Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Korona Amerikani qanday fosh qildi?
1.04.2020 03:23,  
6689

Dunyoning moliyaviy yuragi bo‘lmish Nyu-York shahri o‘z tarixidagi eng qora kunlarni o‘tkazmoqda. Hech qachon uxlamaydigan gavjum shaharda endi kunduzi ham ko‘chalar bo‘m-bo‘sh. Hatto bu shaharning ramzi bo‘lgan sariq taksilar ham onda sonda ko‘rinadi xolos. Yirik shirkatlar e’lonlarini  reklama qiluvchi neon chiroqli tablolarga burkangan o‘sha mashhur Taymz maydoni huvillab qolgan. Go‘yo butun shahar aholisi qora o‘latdan qochib qayoqlargadir bosh olib ketgandek tuyuladi.

Ammo Nyu-York  shifoxonalari har doimgidan gavjum. Koronaga chalingan bemorlar oqimi to‘xtamaydi. O‘liklar ko‘pligidan jasadlarni vaqtincha saqlash uchun muzlatgichli uzun  yuk mashinalari chaqirilgan. 

Har kuni Nyu-York shtatining gubernatori Andryu Kuomo matbuot anjumani o‘tkazadi. Ahvol kundan kunga yomonlashayotgani ammo  yanada avj olayotgan inqirozga  shtat hali tayyor emasligini kuyunib gapiradi. Federal hukumat yordam berishga shoshilmayotganidan qoni qaynaydi. Oq Uyning loqaydligidan yozg‘iradi.

Koronavirusi kundan kunga  dunyo bo‘ylab mislsiz o‘zgarishlar yasamoqda. Bu yashirin dushman jahonning  o‘ndan to‘qqiz samolyotlarini yerga qo‘ndirib fuqaro aviatsiyasi sohasini butkul inqiroz yoqasiga olib keldi. Dunyoning eng yirik va gavjum shaharlari huvillab qoldi. Millionlab ishchilar tirikchiligidan mahrum bo‘lmoqda.

Bunday shafqatsiz bo‘hron eng qudratli davlatlarni ham dovdiratib qo‘ymoqda. AQSh tarixida 9/11 fojeasi xalqni chuqur sarosimaga solgan bo‘lsa, Korona inqirozi undan bir necha o‘n barobar qattiqroq zarba bermoqda. 

Dunyo tasavvurida nihoyatda boy, o‘ta rivojlangan , eng qudratli va eng uddaburon davlat o‘laroq gavdalanadigan Amerika  tizimidagi jiddiy zaifliklar va xususan prezident Tramp bunday qaltis mahalda liderlikka loyiq emasligi ayon bo‘lmoqda.

AQSh Markaziy Josuslik Boshqarmasi va Davlat Departamenti 2020 yil yanvar boshidayoq  prezident Trampni Xitoydagi virus xavfidan  ogohlantirganiga qaramasdan  prezident bu muammoga  o‘ta beg‘am va loqayd munosabatda bo‘ldi. Hammasi nazorat ostida, bu Xitoy virusi, biz har qanday xavfga tayyormiz va hokazo gaplar bilan xalqni ovutishga va chalg‘itishga urindi.  Tegishli tashkilotlar va ekspertlarga quloq solmadi va natijada bir oydan ko‘proq vaqt yutqazdi.

Har kuni Oq Uyda o‘tkazadigan matbuot anjumanida Tramp  gapni o‘zini maqtashdan boshlaydi. Xavfning jiddiyligidan ogohantirayotgan mediyani " soxta yangiliklar" deb haqorat qiladi. Qaltisroq savol  bergan jurnalistlarni itdek qopib beradi. Virus chiqqan davlatlarga borishdan ogohlantirgan Davlat Departamentini " davlat ichidagi yashirin davlat" deb kamsitadi. Go‘yoki uni qayta saylanishiga qarshi bo‘lgan kuchlar bor emish u yerda. Qanchalar o‘ziga bino qo‘ygani, sayozligi , kaltafahmligini kuzatib Amerika xalqiga achinib ketadi odam. Tramp o‘zini o‘zi maqtagani yetmagandek vitse prezident Mayk Pens  oyog‘i yerdan uzilgan rahbariga madhu sano yog‘diradi. Buni ko‘rib Pyongyangdami yoki Vashingtondami bu ahvol deb qoladi odam.

Koronaga qarshi kurashni boshqarish  va muvofiqlashtirish  uchun Oq Uyda  ishchi guruh tuzilgan. Bu guruhda Amerikadagi eng kuchli virusolog epidomolog Antoni Fauchi Xudo bergan mutaxassis bo‘ldi. Trampning yolg‘on va yarim haqiqatlarini ilmiy faktlar bilan to‘g‘rilab turibdi. Uning aytishicha  koronadan o‘ladiganlar soni  AQShda yuz mingdan ikki yuzmingacha bo‘lishi mumkin. 
Trampga qolsa hamma narsa doimgidek o‘z maromida ketaverar edi. Shu doktor Fauchi kabi mutaxassislarning qat’iy talabi bilan Tramp istar-istamas karantin choralarini joriy qilishga majbur bo‘lmoqda. Baribir nisbatan olganda ko‘rilayotgan choralar ancha yengil. Shtatlar o‘z ixtiyoriga topshirilgan. Federal miqyosda qaror chiqarilgani yo‘q. 

Hozir AQSh virus tarqalishi bo‘yicha eng oldingi o‘ringa chiqib oldi. O‘z  vaqtida shoshilinch choralar ko‘rilmagani, kasallikni aniqlash zudlik bilan yo‘lga qo‘yilmagani, karantin joriy etilmagani va tibbiyot xodimlari himoya vositalari bilan ta’milanmagani virus tez tarqab ketishiga olib keldi deydi mutaxassislar. Albatta bularning bariga asosan Tramp ma’muriyati aybdor. Iqtisodni sog‘liqdan ustun qo‘yuvchi xato siyosati shu oqibatga olib keldi. 

Dunyoning eng boy davlati inqirozga tayyor emasligi sharmandalarcha fosh bo‘lmoqda. Amerikada yigirma olti million aholi  tibbiy sug‘urtaga  egamas bu degani ular davolanishga haqqi yo‘q. 

Har qanday inqiroz odamlarni va davlatlarni fosh etadi. Shu sababli kuchli va zaif tomonlari oshkor bo‘ladi. Korona inqirozi ham  Amerika davlati , xalqi va jamiyatidagi illatlarni  ayovsiz ochib tashlamoqda.  Bir jihatdan doktor va hamshiralardagi fidoyilik , jasorat kabi xislatlarga  , odamlardagi  xayr- saxovat va o‘zaro yordam fazilatlariga havas qilamiz. Boshqa tarafdan qurol yaroq do‘konlaridagi uzun navbatni ko‘rib achinamiz. Xuddi katta urush boshlanadigandek vasvasaga tushib qurol-aslaha jamg‘arishlarini tushunib bo‘lmaydi. Radikal nasroniylar va ashaddiy respublikachilar virusning jiddiy xatar ekaniga hamon ishonishmaydi. Liberal mediya o‘ylab topgan qandaydir fitna deb qaramoqda.

Hamma katta voqealardan keyin Amerika qaysidir darajada o‘zgargan. Masalan 1929 yilgi inqiroz sababli davlat Yangi Bitim loyihasini boshlagan. Shu loyiha bo‘yicha  infratuzilma uchun milliardlab dollar sarflangan , millionlab odamlar  ish bilan ta’minlangan. Shu orqali iqtisod oyoqqa turib olgan. Yoki 2008 yilgi moliyaviy inqirozda davlat  sakkiz yuz milliard dollar tikib qulayotgan banklarni qutqarishi radikal respublikachilarni g‘azabga keltirgan va natijada Choy Partiyasi vujudga kelgan edi. Tramp ana shu reksiyaning mahsuli deyish mumkin. Ammo o‘z tarafdorlarining  g‘oyalariga zid holda ikki trillionlik yordam loyihasini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Bundan boshqa chorasi yo‘q.

Bu safar ham qandaydir o‘zgarish bo‘lishi tabiiy. Zora shu korona inqirozidan to‘g‘ri xulosa chiqarib AQSh tashqi siyosatidagi ortiqcha kuch ishlatishni bas qilsa,  urushlarga sarflangan trillionlarni o‘z xalqini universal  tibbiy xizmat bilan ta’minlashga, qashshoqlikni kamaytirishga sarflasa, o‘zi keltirib chiqargan qochqinlarni ko‘proq qabul qilsa ,  dunyoga yaxshilik va umid berish orqali o‘rnak bo‘lsa deb qolamiz. Lekin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан