Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Karantindan so‘ng ham «Online-maktab» loyihasi davom ettirilishi mumkin
5.06.2020 18:16,  
291

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantindan keyin o‘quvchilarni bilim olishi uchun Online-maktab loyihasi doirasida 3 ta telekanal orqali videodarslar namoyish etildi.

Ma’lum qilinishicha, ikki yarim oy davomida 3900 dan ziyod videodarslar tasvirga olindi va efirga uzatildi.

Mazkur loyihani yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta’limi tizimida onlayn ta’lim berish faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun e’lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida televizion videodarslar namoyish etilgan uchta telekanaldan “Online-maktab” loyihasini davom ettirish maqsadida foydalaniladi va yanada takomillashtiriladi.

Online-maktab loyihasi doirasida 2020 yil 1 avgustdan boshlab, 2020/2021 o‘quv yili uchun televizion videodarslarni tasvirga olishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida televizion videodarslar har o‘quv yili davomida efirda namoyish etib boriladi.

Online-maktab loyihasi doirasida jalb etiladigan o‘qituvchilarga har bir televizion videodars va video mashg‘ulotlar uchun (asosiy ish haqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdo pedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lash taklif etilmoqda.

Online-maktab loyihasining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:

  • umumiy o‘rta ta’lim tizimida masofaviy o‘qitish tizimini takomillashtirish;
  • televizion videodarslar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalanish;
  • umumiy o‘rta ta’lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
  • o‘quvchilar va o‘qituvchilarni xalqaro baholash dasturlari va tadqiqotlarga (PISA - 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash, PIRLS - boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash, TIMSS – 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash, TALIS - rahbar va pedagog kadrlarning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitish va ta’lim olish muhitini hamda o‘qituvchilarning ish sharoitlarini o‘rganish va boshqa) tayyorgarligini kuchaytirish;
  • barcha umumta’lim fanlari, birinchi navbatda STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika) (keyingi o‘rinlarda - STEAM) fanlarining o‘qitish sifatini oshirish;
  • o‘quvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash, axborotlarni tahlil qilish, yetakchilik, kommunikativlik, hamkorlikda ishlash, muammolarni yechish kabi XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
  • o‘quvchilarga o‘quv materiallarini chuqur o‘rganishga va takrorlashga imkoniyat yaratish;
  • bosqichma-bosqich fanlar va sinflar kesimida barcha mavzular bo‘yicha videodarslar bazasini yaratish;
  • yetakchi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ta’lim muassasalarining ilmiy va metodik salohiyatlaridan foydalanish orqali ta’lim berish sifatini oshirish.

Online-maktab loyihasi doirasida darslarni tasvirga olishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:

  • o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi murakkab bo‘lgan mavzularni kengroq ochib berish;
  • amaliy mashg‘ulotlar va virtual laboratoriyalarni namoyish qilish;
  • darslik va o‘quv dasturlariga qo‘shimcha tarzda qiziqarli va foydali ma’lumotlarni berib borish;
  • o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish;
  • o‘qituvchilar tomonidan ilg‘or xorijiy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
  • televizion videodarslarni o‘zbek, rus va ayrim fanlardan ingliz tilida namoyish qilinishini tashkil etish choralarini ko‘rish.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан