Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Kanadalik o‘zbek injeneri Sardoba fojiasi haqida taxminlarini bayon qildi
18.05.2020 21:48,  
1683

Kanadalik o‘zbek injeneri Sharaf Muhammad Sardoba fojiasi va qurilishdagi inqiroz haqida fikrlarini bildirdi:

O‘zbekistonda Sardoba suv omborida 1 may kuni ro‘y bergan texnogen falokat, oldinroq Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol oqibatida uylarining vayron bo‘lishi, Toshkent metrosi qurilishidagi fojia va boshqa ko‘plab qurilishda ro‘y berayotgan turli darajadagi halokatlarga fikr bildirishni o‘zimning insoniy, professional va ma’naviy-ahloqiy burchim deb bildim.

Hozirda, bu halokatlar qurilish sohasida chuqur ildiz otgan korrupsiya tufayli ro‘y berayotgani xaqida ko‘p gapirilayapti. Masalaning bu tomonini huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga qoldirgan holda men bir professional injener va loyihalarni boshqaruvchi mutaxassis sifatida Sardoba suv omboridagi falokat sabablari, O‘zbekistonda qurilish sohasi, injenerlik sohasi va qurilish jarayonida injenerning ishtiroki xaqida o‘z fikr-mulohazalarimni bildirishni hamda qurilish sohasini yaxshilash borasida ba’zi bir tavsiyalarimni bayon etishni istardim.

Sardoba suv omboridagi falokat sabablari bo‘yicha menda ikkita taxminlarim bor:
1. Loyihalash jarayonidagi xatolar.
2. Qurilish jarayonida texnik me’yorlar buzilishi.

Keling ularni birma bir ko‘rib chiqaylik.

1. Loyihalash jarayonidagi ehtimoliy xatolar;

a) Suv ombori uchun noto‘g‘ri joy tanlangan bo‘lishi mumkin. Qurilish mo‘ljallangan xududda tuproqning tarkibiy qismi va xossalari, xususiyatlarini aniqlash va tahlil qilish kerak edi. Qurilishning iqtisodga, odamlar xayotiga, tabiatga, iqlimga va hayvonat olamiga ijobiy va salbiy tasirini o‘rganish va taxlil qilish zarur edi. Ehtimoliy halokat oqibatlari oldindan modellashtirilib, falokat natijasida keltiriladigan zarar taxminan hisob-kitob etilishi va agar zarar miqdori katta bo‘lsa suv ombori qurilishni boshqa joyga ko‘chirishlari lozim edi.

b) To‘g‘on devorlarining suv massasining bosimiga chidamlilik darajasini va to‘g‘on qurilishida ishlatiladigan materiallarning suv ta’sirida emirilish darajasini to‘g‘ri aniqlanmagan bo‘lishi mumkin. Odatda suv omborlari strategik ob’yektlar hisoblanadi, shuning uchun ham bunday ob’yektni loyihalashga jiddiy yondashiladi. Bu erda asosiy e’tibor to‘g‘on devorlarining suv massasining bosimiga chidamlilik darajasini va to‘g‘on qurilishida ishlatiladigan materiallarning suv tasirida emirilish darajasini to‘g‘ri aniqlashga qaratiladi. Ya’ni, to‘g‘on xam bosimga, xam eroziyaga chidamli bo‘lishi kerak. Agar qurilishda ishlatidigan materiallar yuqoridagi talablarga javob bermasa, u holda devorlar mustahkamligini oshirish uchun beton va armatura ishlatish shart bo‘ladi.

Hozirda hammaga ma’lum bo‘ldiki, Sardoba suv ombori qurilishida beton va armatura ishlatilmagan. Xuddi mana shu loyixalashdagi eetimoliy xato bo‘lishi mumkin.

2. Qurilish jarayonida texnik me’yorlar buzilishi;

a) Qurilishda ishlatiladigan materiallar sifati loyihada ko‘rsatilgan standartlar va me’yorlarga mos kelmasligi mumkin. Suv ombori qurilishda ishlatilgan tuproq va shag‘al materiallar sifati loyihadagidan past bo‘lgan bo‘lishi mumkin va shu tufayli to‘g‘on devorlari bosimga yoki eroziyaga dosh bera olmagan.

b) Qurilish me’yorlariga rioya etilmagan bo‘lishi mumkin. Odatda suv ombori devorlari qatlam va qatlam bunyod etiladi. Bunda har bir qatlam qalinligi 15-30 sm dan oshmasligi kerak, ya’ni har bir qatlam og‘ir zichlovchi texnikalar yordamida loyihada ko‘rsatilgan darajada zichlanadi va test sinovidan o‘tgandan so‘ngra keyingi qatlamni bunyod etishga kirishiladi. Agarda bu qoidaga rioya etilmasa, tuproq va shag‘allarda bo‘shliqlar (g‘ovakliklar) qolib ketadi. Suv aynan shunday bo‘shliq-g‘ovakliklar orqali o‘ziga yo‘l topib va devorni teshib, buning natijasida o‘pirilish yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ba’zi xorijiy nashrlarning (BNE IntelliNews) yozishicha Sardoba to‘g‘onining buzilishi natijasida O‘zbekistonga deyarli 1 milliard dollar zarar yetkazildi. Afsuski, Sardoba suv omboridagi falokat O‘zbekistondagi qurilishlardagi birinchi va oxirgi halokat emas. Shuning uchun ham men bugun ko‘proq qurilishda sifatni yaxshilashga yordam beruvchi boshqa omillar haqida to‘xtalib o‘tmoqchi edim.

Ko‘pchilikka ma’lumki, har qanday qurilish loyihasini amalga oshirishda injenerlarning roli beqiyos. Ular loyihalarning har bir bosqichida; yangi inshootlarni loyihalashda, rejalashda, qurilishni boshqarishda, sifatni nazorat qilishda va qurilgan inshootlarni qabul qilib olishda faol qatnashadilar. Qurilishni loyiha asosida barcha texnik standartlar va talablarga mos ravishda muvaffaqiyatli va sifatli qilib yakunlash injenerlar zimmasidagi asosiy vazifalardan biridir.

Injenerlar faoliyati faqat qurilish sohasi bilan cheklanib qolmaydi. Ular mashinasozlik, ishlab chiqarish sanoati, energetika, transport, konchilik, neft va gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab soxalarda ishtirok etadilar.

O‘zbekistonda mamlakat iqtisodiyati uchun o‘ta muhim bo‘lgan injenerlik sohasi hozirgacha yaxshi tashkillashtirilmagan, muvofiqlashtirilmagan, monitoring va nazorat qilinmaydi. Injenerlik sohasi dunyoning ko‘plab davlatlarida litsenziyalangan soha hisoblanadi. Faqat injenerlik sohasidagi oliy ma’lumotning o‘zi injenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish va o‘zini injenerman deb atashga huquq bermaydi.

Misol uchun Kanadada injenerlik bilan shug‘ullanish uchun siz Kanada injenerlik regulyatorlaridan (Injenerlar Assotsiatsiyasi) birining litsenziyasiga ega bo‘lishingiz kerak. Litsenziyalash uchun aniq talablar regulyator tomonidan belgilanadi, odatda bajarilishi shart bo‘lgan beshta mezon mavjud:

1. Akademik talablar: Kanada injenerlik akkreditatsiyasi kengashi tomonidan tasdiqlangan injenerlik dasturida bakalavriat darajasiga ega bo‘lish yoki shunga o‘xshash malakaga (chet davlatlarda olingan ta’lim) ega bo‘lish;

2. Ish tajribasi: Siz litsenziya olish uchun murojaat qilgan viloyat yoki hududda to‘rt yillik injenerlik tajribasiga ega bo‘lish;

3. Kasb va etika: Professional amaliyot (axloq va qonun) va Injenerlik asoslari imtihonlarini topshirish.

4. Yaxshi xulq-atvor: Da’vogarlar yaxshi xulq-atvorni namoyish etishlari kerak.

5. Tilni bilish: Arizachilar litsenziya olish uchun murojaat qilgan viloyat yoki hududga qarab ingliz yoki fransuz tillarida ishlash qobiliyatini namoyish etishlari kerak.

O‘zbekistonda xam injenerlik sohasini litsenziyalash zarur, chunki injenerlik bu eksklyuziv- o‘ziga xos soha. O‘zbekistonda injenerlik sohasini litsenziyalash nafaqat qurilish, balkim iqtisodiyatning barcha sohalariga ijobiy ta’sir etadi.

Biz tevarak-atrofimizda hamma joyida injenerlik mahsulini ko‘rishimiz mumkin. Biz yashayotgan va ishlayotgan binolar, sayoxat qilayotgan transport vositalari, yo‘llar, ko‘priklar, foydalayotgan zamonaviy aloqa vositalari, turli ishlab chiqarish uskunalari va hokazolar xammasi aynan injenerlar tamonidan yaratiladi. Litsenziyaga ega professional injener o‘zi chizgan dizayn yoki yaratgan mahsulot sifatini kafolatlaydi va javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Misol uchun, men Kanadada injenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga egaman. Menda Kanada Injenerlar Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan mening nomim yozilgan Setifikat va shaxsiy muhrim bor. O‘zim tayyorlagan loyiha hujjatlariga muhr bosib imzolayman, bu bilan men o‘z mehnatim sifatini kafolatlayman va bunga to‘liq mas’ulman.

Mana shunday mas’uliyat injenerlarni har doim o‘zi ustida ishlashga, tinimsiz bilimini va malakasi oshirishga undaydi. Bu esa o‘z navbatida ular yaratayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilaydi va xavfsizlik darajasini oshiradi. Shaxsan men Kanadada ko‘plab sanoat ob’yektlari, infrastruktura inshootlari, katta avtomagistrallarni loyihalashda, qurilish sifatini nazorat qilishda va davlat ahamiyatiga ega loyihalarni boshqarishda qimmatli tajribaga ega bo‘lishimga qaramasdan doimo bilim va malakamni oshirib borishga harakat qilaman. Bu mening professional va ma’naviy-ahloqiy burchimdir.

Xo‘sh, O‘zbekistonda bu sohada axvol qanday? O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 sentyabrdagi qaroriga (PQ-3939-son “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”) binoan tashkil etilgan.

Uyushmaning maqsadi - yirik, murakkab va strategik muhim investitsiya loyihalari uchun muhandislik va konsalting xizmatlarini bosqichma-bosqich import o‘rnini bosish deb belgilangan. Mana salkam ikki yildirki bu tashkilot keng jamoatchilikka o‘zini tanita olmadi va jamiyatda o‘z o‘rnini topa olgani yo‘q. O‘zbekistonda bunday tashkilot borligini ko‘pchilik injenerlar xaligacha bilishmaydi xam.

Men Kanadada ishlasam ham, O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasiga azo bo‘lish uchun 2019 yilning avgustida ularga elekton pochta orqali savol yo‘lladim, ammo shu vaqtga qadar ulardan javob olganim yo‘q. Mana shuning o‘zi xam bu tashkilot faoliyati qanday darajada ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Vaholanki, bu uyushma O‘zbekistondagi barcha injenerlarni va injiniring-konsultant firmalarni a’zolikka olishi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi va tartibga solishi zarur edi.

O‘ylaymanki, agar ish shunday davom etsa, O‘zbekistonda bu soha yana ancha vaqtgacha nazoratsiz, tashkillashtirilmagan va muvofiqlashtirilmagan holda qolaveradi. O‘zbekistonda shunday muhim soha nazorat qilinmasligi hamda injenerlarning malakasi va bilimi tekshirilmasligi, qurilishlarda sifatning pastligining va buning oqibatida turli halokatlar sodir bo‘layotganligining sabablaridan biri desak bo‘ladi. Chunki, nazorat va talab bo‘lmagan joyda sifat xam bo‘lmaydi.

O‘zbekistondagi qurilish sifatini yahshilash uchun nimalar qilinishi lozim degan savolga javob berishga xarakat qilamiz. Men quyidagi ishlarni amalga oshirishni taklif qilgan bo‘lardim:

1. Oliy o‘quv yurtlarida injener kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim sifatini yaxshilash. O‘quv programmalarini rivojlangan davlatlar programmalariga yaqinlashtirish.

2. O‘zbekistonda injenerlik sohasini litsenziyalash. Litsenziya bu mas’uliyatdir. Ishda xatoga yo‘l qo‘yish esa litsenziyadan mahrum bo‘lishga va injenerlik faoliyatining to‘xtatilishiga olib keladi. Bunday holatda har bir injener mas’uliyatni o‘n chandon ortiqroq his etadi, yetti o‘lchab bir kesadi. Sifatsiz materiallarni ishlatishdan bosh tortadi, qurilish standartlariga va normativlariga javob bermaydigan ob’yektlarni qabul qilib olmaydi.

3. Qurilish loyihalarni boshqarishni haqiqiy professionallarga topshirish. Katta lavozimda ishlayotgan amaldorlarning hammasi ham loyihalarni boshqarish bilim va malakasiga ega emas, ko‘p holatlarda ular tomonidan noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinayotganiga, ishlar rejasiz va mantiqsiz ravishda olib borilayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Professional loyiha boshqaruvchilari loyihani integratsiyalashgan holda boshqarish, loyiha jadval asosida boshqarish, loyiha xarajatlarini boshqarish, loyiha sifatini boshqarish, loyiha resurslarini boshqarish, loyihalarda xavf-xatarlarni boshqarish kabi ko‘plab bilimlarga ega bo‘lishlari zarur.

4. Qurilish loyihalarini yakunlash muddatini qandaydir bayramlarga to‘g‘rilash tajribasidan voz kechish lozim. Qurilish jarayonining o‘z qonun-qoidalari bor va ularning bayramlarga xech qanday aloqasi yo‘q.

5. Qurilish loyihalari bo‘yicha shaffof tenderlar tashkil etish.

6. Qurilish bo‘ladigan joyni tanlashga ilmiy nuqtai nazardan yondashish, to‘liq geologik tadqiqotlar o‘tkazish, qurilish mo‘ljallangan xududda tuproqning tarkibiy qismi va xossalari, xususiyatlarini aniqlash va tahlil qilish. Qurilishning iqtisodga, odamlar hayotiga, tabiatga, iqlimga va hayvonat olamiga ijobiy va salbiy ta’sirini o‘rganish va tahlil qilish.

7. Qurilishda sifatni boshqarishni rejalashtirish (Quality Control Management Plan). Har qanday inshootlar loyihalari, qurilish materiallari, bajarilgan ish sifatlari nazorat qilish va qurishilish jarayoni to‘g‘ri tashkil qilish professonal injenerlar tomonidan amalga oshirilishi zarur. Qurilish sifatini yaxshi boshqarish xatolar sonini kamaytiradi, loyihalarning o‘z vaqtida, byudjetda va sifatli bajarilishiga yordam beradi.

8. Inshootlarni qurishda va foydalanishda xavf-xatarlarni boshqarishni o‘rganish (Risk Management). Inshootlarni qurishdagi va foydalanishdagi xatarlarni boshqarish xavflarni oldini olish uchun zarur bo‘lgan tadbirlarni rejalashtirish, nazorat qilish va boshqarish. Buning uchun xavfni aniqlash va tahlil qilish, xavf darajasini aniqlash, xavfni boshqarish bo‘yicha choralar ko‘rish, mavjud xavflarni boshqarish va minimallashtirish.

9. Loyihalarni boshqarish (Project Management) bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va malakali mutaxassislarni tayyorlash. Loyihalarni boshqarish bu alohida fan va bu jiddiy sohadir.

Albatta bitta maqolada qurilish sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xamma ishlarni sanab berish imkonsiz. Lekin shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonda qurilish sohasi tubdan isloh qilinishi lozim. Bu jarayonda rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanish juda foydali bo‘ladi.

Eslatma: Yuqoridagilar mening shaxsiy fikrlarim, xech qanday tashkilot yoki uyushmalarga aloqasi yo‘q.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан