Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Kelajak yaqin: haydovchisiz harakatlanadigan avtomobillar
3.12.2019 11:48,  
515

Quyidagi videoda tilga olingan ko‘p texnik ma’lumotlarni yaxshi tushunmadim. Lekin u mening yashashga bo‘lgan ishtiyoqimni yana ham oshirdi. Bu kabi videolarni tomosha qilganimda XXI asrda, shunday texnologiyalar davrida, Amerikada yashayotganimdan xursand bo‘lib ketaman.

Xullas, bu video elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasining “Autonomy Day” deb nomlangan konferensiyasidan namoyish. Unda kompaniya rahbari Ilon Mask va Teslaning avtonom harakatlanish bo‘yicha tadqiqotlarini boshqaruvchi ikki yigit aynan mustaqil harakatlanuvchi avtomobil yaratish bo‘yicha shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot beradi.

Ularning ishonch bilan aytishicha, 2017 yildan beri ishlab chiqarilayotgan har bir Tesla avtomobili 100 foiz mustaqil, haydovchisiz yurish imkoniyatini beruvchi texnologiyaga (hardware) ega, faqat buning dasturiy ta’minoti (software) to‘la ishga tushirilsa bas. Shuningdek, hukumat tasdig‘i ham kerak bo‘ladi.

Teslaʼni avtonom harakatlanish texnologiyasi bo‘yicha dunyo yetakchi deyish mumkin. Chunki u shu paytgacha sotilgan barcha avtomobillari orqali yurilgan yo‘llar, yo‘llardagi turli sharoitlar haqida millionlab kilometrli ma’lumotlar bazasiga ega. Mana shu ma’lumotlar asosida u avtonom harakatlanish texnologiyasini rivojlantirib bormoqda.

Bu texnologiya asosida “Tesla”ning miyasi - ikkita kompyuter turadi, ya’ni har bir avtomobilga ikkita kichkina kompyuter o‘rnatilgan. Kompyuter chiplarini ham “Tesla”ning o‘zi yaratgan. Eng qiyini shu bo‘ldi, deydi Ilon Mask.

Bu kompyuterlarga avtomobildagi sakkizta kamera ulangan. Bundan tashqari, sensorlar va radar orqali tinimsiz ma’lumot kelib turadi. Ikkita kompyuter bir-biridan mustaqil ravishda bu axborotlarni qayta ishlab, qaysi yo‘ldan qanday yurish bo‘yicha mashinaga buyruq yuboradi. Har ikkisi bir xil natijani ko‘rsatgandagina avtomobil harakatlanadi; ya’ni har ikki kompyuter bir xil aniqlikdagi natijani qayd etishi kerak.

“Weimo”, “Uber” kabi mustaqil harakatlanadigan avtomobillar ustida ishlayotgan boshqa kompaniyalar ma’lumotlar olishda, asosan, “lidar“ degan texnologiyadan foydalanmoqda. “Lidar“ – mashina va boshqa ob’yektlar orasidagi masofani aniqlashda, ob’yektlar hajmini bilishda eng yaxshi texnologiya hisoblanadi, ammo juda qimmat. Ilon Maskka ko‘ra, kamera, sensor va radar turganda, “lidar“ga umuman hojat yo‘q. Shu bois “Tesla” o‘z texnologiyasida “lidar“dan foydalanmagan.

Ilon Maskka ko‘ra, bugun yangi avtomobil sotib olishni niyat qilgan odam “Tesla”ni olmasa, moliyaviy jihatdan g‘irt ahmoqlik qilgan bo‘ladi. Chunki, deydi u, bugungi avtomobillar uch yildan keyin “Tesla” oldida mashina emas, otga o‘xshab qoladi, ya’ni bu paytga kelib “Tesla” elektromobillari allaqachon mustaqil harakatlanayotgan bo‘ladi.

“Tesla” oldiga qo‘ygan maqsadlardan yana biri yaqin yillar ichida “RoboTaxi” xizmatini yo‘lga qo‘yishdir. Ya’ni haydovchisiz harakatlanadigan, mustaqil ravishda mijozlarga taksi xizmatini ko‘rsatadigan tizim. Siz kunduzi ishda bo‘lganingizda “Tesla” avtomobilingizni shu tizimga qo‘shib qo‘yishingiz mumkin va u kun bo‘yi siz uchun taksichilik qilib, pul ishlab yuradi.

Maskning yana aytishicha, yaqin kelajakda avtomobillarni qo‘lda inson tomonidan boshqarilishi taqiqlanishi mumkin. Chunki, deydi u, avtonom harakatlanish shu darajada xavfsiz bo‘ladiki, mashina boshqarishni odam qo‘liga topshirish inson sog‘ligi uchun o‘ta xavfli deb topiladi.

Video orqali butun dunyoga uzatilgan bu muloqotning o‘ziga xos yana bir jihati shundaki, “Tesla” o‘z texnologiyasini boshqalarga ko‘rsatishdan qo‘rqmaydi; undan g‘oya yoki texnologiya o‘g‘irlashlari mumkinligidan ham hadiksiramagan. Prezentatsiyada kompyuter va undagi chiplarning qanday yasalgani detallarigacha batafsil tushuntirib berilgan.

Xullas, kelajak ancha porloq va bu kelajakda yashash yanada zavqli.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан