Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ko‘r-ko‘rona qarz olish: Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyning noshaffof qarz berish shartlariga nega ko‘nmoqda?
31.10.2019 12:38,  
1755

Qirg‘iziston va Tojikiston kabi rivojlanayotgan davlatlar hukumatlari Xitoydan avvalgidan ham ko‘proq, o‘zlari kutgandan ham ortiq qarzdor bo‘lib qolyapti. Xitoy beradigan qarzlarning deyarli yarmi rasmiy Pekinning noshaffof hisob-kitob tizimlari tufayli jamoatchilikdan maxfiy tutib kelinadi. Dunyo miqyosida olganda 2006-2016 yillar oralig‘ida mana shunday “soyadagi” mablag‘lar 200 milliard AQSh dollari atrofida bo‘lgan.

Bu ma’lumotlar Massachusets shtati, Kembrij shahrida joylashgan Iqtisodiy Tadqiqotlar Milliy Byurosi (National Bureau of Economic Research) tomonidan nashr qilingan “Xitoyning chet davlatlarga bergan qarzlari” nomli tadqiqotda keltirilgan. Tadqiqot mualliflari Myunxen Unversitetidan Sebastyan Horn, Harvard Universiteti qoshidagi Kennedi maktabidan Karmen Reynhart va Kyoln Jahon Iqtisodiyoti Institutidan Kristof Trebesklardir.

“Xitoyning chet davlatlarga beradigan qarzlari haqidagi ma’lumotlar oddiy aytganda noaniq. Xitoy o‘zi rasman beradigan qarzlarning miqdorini ochiq aytmaydi, bu bo‘yicha standart hisobotlar yo‘q. Xitoyning xorijiy davlatlarga beradigan qarzlarini hujjatlashtirish imkonsiz”, deydi tadqiqot mualliflari.

Bu qanday sodir bo‘ladi?

Xitoy beradigan deyarli barcha qarzlar davlat nazoratidagan banklarga tegishli bo‘ladi. Masalan, Xitoy Eksport-Import Banki Qirg‘izistondagi biron loyihani, misol uchun yo‘l qurilishini moliyalashtirsa, u odatda bevosita o‘sha yo‘lni qurayotgan xitoylik pudratchiga pul to‘laydi. Chunki bu holatda xorijga pul chiqarilmaydi, dunyo bo‘yicha markaziy banklar uyushmasi bo‘lgan Xalqaro Hisobotlar Banki (Bank of International Settlements, BIS) tomonidan biron amaliyot qayd qilinmaydi. Xitoy xorijiy davlatlarga beriladigan qarzlar haqida BIS’ga hisobot berishni 2015 yildagina boshladi va shunda ham ikki tomonlama pul o‘tkazmalarini batafsil ko‘rsatishdan bosh tortdi. Xususiy moliyaviy institutlar ham rivojlanayotgan davlatlarda Xitoy xarajatlarining aksariyatini tashkil etadigan davlat grantlari va kreditlarini kuzatmaydi.

“Natijada qarzdor davlatlarning o‘zi ham Xitoydan qancha qarz olganligi va qanday shartlar asosida to‘lash kerakligi haqida to‘liq tasavvurga ega emas”, deyiladi hisobotda.

Ma’lumotlardagi bo‘shliqni to‘ldirishga uringan Horn va uning hamkasblari rivojlanayotgan 152 mamlakatga berilgan Xitoyning 1 974 ta krediti va 2 947 ta davlat granti asosida ro‘yxat tuzish uchun akademiyalar va ilmiy markazlarga tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi. Xitoy Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon Bankiga bergan hisobotlar, shuningdek, 2015 yildan boshlab BIS’ga bergan hisobotlar bilan birgalikda ushbu ma’lumotlar ham tekshirilib, solishtirib chiqilganda u xorijiy mamlakatlarga beradigan qarzlarning 50%i o‘sha davlatlarga norasmiy ravishda kirayotganligi aniqlandi.

Bu kabi noaniqlik, shaffoflik yo‘qligi yanada katta va keng miqyosdagi xatarlarni keltirib chiqaradi.

Qarzdor davlat bunday holatda qarz bergan davlatga uni qanday to‘lashni rejalashtirolmay qiynaladi. Yanada kutilmagan holat Xitoy ko‘pincha qarzni tijoriy baholarda beradi – valyutalar kursi o‘zgarishiga qarab qarz miqdori o‘zgarib turadi. 2000-2017 yillar oralig‘ida Xitoy kreditlarining yarmi shunday ko‘rinishda, 85% i esa dollarda berilgan. Valyutasi shunday ham zaif bo‘lgan davlatlar, masalan, O‘rta Osiyodagi kambag‘al mamlakatlar dollarga bog‘langan qarzni to‘lash uchun kurashishiga to‘g‘ri keladi. Ayni shu tufayli o‘tgan davrda Tojik somoniysi o‘z quvvatining 76%ini, Qirg‘iz so‘mi esa 32%ini yo‘qotdi.

O‘rta Osiyo davlatlari Xitoydan qancha qarz – ko‘k ustun mamlakatning Xitoydan necha milliard dollar qarzdorligini, och kulrang ustun esa bu qarzdorlik mamlakat YaIMning necha foizini tashkil etishini bildiradi. Manba: Eurasianet

Boshqa sarmoyadorlar uchun bunday noaniqlik har qanday suveren obligatsiyalarni sotib olishda qizil chiziq borligini bildiradi: bunday obligatsiyalar oxir-oqibatda to‘lov quvvatiga ega bo‘ladimi, yo‘qmi, noma’lum qoladi. “Xorijiy davlatlardan olingan bu kabi yashirin qarzlar mamlakatga tahdid soluvchi omillarni tahlil qilish va u chiqargan obligatsiyalar narxini belgilashda jiddiy muammolar tug‘diradi”, deydi mualliflar. Chunki davlat obligatsiyalarini sotib oluvchilar mamlakat iqtisodi defolt bo‘lgan – to‘liq kasodga uchrab, qarzlarini butunlay to‘lay olmaydigan taqdirda ularning pullari qachon qaytarilishini bilishi kerak.

Xitoy kreditlari ko‘pincha aniq tovarlar bilan himoyalanadi. Masalan, Turkmanistonga berilgan qarz evaziga uni o‘z vaqtida to‘lay olmasa, gaz yetkazib berishi; yoki Tojikiston olgan qarzi evaziga kumush yoki oltin konlarini Xitoyga topshirishi kabi noshaffof shartnomalar tuziladi.

Horn va uning hammualliflari ta’kidlashicha, “Xitoy bunday ulkan qarzlarni ulardan moliyaviy foyda olish uchun emas, kelajakda arzon mahsulot va geosiyosiy obro‘ga ega bo‘lish uchun beradi. Ba’zilar rasmiy Pekinning “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasini Ikkinchi Jahon urushidan keyin Yevropani tiklash uchun yo‘lga qo‘yilgan Marshal rejasiga qiyoslaydi. Ammo bu uzoq vaqtdan keyin ta’sir qiluvchi o‘yin. Ayni paytda, bundan ham tashvishli o‘xshashliklar bor: 1970 yillarda G‘arbning muvofiqlashtirilmagan qarzlari global miqyosdagi tahlikali qarz inqirozlari va davlatlarning kasodga uchrashiga olib kelgan edi. Bugungi kunda rivojlanayotgan davlatlardagi qarzdorlik darajasi ularning 1981 yildagi holatiga yaqin kelib qolgan. O‘shanda “Uchinchi Jahon qarz inqirozi” bo‘lgan edi. Hozir ham Xitoy bu davlatlarga beradigan yashirin qarzlarni mavjud ochiq qarzlarga qo‘shsak, qisman shu vaziyat yuzaga chiqadi”.

Hisobot mualliflari Xitoydan eng ko‘p qarz olgan davlatlar ro‘yxatini ham keltirishgan. Bu ro‘yxatda Qirg‘iziston dunyo miqyosida 5-o‘rinda turibdi. Tojikistonga 20, Turkmanistonga 23 va O‘zbekistonga 40-o‘rin berilgan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra Qirg‘izistonning faqat Xitoy oldidagi qarzi mamlakat YaIM (yalpi ichki mahsuloti) hajmining 30%idan oshib ketgan va bu raqam o‘sib bormoqda.

“Xitoyning bunday faol qarz berish siyosati mamlakatning iqtisodiy o‘sishi sekinlashishi bilan to‘xtasa kerak”, deydi mualliflar.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан