Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ko‘r hassasini bir necha marta yo‘qotadimi? (2-maqola)
18.11.2019 23:13,  
1807

Lotin yozuvini isloh qilish masalasi ilk bor keng jamoatchilikka bundan ikki yil oldin olib chiqildi. Lekin, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan 2017 yili kiritilgan taklif talabga javob bermaydi. Loyiha bilan tanishgach, menda "loyihani O‘zbekistondan tashqariga chiqmagan, turk dunyosi haqidagi tushunchani eshitmagan va lotin alifbosi to‘liq qo‘llanilayotgan qardosh turkiy davlatlarga bormagan kishilar tayyorlagan" degan fikr tug‘ilgandi.

Mazkur maqolaning ilk qismida o‘zbek tilini forslashtirish yo‘nalishida haybarakallachilar olib borgan ish ayanchli oqibatga olib kelgani, o‘zbek tili boshqa qardosh turk tillaridan uzoqlashib, sun’iylik tomon ketganini ta’kidlab o‘tgandim.

Yuqoridagi loyihani qisman qo‘llagan holda, anchagina yangi harflar kiritilishini taklif qilgandim:

1) Yangi Ää harfi kiritilishi zarur: 1) äta-äna, bäla, Äzarbäyjän;
2) Yangi qattiq Iı harfi: 1) ırmäq, ikkı, bırlik, ırım;
3) Yangi Üü harfi: üzüm, üç (raqam);
4) Yangi Öö harfi: Özbekistän, ötmäq;
5) Oo harfi: ormän, ortäq;
6) “NG” diftongi uchun Ññ harfi: bızniñ, yañräq;
7) “Sh” harflar birikmasini ifodalash uchun Şş harfi: Şıräq, äşhäna;
8) “Ch”ni ifodalash uchun Çç harfi: çıräq çumçuq;
9) Qattiq “X” harfi boshqa tillarda “iks” deb talaffuz qilinadi. Bitta “H” harfini olib qolib, “X”ni alifbodan chiqarish zarur.

Ää, Üü, Öö harflar ustidagi ikki nuqta o‘rniga Ññ harfidagi kabi ustida "qalpog‘i" bor ko‘rinishini qabul qilsa ham bo‘ladi.

Cc harfini ruschadan kirgan sirk, sirkul, sivilizatsiya, mexanizatsiya kabi so‘zlar uchun qabul qilish taklifini umuman quvvatlamayman.

Ruslarning o‘zida ham bu harf asosan ingliz va lotin tillaridan o‘zlashtirilgan so‘zlar uchun ishlatilib, o‘sha tillarda s deb talaffuz qilinmaydi. Masalan, ingliz tilida civil so‘zi - sivil, sirk so‘zi - syorkus, sirkul esa - syorkl deb talaffuz qilinadi. Ruscha so‘zlar uchun o‘zbek alifbosida alohida harf ajratilishi kulgili bo‘lur edi.

Hozirgacha e’lon qilingan loyihalarda X va H harflari saqlab qolingan. Loyiha mualliflari ikkita bir-biriga yaqin tovushlarni himoya qilgan holda, "ko‘plab imlo xatolariga yo‘l ochadi" deb, ikkitadan yumshoq va qattiq Uu, Ii va O harflariga qarshi chiqayotganini anglash qiyin. Axir, bu harflar o‘zbek tilining singarmonizmi, ya’ni uyg‘unligiga xizmat qiladi-ku?!

Arab alifbosida uchta H harfi bor, lekin ular o‘zbek tiliga xos emas. Bitta Hh harfini qoldirsak yetadi.

Qardosh xalqlar alifbolarida j harfini ifodalash uchun c harfi qo‘llaniladi: Türkiye Cumhuriyeti. Bizda ham shunday bo‘lishini istasam-da, keng jamoatchilikka qabul qildirish o‘ta qiyin bo‘lishini nazarda tutib, jur’at qilolmagandim. Lekin, yaqinda bo‘lib o‘tgan alifboni isloh qilish bo‘yicha yig‘ilishda "c"ni alifboga kiritish taklif qilinganida ko‘zlarimga ishonmadim va juda xursand bo‘ldim.

Yangi harflarni kompyuter klaviaturasiga kiritish bilan Windows va Microsoft shug‘ullanadi.

Kompyuterda ko‘p tillarda yozayotganda imlo xatolar avtomatik tuzatiladi. O‘zbek tilida bunday imkon yo‘q, buning uchun o‘zbekistonlik dasturchilar ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Shunda, har bir so‘zning to‘g‘ri yozilishi shu tariqa ta’minlanishi, eski alifbodagi turli matnlar yangi alifboga qulaygina o‘tkazilishi mumkin.

Shu o‘rinda, millatni boshqa millatlardan ajratib turadigan ot va familiyalar yozilishiga diqqatingizni qaratmoqchiman.

Hammamizga ma’lumki, sho‘rolar davrida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar yozib beriladigan davlat idoralarida o‘zbek tilini bilmaydigan kishilar ishlashgan. Ular ot, familiya va ota ismlarini hujjatlarga bemalol ruscha talaffuzda yozib beraverishgan. Biznikilar esa "bizga tekkani shu ekan" deb, e’tiroz bildirishga ham jazm qilolmay, ketaverishgan.

Pasport berilayotgan paytda shaxsning ot va familiyasi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada qanday yozilgan bo‘lsa, voyaga yetgan shaxlarning asosiy hujjatlariga ham shudoqqina o‘tkazib berilavergan. Natijada To‘qsonovlar - Taksanov, Holto‘ralar - Xaltura, Jo‘ralar - Djura bo‘lib ketgan. Eng yomoni - xalqimiz shunga ko‘nikkan.

Hozirgi paytda ot va familiyalar pasportlarda lotin alifbosida yozilmoqda. Lekin, afsuski, pasportlarning O‘zbek tilidagi betida bir ko‘rinishda, inglizcha betida esa boshqa ko‘rinishda yozilmoqda. Hammadan yomoni – o‘rischa talaffuzdagi xatolar to‘g‘rilanmasdan, lotin yozuviga ham aynan "ko‘chib o‘tmoqda".

Men tilmochlik bilan shug‘ullanib, turli kishilarga O‘zbek tilida tilmochlik qilaman. Shimoliy Amerikada yashayotgan yurtdoshlarimiz pasportlarida buzilib, o‘rischa talaffuzda yozib berilgan ot va familiyalarga qanchalik o‘rganib qolishganini ko‘rib, xayratdan yoqa ushlamay iloji yo‘q.

Dunyoda lotin alifbosi qo‘llaniladigan mamlakatlarda qabul qilingan qoidaga ko‘ra, bu yozuvdagi ot va familiyalar ingliz tiliga o‘girilmay, asli kabi yoziladi. Bizdagi azamatlar esa pasportning ushbu ma’lumotlar ingliz tilida beriladigan betida "h" harfini kh -"kx" tarzida yozishgani mutlaqo yanglishdir.

Men tilmoch o‘laroq ish faoliyatim davomida "Qahhorov" degan familiya "Kakhkharov" deb yozilganiga guvoh bo‘lganimda kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoldim. Undan-da yomoni, amerikaliklar uni “Kakkarov” deb talaffuz qilishadi.

Amerikada dunyodagi hamma millat va elat vakillari yashaydi. Tabiiyki, ularning nasl-nasablari lotin alifbosida yozilgani bilan, talaffuzi turlicha bo‘ladi. Buni juda yaxshi anglagan amerikaliklar yangi odam bilan ilk bor ko‘rishganida ulardan ot va familiyalari qanday talaffuz qilinishini albatta so‘rab olishadi. Noto‘g‘ri talaffuz qilgudek bo‘lsa, oldindan kechirim so‘rab qo‘yishadi.

Ish tajribamdan bir misol keltiray.

Maktabda bir o‘quvchining otasi va o‘qituvchilar yig‘ilishiga tilmochlik qilyapman. Boshida o‘qituvchi ikki-uch marta “kasan” degan so‘zni ishlatdi, men ham “kasan” deb o‘giraverdim-u, u nima ekanligini bilolmadim. Shunda o‘qituvchidan “kasan”ning nima ekanligini so‘ragandim, “oh, he is the student, his name is Kasan” (Voy, u o‘quvchi bo‘ladi, oti Kasan) deb javob berdi.

Men bolaning onasidan “o‘g‘lingizning oti Hasanmi?” deb so‘rashga majbur bo‘ldim. Onasi “ha, Hasan” dedi. Men “nega o‘qituvchilarga bolangizni Kasan desa ham, oti Hasan deb to‘g‘rilab qo‘ymayapsiz?” deb so‘rasam, “pasportida Kxasan deb yozilgan, shuning uchun” deb javob berdi.

Yuqoridagi misol ko‘pchilik o‘z ona tili bo‘lgan O‘zbek tiliga qanchalik hurmatsiz bo‘lib qolganining achinarli dalilidir.

Isloh qilingan lotin alifbosini amalga kiritishdan oldin o‘zbek otlar, familiyalar va ota otlarini to‘g‘rilab yozish to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinishi zarurligini hayot ko‘rsatib turibdi.

1970-yillarda "O‘zbekiston madaniyati" gazetasida bir olimimiz 1930-yillar oxirlarida qo‘shni respublikalar kiril alifbosiga o‘tish uchun loyiha tayyorlashayotganida boshqa turkiy respublikalar bilan bamaslahat ish qilishmagani oqibatida alifbo va qardosh turkiy tillar bir-biridan uzoqlashib ketgani haqida kuyinib yozgandi.

Ayrim kishilar “shu to‘rtta harf o‘zgartilsa ham mayli” deb, oziga shukr qilishga urinishyapti. Osh pishirishni yangi o‘rganayotgan odam “ha, bu safar oshim o‘xshamadi, keyingi safar yaxshiroq pishiraman” deyishi mumkin. Lekin, alifbo osh emas, vaqti-soati kelganida yanada yaxshiroq isloh qilinishini kutib bo‘lmaydi.

Lotin alifbosini yuqoridagi takliflarni inobatga olgan holda isloh qilish tarafdoriman. Alifbo islohotini ot, familiya va ota ismlarini isloh qilish bilan birga kompleks olib borish zarur.

"Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi" deydi dono xalqimiz. Biz esa uni shunchalik ko‘p yo‘qotdikki, endi qo‘limizga berishayotganida o‘sha hassa bilan boshimizga bitta tushirishlari zarurga o‘xshaydi.

Ajabmas, ta’sir qilsa…

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан