Kamerun fuqarolari o‘zbekistonliklarning 340 ming dollar pulini o‘zlashtirgani aniqlandi

Kamerun fuqarolari o‘zbekistonliklarning 340 ming dollar pulini o‘zlashtirgani aniqlandi

Kamerun fuqarolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakuniga yetdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, ular Kamerun davlatida bo‘la turib, jinoiy rejalarini amalga oshirishlari uchun O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi bir necha fuqarolar bilan internet ijtimoiy tarmoqlari orqali muloqotga kirishib, o‘zlarini “investor” sifatida tanishtirishgan. Muloqot jarayonida o‘zaro hamkorlikni taklif qilib, fuqarolarning iqtisodiy tomondan moliyaviy ahvolini bilib, sarmoya kiritish imkoniyatiga ega shaxslarni saralab olishadi.

Kamerun fuqarolari O‘zbekiston Respublikasiga sayyoh sifatida kelib, internet tarmog‘i orqali yaqin muloqotga kirishib olgan fuqarolar bilan uchrashishgan. Uchrashuv vaqtida ularga O‘zbekistonga barchasi 100 AQSh dollarlik kupyuralardan iborat katta miqdorda 2 milliondan 10 million AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mablag‘larini olib kelayotganliklarini aytishgan. Bundan tashqari, ushbu pullarni bojxona xizmatidan chetlab o‘tish uchun qora va oq rangga bo‘yaganliklarini, O‘zbekistonga kelgach ularni yana valyutaga aylantirish uchun haqiqiy valyuta kupyurasi va kimyoviy kukunlar zarurligini aytishgan.

Kamerunliklar 100 AQSh dollaridan maxsus qog‘ozga kimyoviy aralashmalar yordamida 300 AQSh dollari tayyorlab berishi mumkinligini aytib, pullarni ko‘paytirib olish imkoniyati borligini aytgan holda fuqarolarni qiziqtirib, aldov yo‘li bilan bir nechta fuqarolardan jami 340 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan egallab, juda ko‘p miqdorda mulkiy zarar yetkazishgan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 2 oktyabrida IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Kamerun Respublikasining bir necha fuqarolariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Kamerun fuqarolari firibgarlik jinoyatidan tashqari juda ko‘p miqdorda qalbaki pullarni o‘tkazish bilan ifodalangan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganliklari aniqlangan.

Kamerunning uch nafar fuqarolari K.X., B.P. va T.S.larga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, yana bir fuqaro T.R.ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari bilan va beshinchi fuqaro J.F.ga nisbatan esa 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ularning barchasiga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va dastlabki tergov harakatlari tamomlangan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasi tuzilib, tegishli sudlovlikda ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi JPKning 381-moddasi tartibida Bosh prokuraturaga yuborilgan.