Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Putinning Suriyadagi jinoyatlariga qarshi Yevropa Turkiya bilan turishi lozim – Jorj Soros
5.03.2020 12:43,  
1206

Amerikalik moliyachi va Ochiq Jamiyat Fondi asoschisi Jorj Soros Financial Times gazetasi uchun yozgan maqolasida Suriyadagi so‘nggi vaziyatni tahlil qilgan

Uning fikricha, Rossiya Suriyadagi inqirozning boshidanoq Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin Yaqin Sharqda yo‘qotgan o‘z ta’sirini qayta tiklashga harakat qilib kelyapti. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mintaqadagi beqarorlikdan manfaatdor, bu bilan u xalqaro me’yorlar va xalqaro insonparvarlik huquqini buzishni istaydi. 

“Suriyada insonparvarlik inqirozining davom etishi, buning natijasida olti milliondan ortiq suriyalikning qochqinga aylanishi, bu – Rossiya prezidenti siyosatining oqibati emas, balki uning asosiy maqsadi bo‘lgan”, deydi u. 

“Qat’iy ishonamanki, Bashar Asad Iosif Stalindan keyin dunyodagi eng shafqatsiz hukmdor. Suriyaliklar uning boshqaruviga qarshi qo‘zg‘alganida u o‘zining fuqaroviy raqiblarini imkoni boricha ko‘proq yakson qilish uchun harbiy strategiyasini rivojlantirdi. U kasalxonalar, maktablar va bog‘chalarni qasddan, u yerdagilarni o‘ldirish yoki jarohatlash uchun o‘qqa tutdi. Asad bu ziddiyat davomida zaharlovchi gaz va kimyoviy moddalarni ishga soldi, bir milliondan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda, Vladimir Putin uni havodan qo‘llab-quvvatlab turdi.

Idlibdagi ziddiyatlar mobaynida ham Rossiya kamida 14 ta qochqinlar lagerini nishonga oldi. So‘nggi haftalar davomida Turkiya chegarasiga yaqin joylashgan qochqinlar lagerlariga bir necha bor hujum qilindi, oqibatda yuz minglab insonlar Turkiya chegaralari tomonga qarab qochishga majbur bo‘ldi. Bu esa rasmiy Anqarani xavotirga solib, allaqachon Turkiyada o‘rnashib bo‘lgan suriyalik boshqa qochqinlarga Yevropa chegaralarini ochib berishiga olib keldi. Oqibatda, Turkiya-Gretsiya chegarasida qochqinlar inqirozi paydo bo‘ldi. 

Mavzuga doir: Turkiya Idlibda kimni va nima uchun himoya qilyapti?

Suriya fuqarolik jamiyati va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari mamlakatda tinch fuqarolar va asosiy fuqaroviy infratuzilmalar (kasalxonalar, maktablar, yo‘llar) nishonga aylangani haqida muntazam urg‘u berib keladi. Biroq bu haligacha hech qanday samara bermagan. 

Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida o‘ziga noqulay qarorlarga veto qo‘yib keladi. (Suriyada urush boshlanganidan beri bu davlatga doir 14 ta qarorga veto qo‘ygan.) Xususan, BMTga a’zo bo‘lgan 65 davlat Suriya hukumatini urush jinoyatlari tufayli Xalqaro Jinoyat Sudiga tortishni qo‘llab-quvvatlaganida Rossiya va Xitoy birgalikda bu qarorga veto qo‘ygan.

O‘z hududiga qochqinlar kirmasligini istaydigan Yevropa davlatlari Turkiya allaqachon Suriyadan qochishga majbur bo‘lgan millionlab kishilarga boshpana berganini yodda tutishi lozim. Ayni paytda Turkiya hududida 3,5 million suriyalik qochqin yashaydi. Ammo Bashar Asad va Vladimir Putinning harbiy harakatlari natijasida yana bir million suriyalik uning chegaralariga qarab intilsa, buni qabul qila olmaydi.

Yevropa Turkiya o‘z hududidagi kurdlarga qanday munosabatda bo‘lganini unutmasligi kerak. Lekin hech bo‘lmaganda Suriyada Turkiya yevropaliklarning qo‘llab-quvvatloviga muhtoj”, deya ta’kidlagan moliyachi. 

Sorosning yana yozishicha, faqat bitta davlat – Turkiyagina Idlibdagi tinch aholini himoya qilish uchun o‘z qo‘shinini jo‘natgan. Biroq turklar Rossiya bilan yuzma-yuz to‘qnashuvga kira olmaydi, chunki Rossiya armiyasi ancha kuchli. 

“Bu vaziyatda Yevropa Putin bilan muzokaralarda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga yordam berishi, o‘zaro sulh tuzilishi va Idlibda suriyalik qochqinlar uchun “xavfsiz hudud” tashkil etishda vositachi bo‘lishi lozim”, deya xulosa qilgan Jorj Soros.   

Eslatib o‘tamiz, bugun, 2020 yil 5 mart kuni Rossiya poytaxti Moskvada Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida Suriyaning Idlib viloyatidagi vaziyat bo‘yicha muzokara bo‘lib o‘tishi kutilyapti. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан