Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus inqirozi kapitalizm poydevorini yaxshigina silkitib tashlayapti
31.03.2020 12:00,  
988

Koronavirusning oqibati shu bo‘ldiki, u kapitalizmning zaif tomonlarini ko‘rsatib bermoqda. AQSh va Britaniya misolida oladigan bo‘lsak, o‘ng va so‘l partiyalar orasida davlatning iqtisoddagi roli, soliq siyosati, ijtimoiy himoya va byudjetni qanday sarflash bo‘yicha jiddiy ixtiloflar bo‘ladi.

AQShda Demokrat va Respublikachilar, Britaniyada Leyboristlar va Konservatorlar bir-biriga muxolif. Ikki tomon ham kapitalizm tarafdori bo‘lsa-da, ular o‘rtasidagi asosiy ixtilof davlatning roli qanchalik bo‘lishida haqida.

Masalan, Leyboristlar ko‘proq soliq solib uni muhtojlarga taqsimlash tarafdori bo‘lsa, Konservatorlar iloji boricha soliqni kamaytirib, biznesga yordam berish kerak, deydi va oqibatda katta bizneslarga yon bosadi.

So‘lchi bo‘lgan AQSh Demokratlari va Britaniya Leyboristlari esa davlat soliqni oshirish hisobiga uzoq muddatli investitsiyalar qilish, infratuzilmani yaxshilash, maktablar va shifoxonalar qurish, kambag‘al qatlamga yordam berishga targ‘ib qiladi.

2008 yilgi inqirozdan keyin o‘ngchi bo‘lgan Respublikachilar va Konservatorlar byudjet kamomadini kamaytirishga qattiq kirishib ketdi. So‘lchi bo‘lgan Demokratlar va Leyboristlar “hozir davlat sarflashini kesadigan paytmas, ishchilarni va bizneslarni qo‘llash uchun kamomad oshsa ham yordam berib turishimiz kerak, toki oyoqqa turib olguncha“, degan g‘oyani olg‘a surdi, ammo foydasi bo‘lmadi.

AQShda Barak Obamaga qattiq qarshilik qilindi. Sog‘liqni saqlash sohasida ko‘zlagan islohotlarini to‘liq amalga oshirolmadi. Qisman qilgan ishini ham Donald Tramp kelib bekor qila boshladi.

Britaniyada 2010 yildan beri Konservatorlar qudratga kelib byudjetni ayovsiz kesdi, ayni paytda katta bizneslarga soliq stavkasini kamaytirdi. Eng past va ojiz qatlam katta zarar ko‘rdi. Sog‘liqni saqlash sohasida inqiroz kuchaydi.

Mana endi maqsadga o‘tamiz. Koronavirus eng yomon paytda kelib qoldi. 12 yillik osteriti-kesish siyosatidan faqat skeleti qolgan sog‘liqni saqlash tizimi inqirozga tayyor emasligi shundoq ko‘rinib qoldi. Leyboristlar o‘n yildan beri ogohlantirgan fojia yuzaga keldi.

Byudjet kamomadini kamaytirish uchun ko‘rgan choralari burnidan buloq bo‘lib chiqib ketmoqda. Chunki cho‘kayotgan iqtisodni qutqarish uchun AQSh ikki trillion dollarlik yordam dasturi qabul qildi. Britaniya ham jami besh yuz milliard dollardan oshiq yordam boshladi. Liberal erkin iqtisod tarafdorlari birdaniga sotsialistga aylanib qoldi.

1980 yillarda Britaniya bosh vaziri Temir Leydi laqabli Margaret Tetcher “ Jamiyat degan narsa yo‘q, faqat shaxslar bor“ degan edi.

Koronavirusidan burni yerga ishqalangan Boris Jonson (Konservator partiyasidan) o‘sha Tetcherning mashhur gapiga ishora qilib, “Jamiyat degan narsa bor ekan“, deb e’tirof qildi .

Butun iqtisodiy tizimi jar yoqasiga kelib qolgan paytda davlat “Eng so‘ngi valine’mat, eng oxirgi chora“ rolini o‘ynamoqda. Xususiy bizneslar damini oldi, ular yaxshi kunlarda foyda ko‘rishni qoyillatarkan, xolos. Davlat bari bir davlatligini qilarkan .

Qanchalik tushuntiroldim, bilmadim. Ammo, koronavirus inqirozi kapitalizm poydevorini yaxshigina silkitib tashlamoqda. Iqtisodchilar 1929 yilgi depressiya miqyosidagi dahshatli iqtisodiy bo‘hron ehtimoli juda yaqinligini aytmoqda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан