Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus nima? Qayerdan keldi? Qanday himoyalanish kerak?
28.01.2020 10:13,  
15746

2019 yilning dekabr oyi o‘rtalarida boshlangan yangi koronavirus (2019-nCoV) epidemiyasi tufayli shu bugungacha 107 nafar inson hayotdan ko‘z yumgani qayd etildi. Ularning barchasi xitoylik.

Tekshiruvlar natijasida ushbu koronavirus o‘zining genetik tuzilishiga ko‘ra 2002 yili Xitoyning Guandun viloyatida paydo bo‘lgan "og‘ir darajadagi o‘tkir respirator sindromi" (ing: "SARS" Severe acute respiratory syndrome) koronavirusi bilan o‘zaro o‘xshash jihatlari mavjudligi aniqlandi.

Koronavirus qayerdan kelib chiqdi?

Hozircha, yangi koronavirusning kelib chiqishi aniq emas. Faqat taxminlar bor xolos. Dahshatli virus ilk bora Xubey viloyatining Uxan shahrida joylashgan Xuanan nomli hayvon va dengiz mahsulotlari bozoriga aloqador bo‘lgan mahalliy aholi vakillarida namoyon bo‘lgan. Mazkur bozorda iste’mol uchun dengiz mahsulotlari, it go‘shti, ilonlar va hatto ko‘rshapalaklar ham sotilgan. Taxminlarga ko‘ra, koronavirus hayvon organizmida mutatsiyaga uchragan. So‘ngra insonga yuqqan.

Ilk boshda koronavirus o‘chog‘i dengiz mahsulotlari degan fikr ilgari surildi. Lekin, kasallik belgilari zotiljam (pnevmoniya) bilan boshlanishiga ko‘ra, uning yuqishi havo orqali amalga oshishi ma’lum bo‘ldi. Va bu versiya noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Keyinchalik, ekspertlar "2019-nCoV" ko‘rshapalaklarda aniqlangan koronavirus bilan yana bir manbasi noma’lum koronavirusning o‘zaro chatishib, gibridlashuvidan hosil bo‘lgan degan to‘xtamga keldilar. Keyingi bosqichda esa koronavirus odamlarga ilonlardan yuqqan degan versiyalar ham o‘rtaga chiqdi.

Shu bugungacha, ushbu koronavirusdan saqlanish uchun biror-bir vaksina yoxud aksilvirus preparat o‘ylab topilmadi. Chunki, ushbu virusning zaif yerlari hali to‘liq o‘rganilmadi.

Virus tarqalish geografiyasi kengayib bormoqda

Joriy yilning 28 yanvariga qadar dunyo bo‘yicha 4474 ta yangi koronavirusni yuqtirish holati aniqlangan bo‘lib, ulardan 4409 tasi Kontinental Xitoyda qayd etilgan. Kontinental Xitoy deyilganda Gonkong va Makao xorij Xitoy Xalq Respublikasi va Tayvan davlatlari tushuniladi. Gonkong va Makao administrativ birliklari maxsus statusga ega.

Gonkong(8), Tailand (8), Makao (6), Avstraliya (5), Singapur (5), AQSh (5), Tayvan (5), Janubiy Koreya (4), Malayziya (4), Yaponiya (4), Fransiya (3), V’yetnam (2), Kambodja (1), Kanada (1), Nepal (1), Shri-Lanka (1), Germaniya (1), Kot-d'Ivuar (1). Xitoyda mazkur virus bilan bog‘liq 107 ta o‘lim holati qayd etildi. 63 kishi sog‘ayishga muvaffaq bo‘ldi.

Yangi koronavirus yuqtirgan bemorlardagi kasallikning ilk klinik simptomlari 2019 yilning 8 dekabridan oldinroqdan namoyon bo‘ldi. Kasallik epidemiyasi haqidagi xabarlar birinchi bo‘lib 2019 yilning 31 dekabrida paydo bo‘lgan.

22 yanvardan boshlab Uxan shahri karantin maqsadida yopib qo‘yildi. Barcha jamot transportlari qatnovi to‘xtatildi. Shaharga kirish-chiqish butkul taqiqlandi. 24 yanvardan boshlab Uxanga yaqin bo‘lgan Xuangan, Echjou, Chibi va Chjitszyan shaharlari ham karantinga olindi. Xitoy hukumati jami 14 shaharga kirish-chiqishni yopib qo‘ydi. Baxtga qarshi, ushbu o‘lim tashuvchi virus Xitoyning Tibetdan boshqa barcha viloyat darajasidagi administrativ birliklarida topildi.

Xitoyliklar odatda o‘zlarining yangi yil bayramlarini o‘ta dabdaba bilan nishonlaydilar. Rasman 15 kun dam oladilar va yangi yil kirishidan oldin va keyin mamlakat ichida sayohat qilganlari kabi xorijga ham sayohatlar uyushtiradilar. Buning natijasida koronavirus dunyo bo‘ylab tarqalish xavfi paydo bo‘lmoqda. Zotan, shu choqqacha umumiy 19 davlatda yangi koronavirusga chalinish holatlari aniqlandi.

Koronavirus qay darajada yuqumli?

Xitoy rasmiylari virus odamdan odamga havo orqali o‘tish xususiyatiga ega ekanligini tasdiqlashdi. Bemorlarga xizmat ko‘rsatayotgan kasalxonalardagi bir qancha tibbiyot xodimlarining mazkur virus bilan kasallanib qolganligi ham uning yuqumli ekanligini tasdiqlaydi.

Xitoylik mutaxassislarning ta’kidlashicha, virusning inkubatsion davri 2 kundan 12 kungacha cho‘zilishi mumkin. Lekin, o‘rtacha, 7 kuni tashkil etadi. Ya’ni, koronavirus insonga yuqqandan keyin 2 kundan 12 kungacha o‘z simptomlarini zohir qilmasligi mumkin. Eng yomoni, bu vaqtda o‘z badanida mazkur virusni tashuvchi kishi o‘zining xastalanganini bilmagan holda muloqotga kirishgan o‘zga kishiga yuqtirishi mumkin. Undan ham yomoni esa mazkur davrda hech qanday teplovizorlar kasallik mavjudligini aniqlashga qodir emas.

Barcha koronaviruslar kabi "2019-nCoV"ning shikast yetkazish zonalari nafas yo‘llari, o‘pka, yurak, oshqozon-ichak trakti, jigar, buyraklar va asab tizimi hisoblanadi. Kasallik simptomlari oddiy shamollash ko‘rinishida boshlanib, tezlik bilan rivojlanadi va o‘tkir respirator kasalligi vujudga keladi. O‘pka shikastlanadi va insonning hayotiga xavf soluvchi o‘tkir nafas olish yetishmovchiligi yuzaga keladi (respiratorniy distress-sindrom).

Koronavirusning grippdan farqi nima?

Koronaviruslarning oddiy gripp viruslaridan farqi shundaki, ular nafaqat inson balki, qush, mushuk, it, qoramol, tuya, cho‘chqa va quyonlar kabi hayvonlarni ham shikastlaydi. Virus mazkur hayvonlar badanida genetik mutatsiyaga yo‘liqadi. Buning natijasida uning xavfliligi, kuchliligi, o‘tkirligi va murakkabligi bir necha barobar ortib ketadi. Bunday viruslar yuqqan organizmda kasallik sindromlari tipik emas atipik xususiyat kasb etadi.

Masalan, virus yuqishi natijasida paydo bo‘luvchi o‘pka yallig‘lanishi oddiy holatdagidan ko‘ra kuchliroq va o‘tkirroq tarzda namoyon bo‘ladi. Bunday viruslar muolajaga osonlikcha "bo‘yin egmasligi" va agressivligi bilan ajralib turadi. Goho, kasallik simptomlari oddiy diareya, enterit kabi qorin og‘rig‘i va ich surish ko‘rinishida ham zohir bo‘lishi mumkin.

Virusdan qanday himoyalanish kerak?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusdan himoyalanish uchun turli xil tavsiyalarni o‘z ichiga olgan materiallar nashr qildi. Mazkur tavsiyalarning ba’zilari quyidagilardan iborat:

- tez-tez qo‘lingizni spirtli moddalar bilan yoki sovunlab yuving;
- gavjum bo‘lgan jamoat joylariga borishdan saqlaning;
- yuvilmagan qo‘llar bilan ko‘z, og‘iz kabi a’zolarga tegmang;
- potensial ma’noda kasallanganlar bilan muloqot qilmang;
- xom go‘sht yoxud yaxshilab termoishlov berilmagan go‘shtlarni iste’mol qilmang;
- yashagan joyingiz va ko‘p kontaktda bo‘ladiganingiz yuzalar ustida dezinfeksiyalovchi vositalar bilan tez-tez tozalash ishlarini amalga oshiring;

Kuzatuvchilarning taxminlariga ko‘ra 2020 yilning fevral oyi o‘rtalari yangi koronavirus epidemiyasining avj nuqtaga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Dinimiz nima deydi?

Agar dinimiz ta’limoti nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu holatda kasallikka qarshi barcha chora-tadbirlarni qo‘llash bilan birgalikda eng samarali chora kasallik o‘chog‘ini chegaralab qo‘yish hisoblanadi. Birdan boshlanib, tez tarqalib, ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘luvchi yuqumli kasalliklar umumiy ma’noda, vabo, o‘lat va to’uvn deb ataladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir qancha hadislarida biror joyda vabo tarqalayotgan bo‘lsa, u yerga bormaslik va ayni damda o‘zi mavjud bo‘lgan makonda paydo bo‘lib qolsa, u yerdan qochib ketmaslikni buyurganlar. Bugungi kunda, zamonaviy tibbiyot mutaxassislari tomonidan amalga oshiriluvchi karantin deb ataluvchi "qamal" ham ushbu hadisi sharif mazmunini aynan aks ettiradi.

Zero, har qanday epidemiologik xarakterga ega bo‘lgan virus juda tez tarqalishi bilan birgalikda juda tez so‘nadi ham. Epidemiyaning avj nuqtasi ortda qolgandan so‘ng ma’lum vaqt o‘tib, virusning atvori o‘zgaradi va odamlarda ham unga moyillik kamayadi.

Alloh taolo barcha insonlarni va xususan, yurtimiz aholisini O‘z hifzu himoyasida asrasin!.. Mudom duoga qo‘l ochgan mushtipar onalarimiz, qaddi ruku’ga egilgan mo‘ysafidlarimiz, hayotga endi kelgan ma’sum go‘daklarimiz haqqi marhamat ko‘rsatib, barcha vatandoshlarimizni O‘zining ofiyati va panohida saqlasin!..

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан