlakatini juda ham sog‘ingani, konsullikda tanish havodan nafas olib, o‘zini yaxshi his qilganini aytdi”.

Jurnalistga hujjatlarni olish uchun bir necha kundan keyin qaytadan kelishi kerakligini aytishgan. Biroq Qoshiqchi binodan chiqib ketishi bilanoq konsullikdan Ar-Riyodga, Saudiya poytaxtiga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Turk maxsus xizmatlari keyinchalik aniqlashicha, o‘sha vaqtda birinchi qo‘ng‘iroq Muhammad bin Salmonning qudratli yordamchisi, aloqa idorasi rahbari Saud Al-Qahtoniyga bo‘lgan. U esa turli mashhur shaxslarga qarshi olib borilgan ishlarga yetakchilik qilgani bilan tanilgan.

Al-Qahtoniy bungacha ham Saudiyadagi o‘zgacha fikrlovchilarni qamoqqa tashlash va ularni jismonan qiynashda ayblangan. Qoshiqchi o‘z qaydlarida “Al-Qahtoniy shahzodaning “qora ro‘yxat”idagi ishlarini bajarishi”ni aytib o‘tgan.

Saud Al-Qahtoniy

“Al-Qahtoniy g‘ayrioddiy xizmatlarni – maxfiy qora ishlarni amalga oshirgan. Bu uning ishining bir qismi bo‘lib, bunday amaliyotlarni shafqatsizlik bilan boshqargan”, deydi Devid Ignatus.

Turk maxsus xizmatlari 2018 yil 28 sentyabr kuni Istanbuldagi Saudiya konsulligi va Ar-Riyod o‘rtasida kamida 4 ta telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lganini aniqlagan. Bu suhbatlarda bosh konsul va Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik xizmati boshlig‘i mutlqao maxfiy amaliyot – “milliy burch”ni bajarishni rejalashtirishgan.

2018 yil 1 oktyabr kuni tushdan keyin Saudiya maxsus xizmatlari zobitlari Istanbulga uchib kelishgan.

Metin Erso‘z – 27 yil davomida turk maxsus xizmatlarida ishlagan sobiq zobit, Saudiya Arabistoni va uning maxsus amaliyotlari borasida mutaxassis. Uning aytishicha, Muhammad bin Salmon valiahd bo‘lganidan keyin Saudiya xavfsizlik xizmati tajovuzkorroq bo‘lib qoldi.

Metin Erso‘z

“Ular odamlarni o‘g‘rilash va o‘zgacha fikrlovchilarga bosim o‘tkazishni boshladi. Qoshiqchi esa o‘ziga nisbatan mavjud tahdidni to‘g‘ri baholash va bunga qarshi chora ko‘rishga kech qoldi, shuning uchun qimmat tovon to‘ladi”, deydi u.

2018 yil 2 oktyabrga o‘tar kechasida Istanbul aeroportiga xususiy samolyot kelib qo‘ndi. Uning bortida to‘qqiz saudiyalik bo‘lib, ularning orasida sud-tibbiy patologi Doktor Saloh At-Tubayqiy ham bor edi. Ularning ikki nafarida diplomatik pasport ham bo‘lgan. Metin Erso‘zga ko‘ra, bunday maxsus turdagi amaliyotni o‘tkazish uchun Saudiya qiroli yoki valiahdidan alohida ruxsatnoma kerak. Saudiyaliklar konsulxonadan piyoda bir necha daqiqalik yo‘l naridagi Mövenpick mehmonxonasida ro‘yxatdan o‘tishgan.

Doktor Saloh At-Tubayqiy

Sal kechroq, 2018 yil 2 oktyabr tongida Jamol Qoshiqchiga konsullikdan telefon qilib, hujjatlarini olish uchun kelishi kerakligini aytishdi. U va Xadicha Chingiz konsullikka borishadi. Bu vaqtda konsullik binosida hamma narsa tayyor edi: pol plastik mato bilan qoplangan, mahalliy turk xodimlarga dam olish kuni berilgandi.

Soat 13:15 da ko‘cha kameralariga tushgan tasvirda Qoshiqchi konsullik binosiga kirib ketayotgani ko‘rinadi. “Biz konsullik oldigacha qo‘l ushlashib kelganimiz, keyin Jamol menga telefonini berib, “Azizam, sal turib ko‘rishamiz. Meni shu yerda kutib tur”, deganini eslayman”, deydi Xadicha Chingiz.

Qoshiqchi telefoni binoga kirishda olib qo‘yilishi mumkinligini bilar, o‘ziga tegishli maxfiy ma’lumotlari saudiyalik xodimlar qo‘liga tushishini istamas edi.

Jamol Qoshiqchi konsullik binosiga kirayotganida olingan so‘nggi tasvir

Turk maxsus xizmatlari qo‘lga kiritgan ovozli yozuvlarga ko‘ra, jurnalistni kirishda kutib olganlar unga Interpol qidiruviga berilgani va Saudiya Arabistoniga qaytishi shartligini aytishgan. Ovozlardan yana Qoshiqchi o‘g‘liga “hammasi joyida”ligi haqida xat yozib yuborishdan bosh tortgani anglashiladi.

Jarayon davomidagi ovozlardan uning avval so‘roqqa tutilgani, keyin qiynoqqa solib o‘ldirilgani ayon bo‘ladi. U avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan, keyin boshi kesib olinib, tanasi bo‘laklarga bo‘linib, plastik paketlarga joylangan. Sud-tibbiy patologi aynan shuning uchun kerak bo‘lgan.

Tashqarida qolgan Xadicha Chingiz esa 1,5 soat davomida Qoshiqchini kutib qolgan. “Bu vaqtda men kelajagimiz, to‘yimiz qanday bo‘lishi haqida o‘yladim. Biz kichik bir marosim tashkil qilishni rejalashtirgandik”, deydi u.

Soat 15:00 atrofida konsullikka tegishli mashinalari binoni tark etib, ikki ko‘cha naridagi konsulning bosh qarorgohiga kelgani ko‘cha kameralariga tushib qolgan. Uch kishi jomadon va plastik paketlarni ko‘targancha ichkariga kirib ketgan. Bu Qoshiqchining tana a’zolari bo‘lgani ishoniladi. Keyinroq ayni mashina yanada uzoqroqqa qarab ketgan. Jamol Qoshiqchining jasadi esa umuman topilmadi.

Saudiyaliklar tushgan mehmonxona, konsullik binosi va konsulning qarorgohi

Soat 15:53 da ertalab kelgan guruhning ikki a’zosi konsullikni tark etib, Eski Istanbul tarafga qarab yo‘l olgan. Ulardan biri Qoshiqchining kiyimlarini kiyib olgan, ammo oyoq kiyimi ikki xil bo‘lgan. Yuzini bosh kiyimi bilan berkitib olgan ikkinchi kishining qo‘lida esa oq plastik paket bo‘lgan.

Ular Istanbuldagi mashhur Moviy masjidga qarab ketishgan. Qayta uchrashgan vaqtlarida dastavval Qoshiqchining kiyimlarini kiyib olgan kishi ust-boshini o‘zgartirgan bo‘lgan. Ular o‘sha yerda taksi ushlab, o‘zlari turgan Mövenpick mehmonxonasiga qaytishgan, yo‘lda yaqin oradagi chiqindi qutisiga ichida Qoshiqchining kiyimlari ham bo‘lgan plastik paketni tashlab ketishgan.

Bu ishlar sodir bo‘layotganida Xadicha Chingiz hamon konsullik binosi oldida turardi. “Men uzoq kutdim, soat 15:30 bo‘ldi. Shunda konsullik binosi yopiq ekanligini sezib qoldim. Bino yaqiniga borib, qo‘riqchidan Jamol nega chiqmayotganini so‘radim. U esa men nima haqida gapirayotganimni bilmasligini aytdi”, deb eslaydi u.

Soat 16:41 da umidini uzgan Xadicha Chingiz Qoshiqchining eski do‘stiga qo‘ng‘iroq qilgan. Jurnalist bu raqamni oldinroq, biron muammoga uchraganida qo‘ng‘iroq qilishi uchun qallig‘iga bergandi.

Qoshiqchining kiyimlarini kiyib olgan kishi Istanbulning eski qismiga qarab yo‘l olgan

Doktor Yosin Aktay – Turkiyaning qudratdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi vakili, yuqori doiradagi amaldorlar bilan aloqalarga ega. “Noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lganida notanish ayolning xavotirli ovozini eshitdim. U menga: “Qallig‘im Jamol Qoshiqchi Saudiya konsulligiga kirib ketganicha qaytib chiqmadi”, dedi”, deya eslaydi u.

Yosin zudlik bilan turk maxsus xizmatlari rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on idorasini ham bu haqda ogohlantirib qo‘ygan.

Yarim tunda kelgan saudiyaliklar oradan hali 24 soat o‘tmay turib, 18:30 da yana o‘sha xususiy samolyotda Ar-Riyodga qarab uchgan.

Ertasi kuni, 2018 yil 3 oktyabrda Saudiya va Turkiya hukumatlari konsullik binosida nima bo‘lgani haqida qarama-qarshi mazmundagi bayonotlarni berishni boshladi. Saudiya Arabistoni tomoni Qoshiqchi konsullikni tark etganiga urg‘u bersa, Turkiya tomoni u hamon bino ichida tutib turilganini aytardi.

Turk maxsus xizmatlari esa bu vaqtga kelib konsullikning telefon qo‘g‘iroqlari yozuvini ko‘rib chiqa boshladi. Metin Erso‘zning aytishicha, uning sobiq hamkasblari 4 000 - 5 000 soatlik yozuvlarni o‘ta tez va puxta ko‘rib chiqishgan va eng kerakli 45 daqiqalik suhbatni aniqlashgan.

Oradan to‘rt kun o‘tib, Saudiya Arabistonidan “qanday voqea sodir bo‘lganini o‘rganish”ni da’vo qilgan yangi guruh keldi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu guruhning vazifasi konsullikni tozalash bo‘lgan. Konsullik xalqaro qonunlar himoyasi ostidagi Saudiya hududi bo‘lib, uning xodimlari ikki haftagacha turk tergovchilariga binoga kirishga ruxsat bermadi.

2018 yil 6 oktyabr kuni kechqurun turk hukumati Jamol Qoshiqchi Saudiya konsulligida o‘ldirilgani haqida matbuotga bayonot berdi.

“Jamol bunday muomalaga loyiq emas edi. U bundan yaxshiroq muomalaga loyiq edi. Ular uni o‘ldirish bilan mening hayotdagi orzu-umidlarimni ham ko‘mishdi”, deydi Xadicha Chingiz.

Istanbulda, diplomatik daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan vakolatxona binosida amalga oshirilgan qotillik Turkiya hukumatini mojaro markazida qoldirdi. Oradan bir necha hafta o‘tib turklar tinimsiz bosim qilganiga qaramay Saudiya hukumati bu yerda qotillik bo‘lganini inkor qilib turaverdi, avval “Bu o‘zaro mushtlashuv bo‘lgandi” dedi, keyinroq esa “ruxsat etilmagan ish bo‘lgani” haqida bildirdi.

Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligi binosi

Turkiya hukumati esa o‘ziga ma’lum bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarni mahalliy va xalqaro matbuotga sizdirish yo‘lini tutdi. Keyinroq Markaziy Razvedka Byurosi va MI6’dan mutaxassislar taklif etilib, Qoshiqchiga qarshi amaliyot yozuvlari bilan tanishtirildi.

MRB “Bu amaliyot Muhammad bin Salmonning ko‘rsatmasi bilan bo‘lgani haqiqatga yaqin” deb ma’lumot berdi.

2019 yil yanvariga kelib, Saudiya hukumati Jamol Qoshiqchining o‘limida ayblab Ar-Riyodda 11 kishini sudga tortdi. Ular orasida amaliyotni bevosita bajargan Mohir Abdulaziz Mutrib va patolog doktor Saloh At-Tubayqiy bor edi. Ammo amaliyotga rahbarlikda gumon qilingan Saud Al-Qahtoniy sudga tortilmadi, hatto guvohlik berish uchun ham chaqirilmadi.

Turkiya qotillikda ayblanayotganlarni ekstraditsiya qilib Istanbulda sudga tortish uchun olib kelishni talab qildi, ammo Saudiya Arabistoni bu talabga rad javobini berdi.

Oradan roppa-rosa bir yil o‘tganiga qaramay Xadicha Chingiz qayg‘usini unuta olmaydi: “Bu faqat men uchun emas, butun insoniyat, Jamol kabi fikrlaydigan va u kabi mavqeda bo‘lgan barcha insonlar uchun fojeadir”, deydi u.

***

Jamol Qoshiqchi o‘ldirilgan vaqtda bir qator tahlilchilar, siyosiy kuzatuvchilar “buyog‘iga AQSh va Yevropaning Saudiya Arabistoniga nisbatan siyosati o‘zgarishi, uning repressiv rejimini endi qo‘llamasliklari” haqida fikr bildirishgandi. Ammo boshida saud hukumatini qattiqroq tanqid qilgan g‘arb mamlakatlari vaqt o‘tishi bilan mavjud vaziyatga ko‘nikib ketdi. Bugun Qoshiqchi haqida juda kam eslanyapti.

Uni o‘ldirishda ayblab 11 kishi sudga tortilgan bo‘lsa ham atigi bir marta, 2019 yil yanvarida sud majlisi bo‘lgan. Shunda ham bosh prokuratura ayblanuvchilarning besh nafariga o‘lim jazosi berilmasligini talab qilgan. Sud yana davom etadimi, yo‘qmi, noma’lum…

Yaqinda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon “Bu voqea men xizmatda (ya’ni, mamlakat boshqaruvida) bo‘lgan paytimda sodir bo‘ldi. Barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman” deb bayonot bergani bilan ayni "mas’uliyat" ham ramziy ko‘rinishda qolib ketsa kerak.

BBC News va BBC Arabic maqolalari asosida tayyorlandi


Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.