Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Blogerlarga alohida qonuniy status berishning hojati yo‘q
8.08.2019 10:47,  
301

Shu kunlarda O‘zbekistonda blogerlar rosa gap-so‘z bo‘lyapti. Prezident tilga olgandan beri ularning og‘zi qulog‘ida. Men ham ko‘pchilikdan qolmay, shu mavzuda fikrimni bildirsam.

Bloger kim?

Ijtimoiy tarmoqda faol har bir odam bloger. Facebookda bir og‘iz gapdan iborat post yozdingizmi, uni sizdan boshqa kimdir o‘qidimi, demak, siz blogersiz. Bloger faqat ijtimoiy mavzuni ko‘tarishi kerak, odamlarga foydali mavzu haqida yozishi kerak, degan qoida yo‘q. Blogerlik uchun mavzu cheklanmagan va bloger deb atalish uchun o‘quvchilar soni qanchadir darajaga chiqishi kerak, degan tushuncha ham yo‘q.

Bloger va jurnalist o‘rtasidagi farq

Jurnalistlik bu kasb. Blogerlik kasb emas. Jurnalistning vazifasi boshqalarga xolis va to‘g‘ri axborot berish. To‘g‘ri axborot bermasa, qonunni buzgan bo‘lishi mumkin. Xolis bo‘lmasa, etikani. Ya’ni jurnalist uchun to‘g‘rilik va xolislik eng asosiy tamoyil.

Blogerlar uchun bunday talab yo‘q. Xohlasa, kimnidir so‘kadi, xohlasa, osmonga ko‘tarib maqtaydi (tuhmat va haqorat boshqa masala). Kimgadir bu yoqadi, kimgadir esa yo‘q. Shunga qaramay, istalgan mavzu va yo‘nalishdagi bloger uchun har doim auditoriya topiladi.

Blogerlar faoliyati tartibga solinishi shartmi?

Shart emas. Agar @davletovuz, @xushnudbek, @trolluz kabi o‘n minglab o‘quvchiga ega blogerga aylansangiz, unda shart bo‘lishi mumkin. Chunki bunday darajaga yetgan odam aholi fikriga ta’sir o‘tkazishi, bir og‘iz gap bilan hatto jamiyatda tartibsizlik keltirib chiqarishi mumkin. Demak, qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatmaslik, birovga tuhmat qilmaslik talabini ularga qo‘yish mumkin. Shunda ham xolislikni ulardan talab qilish noto‘g‘ri. Chunki u jurnalist emas, istalgan mavzuda istalgan uslubda yozish huquqiga ega.

Jurnalist blogerlar

Yana bir toifa blogerlar bor. Ularni jurnalist blogerlar deb atayman. Ya’ni asli kasbi jurnalist, lekin shaxsiy sahifa ochib blogerlik qiladi. Eldor Asanov (@asanoveldar), Muhrim A’zamxo‘jayev (@muhrim) kabi blogerlar.

Bunday blogerlar haqida qarashim shunday: ular imkon qadar etika va xolislik tamoyillariga rioya qilishlari kerak. Chunki odamlar ularni, avvalo, jurnalist sifatida taniydi. Ulardan xolislikni kutadi. Shaxsiy sahifasida kimnidir bo‘ralab so‘ksa yoki kimnidir tinimsiz alqasa, ertaga bu jurnalistdan shu shaxs haqida xolis maqola yoza olishiga ko‘zingiz yetadimi? Mening ko‘zim yetmaydi.

G‘arbdagi ko‘plab OAVlar jurnalist xodimlariga shunday talab qo‘yadi: ya’ni, ular shaxsiy sahifalarida ham kasbini, kim uchun ishlashini unutmagan holda imkon qadar xolis fikr bildirishi kerak.

Blogerlarga qonuniy maqom kerakmi?

Menimcha, yo‘q. Chunki axborot olish huquqi nafaqat jurnalistlarga yoki blogerlarga, balki barcha fuqarolarga birdek berilgan huquq. Oddiy fuqarolar ham istalgan davlat idorasidan ma’lumot olishga haqli. Davlat idorasi qonunda belgilangan muddat ichida fuqaro murojaatiga javob qaytarishi shart. Shu nuqtai nazaridan, aslida jurnalistlar ham qo‘shimcha imtiyoz yoki huquqqa ega emas. Shunday ekan, blogerlarga alohida qonuniy status berishning hojati yo‘q.

Xulosa

Har bir yangi qabul qilingan qonun yoki qoida aslida cheklovdir. Shu bois qonun-qoidalarning keragi yo‘q. Zotan, noqonuniy xatti-harakatlar ro‘yxati allaqachon tegishli qonunlarga kiritilgan. Masalan, terrorizm yoki ekstremizmni targ‘ib qilish, nafratga asoslangan materiallarni tarqatish kabi faoliyat turlari nafaqat jurnalistlar yoki blogerlarga, balki barcha fuqarolarga birdek taqiqlangan. Ma’lumot olish va tarqatish erkinligi ham barchaga birdek kafolatlangan. Bularni jurnalist yoki bloger uchun alohida hujjatda eslatish shart emas.

Tuhmat masalasida ikki og‘iz gap. Davlat arboblari o‘zlarini tuhmat yoki haqoratga uchragan deb hisoblasa, sud bunday ishlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarning davlat arbobi haqida ma’lumot olish huquqini bu arbobning shaxsiy daxlsizlik huquqidan ustun qo‘yishi kerak. AQShda va ko‘plab G‘arb davlatlarida tartib shunaqa. Shu bois biror rasmiyning jurnalistni sudga bergani haqida eshitmaysiz. Chunki sudda yutqazishini biladi.

(foto: tumix.ru saytidan)

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан