Komil Allamjonov Saida Mirziyoyevani Gulnora Karimova bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi

Komil Allamjonov Saida Mirziyoyevani Gulnora Karimova bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «BBC O‘zbek» nashriga bergan intervyusida Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning ba’zi tashabbuslarini Gulnora Karimovaning g‘oyalari va loyihalari bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi.

«Biz bunday tanqidlarga juda ko‘p duch kelamiz. Endi Gulnora Karimovaning ham qilmagan ishi qolmagan ekan-da. Nima ishga qo‘l ursak, o‘sha ishdan Gulnora Karimova o‘tib ketgan bo‘ladi, bir iz qoldirib ketgan bo‘ladi. Gulnora Karimova bu ishlarni qildi yoki bu ishni qilgan ekan, deb yangi loyihalar paydo bo‘lsa, o‘zimizni tiymaymiz», — deya uning so‘zlarini keltirgan «Gazeta.uz».

Uning qo‘shimcha qilishicha, Gulnora Karimova o‘tmishda qilgan xatolar aslida o‘ziga xos «ko‘rgazma»dir.

«Biz loyihalarni shunday xatolik bilan qilsak, qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rdik. Bu bizga saboq. Lekin jamiyat uchun, odamlar uchun biror foydali loyihalar chiqqanda shuni bir vaqtlar Gulnora Karimova qilgan ekan, deb biz o‘z yo‘limizda to‘xtamaymiz», — deb ta’kidlagan Komil Allamjonov.