Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Ko‘kalamzorlashtirish rekordi” qachon o‘rnatiladi?
14.10.2019 07:22,  
290

O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov Senatda so‘zga chiqib: “Tonnalab osh damlab rekord o‘rnatishga uringandan ko‘ra, gektarlab yerlarni ko‘kalamzorlashtirish orqali rekord o‘rnatish maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, debdi. Bir qarashda to‘g‘ri gapga o‘xshaydi: qachongacha dardimiz, yutug‘imiz ovqat bo‘ladi?

Ammo osh rekordini xususiy tadbirkorlar, oshpazlar o‘z hisobidan o‘rnatgani, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi esa davlat tasarrufidagi tashkilot bo‘lgani vaziyatni o‘zgartiradi: nega xususiy sohadagilar pulni to‘g‘ri sarflab, rekord o‘rnatib, nomi chiqyapti-yu, davlat sektoridagi tashkilotlar byudjetdan, xalqning cho‘ntagidan milliardlab pul olsa ham o‘z ishini eplay olmay, nolib o‘tiribdi?

O‘tgan kuni Nobel qo‘mitasi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmadga berilganini e’lon qildi. Ba’zi kuzatuvchilar bu xabarni “Nihoyat, o‘n yillar deganda birinchi marta bu mukofot haqiqiy egasini topdi. Chunki Abiy Ahmad Efiopiya va Eritreya o‘rtasidagi ko‘p yillik nizolarga chek qo‘ygandi”, deya qarshi oldi.

Abiy Ahmad ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatgani bilangina emas, bir necha oy oldin bizdagi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi qilishi kerak bo‘lgan ishni o‘zi bajargani bilan nomi chiqqandi: 2019 yil 29 iyul kuni aynan bosh vazir tashabbusi bilan butun Efiopiya bo‘ylab 12 soat ichida 353 633 660 tup daraxt ko‘chati o‘tqizildi. Umuman olganda esa shu yil may oyidan oktyabr oyigacha Efiopiyada 4 milliard tup daraxt o‘tkazilishi rejalashtirilgan va bu faqat qog‘ozda qolib ketmay, amalda bajarilyapti ham.

Ya’ni, quruq hisobotlar, “mavjud vaziyat uchun chuqur qayg‘u va taassuf bildirish” muammoning yechimi emas. Bugun aniq reja ishlab chiqib, unga rahbarlarning shaxsan o‘zi boshchilik qilsagina nimadir o‘zgaradi. Masalan, mana shu O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi “Har bir rahbarga 100 tup daraxt” yoki shunga o‘xshash jarangdor tashabbus bilan chiqsin, avvalo o‘zi biron joyga daraxt ekib musobaqani boshlab bersin, buni TV kanallari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatsin. Keyin shaxsan hukumat rahbari, bosh vazir Abdulla Aripovni bu tadbirga qo‘shilishga taklif qilsin va hokazo. Shunda “Osh damlab emas, rahbarlarning daraxt ekishdagi faolligi va ularga qo‘l ostidagi xodimlar, keyinroq esa oddiy xalq ergashib o‘rmonlar barpo etayotgani uchun” Ginnesning rekordlar kitobiga kirarmidik, balki? Bu ketishda esa Senatning bir yildan keyin bo‘ladigan yalpi majlisida ham ayni shu gaplar aylanaveradi.

Hozircha borgan sari ko‘proq daraxt kesilib, shahar va qishloqlarimiz sahroga aylanishda davom etyapti. Ekmaganga yarasha kesmay tursak bo‘lar edi-yu, afsuski, shuni ham eplamayapmiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан