Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Jo Baydenning saylanishi O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?
11.11.2020 12:18,  
1759

Oldindan aytib kelganman: dunyoning qayerida bo‘lmasin, katta-kichik o‘zgarishlarning yurtimizga va mintaqaga ta’sirini baholay olishga odatlanishimiz kerak. Xo‘sh, Jo Baydenning AQSh prezidenti bo‘lishidan yurtimizga nisbatan qanday ta’sirlarni kutishimiz va nimalarga tayyor turishimiz lozim?

Buning uchun Baydenning tashqi siyosiy rejalarini o‘qish talab etiladi. Kutilayotgan Bayden hukumatining tashqi siyosati AQShning global masalalarni hal etishdagi liderligini yanada mustahkamlashga qaratiladi. Agar Tramp davrida AQSh tashqi siyosati qoidasiz, oldindan taxmin qilib bo‘lmas anarxiya holatiga tushib qolgan bo‘lsa, Bayden yana AQShning an’anaviy ittifoqdoshlari bilan o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikka urg‘u beradi. Afg‘onistondagi urushni tugatishga Bayden va’da bergan, ammo holat o‘sha paytdagi vaziyatga ko‘ra o‘zgarishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, janubiy qo‘shnilamiz bilan bo‘ladigan tinchlik muzokaralari faollashishiga davom etishiga umid qilsa bo‘ladi. Bundan tashqari, AQSh yangi hukumat paytida global qurolsizlanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalarida ham liderlikni namoyon qilishi kutilmoqda.

Avvalambor, Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zoligimiz borasida

Xabaringiz bor, 15 yillik tanaffusdan keyin ilk bor O‘zbekistonning JSTga a’zoligi masalasi yana ko‘tarildi va Ishchi guruhi qaytadan o‘z ishini boshladi. Tezda bo‘lmasa-da, yaqin yillarda yurtimizning JSTga kirishini harqalay umid qilishimiz mumkin. Toshkentdagi yuqori doiralar fikri shunga dalolat qiladi. Biroq JST boshqaruvi, ayniqsa, uning nizolarni hal etish tizimi Trampning siyosati tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

JST bosh direktorini tayinlashda AQSh ko‘pchilik davlatlardan farqli ravishda koreyalik nomzodni yoqlab, tayinlov jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Shuningdek, Vashington tashkilotning nizolarni hal etish tizimidagi appellyasiya organiga a’zolarni saylashni blokada qilish orqali uni falaj holatiga tushirib qo‘ydi. Hozirda JSTning ushbu obro‘li organi appellyasiyalarni qabul qila olmay turibdi. Natijada u ko‘pchilikning nazaridan tushib, tobora obro‘sini yo‘qotishni, uning o‘rniga esa regional savdo bitimlari yanada ko‘payishni boshlagandi.

AQShning Bayden mansub Demokratik partiyasi liberal xalqaro tartibning qattiq himoyachisi hisoblanadi[i] va aynan demokratlar nomzodi bo‘lgan Bill Klinton paytida 1995-yilda JST tashkil topgan. Shunday ekan, janob Bayden ham JST yo‘lidagi to‘g‘anoqlarni olib tashlab, uning faoliyatini qaytadan yo‘lga qo‘yishga harakat qilishi aniq. Lekin aynan uni qanday amalga oshirishi noma’lum. Shunday ekan, O‘zbeksitonning JSTga kirishi ahamiyati yanada ortadi, lekin JST boshqaruviga hozirgacha AQSh olg‘a surgan janubiy koreyalik emas, balki ko‘pchilik davlatlar tomonidan yoqlanayotgan nigeriyalik nomzodning saylanishi ehtimolini kutishimiz mumkin. Bu esa Janubiy Koreya davlati bilan mustahlam aloqalarni yuritib kelgan va uning nomzodini qo‘llab-quvvatlovchi O‘zbekiston uchun juda ham manfiy bo‘lmasa-da, lekin u qadar ham yoqimli yangilik bo‘lmaydi.      

Inson huquqlari va demokratiyani kuchaytirish borasida

Prezident Tramp avtoritar prezidentlar bilan yaxshi chiqishgani, inson huquqlariga ko‘p e’tibor bermagani va ularga ko‘pincha toqat qilgani bor haqiqat. Lekin Baydendan buni kutish qiyin. Ayniqsa, Bayden Oq Uyga kirgach, global ’Demokratiya sammiti’ni chaqirib, u yerda korrupsiyaga qarshi kurashish, avtoritar hukumatlar yuzaga kelishining oldini olish va inson huquqlarini himoyalashga qaratilgan 3 ta muhim masalani muhokama qilmoqchi. 
Shunday ekan, mamlakatimizdagi inson huquqlari yaxshilanishi, ayniqsa, hali ham bir qism ayblovlar davom etayotgan majburiy mehnat masalasi va hali-hamon tubdan hal etilmagan diniy erkinliklar mavzusida davlatimiz siyosati yana qaytadan AQSh davlat tashkilotlari radariga tushish ehtimoli yuqori. Albatta, bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan islohotlar, Samarqanddagi Osiyo Inson huquqlari forumi kabi muhim qadamlar yetarlicha taqdirlanayotganligini qayd etish zarur. Biroq ko‘pchilik tomonidan tanqidga uchrayotgan ushbu islohotlarning yuzakigiligi yoki “kosmetik” xarakterga egaligi tufayli, yaltiroq o‘zgarishlardan ko‘ra tubdan islohotlarni, xususan, korrupsiya eng kuchli bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini isloh qilishni davom ettirish, shuningdek, hali ham borligi huquq olamida mutlaqo sezilmayotgan Konstitutsiyaviy sudimiz faoliyatini jonlantirish zarur bo‘ladi.

Informatsion kommunikatsiya texnologiyalari (IKT) ustidan ketayotgan global poygada taraf tanlanadimi?

Yana bir muhim masala bu - Xitoy va AQSh o‘rtasida yuqori rivojlangan texnologiyalar, ayniqsa, 5G va shunga o‘xshash IKTlar yaratish hamda ularning global qoidalarini o‘rnatish bo‘yicha musobaqa allaqachon boshlangan. Har ikki davlat o‘zi tomon hamkor davlatlarni tortishga harakat qilmoqda. Bayden davrida bu poyga davom etadi va bu borada dunyo ikki katta lagerga bo‘linish ehtimoli ham yo‘q emas.

Aslida, Xitoy “Made in China: 2025” rejasi orqali qanday ambitsiyalari borligini aytib, AQShni tuzukkina sergak torttirib qo‘yganligini bilamiz. AQSh yangi avlod IKTlarida liderlikni XXR shirkatlariga berib qo‘ymoqchi emas. Chunki kimning texnologiyasi bo‘yicha qoidalar ishlab chiqilsa, o‘shaning mahsuloti eng ko‘p sotiladi. Tramp davrida Xitoy bir qancha regional va ikki tomonlama forumlardan foydalangan holda o‘ta sovuqqon ravishda o‘zining texnologiya kompaniyalari orqali global standartlarni o‘rnatishga intilib keldi. Huawyei, Baidu, Alibaba va Tencyent shirkatlari AQShning GAFAsiga qarshi surilmoqda. Albatta, bu ikki davlatdan boshqa Yaponiya, Koreya, va Yevropa Ittifoqida ham shu kabi texnologiya gigantlari bo‘lsa-da, asosiy kurash bu ikki super kuch orasida ketayotganligiga shubha yo‘q. 
Xitoy 5G IKTsini nafaqat birinchi bo‘lib rivojlantirdi, balki o‘zidagi katta moliyaviy zaxiralarni orqasiga olib, uning butun dunyoga eksportini ham kuchaytirib kelmoqda. Digital Silk Road, ya’ni, Raqamli Ipak Yo‘lini qurishni maqsad qilgan XXR uchun O‘rta Osiyo o‘ta muhim tranzit bozori hisoblanadi.  Xususan, yurtimizda ham Xitoy shirkatlari, ayniqsa, HUEWEI, ZTE, CITIC Group kabilar eng yetakchi xitoylik shirkatlar hisoblanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston hukumatining ko‘magi bilan Huawyei O‘zbekistondagi yetakchi telekommunikatsya operatorlarining muhim sherigi bo‘lishga ulgurgan.  2019 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan 2-Bir Kamar Bir Yo‘l sammitida O‘zbekiston hukumati XXRning turli shirkatlari bilan jami 1 milliard AQSh dollariga teng keluvchi shartnomalarni imzolab, “Xavfsiz shahar” va “Aqlli shahar” kabi gigant raqamli loyihalarni  boshladi.  AQSh sanksiyalari ostida qiynalayotgan Huawyei esa ushbu shartnomalarda bosh ishtirokchilardan biri hisoblanadi. 
Yurtdoshimiz Kamoliddin Rabbimov 31-oktyabr kuni Sof.uz'da e’lon qilgan maqolasida aytganidek,  AQShning tashqi siyosatida Bayden kardinal o‘zgarishlarni amalga oshirib, oldingidek jamoaviy ravishda XXRni siqib qoyish siyosati va unga qarshi alternativ global standartlarni ilgari surish kuchli tazrda qayta boshlansa-da, XXRning Tramp davrida anchagina masofa olib qo‘yganligini yoddan chiqarmaslik kerak. Eng muhimi, Toshkentda allaqachon Smart Citi loyihasini boshlab, O‘zbekistonga milliardlab dollar qarz berayotgan XXR va uning shirkatlari tomonidan taklif qilinadigan texnilogiyalarni bunday alternativni taklif qilmaydigan AQShga rasmiy Toshkent alishtiradimi, bu hali noma’lum. Lekin shunday bo‘lsa-da, AQSh tomonidan bunday bosimning bo‘lishi ehtimolini unutmaslik zarur.

Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimiga qaytish

Bayden Parij bitimidan chiqib ketgan AQShni yana unga qaytishga va’da bermoqda. Parij bitimi 2015-yil 12-dekabrda Parijda Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy Konvensiya tomonlari konferensiyasining 21-sessiyasida qabul qilingan. 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirgan va 2020-yildan boshlab amalga oshirilmoqda. Bitim turli milliy sharoitlar nuqtai nazaridan adolatlilik prinsiplarini hamda umumiy, lekin tegishli imkoniyatlarni eʼtiborga olib alohida javobgarlikni aks ettiradi.

O‘zbekiston Parij bitimini imzolab, mazkur bitimni 2018-yili 3-oktyabrda ratifikatsiya qildi. 2030-yilgacha uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni – 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan 10 foizga qisqartirishni mo‘ljallamoqda. 
Iqlim ozgarishini sezmaslik uchun ko‘r bo‘lish kerak. Trampning bu og‘riqli va johilona qarori dunyo ommasini eng ko‘p qayg‘uga solgani bor gap. Bayden saylanishi tufayli dunyodagi eng qudratli iqtisodga ega Amerikaning ham Parij bitimiga qaytishi global yashil iqtisodiyotning kuchayishiga xizmat qiladi. Bu borada Ozbekiton ham davlatimiz rahbarining “2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini o‘ta jiddiylik bilan hayotga tatbiq etishni o‘ylashi lozim.  Chunki Bayden hukumati AQSh tashqi savdo siyosatini iqlim muammolarini yechish yo‘lida kuchli vosita sifatida ishlatmoqchi.  Shunday ekan, yuqori darajada karbon dioksidini ishlab chiqaruvchi davlatlar AQSh tomonidan savdo sanksiyalariga duchor bo‘lish ehtimolini yoddan chiqarmaslik va shunga yarasha chora-tadbirlar olish lozim.

Tashqi iqtisodiy diplomatiya: Afg‘oniston, Eron, Rossiya va Turkiya bilan munosabatlar

Prezident Mirziyoyev bundan keyingi tashqi siyosatimizda “iqtisodiy diplomatiya” muhim rol oynashini aytib o‘tdi. Endi xafvsizlik kabi an’anaviy masalalardan ko‘ra, investitsiya, savdo, turizm va sifatli mehnat migratsiyasini kuchaytirish O‘zbekiston oldidagi muhim vazifalar hisoblanadi. Ushbu maqsadlarga yetishish uchun esa biz ko‘zlayotgan tashqi bozorlar Bayden hukumati davrida qanday holatga kelishini ko‘rib chiqish zarur. 
Afg‘oniston: Bayden janubiy qo‘shnilarimizdagi Tolibon guruhi bilan nomigagina tinchlikka erishishga harakat qilsa-da, AQSh armiyasi Afg‘onistonda qolishda davom etadi. Albatta, ularning soni sezilarli ravishda kamaytiriladi.  Bu esa Afg‘oniston fuqarolari va afg‘onlar bilan iqtisodiy aloqani kuchaytirishga intilayotgan O‘zbekiston uchun yaxshi xabar. 2020-yil 29-fevralda Tolibon va AQSh o‘rtasida tuzilgan Tinchlik bitimining taqdiri esa hali no‘malum. Unga ko‘ra, 2021-yil may oyigacha AQSh va NATO qo‘shinlari tadrijiy ravishda Afg‘onistondan chiqib ketishi kerak edi. Toliblar hali ham ushbu bitim o‘z kuchida qolishiga umid qilmoqda. Lekin  Bayden hukumati uni o‘zgartirishi yoki umuman bekor qilishi ehtimoli ham bor.

Eron: Tramp hukumatiga qarshi o‘laroq, Bayden Eron bilan tuzilgan 2015-yildagi yadroviy kelishuvga qaytishi mumkin. Bu faqat Eron ushbu kelishuvni qat’iy ijro etsagina yuz beradi. Bu esa shundoq ham pandemiyadan juda qiynalib turgan Eron uchun katta imkoniyat. Bu katta davlatning tashqi dunyoga ochilib, AQShning o‘ta og‘riqli sanksiyalari olib tashlanishi mahsulotlarimiz uchun Yaqin Sharqda yana bir katta bozor ochilishini anglatadi. Lekin vaziyat tezda yaxshilanishini umid qilmaslik darkor. 

Rossiya: Bayden hukumati Rosssiyaga qarshi Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlaydi va Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda davom ettiradi. Nafaqat Rossiya, balki uning yaqin ittifoqdoshi bo‘lgan avtokrat Lukashenko hukumati ham AQSh tomonidan qattiq bosimlarga uchrashini kutish lozim. Bu esa shimoliy yaqin qo‘shnilarimizning iqtisodlari hali-beri kuchaymasligidan dalolat. (Rossiyada lider almashib, tashqi siyosatda katta o‘zgarishlar yuz bermasa, albatta.)

Turkiya: Keyingi 10 yilda avtokratlashib, inson huquqlarini poymol qilgan holda NATO qoidalariga zid ravishda Rossiyadan qurollar sotib olgan va kurdlarga qarshi qat’iy siyosat yurituvchi Erdog‘an hukumatiga qarshi Bayden qat’iy choralar qo‘llashini kutish kerak. Bu esa milliy pul valyutasi – liraning qadrsizlanishidan va katta tashqi qarzdan shundoq ham jiddiy aziyat chekayotgan Turkiya uchun yaxshi yangilik emas. Garchi, turklar O‘zbekiston bilan faol iqtisodiy diplomatiya yuritishga intilayotgan bo‘lsa-da, ularning iqtisodi yanada gurkirab rivojlanishi 10 yil oldingidek bo‘lmasligi va biz ulardan umid qilganimizdek xorijiy investitsiyalarni jalb eta olmasligimiz ham mumkin.

Dunyoda yana bir yangi davr boshlanmoqda. Umid qilamanki, 2024-yilda dunyo hozirgidan ko‘ra yana ham tinch, rivojlangan, pandemiyadan qutulgan va inson huquqlari ko‘tarilgan holatga keladi.

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан