Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






​Koronavirus: nima uchun aynan hozir harakat qilish kerak? (2-qism)
27.03.2020 13:13,  
920

Siyosatchilar, jamoat arboblari va biznes yetakchilari: nima qilish kerak va qachon?

“Boshqa hududlardan ma’lumki, koronavirusdan o‘lish darajasi 0,5% dan 5% gacha bo‘lishi mumkin. Qanday holatlarda o‘lim darajasi 33% ga yetadi?”

Maqolani o‘qib bo‘lgach, siz quyidagi xulosalarga kelishingiz mumkin:

  • Koronavirus sizga yaqinlashib kelyapti.
  • Bu o‘ziga xos sur’atda sodir bo‘lmoqda: asta-sekinlik bilan, lekin kutilmaganda.
  • Bu kunlar bilan bog‘liq masala. Ehtimol, bir yoki ikki haftada bo‘lar.
  • Bo‘lganda ham sog‘liqni saqlash tizimi zimmasiga o‘ta og‘ir vazifa tushadi.
  • Bemorlar kasalxona koridorlarida davolanishlariga ham to‘g‘ri keladi.
  • Tibbiyot xodimlari charchab holdan toyadilar. Ba’zilari vafot etishi ham mumkin.
  • Ular qaysi bemor kislorod olishini va qaysi biri o‘lishini hal qilishlariga to‘g‘ri keladi.

​Koronavirus: nima uchun aynan hozir harakat qilish kerak? (1-qism)

2. Koronavirusni yuqtirish holatlari mamlakatda kuzatilsa nima bo‘ladi? 

Shunday qilib, koronavirus allaqachon shu yerda. U yashirin va shiddatli tarzda o‘smoqda.

Mamlakatda ushbu holat kuzatilsa nima bo‘ladi? Buni aniqlash juda oson, chunki bizda bu holatni boshdan kechirgan davlatlar mavjud. Bularga eng yaxshi misol Xubey va Italiyadir.

O‘lim ko‘rsatkichlari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘lim ko‘rsatkichi (koronavirus bilan kasallangan va keyin o‘ladigan odamlarning % i) sifatida 3,4% ni keltirmoqda. Bu raqam kontekstdan tashqarida, shuning uchun uni izohlab berishimga ijozat bering.

Bu haqiqatan ham mamlakatga va hozirgi vaziyatga bog‘liq: Janubiy Koreyada 0,6% dan Eronda 4,4% gacha kuzatilgan. Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Buni aniqlash uchun biroz hiyla ishlatamiz.

O‘lim darajasini ikki usul bilan hisoblashingiz mumkin: o‘lim holatlari/umumiy holatlar soni va o‘lim/yopilgan holatlar. Birinchisini e’tiborsiz qoldirmaslik kerak, chunki ko‘plab ochiq holatlar hali ham o‘lim bilan yakunlanishi mumkin. Ikkinchisi — qayta baholash, chunki yopiq holatlarda o‘lim tuzalishlarga qaraganda ko‘proq bo‘lish ehtimoli bor.

Men har ikkala holatda ham vaqt o‘tishi bilan sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni kuzatdim. Ushbu sonlarning ikkalasi ham barcha holatlar yopilgandan so‘ng bir xil natijaga qaytadi, shuning uchun ham agar siz kelajakni o‘tmishdagi tendensiyalarga ko‘ra prognoz qilsangiz, yakuniy o‘lim ko‘rsatkichi qanday bo‘lishini taxmin qilishingiz mumkin.

Siz buni grafiklarda ham ko‘rishingiz mumkin. Hozirgi vaqtda Xitoyda o‘lim darajasi 3,6% dan 6,1% gacha. Agar bu ko‘rsatkichga asoslanib kelajakdagi holatni bashorat qilsangiz, u ~3.8% -4% ga aylanadi. Bu hozirgi ko‘rsatkichlardan ikki barobar yuqori va grippdan 30 barobar yomon.

Lekin bu holat ikki xil ko‘rinishda amalga oshishi mumkin: Xubeyda va Xitoyning boshqa hududlarida.

Xubeyda o‘lim darajasi 4,8% ga yaqinlashishi mumkin. Shu bilan birga, qolgan Xitoy hududlarida bu ko‘rsatkich ~ 0.9% gacha tushishi mumkin:

Shuningdek, bir-biriga ko‘rsatkichlari yaqin bo‘lgan Eron, Italiya va Janubiy Koreyadagi o‘lim ko‘rsatkichlarini alohida hisobladim.

Eron va Italiyaning har ikkisida ham o‘lim darajasi 3–4% atrofida kesishmoqda. O‘ylaymanki, ularning yakuniy soni ham ushbu raqam atrofida bo‘ladi.

Janubiy Koreya esa qiziqarli misol bo‘la oladi, chunki bizning ikki ko‘rsatkichimiz bu davlatda umuman bog‘lanmayapti: infeksiya tufayli vafot etganlar atigi 0,6%, tuzalganidan so‘ng vafot etganlar esa 48%. Mamlakat juda ehtiyotkorlik bilan ish ko‘ryapti. Birinchidan, ular barchani tekshiruvdan o‘tkazmoqda (shuning uchun ham o‘lim darajasi past ko‘rsatkichga ega) va tuzalgan bemorlar ham uzoqroq muddat nazoratda bo‘ladi (shuning uchun ularning o‘lim holati ko‘rsatkichlari tez sur’atlarda o‘sib boryapti). Ikkinchidan, ularning shifoxonalarida o‘rinlar ko‘p (17.b-chizmaga qarang). Biz bilmagan boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin. Eng muhimi shundaki, o‘lim holatlari soni boshidan beri 0,5% atrofida o‘zgarib turibdi va shu ko‘rsatkichda qoladi deb kutilmoqda. Ehtimol, bu sog‘liqni saqlash tizimi va inqirozni boshqarish tizimining kuchli ta’siri ostida shunday bo‘layotgandir.

Shunga doir so‘nggi misol — Diamond Princyess laynerida: 706 ta kasallanish holati, 6 ta o‘lim va 100 ta tuzalib ketish ko‘rsatkichi o‘lim darajasini 1% dan 6,5% diapazongacha ekanligini ko‘rsatadi.

E’tibor bering, har bir mamlakatda yoshning taqsimlanishi ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi: keksa odamlar orasida o‘lim darajasi yuqori bo‘lganligi sababli, Yaponiya kabi keksaygan aholisi bo‘lgan mamlakatlar Nigeriya kabi yosh mamlakatlarga qaraganda ko‘proq azob chekishadi. Shuningdek, ob-havo omillari, ayniqsa namlik va harorat bunda muhim ahamiyatga ega, ammo bu yuqumli kasalliklar va o‘lim ko‘rsatkichlariga qanchalik ta’sir qilishi hali ham noma’lum.

Bundan quyidagicha xulosaga kelish mumkin:

  • Bu omillarni hisobga olmaganda, kasallikka qarshi ma’lum tayyorgarlikka ega mamlakatlarda o‘lim darajasi ~0,5% (Janubiy Koreya)dan 0.9% gacha (Xitoyning qolgan hududlari) bo‘lishi mumkin.
  • Ko‘p kasallik holatlari qayd etilgan mamlakatlarda o‘lim darajasi ~ 3% -5% orasida bo‘ladi.

Boshqacha aytganda: tezda zaruriy choralar ko‘rgan davlatlar o‘limni o‘n baravar kamaytirishi mumkin. Bu faqat o‘lim holatining ko‘rsatkichi. Tezkor harakatlanish natijasida kasallanish holatlari sonini ham sezilarli darajada kamaytirish mumkin va bu, ishni yanada osonlashtiradi.

Tezda zaruriy choralar ko‘rgan davlatlar o‘limni o‘n baravar kamaytirishi mumkin.

Xo‘sh, mamlakatlar nimalarga tayyor bo‘lishi kerak?

Tizimga qanday bosim tushishi mumkin?

Taxminan 20% holatlarda kasalxona bilan ta’minlash talab etiladi, 5% holatlar intensiv terapiya bo‘limi (ICU) va taxminan 2,5% shamollatuvchi yoki ECMO (yekstrakorporal kislorod) kabi narsalar bilan intensiv davolanishni talab qiladi.

Muammo shundaki, havo yangilagichlar va ECMO kabi jihozlarni osongina ishlab chiqarish yoki sotib olishning iloji yo‘q. Misol uchun bir necha yil oldin AQShda ECMO jihozlarining umumiy soni 250 ta edi, xolos.

Shuning uchun, agar sizda birdaniga 100 000 ta odam kasallikni yuqtirgan bo‘lsa, ularning ko‘plari sinovdan o‘tishni xohlashadi. Taxminan 20 000 kishi kasalxonaga yotqizishga muhtoj, 5000 kishi reanimatsiya bo‘limida va 1000 kishi bizda yetishmayotgan jihozlarga muhtoj bo‘lishi mumkin. Bu esa faqat 100 000 kasallanish holati bo‘lgandagi ahvol.

Bu hali maskalar bilan bog‘liq muammolarni hisobga olmaganda. Qo‘shma Shtatlardek mamlakatda tibbiyot xodimlarining ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan niqoblarning atigi 1 foizi mavjud (12 million N95, 3,5 V ga nisbatan 30 million jarrohlik). Agar bir vaqtning o‘zida ko‘plab kasallanish holatlari kuzatilsa, niqoblar faqat 2 haftaga yetishi mumkin.

Yaponiya, Janubiy Koreya, Gongkong yoki Singapur kabi davlatlar, shuningdek, Xubeydan tashqaridagi Xitoy hududlarida zaruriy ehtiyot choralari ko‘rilib, bemorlarga kerakli yordam ko‘rsatildi.

Ammo qolgan g‘arbiy davlatlar Xubey va Italiyaning izidan yurishmoqda. Xo‘sh, bu hududlarda nimalar sodir bo‘lmoqda?

Sog‘liqni saqlash tizimining zimmasiga haddan tashqari og‘ir yuk tushishi qanday bo‘ladi?

Xubeyda va Italiyada sodir bo‘lgan voqealar juda o‘xshash bo‘lib bormoqda. Xubey o‘n kun ichida ikkita kasalxona qurdi, ammo shunga qaramay sog‘liqni saqlash tizimidagi holat juda achinarli.

Ikkalasi ham kasalxonalarning bemorlar bilan to‘lib-toshganidan aziyat chekmoqda. Ularni duch kelgan joyda: yo‘laklarda, kutish xonalarida va boshqa joylarda davolashga to‘g‘ri kelmoqda.

Men ushbu qisqa Twitʼni tavsiya qilaman. Bu bugungi kunda Italiyadagi holatni yaqqol tasvirlab bergan.

 

Tibbiyot xodimlari bir xil himoya vositalarida soatlab ishlaydilar, chunki ular yetarli emas. Natijada, ular bir necha soat davomida infeksiyalangan joylarini tark eta olmaydilar. Buning natijasida ular yiqilib, suvsizlanishadi va holdan toyishadi.

Smenali ish soatlari endi mavjud emas. Xodimlarga bo‘lgan talabni qondirish uchun nafaqadagi shifokorlar ham ishga qaytarilgan. Hamshiralik haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lmagan odamlar ham muhim vazifalarni amalga oshirishga kirishgan. Doimiy ravishda bo‘luvchi qo‘ng‘iroqlarga kimdir muntazam javob berib turishiga to‘g‘ri keladi.

Francyesca Mangiatordi, koronavirusga qarshi kurash davrida halok bo‘lgan italiyalik hamshira.

 

Boshqacha aytganda, bu holat ular holdan toyib kasal bo‘lgunicha davom etadi. Bu esa tez-tez sodir bo‘ladi, chunki ular doimiy ravishda yetarli himoya vositalarisiz virusga duch keladilar. Kasallik qayd etilganda, bemorlar 14 kun davomida karantinga qo‘yilishi kerak, bu davrda ularga hech qanday yordam berishning iloji yo‘q. Boshqacharoq aytganda, 2 hafta qo‘ldan boy beriladi. Eng yomoni esa, oxir-oqibat bemorlar halok bo‘ladilar.

Eng yomon holat intensiv terapiya bo‘limlarida bemorlarga havo yangilagichlar yoki ECMO dan foydalanish kerak bo‘lganida yuzaga keladi. Bu jihozlarni barchaga teng yetkazishning haqiqatan ham iloji yo‘q, shuning uchun tibbiyot xodimlari qaysi bemor uchun ulardan foydalanishni aniqlab olishlari kerak. Bu esa o‘z o‘rnida, albatta, kim yashaydi va kim o‘ladi degan ma’noni anglatadi.

“Bir necha kundan keyin biz tanlashimizga to‘g‘ri keladi. […] Hamma ham intubatsiya qilinmaydi. Yoshi va sog‘lig‘iga qarab qarorlar qabul qilishga majburmiz”. — Kristian Salaroli, italiyalik tibbiyot shifokori.

Himoya vositalarini kiyib olgan tibbiyot xodimlari yangi koronavirus bilan kasallangan odamlarni Uxandagi ixtisoslashtirilgan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida davolashmoqda, 6-fevral kuni (China Daily / Reuters) “Washington post” gazetasi

 

Bularning barchasi tizimda o‘lim darajasi ~ 0,5% o‘rniga ~ 4% bo‘lishiga olib keladi. Agar sizning shahringiz yoki mamlakatingiz 4% ichida bo‘lishini istasangiz, bugun hech nima qilmang.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar: Eronning Qum shahridagi Beshesht Masumeh qabristonini tasvirlangan. Surat: © 2020 Mahar Technologies. The Guardian va Tha New York Times

Koronavirus: nima uchun aynan hozir harakat qilish kerak? (1-qism)

Davomi bor...

Muallif: Tomas Puyeyo

Matn ingliz tilidan Khan Academy O'zbek jamoasi tomonidan tarjima qilindi.

Khan Academy O'zbek​ – dunyoga mashhur khanacademy.org platformasini o‘zbek tiliga mahalliylashtirish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkiloti. Jamoaning maqsadi o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarni bepul, sifatli ta’lim bilan ta’minlash.

Hamkorlik asosida chop etildi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан