Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Kino san’ati" jurnali nima uchun yopildi?
21.10.2019 15:53,  
243

"Kino san’ati" jurnali yopilganini e’lon qildi. Aftidan, jurnal targ‘ibotga munosib hissa qo‘shmayapti, deb baholangan.

Bir tomondan to‘g‘ri, targ‘ibotning bundan ham qulay, hammaga ma’lum oson yo‘li bor: blogerlar, jurnalistlar, tanqidchilar, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim "fikr boshqaruvchilar"ni yig‘ib, "yordam so‘raladi", kinolar uchun maqolalar buyurtma qilinadi, fikrlar OAVda aylantiriladi. Yaxshi haq tayinlanadi, masala yanayam tezroq hal bo‘ladi.

Aslida, bunday yechim (piar kampaniyalar) bugungi kun uchun ayb ham emas, "yashash uchun kurash".
Lekin! Bu kinoni o‘rtamiyona rejissyorga berib, o‘rta yo undan past saviyada ishlangan birgina filmga sarflanadigan 4-5 milliard mablag‘ni xaspo‘shlash uchun uyushtirilsa, bundan yomoni yo‘q.

Undan keyin bunday targ‘ibotning "O‘zbekkino" uchun foydasi bordir, lekin o‘zbek kino san’ati rivoji uchun bir chaqalik foydasi yo‘q. Mana shunday targ‘ibotga xizmat qilmas edi jurnal!

Aytishlaricha, jurnalning yopilishiga yana bir sabab "xalq" o‘qimasligi ekan. Bu professional kino tanqidi xalqning darajasiga tushsin deganimi? Qachongacha xalqni yengil kontentga: yuzaki mulohazalar va "yulduzlar"dan intervyuga o‘ch deb tasavvur qilinadi?...

Jurnal endi-endi rivojlanayotgan professional kino tanqidchiligimiz uchun tramplindek gap edi. "Nega yaxshi kino tanqidchilarimiz yo‘q?" degan savolni berishga haqqimiz bo‘ladimi keyin? Uni yopish emas, OAK ro‘yxatidagi ilmiy jurnallar qatoriga qo‘shib, yanada ustida ishlash kerak edi. Birinchidan, ixtisoslikni rivojlantirish uchun, ikkinchidan hozir jo‘yali tahlillar, o‘rinli tanqidlar kerak milliy kino san’atimizga. Aftidan, bunday narsa "O‘zbekkino"ga kerak emas...

Mayli, hozir ingliz yoki ruslardagi faqat kino san’atiga ixtisoslashgan qator nashrlar va ular bajarayotgan vazifalar haqida uzundan-uzun yozmayman. Qisqa xulosa: Agar kino san’at darajasiga ko‘tarilishi maqsad qilingan ekan, dastavval unda uning har bir jarayoni, sub’yekti, elementi, detalini hech bo‘lmasa tushuna oladigan, tahlil qila oladigan "didli, saviyali auditoriya"ni shakllantirish kerak. Chunki shunday auditoriyaning o‘zi ham kino yaratuvchilari uchun yaxshigina tarbiyachi, yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ladi.

Auditoriyaning didi ko‘pincha o‘zi ko‘rib yurgan kinolar atrofida aylanadi. Yoki ijtimoiy tarmoqni kuzatadigan odam biladiki, yana "did" 4-5 ta ta’sir doirasiga ega odamning dididan ham kelib chiqishi mumkin. Ko‘r-ko‘rona fikrni ma’qullab, yo u fikrga, yo bu fikrga qo‘shiladigan, lekin ko‘rib o‘zi xulosa qilolmaydiganlar, yoki kino haqida "menga yoqdi", "menga yoqmadi"dan boshqa narsa aytolmaydiganlar aanchani tashkil qiladi. Ular uchun ham kerak edi avvalo bunday nashr...

Shunday saviyali jurnalning yopilishi bir sohada ortga katta qadam. Esssiiz!!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан