Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Jurnalistlarga uyushtirilayotgan hujumlar keskin qoralanmoqda
17.05.2021 22:08,  
99

So‘nggi paytlarda Isroil va Falastin o‘rtasida kechayotgan qurolli mojarolarning keskinlashib ketgani, Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektoridagi tinch aholi yashaydigan dahalarga, jumladan, ommaviy axborot vositalari joylashgan binolarga hujum uyushtirayotgani xalqaro hamjamiyatning kuchli xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Kuni kecha Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) BMT Xavfsizlik Kengashini Isroil armiyasining Sharqiy Quddus va G‘azo sektorida jurnalistlarga uyushtirayotgan hujumlariga chek qo‘yish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Avvalroq, Isroil armiyasining havo hujumi oqibatida G‘azodagi jurnalistlar faoliyat olib borayotgan 15 qavatli bino vayronaga aylangan edi. Binoda ommaviy axborot vositalari, jumladan, Assoshieyted Press agentligi va Al-Jazeera telekanali ofislari joylashgan.

Xabarda aytilishicha, Isroil so‘nggi bir soat ichida binoga hujum uyushtirilishi haqida ogohlantirgan. Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi ushbu hujumni keskin qoralagan. Tashkilot tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, G‘azo sektorida 30 nafardan ziyod jurnalist qo‘lga olingan yoki hujum nishoniga aylangan.

IFJ Isroil hukumatiga, BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashining barcha a’zosiga Isroilning ommaviy axborot vositalariga avvaldan rejalashtirilgan hujumlarini to‘xtatishni va OAV va jurnalistlarga tizimli ravishda hujum uyushtirishni bas qilishga chaqirgan.

“Ular G‘azo sektorida kechayotgan voqealarni yoritib borayotgan jurnalistlarni jim turishga majburlashga urinmoqda”, deyiladi xabarda.

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi bosh kotibi Entoni Bellanjerning so‘zlariga ko‘ra, Isroil o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni buzmoqda.

Bundan avvalroq, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Isroildan xalqaro ommaviy axborot vositalari ofislariga berilayotgan zarbalarini asoslashni talab qilib chiqqan edi. Qo‘mita rahbari Joel Saymonning bayonotiga ko‘ra, G‘azo sektoridagi voqealarni yoritib borish jurnalistlarning vazifasi hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, SAXAL jurnalistlarga xalaqit berish uchun harbiy vositalardan foydalanmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti (RSF) Isroilni harbiy jinoyatlarni amalga oshirayotganlikda ayblab chiqdi. Tashkilot saytida Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi OAV ofislariga uyushtirilgan hujumlari keskin qoralandi.

Tashkilot Xalqaro jinoiy sud prokurori Fata Bensudiga Isroilning OAV ofislariga uyushtirgan aviazarbalarini jinoiy ish sifatida ko‘rishga chaqirgan. Xabarda ta’kidlanishicha, Isroil amalga oshirgan aviazarbalar natijasida o‘tgan hafta davomida 23 ta OAV ofisi vayron qilingan.

"Ommaviy axborot vositalariga hujum uyushtirilishi harbiy jinoyat hisoblanadi. Isroil mudofaa kuchlarining ataylab OAV ob’yektlarini yo‘q qilishi nafaqat yangiliklar tarqatilishiga, balki tinch aholiga aloqador mojarolarni yoritishga ham to‘sqinlik qiladi. Biz Xalqaro jinoyatlar sudi prokurorini ushbu aviazarbalar harbiy jinoyat hisoblanadimi yo‘qmi, aniqlik kiritishiga chaqiramiz", deydi tashkilot bosh kotibi Kristof Deluar.

Isroil tomoni izoh berishicha, mazkur bino XAMAS harakati tomonidan harbiy maqsadlarda ishlatilgan. Xususan, binoda XAMASning razvedka xizmati joylashgan bo‘lgan. Bungacha Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi "al-Javhar" va "ash-Shuruk" ofislari joylashgan binolarni ham vayron qilgan edi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан