Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus: nima uchun aynan hozir harakat qilish kerak? (1-qism)
25.03.2020 11:20,  
1081

Siyosatchilar, jamoat arboblari va biznes yetakchilari: nima qilish kerak va qachon?

“Boshqa hududlardan ma’lumki, koronavirusdan o‘lish darajasi 0,5% dan 5% gacha bo‘lishi mumkin. Qanday holatlarda o‘lim darajasi 33% ga yetadi?”

Koronavirus atrofida sodir bo‘layotgan barcha hodisalarni hisobga olsak, endi nima qilish haqida bir to‘xtamga kelish juda qiyin tuyulishi mumkin. Yanada ko‘proq ma’lumot berilishini kutish yoki hozirdanoq nimadir qilish kerakmi? Shunday bo‘lsa, keyin nima?

Diagramma, ma’lumot va ko‘plab manbalarga ega modellardan foydalangan holda ushbu maqola orqali sizga quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman:

  • Hududingizda koronavirusni yuqtirish bilan bog‘liq qancha holat kuzatiladi?
  • Agar koronavirus yuqtirish holatlari kuzatilgan bo‘lsa bu nima degani?
  • Siz nima qilishingiz kerak?
  • Buni aynan qachon amalga oshirish lozim?

Maqolani o‘qib bo‘lgach, siz quyidagi xulosalarga kelishingiz mumkin:

  • Koronavirus sizga yaqinlashib kelyapti.
  • Bu o‘ziga xos sur’atda sodir bo‘lmoqda: asta-sekinlik bilan, lekin kutilmaganda.
  • Bu kunlar bilan bog‘liq masala. Ehtimol, bir yoki ikki haftada bo‘lar.
  • Bo‘lganda ham sog‘liqni saqlash tizimi zimmasiga o‘ta og‘ir vazifa tushadi.
  • Bemorlar kasalxona koridorlarida davolanishlariga ham to‘g‘ri keladi.
  • Tibbiyot xodimlari charchab holdan toyadilar. Ba’zilari vafot etishi ham mumkin.
  • Ular qaysi bemor kislorod olishini va qaysi biri o‘lishini hal qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Bularning oldini olishning yagona usuli bugungi kunda ijtimoiy masofalanishdir. Ertaga emas. Aynan hozir!

Bu esa shu kundan boshlab imkon qadar ko‘proq odamning uyda qolishini ta’minlashni anglatadi. Siyosatchi, jamoat arbobi yoki biznes rahbari sifatida sizda buning oldini olish imkoniyati va majburiyati mavjud.

Bugun sizda qo‘rquv paydo bo‘lishi mumkin: agar men juda keskin harakat qilsam nima bo‘ladi? Odamlar ustimdan kulishadimi? Yoki mendan g‘azablanishadimi? Men ahmoq bo‘lib ko‘rinib qolmaymanmi? Ilk qadamni avval boshqalar qo‘yishini kutish yaxshiroq emasmi? Iqtisodiyotga juda ko‘p zarar yetkazib qo‘ymaymanmi?

Ammo oradan 2–4 hafta o‘tgach, butun dunyo barqaror holatga qaytganida, siz amalga oshirgan biroz iqtisodiy zararga sabab bo‘lgan ijtimoiy masofalanish odamlar hayotini saqlab qolganida, ular endi sizni tanqid qilishmaydi: aksincha, vaqtida to‘g‘ri qaror qabul qilganingiz uchun sizdan minnatdor bo‘lishadi.

Shunday ekan, keling buni amalga oshiraylik!

1. Sizning mamlakatingizda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq qancha holat kuzatildi?

Mamlakatlararo o‘sish

Koronavirusga chalinish holati Xitoy hukumati ma’lum barqarorlikka erishmaguncha o‘ziga xos sur’atda o‘sdi. Ammo keyin u boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi va hech kim to‘xtata olmaydigan pandemiyaga aylandi.

Bugungi kunda bu asosan Italiya, Eron va Janubiy Koreya davlatlari bilan bog‘liq:

Janubiy Koreya, Italiya va Eronda kasallikka chalinishning shunchalik ko‘p holatlari qayd etilganki, qolgan davlatlardagi holatni ilg‘ab olish qiyin, ammo keling, o‘ng tomonning pastki qismidagi burchakka yaxshilab qaraylik.

Bugungi kunda jadal sur’atlarda o‘sayotgan o‘nlab mamlakatlar mavjud bo‘lib ularning aksariyati G‘arb mamlakatlardir.

Agar siz bunday o‘sishning atigi bir hafta davomida sodir bo‘lishiga ahamiyat bersangiz, quyidagilarni bilib olasiz:

Bundan so‘ng nimalar bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz yoki qanday qilib virus tarqalishining oldini olishni tushunishni xohlasangiz, e’tiboringizni allaqachon bu holatni boshidan kechirgan mamlakatlarga: Xitoy va Italiya, shuningdek, SARS tufayli kerakli tajribaga ega bo‘lgan Sharq mamlakatlariga qaratishingiz kerak.

Xitoy

Manba: Tomas Puyeyo, Amerika Tibbiyot Assotsiatsiyasi jurnali, Xitoydagi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazining ma’lumotlari asosida olingan tahlil.

Bu eng muhim grafiklardan biridir.

To‘q sariq rang (olovrang)dagi ustunlar Xubeydagi kundalik rasmiy xabar qilingan sonlar: o‘sha kuni qancha odamga tashxis qo‘yilganini ko‘rsatadi.

Kulrang ustunlarda kunlik koronavirus tarqalishining haqiqiy holatlari ko‘rsatilgan. Xitoy CDC buni keyinchalik bemorlardan kasallik belgilari qachondan boshlanganligini so‘rash orqali aniqlagan.

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu ko‘rsatkichlar o‘sha paytda ma’lum bo‘lmagan. Biz ularni faqat vaqt o‘tishi bilan bilib olishimiz mumkin: hukumat dastlab kimda kasallik alomatlari borligini bilolmaydi. Kimdir shifokorga murojaat qilib, ularga tashxis qo‘yilgandagina buni bilish mumkin.

Bundan kelib chiqadiki, to‘q sariq rangdagi ustunlar bizga rasman ma’lum bo‘lgan, kulrang ustunlar esa asl ko‘rsatkichlardir.

21 yanvarga kelib yangi tashxis qo‘yilganlar soni (to‘q sariq) o‘sib bormoqda: 100 ga yaqin yangi holatlar. Aslida esa, o‘sha kuni jadal sur’atda, kutilmagan darajada o‘sgan 1500 ta yangi holat yuzaga kelgan. Ammo rasmiylar buni o‘z vaqtida bilishmagan. Ular faqatgina yangi kasallikning 100 ta yangi holati to‘satdan paydo bo‘lganligini bilishgan.

Ikki kundan keyin hukumat Uxanni yopiq hudud deb e’lon qildi. O‘sha paytda, kunlik tashxis qo‘yilgan yangi holatlar soni ~400 ta edi. E’tibor bering: ular kunlik ko‘rsatkich 400 taga yetganidan keyin shaharni yopishga qaror qilishdi. Aslida esa o‘sha kuni kasallanishning 2500 ta yangi holati mavjud bo‘lgan, ammo ular bundan bexabar edilar.

Ertasi kuni Xubeyda yana 15 ta provinsiya (shahar) yopildi.

23-yanvarda Uxan yopilgunga qadar, siz kulrang jadvalga qarashingiz mumkin: u tezkorlik bilan o‘sib bormoqda. Aslida esa kasallikning tarqalishi bundan sezilarli darajada farq qilar edi. Uxan yopilishi bilan kasallikning tarqalishi sekinlashadi. 24-yanvarda, yana 15 ta provinsiya yopilgach, kasallanishning haqiqiy ko‘rsatkichlari soni o‘sishdan to‘xtaydi (kulrang ustunlar). Ikki kundan keyin haqiqiy o‘sish sur’ati maksimal ko‘rsatkichga yetgan va shundan beri u kamaya boshlagan.

E’tibor bering, to‘q sariq ustunlardagi holatlar (rasmiy) shiddat bilan o‘sishda davom etdi: keyingi 12 kun davomida bu xuddi hamon yirik portlash davom etayotganga o‘xshardi. Ammo aslida bunday bo‘lmagan. Aynan shu davrda kasallik alomatlari kuchayib, ular tez-tez shifokorga murojaat qilishgan va ularni aniqlash ancha tezroq tarzda amalga oshgan.

Bizga rasman ma’lum bo‘lgan ko‘rsatkichlar va kasallanishning haqiqiy holatlari farqini tushunish muhimdir. Endi beriladigan ma’lumotni tushunish uchun buni yodda tutishingiz kerak.

Xitoyning qolgan hududlari markaziy hukumat tomonidan yaxshi muvofiqlashtirilgan edi, shuning uchun ular zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rdilar. Natijada:

Har bir tekis chiziq koronavirus bilan kasallangan Xitoy hududini anglatadi. Ushbu chiziqlarning har biri keskin ravishda o‘sishi mumkin edi, ammo yanvar oyining oxirida kelib amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli ular virusning keng tarqalishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldilar.

Bu orada, Janubiy Koreya, Italiya va Eronda kasallikni o‘rganib, uning oldini olish uchun bir oy vaqt bor edi, ammo bunday boʼlmadi. Kasallik bu hududlarda ham Xubeydagi kabi shiddatli tarqaldi va fevral oyining oxirigacha bu ko‘rsatkichlar Xitoydagi barcha hududlarnikidan ham yuqoriroq bo‘ldi.

Sharq mamlakatlari..

Janubiy Koreyada ham bu holat ko‘rsatkichi keskin oshib bordi, ammo nega Yaponiya, Tayvan, Singapur, Tailand va Gongkongda bunday bo‘lmaganini hech o‘ylab ko‘rdingizmi?

2003-yilda bu mamlakatlarning barchasida SARS jiddiy o‘tkir nafas yo‘llari sindromi va nafas olish tizimiga ta’sir qiluvchi virusli kasalligi avj olgan edi va buning natijasida ular kerakli tajribaga ega bo‘lib oldilar. Ular koronavirusning qanchalik yuqumli va halokatli bo‘lishi mumkinligini oldindan bilib, bu virus turiga jiddiy qarash kerakligini tushunardilar. Shuning uchun bu mamlakatlar ko‘rsatkichlari, ular ancha ilgari oshib boshlagan bo‘lsa-da, hali ham keskin ravishda oshgani yo‘q.

Hozirgacha bizdagi ma’lumotlar koronavirusning birdan portlashi va bu tahdidni hukumatlar anglab, uni to‘xtatishga qilgan harakatlari haqida edi. Ammo, boshqa davlatlarda bu holat butunlay boshqacha kechdi.

Ularga to‘xtalishdan oldin, Janubiy Koreyaga tegishli eslatma: ushbu mamlakatdagi vaziyat balki umuman boshqacha bo‘lgandir. Koronavirusni yuqtirish holati dastlab 30 kishini tashkil etgan. Ammo 31-bemor minglab odamlarga tarqatgan super tarqatuvchi bo‘ldi. Virus odamlarda alomatlar paydo bo‘lishidan oldin tarqalganligi sababli, rasmiy doiralar muammoni anglab yetguncha virus allaqachon mamlakatda mavjud edi. Hozirda bu mamlakat birgina shu ehtiyotsizlik tufayli katta badal to‘lamoqda. Ularning hozirgi qat’iy nazorat va cheklovlari shuni ko‘rsatmoqda, biroq Italiya kasallikka chalinish holatlari ko‘rsatkichi bilan bu mamlakatni allaqachon ortda qoldirgan, ertadan boshlab Erondagi ko‘rsatkichlar ham oshishi kutilmoqda (10/3/2020).

Vashington shtati

Siz allaqachon G‘arbiy mamlakatlardagi o‘sishni kuzatdingiz va bir hafta ichida kuzatilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlarning qanchalik yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldingiz. Endi tasavvur qiling, Uxan va boshqa sharqiy mamlakatlarda bo‘lgani kabi, buning oldini olishning iloji yo‘q va siz ham katta epidemiyani boshdan kechirasiz.

Keling, Vashington shtati, San-Fransisko ko‘rfazi, Parij va Madridga doir bir nechta holatlarni ko‘rib chiqaylik.

Vashington shtati AQShdagi yana bir Uxan shahridir. Bu yerdagi ko‘rsatkichlar ham shiddatli tus olmoqda, hozirda bu ko‘rsatkich 140 ga teng.

Qiziq jihati bu hududdagi o‘lim darajasi eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi. Ammo bu vaqtda Vashingtonda kuniga 3 ta kasallikka chalinish holati va bitta o‘lim holati kuzatilayotgan edi.

Boshqa hududlardan ma’lumki, koronavirusdan o‘lish darajasi 0,5% dan 5% gacha bo‘lishi mumkin (bu haqida keyinroq).

Qanday qilib o‘lim darajasi 33% ga yetishi mumkin?

Ma’lum bo‘lishicha, virus bir necha hafta davomida yashirin tarzda tarqalgan. Shu sababdan ham asl holat uchta bo‘lmagan. Haqiqat shundaki, hukumat vakillari faqat uchtasini bilishgan va ulardan biri vafot etgan, chunki ahvol qanchalik og‘ir bo‘lsa, tekshirilishga zarurat shunchalik kuchayadi va yashirin kasallik yuzaga chiqadi.

Bu Xitoydagi to‘q sariq va kulrang ustunlarga o‘xshaydi: bu yerda ular faqat to‘q sariq ustunlar (rasmiy holatlar) haqidagina bilishgan va yaqqol ma’lum bo‘lganlari faqat 3 ta bo‘lgan. Ammo aslida ushbu hududda yuzlab, balki minglab kasallikni yuqtirish holatlari bo‘lgan.

Bu juda jiddiy masala: bizga haqiqiy emas, balki faqat rasmiy ko‘rsatkichlar ma’lum xolos. Ammo haqiqatni bilish juda muhim. Haqiqiy holatlar qanday aniqlanadi? Buning bir necha usullari bor ekan. Har ikkalasi uchun ham menda modellar mavjud (ingliz tilida), bunda siz haqiqiy raqamlarni aniqlashingiz mumkin (model nusxasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola).

Birinchi usul — o‘lim ko‘rsatkichi orqali. Agar sizning mintaqangizda o‘lim holati kuzatilgan bo‘lsa, siz bunda haqiqiy kasallanish holatlari sonini taxmin qilishda uning ko‘rsatkichidan foydalanishingiz mumkin. Virusdan zararlanish va u tufayli o‘lish uchun o‘rtacha qancha vaqt (17,3 kun) ketishini taxminan bilamiz. Bu shuni anglatadiki, Vashington shtatida 2/29 kishi vafot etgan, taxminan 2/12 ko‘rsatkich atrofidagisi kasallikni yuqtirgan.

Endi siz o‘lim darajasini bilasiz. Ushbu holat uchun men 1% dan foydalanaman (bu haqida keyinroq muhokama qilamiz). Bu shuni anglatadiki, ushbu hududda 2/12 atrofida 100 ga yaqin kasallanish holatlari bo‘lgan (ulardan bittasi 17,3 kundan keyin o‘lim bilan tugagan).

Endi koronavirusni yuqtirish holati uchun o‘rtacha vaqtning ikki baravarini ishlating (o‘rtacha ikki baravar ko‘p). Bu 6,2 ga teng. Bu shuni anglatadiki, bir odamning o‘lishi uchun ketgan 17 kun ichidagi kasallanish holatlarini aniqlash uchun ~ 8 ga ko‘paytirilishi kerak (= 2 ^ (17/6)). Ya’ni agar siz hozirgi holatlarning hech biriga tashxis qo‘ymayotgan bo‘lsangiz, bugungi kundagi bir dona o‘lim holati, bu bugun 800 ta zararlanish holati mavjudligini anglatadi.

Hozirgacha Vashington shtatida 22 ta o‘lim holati qayd etilgan. Ushbu tezkor hisob-kitob tufayli bugungi kunda ~ 16,000 haqiqiy koronavirus holatini aniqlash mumkin. Italiya va Erondagi rasmiy holatlar birgalikda hisoblanganda shunchaga teng.

Agar biz buning tafsilotlarini ko‘rib chiqsak, ushbu o‘limning 19 tasi bitta klasterdan kelib chiqqanligini tushunamiz, unda bu virus keng tarqalmagan bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, agar biz ushbu 19 ta o‘limni bir butun sifatida ko‘rib chiqsak, shtatda o‘limning umumiy soni to‘rtta bo‘ladi. Ushbu raqam bilan modelni yangilagan holda, biz bugungi kunda ~ 3000 ta kasallanish holati mavjudligini aniqlashimiz mumkin.

Trevor Bedfordning ushbu yondashuvi viruslarga va ularning mutatsiyalariga qarab hozirgi kasallanish holatlari sonini aniqlab beradi.

Xulosa shuki, hozir Vashington shtatida mavjud holatlar ~1100 ga teng.

Ushbu yondashuvlarning hech biri mukammal emas, ammo ularning barchasi bitta xabarga ishora qiladi: biz haqiqiy kasallanish ko‘rsatkichini bilmaymiz, ammo bu rasmiy ko‘rsatkichlardan ancha yuqori. Bu yuzlab emas, minglab, ehtimol undan ham ko‘proqdir.

San-Fransisko ko‘rfazi

8-martga qadar ko‘rfaz hududida o‘lim yo‘q edi. Bu esa haqiqiy kasallanish holati ko‘rsatkichini aniqlashni qiyinlashtirdi. Tasdiqlangan holatlar esa 86 ta edi. Ammo AQSh mamlakatda yetarli vositalarning yo‘qligi sababli muttasil ravishda qayta test o‘tkazmoqda. Mamlakat o‘z sinov to‘plamini yaratishga qaror qildi, ammo bu hali ish bergani yo‘q.

3-martga qadar turli mamlakatlarda o‘tkazilgan testlar soni:

Har bir raqam uchun manba bu yerda

Koronavirus holatlari uchramagan Turkiyada aholi jon boshiga sinov testi AQShdagidan 10 baravar yuqori ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. Bugungi kundagi vaziyat unchalik yaxshi emas: AQShda ~8000 ta test o‘tkazilgan, ya’ni 4000 ga yaqin odam tajriba testida sinab ko‘rilgan.

Bu holatda siz kasallanishning haqiqiy ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun rasman ma’lum holatlar nisbatlaridan foydalanishingiz mumkin. Qaysi birini qanday hal qilish kerak? Fors ko‘rfazi mintaqasiga kelsak, ular mamlakatga tashrif buyuruvchilarni va ular bilan aloqada bo‘lganlarning barchasini tekshirib ko‘rishgan, bu ularning sayohat bilan bog‘liq holatlarning barchasini o‘rganganliklarini anglatadi, ammo kasallikning jamoatchilik orasida tarqalishiga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Kasallikning sayyohlar tarqalishi bilan jamoatchilik vakillari orasida tarqalishini solishtirish orqali siz kasallikning haqiqiy ko‘rsatkichlarini bilib olishingiz mumkin.

Men ushbu ko‘rsatkichni Janubiy Koreya misolida ko‘rib chiqdim. O‘sha paytga kelib ularda 86 ta kasallanish holati kuzatilgan, jamoatchilik orasida esa foiz ko‘rsatkichi 86% ni tashkil etgan (86 soni va 86% bu tasodif).

Ushbu raqam bilan siz haqiqiy holatlar sonini hisoblashingiz mumkin. Agar bugungi kunda Fors ko‘rfazi hududida 86 ta holat kuzatiladigan bo‘lsa, haqiqiy son ~600 bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Fransiya va Parij

Fransiyada bugungi kunda kasallik yuqish holati 1400 ni va kasallikdan o‘lish holati 30 ni ko‘rsatmoqda. Yuqoridagi ikkita usuldan foydalanib, siz boshqacha ko‘rsatkichlarni olishingiz mumkin: 24000 dan 140,000 gacha.

Bugungi kunda Fransiyada koronavirus bilan kasallanish taxminan 24000 dan 140,000 gacha bo‘lishi mumkin.

Yana bir bor takrorlayman: Fransiyada kasallanishning haqiqiy ko‘rsatkichi, rasmiy ravishda aytilganidan bir yoki ikki o‘lchamda kattaroq bo‘lishi mumkin.

Menga ishonmayapsizmi? Uxan jadvaliga yana bir bor qaraylik.

Manba: Tomas Puyeyoning Amerika Tibbiyot Assotsiatsiyasi jurnali asosida yig‘gan ma’lumotlari asosidagi tahlili.

Agar siz to‘q sariq rangdagi ustunni 1/22 gacha umumlashtirsangiz, 444 ta holat kelib chiqadi. Endi barcha kulrang ustunlarni hisoblang. Ular 12 000 tagacha kasallanish holatlarini tashkil qiladi. Shuning uchun, Uxan 444 ta holatga ega deb o‘ylanganida, aslida bu holatlar 27 baravar ko‘p bo‘lgan. Agar Fransiya o‘zining 1400 ta kasallangan bemori bor deb o‘ylasa, unda o‘n minglab kasallanganlar bo‘lishi mumkin.

Xuddi shu holat Parijga ham tegishli. Bir shaharda 30 ga yaqin kasallanish holati kuzatilgan, ularning haqiqiy soni yuzlab, ehtimol minglab bo‘lishi mumkin. Il-de-Fransiya mintaqasida esa 300 ta holat ma’lum bo‘lib, ushbu mintaqadagi kasallanish holatlarining umumiy soni allaqachon o‘n mingdan oshib ketgan bo‘lishi mumkin.

Ispaniya va Madrid

Ispaniyadagi holat Fransiyadagiga juda o‘xshash (1 400 holatga nisbatan 1 200 ta holat, har ikkalasida 30 ta o‘lim). Ya’ni xuddi shu usulda hisoblanganda Ispaniyada, ehtimol, 20 mingdan ortiq haqiqiy kasallanish holatlari mavjud ekanligi ma’lum bo‘ladi.

600 rasmiy kasallanish holati va 17 ta o‘lim qayd etilgan Komunidad-de-Madrid hududida ushbu holatlarning haqiqiy soni 10,000 dan 60,000 gacha bo‘lishi mumkin.

Agar siz ushbu ma’lumotlarni o‘qib: “Bu mumkin emas, bu haqiqat bo‘lishi mumkin emas”, deb fikrlayotgan bo‘lsangiz, shunchaki o‘ylab ko‘ring: shu turdagi holatlar bilan Uxan yopiq hudud deb e’lon qilingan.

Bugungi kundagi AQSh, Ispaniya, Fransiya, Eron, Germaniya, Yaponiya, Gollandiya, Daniya, Shvetsiya yoki Shveysariya kabi mamlakatlarda biz kuzatayotgan ko‘rsatkichlar bilan Uxan shahri allaqachon yopiq hududga aylantirilgan edi.

Agar siz: “Xubey — bu bitta viloyat-ku”, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, eslatib o‘tamiz: bu hudud aholisi (taxminan 60 million) Ispaniyaning aholisidan ko‘proq va Fransiya aholisi bilan deyarli tengdir.

Davomi bor...

Muallif: Tomas Puyeyo

Matn ingliz tilidan Khan Academy O'zbek jamoasi tomonidan tarjima qilindi.

Khan Academy O'zbek​ – dunyoga mashhur khanacademy.org platformasini o‘zbek tiliga mahalliylashtirish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkiloti. Jamoaning maqsadi o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarni bepul, sifatli ta’lim bilan ta’minlash.

Hamkorlik asosida chop etildi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан