Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus aviakompaniyalarni xarob qilmoqda: ko‘pchiligi moliyaviy yordamsiz yozgacha ham yetib bora olmaydi
17.03.2020 15:29,  
812

Aviatsiya sohasida sekin-asta ko‘zga ko‘rinmas inqiroz yetilib kelyapti, soha vakillari koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyatda aviakompaniyalar hukumatlarning yordami va soliq to‘lovchilarning pullarisiz yashab qolishiga ishonmaydi. 

Dastlab Osiyo, uning ortidan esa Yevropa va Amerika ham epidemiyani to‘xtatish umidida havo darvozalarini yopishni boshladi. Aksar aviayo‘nalishlar parvozlar sonini eng quyi darajagacha qisqartirishga majbur bo‘ldi. Samolyotlar yerda turibdi, chiptalar sotilmayapti. Ammo oyliklar va qarzlarni baribir to‘lashga to‘g‘ri keladi. 

Bunday holatda aviatsiya uzoq turib bera olmaydi – soha mutaxassislari va aviakompaniyalar rahbarlari hali yoz kelmay turib inqirozga uchraydigan ilk kompaniyalar paydo bo‘lishidan ogohlantiryapti. Dushanba kuni dunyodagi havo flotining yarmini o‘zida birlashtirgan uchta aviatsiya ittifoqi qo‘shma bayonot chiqarib, hukumatlar va aeroportlardan o‘zlarini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi. 

“Bu istisnoli davr g‘ayrioddiy choralarni taqozo qiladi. Koronavirus tarqalishi bilan yuzaga kelgan kutilmagan vaziyat aviatsiya sohasi uchun o‘lim tahdidiga aylandi”, deyiladi Oneworld, SkyTeam va Star Alliance ittifoqlarining rahbarlari yozgan xatda

Ba’zilarning fikricha, dunyoda parvozlarning hozirgidek cheklanishi (yangilab boriladigan to‘liq ro‘yxat) agar ikki-uch oydan ortiq davom etsagina jiddiy zarar keltirishi mumkin. Ammo boshqa tahlilchilar ancha vahimada.

“May oyining oxiriga borib dunyodagi aviakompaniyalarning katta qismi iqtisodiy bo‘hronga uchraydi. Agar yirik halokatdan qutulib qolishni istasak, unda hukumatlar va soha vakillari o‘zaro kelishib va kechiktirmasdan harakat qilishi kerak”, deb yozdi aviatsiya sohasiga doir Centre for Aviation (CAPA) portali. 

Qanday yordam berish mumkin?

AQSh, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Braziliya va Rossiya hukumatlari allaqachon milliy aviakompaniyalarga yordam va’da qildi, lekin hali bu yordam qanday ko‘rinishda bo‘lishi aniqlashtirilmadi. 

Bo‘sh samolyot – bugungi kunimizning eng yorqin ifodasi/GETTY IMAGES

 

Aviakompaniyalarning o‘zlari hukumatlardan soliq ta’tili va qisqartirishlarni so‘ramoqda: bunda yo‘lovchilardan olinadigan yig‘imlarni tushirish yoki parvozlar uchun to‘lanadigan to‘lovlarni kamaytirish nazarda tutilgan. Aeroportlardan esa majburan to‘xtab turgan samolyotlar uchun joy to‘loviga chegirma berish so‘ralyapti. 

Hozircha ular aeroportdagi turish joylarini taqsimlash qoidalarini vaqtincha bekor qilishga erishdi: qoidaga ko‘ra har bir aviakompaniya o‘ziga ajratilgan hududning kamida  80%idan foydalanmasa, undan mahrum bo‘lar, aviakompaniyalar bu joylarni saqlab qolish uchun yarmi bo‘sh samolyotlarni ham uchirishga majbur edi. Bu qoidalarga nisbatan so‘nggi haftalardagi aviakompaniyalarning noroziligiga sekin-asta havoning global isishiga qarshi kurashchilar ham qo‘shildi va hukumatlar yon berdi. 

AQSh Federal Aviatsiya Ma’muriyati (Federal Aviation Administration – FAA) mamlakat hududida joylashgan yettita aeroportdagi samolyotlar turish joylarini 31 maygacha qoidalardan ozod qildi. Yevropa Ittifoqi (YeI) esa ushbu qoidalarni Osiyoga parvozlar uchun iyun oyigacha to‘xtatdi, shu bilan birga boshqa yo‘nalishlar uchun ham shunday qilishga va’da berdi. Hozirda YeI hukumatlari bu qarorni rasmiylashtiryapti. 

Ammo hukumatlar Yevropa aviatashuvchilarining boshqa iltimoslarini – qit’aning “yashil kelajagini ta’minlashi ko‘zda tutilgan” yangi yoqilg‘i yig‘imi va soliqlarni kechiktirish haqida eshitishni istamayapti.            

“Yevropa aviakompaniyalari o‘ta noodatiy davrda turibdi. Ko‘rinishidan, bu soha yashab qolishi uchun hukumatlar tomonidan o‘zaro kelishilgan qo‘llab-quvvatlash talab etiladi”, deydi Ko‘hna qit’aning eng yirik beshta aviatashuvchisidan biri bo‘lgan EasyJet rahbari Yohan Lundgren.

Uning hamkasblari ham bu borada o‘z xavotirlarini bildirmoqda. 

Finnair boshqaruvchisi Topi Manner: “Hozirdanoq aniq bo‘ldi, koronavirus – aviatsiya tarixidagi eng jiddiy inqirozdir”. 

British Airways rahbari Aleks Kruz: “Aviatsiya jahon miqyosidagi inqiroz bilan to‘qnashdi. Bu Sars epidemiyasidan ham, 9/11 voqeasidan (2001 yil 11 sentyabrdagi AQShdagi teraktlar) ham yomonroq. Biz qarzlarimizning hozirgi darajasida ortiq kuchimizni saqlab tura olmaymiz va ish o‘rinlarini qisqartirishimizga to‘g‘ri keladi: bu balki qisqa muddatgadir, balki uzoq vaqtga cho‘zilishi mumkin”. 

Delta boshqaruvchisi Ed Bastian: “Bungacha hech qachon bu kabi kuchli talab qisqarishiga guvoh bo‘lmaganmiz”. 

IAG rahbari (British Airways, Iberia, Vueling va Aer Lingus egasi) Uilli Uolsh: “Barcha yo‘nalishlar va barcha aviakompaniyalar bo‘yicha chipta sotish miqyosi jiddiy ravishda tushib ketdi. Taxminimizcha, kamida yozning o‘rtalarigacha talab kuchsiz bo‘lib qoladi”.

IATA (International Air Transport Association – Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi) rahbari Aleksandr de Junyak: “Inqirozning davomiyligi va muntazam kuchayib borishiga qarab bo‘hron yuz beradi. Agar pasayish hozirgidek davom etib, yana ikki-uch oyga cho‘zilsa, unda aviakompaniyalar qiyinchilikka uchraydi”. 

Britaniya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (Civil Aviation Authority) rahbari Richard Moriarti: “Aviatsiya va sayyohlik sanoati hech qachon bunday qiyinchiliklar bilan to‘qnashmagan. Va bu holat qancha uzoq davom etsa, bir qator kompaniyalarda yashab qolish imkoniyati shunchalik kam qoladi”. 

British Airways'ning aksar samolyotlari yaqin haftalar ichida havoga ko‘tarilmaydi/AFP

Kim yashab qoladi?

Hamma ham yordam so‘rayotgani yo‘q.

Birinchi o‘rinda kuchli kreditlangan (ko‘p kredit olgan) kompaniyalarda muammo yuzaga keldi. Inqiroz ularning bir qismiga biznesni faol kengaytirish bosqichida kirib keldi, ular quvib o‘tishni istagan raqobatchilar esa soliq to‘lovchilarning pullari evaziga sohani “sug‘orish”ga qarshi siyosat yuritadi (ya’ni, bo‘hronga uchrayotgan aviakaompaniyalarga imtiyozlar berilishiga qarshi chiqadi). 

AQShning Delta aviakompaniyasi ulushlariga egalik qiladigan Virgin Atlantic rahbari Richard Brenson Britaniya hukumatiga aivakompaniyalarni qariyb 10 milliard dollar miqdorida imtiyoz va kreditlar bilan qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi. 

Biroq u bilan raqobatlashuvchi British Airways aviakompaniyasining egasi bo‘lgan IAG hukumat tomonidan berilgan dotatsiya – qarz imtiyozlariga qarshi chiqdi. Chunki kompaniyaning 11 milliard dollar miqdoridagi naqd puli u uchun xavfsizlik yostiqchasi bo‘lib xizmat qiladi. IAG o‘z qarashlari bo‘yicha natijaga erishib ulgurdi: britan hukumatini sohadagi birinchi qurbon – mintaqaviy parvozlarni amalga oshiruvchi Flybe’ni qutqarib qolish fikridan qaytardi.

“Bu inqirozda naqd pul hal qiluvchi o‘ringa ega”, deydi aviatsiya sohasidagi yetakchi tahliliy nashrlardan bo‘lgan The Airline Analyst’ning boshqaruvchi direktori Maykl Daf. 

Uning fikricha, Atlantika okeani uzra daromadli parvozlarni amalga oshiruvchi yirik aviakompaniyalar inqiroz uch oydan yarim yilgacha cho‘zilgan taqdirda uni yengib o‘ta oladi. 

“Ammo ikkinchi darajali o‘yinchilar, shuningdek, mintaqaviy aviakompaniyalar va Yevropadagi milliy aviatashuvchilar yo‘q bo‘lib ketish tahdidi oldida turibdi”, deb taxmin qiladi u. 

Ryanair (Irlandiya) va EasyJet (Buyuk Britaniya) o‘z samolyotlarining katta qismini to‘xtash joylariga ko‘chirdi va parvozlarni butunlay bekor qilishni ham istisno etmayapti/GETTY IMAGES

G‘arb davlatlari yagona frontda turishi va aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashi lozim. Aks holda, joriy inqiroz tugaganida soha butunlay boshqacha ko‘rinishga kelib qoladi, deb yozadi Centre for Aviation tahlilchilari. 

Bu “urush”da ortida geosiyosiy maqsadlarga ega davlatlar turadigan aviakompaniyalar g‘alaba qozonadi. Masalan, Xitoy yoki arab davlatlaridagi aviakompaniyalar kabi. Amerikaliklar ta’sirli kasaba uyushmalari qo‘llab-quvvatlovi bilan subsidiya – moddiy yordam olishga erishadi. Yevropaning bir qator davlatlari ham o‘z aviakompaniyalarini qo‘llab yuboradi.         

“Xususiy aviakompaniyalarda esa bunday xursand qiluvchi istiqbol yo‘q”, deb qo‘shimcha qilgan Centre for Aviation mutaxassislari bu ketishda dunyoda faqat yirik va milliy aviakompaniyalargina jon saqlab qolishi, bu esa raqobat muhiti, iste’molchilar huquqi va sayyohlik sohasi uchun xavfli ekanligidan ogohlantiradi. 

Amerika va Yevropa parvozlarni keskin qisqartirishdan bir hafta oldin Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) koronavirus tarqalishi tufayli 2020 yili aviakompaniyalarning aylanma daromadi 113 milliard dollarga qisqarishini aytib chiqdi. Atigi ikki oy oldin esa ayni shu tashkilot bu yil aviakompaniyalarning tushumi 4%ga oshib, 870 milliard dollarga yetishi, sof foyda esa 30 milliardni tashkil etishini va’da qilgandi. 

Hozir esa foyda haqida hech kim eslamayapti – yashab qolinsa bo‘ldi. 

Bu vaziyatda aviakompaniyalarning o‘zigina zarar ko‘rmayapti. Yevropa aeroportlari uyushmasi xabar berishicha, o‘tgan haftada yo‘lovchilar oqimi ikki baravarga tushib ketgan, undan avvalgi haftadagi qisqarish esa chorak qism bo‘lgandi. Yanvar-mart oylarida aeroportlar avvaldan kutilgan 100 million yo‘lovchi va 2 millard yevro tushumdan mahrum bo‘ldi.

Kim qanchaga qisqardi?

Yevropaning eng yirik byudjet – narxlari hamyonbop aviakompaniyalari bo‘lgan Ryanair (Irlandiya) va EasyJet (Buyuk Britaniya) o‘z samolyotlarining katta qismini to‘xtash joylariga ko‘chirdi va parvozlarni butunlay bekor qilishni ham istisno etmayapti.

British Airways (Buyuk Britaniya), Iberia (Ispaniya), Vueling (Ispaniya, Barselona) va Aer Lingus (Irlandiya) aviakompaniyalariga egalik qiluvchi IAG aprel-may oylarida o‘z samolyotlarining faqat 25%ini havoda qoldiradigan bo‘ldi. 

Nemis Lufthansa’siga tegishli samolyotlarning uchdan ikki qismi bo‘sh turibdi.

Virgin Atlantic (Buyuk Britaniya) 26 martgacha o‘zining yo‘lovchi tashish quvvatini 75%ga, aprelda esa 85%ga qisqartiryapti.

Air New Zealand (Yangi Zelandiya) ham xuddi shunday holatda.

Finnair (Finlandiya), SAS (Daniya-Norvegiya-Shvetsiya), Air France-KLM (Fransiya-Niderlandiya) va Cathay Pacific (Hongkong) – parvozlarini 90%ga qisqartirdi. 

Latviyaga qarashli Air Baltic barcha parvozlarini bekor qildi. 

Norwegian (Norvegiya) 4 000 ta parvozni bekor qildi, xodimlarining yarmini qisqartiryapti. 

Janubiy Koreyaga tegishli Korean Air koronavirus o‘zining mavjudligini xavf ostida qoldirgani haqida ogohlantirdi.

AQShdagi Delta aviakompaniyasi parvozlari miqdorini qariyb 40%ga qisqartirib, 300 ta samolyotini yerda qoldirdi. Xarajatlarini ham 2 milliard dollarga kamaytiryapti. 

AQShdagi eng yirik aviakompaniya bo‘lgan American Airlines esa deyarli barcha xalqaro parvozlarini to‘xtatdi. 

Avstraliyaning eng yirik va asosiy aviakompaniyasi bo‘lgan Qantas xalqaro yo‘nalishlarni 90%ga, ichki yo‘nalishlarni esa 60%ga qisqartirdi.   

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан