Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus inqirozi: O‘zbekiston undan qanday chiqadi?
12.03.2020 19:42,  
3131

Keling, so‘zimizni fransiyalik sham ishlab chiqaruvchilarning deputatlar palatasiga yozgan petitsiyasidan boshlasak. Petitsiyaning mazmuni taxminan shunday: “Hurmatli janoblar, sizlarga fransiyalik mahalliy ishlab chiqaruvchilarni, xususan, sham ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida ajoyib taklif bermoqchimiz. Bugungi kunda sizlar hamma ishlab chiqaruvchilarga birdek imkoniyatlar berish ustida bosh qotiryapsizlar va albatta, bu to‘g‘ri. Lekin bizga shunday bir raqobatchi paydo bo‘ldiki, u paydo bo‘lishi bilan bizning butun savdomiz to‘xtab qoladi. Bu qanday raqobatchi, dersiz? Bu eng katta raqobatchi – quyoshdir. Sizlardan iltimos, shunday qonun chiqaringki, unga ko‘ra, fuqarolar har qanday quyosh nuri tushishi mumkin bo‘lgan tirqishni berkitsin. Shunda sham ishlab chiqarish uchun shuncha ko‘p cho‘chqa yog‘i ishlatiladi. Bu degani mamlakatda cho‘chqa, mol, qo‘y va echkilar soni shuncha ko‘payadi, mamlakat bozorlari arzon go‘sht, teri va junga to‘yinadi. Eng muhimi, mamlakatning boyligi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi arzon va tabiiy o‘g‘it bilan ta’minlanadi. Minglab kemalarimiz kit ovlash uchun otlanadi, pirovardida esa, mamlakat kuchli flotga ega bo‘ladi. Nahotki, vatanparvar sifatida siz buni istamaysiz”.

Yuqoridagi petitsiyaning mavzumizga nima daxli bor, dersiz? Aytish mumkinki, iqtisodiyot voqea va hodisalarning bir butunligini, ularning yaxlit tizim ekanligini ifoda etuvchi jarayon va munosabatlar yig‘indisidir. Bugungi kunda iqtisodiy jarayonlarning tobora chuqurlashib borayotganligi, bir iqtisodiy jarayonning ikkinchi bir jarayonni keltirib chiqarishini taqozo etadi. Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda koronavirus epidemiyasi global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda: fond bozorlarining indekslari tushib bormoqda; kompaniyalar mablag‘larni tejash maqsadida o‘z byudjetlarini qisqartirmoqda; korxonalar qisqartilgan ish tartibiga o‘tmoqda.

Dunyo mamlakatlarida koronovirus epidemiyasining tarqalishi

 

Dunyo fond birjalarida bunday keskin pasayish o‘n yillardan buyon kuzatilmayotgan edi. Reuters agentligining hisob-kitoblariga fevral oyining oxirgi haftasi 2008 yilda boshlangan moliyaviy inqiroz davridan buyon kuzatilgan iqtisodiy va moliyaviy jihatdan eng noxush hafta bo‘ldi. Butun dunyoda investorlar vahima ostida aksiyalarni sotishga tushdilar, rivojlanayotgan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarning valyutasi, xom ashyo kontraktlari narxi keskin qadrsizlana boshladi. Koronavirus vahimasi ortida oxirgi kunlar  ichida jahon fond birjalarida 10 trillion dollar yo‘qotildi. Aksiyalar narxi nafaqat AQSh fond birjalarida, balki Yevropa va Osiyoda ham tushib ketgan. Yaponiyaning tayanch indeksi Nikkei 225 6 mart kuni 2,7 foizga, Janubiy Koreya indekslari 2,2 foizga, Hongkong birjasi indeksi 2,3 foizga, Xitoyning SHCOMP indeksi 1,3 foizga tushib ketgan. Yevropadagi fond birjalari Yevropa davlatlarida koronavirus jadal tarqalayotgani haqidagi xabarlar ortidan 3-3,6 foizga pasaygan. Osiyo fond birjalarida ham 9 mart holatiga ko‘ra keskin pasayish kuzatildi.

Osiyo mamlakatlari fond bozorida indekslarning pasayishi

 

2008 yil haqida so‘z borar ekan, bu o‘z navbatida “Nahotki dunyo iqtisodiyoti koronovirus epidemiyasi tufayli keng qamrovli iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan bo‘lsa?” – degan savolni uyg‘otishi tabiiy. Yaqin-yaqingacha xalqaro ekspertlar koronovirus epidemiyasi keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risida gapirishga hali erta, deb hisoblab keldilar. Biroq, fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida “retsessiya” tushunchasi ko‘p ishlatila boshlandi va iqtisodiy rivojlanishning bo‘lg‘usi ko‘rsatkichlari borasida pessimistik bashoratlar turli iqtisodiy nashrlarning birinchi sahifasida qayd etilmoqda.

Xususan, bugungi kunda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ekspertlarining tahlillariga ko‘ra, Hindiston iqtisodiyoti 1,1%, Xitoy iqtisodiyoti 0,8%, AQSh iqtisodiyoti 0,1%, Fransiya iqtisodiyoti 0,3%, Buyuk Britaniya iqtisodiyoti 0,2%, Germaniya iqtisodiyoti 0,1%, Yaponiya iqtisodiyoti 0,4%, Italiya iqtisodiyoti 0,4%gacha pasayishi kutilmoqda.   

Deutsche Bank’ning bosh iqtisodchisi va DB Research tahlil markazining rahbari David Folkerts-Landau(David Folkerts-Landau)ning fikricha, koronovirus tufayli Germaniya va Yevropa Ittifoqida va ayniqsa Italiya iqtisodiyotida kuchli retsessiya holatlari kuzatiladi. Shu sababli Italiya hukumati koronovirus tufayli iqtisodiyot tarmoq va sohalari ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararni qoplash maqsadida 3,6 milliard yevro ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, sal avvalroq Italiya hukumati koronovirusdan katta zarar ko‘rgan hududlarga 900 million yevro ajratilganligini ma’lum qilgan edi. Haqiqatdan ham bugungi kunda Italiyadagi vaziyat qattiq tashvish uyg‘otadi: 12 mart, payshanba tongiga kelib 12 500 ga yaqin inson koronavirusdan zararlangan, ulardan 827 kishi vafot etgan, 1 045 kishi esa tuzalib ketgan.  Ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada kasallikka chalinganlarning qariyb 6,64%i o‘lim holati bilan yakun topmoqda.

Eronda koronovirus bilan kasallanganlar soni 10 075, vafot etganlar esa 429 kishini (4,26%ni) tashkil etdi. Kasallikdan vafot etganlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda Xitoy (3,91%), to‘rtinchi o‘rinda esa AQSh (2,87%) qayd etilgan.Har million kishiga nisbatan koronovirus bilan kasallanganlar soni borasida Janubiy Koreya birinchi o‘rinda (142,1), Italiya ikkinchi o‘rinda (121.9), Eron uchinchi o‘rinda (80.9), Xitoy esa to‘rtinchi o‘rinda (58.3) qayd etilgan.

Shu bilan bir qatorda, bank mutaxassislarining tahlillariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyotining sekinlashishi unchalik katta bo‘lmasada, butun dunyo miqyosida global retsessiya holatlari kuzatiladi. Taqdim etilayotgan ssenariyga ko‘ra, koronovirus bilan dunyo bo‘ylab 3 millionga yaqin odam kasallansa, undan vafot etganlar soni taxminan 30 mingtani tashkil etadi. Ayni paytda epidemiya qurbonlarining rasmiy soni 4 200 dan oshiqroqdir. Bu ma’lumotlar kun sayin  yangilanib borayotgani katta tashvish uyg‘otadi. 

XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva 4 mart, chorshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida koronavirus epidemiyasi tufayli xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) jahon iqtisodiyoti uchun 2020 yilga mo‘ljallangan avvalgi prognozini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Uning fikricha, voqealar rivojining salbiy tus olishiga tayyorgarlik ko‘rish kerak va koronavirusning dunyo iqtisodiyotiga noxush ta’siri tezda bartaraf bo‘lishini kutmaslik lozim. “Agar virus tezda jilovlangan taqdirda ham uning salbiy oqibatlari dunyo va Xitoy iqtisodiyotidagi o‘sishga ta’sir qiladi. Tabiiyki, biz vaziyatning tezda o‘nglanib olishidan umidvormiz. Ammo hozirgi vaqtdagi noaniqlikni hisobga oladigan bo‘lsak, voqealar rivojining juda noxush tus olishiga tayyor turishimiz shart”, dedi u.

Hozirgi kunda dunyo moliyaviy bozorlarida bitimlar kamaymoqda. Chegaralarning yopilishi, aholi qatnovining to‘xtashi natijasida iste’mol ham, ishlab chiqarish ham pasaymoqda. Bu birinchi navbatda jahon savdosi sur’atlarining pasayishini anglatadi. Shu munosabat bilan bugungi kunda XVJ va Jahon banki koronovirusga qarshi kurashish maqsadida rivojlanayotgan va kambag‘al mamlakatlarga salkam 50 milliard AQSh dollari miqdorida kredit malag‘lari ajratish borasida qaror qabul qildi. AQSh 2008 yildan buyon birinchi marotaba “koronovirus inqirozi” oqibatlarini minimallashtirish maqsadida foiz stavkasini birdaniga 0,5 punktga pasaytirdi.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Xitoyda aniqlangan va bugungi kunga kelib dunyoning 100dan oshiq mamlakatlarini qamrab olgan koronovirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotiga quyidagicha ta’sir ko‘rsatish mexanizmiga ega bo‘ladi:

1. Koronovirus tarqalishi xavfining ortishi oqibatida mamlakatlar chegaralarni vaqtincha yopishga, kirish-chiqish tizimini qattiq nazorat qilishga majbur bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida yo‘lovchi va yuk tashish borasida transport-logistik xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarning moliyaviy holatiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi va katta ehtimol bilan aytish mumkinki, mazkur kompaniyalarning kattagina qismi inqirozni boshidan kechiradi.

Fikrimizning tasdig‘i sifatida shuni aytishimiz mumkinki, so‘nggi bir oy ichida aviatashuvlar quvvati Tayvanda 90,4%, Gonkongda 85,6%, Vetnamda 85,9%, Tailandda 76,2%, Malayziyada 75,2%, Yaponiyada 74,6%, Janubiy Koreyada 69,3 %, Rossiya Federatsiyasida 67,4%, Kanadada 58,2%, Kambodjada 45,5%gacha pasaygan.

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi – IATA’ning ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiyaning tarqalish shiddatidan kelib chiqqan holda,  dunyo  aviakompaniyalarining  2020 yildagi yo‘qotishlari 63 milliard dollardan 113 milliard dollargachani tashkil etishi mumkin. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi uchun ham bu holat xosdir.

Dunyoning ayrim mamlakatlarida avitashuvlar quvvatining pasayishi, % hisobida

 

2. Koronovirus pandemiyasining dunyo mamlakatlari bo‘ylab keng tarqalishi asnosida sayyohik xizmatlar bozori juda katta inqirozni boshidan kechiradi. Xususan, Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ma’lumotlariga ko‘ra Xitoyga har yili 60 milliondan ortiq, Fransiyaga 86,9 million, Ispaniyaga 81,8 million, AQShga 76,9 million, Italiyaga 58 milliondan ko‘proq sayyoh tashrif buyuradi.

Turizm sohasi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bandlik, valyuta va soliq tushumlarining asosiy manbai hisoblanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda sayyohik daromadlarning valyuta oqimi xorijiy donorlardan olinadigan barcha yordam oqimlaridan ancha katta. “World Travel & Tourism Council” ma’lumotlariga ko‘ra, sayohat va turizm uchun sarflangan har bir dollar uch dollardan ortiq iqtisodiy daromad keltiradi. Dunyo bo‘ylab ushbu sohada 100 milliondan ortiq ishchi ishlaydi, yuqori sifatli mehmonxonalar byudjet mehmonxonalaridan ikki barobar ko‘p ish o‘rinlari yaratadi.

Jahon Savdo Tashkiloti (JST) tomonidan sayyohlar soni 2020 yilga borib yiliga 1,6 milliard kishiga ko‘payishi, bu esa xalqaro turizmdan naqd pul tushumi 2020 yilga borib 2 trillion AQSh dollaridan ortishiga olib kelishi prognoz qilingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, jahon sayyohik xizmatlar bozoridagi vaziyat salbiy tus olishi aniq bo‘lib qoldi.2018 yilda 150 million Xitoy fuqarosi dunyo mamlakatlariga sayyoh sifatida chiqqan va va 277 milliard dollar mablag‘ sarflagan.

Bugungi kunga kelib, xorijiy sayyohlarni ko‘p qabul qiluvchi Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan biri bo‘lgan Italiya sayyohlik biznes vakillari uyushmasining rahbari Vittorio Messinaning so‘zlariga ko‘ra  koronovirus tufayli 1,6 milliard yevro va 13 milliondan ko‘proq sayyohlarni yo‘qotishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. “Turizm va sayyohlik bo‘yicha butun jahon tashkiloti” (WTTC) Prezidenti Gloriya Gevara “Yel Mundo” gazetasiga bergan intervyusida Oxford Economics bilan birgalikda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra koronavirus epidemiyasi tufayli dunyo turizm bozori 22 milliard dollar yo‘qotishi va jarayonlar yana salbiy tus olsa, bu ko‘rsatkich bir necha barobarga oshishi  mumkinligini bildirib o‘tdi.

3. 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi asosan iqtisodiyotning real va moliyaviy sektorini qamrab olgan bo‘lsa, koronovirus tufayli dunyo iqtisodiyotidagi pasayishlar va aytish mumkinki, “koronovirus inqirozi” mamlakat ichida va mamlakatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-madaniy aloqalarning cheklanishiga ham olib kelmoqda.

Dunyoning barcha mamlakatlarida yaqin kunlar va oylar ichida o‘tkazilishi rejalashtirilgan turli xil ijtimoiy-madaniy va sport  tadbirlarini keyinroqqa surish yoki bekor qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga imkoni boricha bormaslik, zarurat tug‘ilmasa jamoat joylarida bo‘lmaslikni tavsiya qilmoqda. Bugungi kunda Xitoy koronovirus tufayli onlayn o‘qitishni keng joriy etishga kirishdi.

Yaqinda qiziq bir holat ko‘zga tashlandi: Italiyada bo‘lib o‘tgan futbol o‘yinlaridan birida mahalliy Peskara futbol klubining o‘yinchilari maydonga yuziga niqob taqqan holda tushdi, bu o‘z navbatida insonlar o‘rtasida “koronafobiya” avj olganligini ko‘rsatadi. 2020 yil yoz mavsumida ikkita katta sport musobaqasi, xususan, futbol bo‘yicha Yevropa chempionati (Yevropaning 12 ta shahrida) va Tokio shahrida Yozgi olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tibbiyot sohasi mutaxassislarining taxminlariga ko‘ra, koronavirus tarqalishi 2020 yilning yoz oylariga borib susayishi taxmin qilinayotganligini hisobga olsak, bu kabi keng miqyosli tadbirlarning o‘tkazilish vaqti shubha ostida qoladi.

4. Bugungi kunda Xitoy AQShdan so‘ng, ikkinchi kuchli iqtisodga ega bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. 2019 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning YaIMi 13,61 trillion dollarni tashkil etdi. Shu bilan bir qatorda, Xitoy eng katta energiya va xomashyo iste’molchisi hisoblanadi.

Bugungi kunda Xitoy dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan sementning 59 foizini iste’mol qiladi, bunday darajada ko‘p sement iste’mol qilinishi binolar, yo‘llar, ko‘priklar, muhandislik inshootlarining bunyod qilinishi bilan bog‘liq. Birgina, 2017 yilda Xitoyda dunyodagi 144 ta osmono‘par binodan 77 tasi qurib bitkazilgan. (Binolarning balandligi 200 metrdan oshiq!) Xitoy dunyodagi nikelning 57%idan foydalanadi. Mazkur metalldan zanglamaydigan po‘lat, turli sanoat qotishmalari ishlab chiqarish, elektr batareyalar ishlab chiqarishda keng foydalaniladi. Ushbu metalldan foydalanish darajasi so‘nggi bir necha yil ichida jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Dunyo bo‘yicha eritilgan po‘latning qariyb 50%i Xitoyda iste’mol qilinadi.

Dunyo bo‘yicha qazib olinuvchi misning qariyb yarmi Xitoy korxonalari tomonidan iste’mol qilinadi va bu metallga talabning o‘sib borishi elektronika, mashinasozlik, avtomobilsozlik va elektr tarmoqlarini barpo etishning rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq. Qazib olingan ko‘mirning salkam 50 foizi Xitoyda yoqiladi, bugungi kunda mamlakat  energetika balansida ko‘mirning ulushini pasaytirishga harakat qilayotgan bo‘lsada, buni tezkor amalga oshirishning imkoni yo‘q. Bugungi kunda Xitoy o‘zi iste’mol qilayotgan energiyaning 65%ini ko‘mirni yoqish hisobiga oladi. Xitoy bugungi kunda yiliga qariyb 200 milliard kub metr gaz iste’mol qiladi va bu mamlakat energiya balansining 5%ini tashkil qiladi.

Bundan tashqari, neft iste’molining 14%i, alyuminiyning 47%i, oltinning 27%i, makkajo‘xorining 23%i, guruchning 31%i, paxtaning 33%i Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi. Koronovirus tufayli Xitoy ishlab chiqaruvchilari energiya va xomashyo   resurslariga talabni qisqartirmoqda, bu esa o‘z navbatida dunyo bozorlarida energiya va xomashyo resurslariga bo‘lgan narxning pasayishiga olib keladi.

5. Bugungi kunda Xitoy ko‘plab sanoat va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi yirik kompaniyalar uchun asosiy butlovchi va ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi “yirik fabrika” vazifasini bajarib kelmoqda. IHS Markit tahlillariga ko‘ra, bugungi kunga kelib, dunyo avtomobil ishlab chiqaruvchilarining yo‘qotishlari salkam 1,7 million donagacha yetishi bashorat qilinmoqda. Jahondagi Hyundai, Toyota, Tesla, General Motors va Volkswagen kabi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishda jiddiy muammoga duch kelishmoqda. Bugungi kunda Xitoy dunyo avtomobilsozlik korxonalariga ehtiyot qismlarning 28%dan oshiqroq qismini yetkazib beradi.

Xuddi shunday holatni chakana savdo, qimmatbaho tovarlar iste’moli, elektronika va AKT sohalarida ham kuzatish mumkin. Bularning barchasi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun zaruriy mahsulot, butlovchi va ehtiyot qismlar, tovar va xizmatlarni o‘z vaqtida yetkazib berish borasida uzilishlarni keltirib chiqaradi. Xususan, bugungi kunda Xitoy farmatsevtika sanoati uchun substansiyalarni yetkazib beruvchi yirik ta’minotchi hisoblanadi. Yevropa savdo-sanoat palatasining Xitoydagi vakolatxonasi Prezidenti Yorg Vuttkening so‘zlariga ko‘ra, koronovirus tufayli Yevropa farmatsevtika sanoati jiddiy sinovlarga duch kelishi mumkin. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

6. Koronovirusning dunyo bo‘ylab tobora keng yoyilishi mamlakatlar aholisi o‘rtasida hukumatlarga bo‘lgan ishonchsizlikning ortib borishiga va bu esa keyinchalik mamlakat ichida turli xil siyosiy qarama-qarshiliklarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Yuqorida tilga olib o‘tilgan jihatlarning barchasi 2020 yilda butun jahon iqtisodiyoti uchun iqtisodiy pasayish xavf solayotganligini ko‘rsatadi. Iqtisodiy tahlil va bashoratlash borasida yetarlicha nufuzga ega bo‘lgan Oxford Economics’ning tahlillariga ko‘ra, 2020 yilda dunyo iqtisodiyotining o‘sishi 1,3%gacha sekinlashadi va yo‘qotishlar hajmi 1,1 trillion dollardan oshiqroqni tashkil etadi. Ammo shuni ta’kidlash lozimki, bularning barchasi hali bashoratlar, xolos.

Xo‘sh, bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining birinchi sahifasidan tushmayotgan, tahlilchilar bu borada turli bashoratlarni ilgari surayotgan koronovirus epidemiyasining tarqalishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun qanday xavf va imkoniyatlarni taqdim etadi. Shu o‘rinda “Dunyo mamlakatlari iqtisodiyotida pasayish kutilayotgan bir paytda, imkoniyatlar haqida qanday so‘z bo‘lishi mumkin?” – degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.

Dastlab, koronovirus pandemiyasi oqibatida dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgan iqtisodiy pasayish O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rib chiqamiz.

Iqtisod fanlari doktori, BMT Rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi eksperti Sergey Voronin koronavirus tarqalishining dunyo va O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri yuzasidan Kun.Uz saytida e’lon qilgan maqolasida bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, mazkur maqolada O‘zbekistonning eksport va import hajmining pasayishi, mamlakatimizga kirib kelayotgan sayyohlar oqimining kamayishi,  uzoq muddatli davrda Xitoyga gaz yetkazib berish hajmining kamayishi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun katta xavf tug‘dirishi, jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmining o‘tgan yillarga nisbatan past darajada bo‘lishi haqida atroflicha so‘z yuritilgan.

Lekin shu o‘rinda e’tiborga olishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat bor. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida 2,5 million nafardan ziyod O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari mehnat qiladi va ular har yili o‘rta hisobda mamlakatimizga 7 milliard dollardan oshiqroq pul mablag‘lari jo‘natadi. Bugunga kelib, dunyo neft bozorida neft narxining keskin pasayishi (Brent markali neftning 1 barreli narxi 31,27 dollargacha tushdi, AQShda WTI markali (G‘arbiy Texas) neft narxi esa 27,34 dollargacha tushgan) natijasida rubl kursining dollarga nisbatan keskin pasayishi kuzatilmoqda (12 mart holatiga 1AQSh dollari 75,155 rublni tashkil etmoqda).

Tahlilchilarning fikricha, bu vaziyat yaqin oylar ichida ijobiy tomonga o‘zgarishi amri mahol. Vaziyatning bunday tus olishi mehnat muhojirlarining mamlakatga jo‘natayotgan pul o‘tkazmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ma’lumki, mehnat muhojirlari hisobiga mamlakatimiz mehnat bozoridagi vaziyat bir oz bo‘lsada, muvozanatlashgandir. Uzoq muddatli istiqbolda vaziyat o‘nglanmasa, mehnat muhojirlarining yoppasiga vatanga qaytishi mehnat bozorida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi tayin.

Mana shunday vaziyatda biz qanday yo‘l tutganimiz ma’qul?

Bizningcha, koronovirus tufayli mamlakatimiz iqtisodiyoti ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlarni imkon darajasida kamaytirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim:

1. Mao Szedunning “O‘zgarishlar shamolini his qilgan odam, shamoldan o‘zini panalashi emas, aksincha, shamol tegirmonini qurishi lozim”, degan mashhur iborasiga amal qilgan holda, iqtisodiyotdagi soha va tarmoqlarni modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish dasturlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan davlat dasturini ishlab chiqish lozim. Bunda mahalliy tadbirkorlarimiz mazkur vaziyatni o‘ziga xos imkoniyat sifatida qabul qilishlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi bozorlar izlab topishga katta e’tibor qaratishlari lozim.

2. Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan globallashuv va integratsiya jarayonlarini tabiiy jarayon sifatida qabul qilish asnosida, mamlakatimizning yaqin qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashimiz talab etiladi.

3. Hozirda tarkib topgan vaziyat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mamlakat aholisining birlamchi ehtiyojlarini qondirish borasida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taqozo etadi.

4. Aholi, ayniqsa yoshlarimizning iqtisodiy tafakkurini o‘zgartirish, tibbiy madaniyatni oshirish, ijtimoiy hamjihatlikni yaxshilash orqali iqtisodiy faollikni kuchaytirish.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istar edikki, o‘zbek xalqining o‘ziga xosligi uning hamisha yaxshi niyat, yaxshi o‘y bilan yashashidadir. Biz bir bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilsak, har qanday ofatu balo-qazolarni albatta yengib chiqamiz.

 

Akmal Abduvohidov
Guliston Davlat Universiteti “Iqtisodiyot“ kafedrasi katta o‘qituvchisi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан