Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus pandemiyasi: AQShda chegaralar, Italiyada esa do‘konlar yopilyapti, Eron hukumatida niqoblilar majlisi
12.03.2020 15:49,  
618

Tibbiyot sohasidagi mutaxassislar anchadan beri bahslashib kelgan voqea kecha yuz berdi: 2020 yil 11 mart kuni Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) Covid-19 koronavirusi xavfini epidemiyadan pandemiya darajasiga ko‘tardi. 

Pandemiya (grekcha πανδημία – “butun xalq” so‘zidan) – yuqumli xususiyatga ega bo‘lgan kasallikning noodatiy ravishda o‘ta keng tarqalishi, epidemiya darajasidan o‘tib ketishi. Bunda muayyan kasallik bir mamlakatning butun hududida, unga qo‘shni mamlakatlar hududida, ba’zida esa dunyoning aksar davlatlarida tezlik bilan yoyiladi.

2019 yil oxirida Xitoyning Uxan shahrida paydo bo‘lgan va keyinchalik Covid-19 nomi berilgan yangi turdagi koronavirus ham ayni paytda shu darajaga chiqdi. JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, shu kungacha 114 ta davlatda koronavirusdan 118 mingdan ortiq zararlanish holati qayd etilgan, ulardan 90%i 4 ta davlatga to‘g‘ri keladi: Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya va Eron.

Bu kechagi ma’lumot edi. Bugungi yangilanishlarga ko‘ra, 116 ta davlatda 126 443 ta kasallanish holati rasman tasdiqlangan. 

Ayni paytda koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi vaziyat qanday?

AQSh Yevropa uchun o‘z chegaralarini yopyapti

Tramp Buyuk Britaniyadan boshqa istisno qilmadi/GETTY IMAGES

Payshanbaga o‘tar kechasi prezident Donald Tramp o‘zining xalqqa murojaatida juma kunining tun yarmidan boshlab AQSh Yevropa mamlakatlaridan keluvchilar uchun o‘z chegaralarini yopishini bildirdi. Faqat Buyuk Britaniya uchun istisno qilinadi.

Shuningdek, Tramp Covid-19 koronavirusi tufayli kasallik ta’tiliga chiqqan ishchilarga moliyaviy to‘lov qilinishiga va’da berdi. Hozirda AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1 135 kishi, undan vafot etganlar soni esa 38 nafar. 

Epidemiyadan pandemiyaga

JSST nihoyat yana pandemiya atamasini qo‘llashga qaror qildi/EPA

JSST koronavirus xavfini epidemiyadan pandemiya darajasiga ko‘tarar ekan, bu holat koronaviruslar tarixida birinchi marta bo‘layotganini e’tirof etdi. Bungacha o‘tgan MERS yoki SARS kabi koronavirus turlari epidemiya darajasida qolgan. 

Hali 2020 yil fevral oyi o‘rtalarida Bi-Bi-Siga intervyu bergan JSST vakili “tashkilot bu atamadan endi foydalanmasligi, u o‘tmishda qolib ketgan tushuncha ekanligi, buning o‘rniga kasalliklar tarqalishining olti ballik o‘lchovidan foydalanishlarini” ma’lum qilgan edi

Shunga ko‘ra, JSST Covid-19 virusini shu paytgacha epidemiya deb atab keldi. Endilikda u OIV (odam immun tanqisligi virusi) bilan birga sayyoramizdagi ikkinchi faol pandemiyaga aylandi. 

Italiya do‘konlarni yopyapti

Italiyada oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari barcha savdo nuqtalari yopiladi/EPA

Koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turgan Italiyada shu paytgacha misli ko‘rilmagan cheklov choralari o‘rnatilyapti. Mamlakatda ozoq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari barcha savdo nuqtalari yopilyapti. Bosh vazir Juzeppe Kontening e’lon qilishicha, ushbu qaror payshanba kunidan kuchga kiradi va 25 martgacha amalda qoladi. 

Shuningdek, Italiyadagi barcha bar, oshxona, sartaroshxona va aksar idoralar yopiladi. Yegulik va mahsulotlarni uylarga yetkazib berish taqiqlanmagan. 

Maktablar, sport zallari, tungi klublar va boshqa ko‘ngilochar markazlar karantin me’yorlari doirasida allaqachon butun mamlakat bo‘ylab yopilgan. 

Italiyada payshanba tongiga kelib 12 500 ga yaqin inson koronavirusdan zararlangan, ulardan 827 kishi vafot etgan, 1 045 kishi tuzalib ketgan. 

Germaniyaning 70% aholisi xavf ostida

Merkelning bayonoti ancha xavotirli chiqdi/REUTERS

Germaniya kansleri Angela Merkel Germaniya aholisining 70%i koronavirusga chalinishidan ogohlantirdi. Bu 58 million kishi degani. 

“Bu – bizning hamjihatligimiz, sog‘lom fikrlashimiz va bir-birimizga g‘amxo‘rlik qilishimiz uchun sinov. Umid qilamanki, biz undan o‘tib olamiz”, dedi u. 

Figurali uchish bo‘yicha 2020 yilgi Jahon chempionati qoldirildi

Kanadaning Kvebek provinsiyasi hukumati figurali uchish bo‘yicha 2020 yilgi Jahon chempionatini Covid-19 virusi tarqalishi xavfi tufayli bekor qildi. Chempionat Monreal shahrida 18-22 mart kunlari bo‘lib ztishi kerak edi. 

Xalqaro konkichilar uyushmasi chempionat 2020 yilning o‘zida, ammo eng kamida oktyabrdan keyin o‘tkazilishi haqida bayonot berdi. Hozirda Kvebekda koronavirusga chalinganlar soni 7 kishiga yetgan, Monreal shahrida bir kishida ushbu kasallik aniqlangan. 

Yevropa bo‘ylab vahima, do‘kon peshtaxtalari bo‘shab qolyapti

Koronavirus tarqalishi tezlashib, Yevropaning tobora ko‘proq mamlakatlarida unga chalinganlar soni ortar ekan, odamlar o‘rtasida vahima kuchayib boryapti. Odamlar uzoq muddatli karantin uchun kerakli mahsulotlar va gigiyena buyumlarini g‘amlab qo‘yishga kirishib ketdi

Polsha poytaxti Varshavadagi yirik supermarketlardan biri
Polsha poytaxti Varshavadagi dorixonalardan biri

Eronda hukumat yig‘ilishiga rasmiylar niqob taqib keldi

Fevral oyi oxirida Eronning Qum shahri Yaqin Sharqdagi koronavirus o‘chog‘iga aylangan, dastlab matbuotdan yashirilgan raqamlar keyinchalik oshkor bo‘lgach, bu mamlakatda kasallik ko‘lami juda keng ekanligi ma’lum bo‘lgandi. 

Garchi oxirgi haftada virus tarqalishi bo‘yicha Italiya “oldinga o‘tib ketgan” bo‘lsa ham, Erondagi vaziyat hali ham xavotirli: bugun ertalabki ma’lumotlarga ko‘ra bu mamlakatda 9 000 kishi koronavirus bilan zararlangan, ulardan 354 kishi vafot etgan, 2 959 nafari esa tuzalib ketgan. Ammo ba’zi mutaxassislar bu raqamlar to‘g‘riligiga shubha bilan qaraydi, haqiqiy raqamlar yashirilayotganiga ishonadi.

Chorshanba kuni Eron hukumati yig‘ilishiga hozir bo‘lgan amaldorlar niqob taqib kelgan. Chunki mamlakat rahbariyati va yuqori lavozimli rasmiylar orasida ham virus bilan kasallanish holatlari yetarlicha.    

Eron rasmiylari dastlab karantin choralarini qo‘llashdan bosh tortgandi
Endi esa hukumatdagilar ham niqobda yuribdi

Virusni qanday qilib sekinlashtirish mumkin?

Covid-19 koronavirusi butun dunyo bo‘ylab tarqalar ekan, hukumatlar va shifokorlar uning tezlik bilan tarqalib ketmasligiga harakat qilyapti. Bunda kasallik tarqalishiga nisbatan ishlatiladigan “cho‘qqini tekislash” yoki “egri chiziqni tekislash” hayotiy muhim ahamiyatga ega. Buni qanday qilish mumkin?

Koronavirusga qarshi kurash undan zararlanganlarning umumiy sonini kamaytirish bilan birga o‘sish sur’atlarini sekinlatishni ham o‘z ichiga olishi kerak. Bu professional doiralarda odatda “to‘xtatish va ushlab turish” deb ataladi.

Kasallik tarqalishining cho‘qqiga chiqishi – vaziyat dahshatli tusga kirganini anglatadi. Bunday holatda sog‘liqni saqlash tizimi muammoga qarshi turish imkoniyatini yo‘qotadi, natijada har bir bemorga yordam ko‘rsatish sifati buziladi. 

Dezinfeksiya choralari koronavirusga qarshi asosiy qurollardan biri sanaladi/GETTY IMAGES
 

Covid-19 koronavirusiga qarshi kurash jarayonida Xitoy o‘zining ulkan mehnat resurslari yordamida sanoqli kunlar ichida bo‘sh yerda yo‘q joydan kasalxonalar qurishga muvaffaq bo‘ldi. 

Italiya hukumati esa bunga o‘xshash ishni qilib ko‘rishga uringani ham yo‘q – oqibatda mavjud klinikalar to‘lib-toshib ketdi. Xabar berilishicha, virusdan eng ko‘p zararlangan shimoliy Lombardiya viloyatida kasalxonalarda joy yetmayapti. 

Yana bir muammo – tibbiyot xodimlarining yetishmasligi. Fevral oyida Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi kasallarga qarayotgan 1 700 dan ortiq tibbiyot xodimlari ham virus bilan zararlanganini xabar qilgandi. 

Kasallik tarqalishining eng yuqori cho‘qqisida barcha bemorlar ham yetarlicha yordam ololmagani uchun o‘lim darajasi ham oshib ketadi.  

Iroq fuqaro mudofaasi xizmati xodimlari Kufadagi jome masjidni dezinfeksiya qilyapti/
Foto: Getty Images 

Yuqoriga qarab o‘suvchi egri chiziqni qanday to‘g‘rilash mumkin?

Buning uchun odamlarning virusga chalinish darajasini pasaytirish kerak. 

Bir tomondan qaraganda bu gapirishga oson, qilishga qiyin ishga o‘xshaydi. Ammo umuman olganda buni bajarish mumkin.

Hukumatlar odamlarni uydan ko‘chaga chiqishini taqiqlashi va qo‘shimcha moliyaviy manbalar ajratishi orqali bunga erishsa bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday holatda harakatlar va xarajatlarni qat’iy muvofiqlashtirish talab etiladi. 

Bu o‘rinda yana Italiyani misol qilamiz: hukumat 9 mart kuni bungacha faqat shimoliy “qizil hudud”dagina amalda bo‘lgan karantin me’yorlarini butun mamlakatga qo‘lladi. 

“Bizda vaqt qolmadi. Kasallanayotgan, jonlantirish bo‘limiga tushayotgan va halok bo‘layotgan odamlar soni jiddiy ravishda o‘sib ketdi”, deb izohladi o‘z qarorini Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte. 

Xitoyda harakatlanish va sayohat qilishga qat’iy cheklovlar o‘rnatilgani virus tarqalishini sekinlashtirdi va JSSTning maqtoviga sazovor bo‘ldi. 

“Ko‘psonli ma’lumotlar ko‘rsatyaptiki, epidemiya turg‘unlikka qarab ketdi. Bu albatta ko‘rilgan chora-tadbirlarning natijasidir”, dedi JSST Bosh direktorining yordamchisi Bryus Eylvord Pekindagi matbuot anjumanida. 

Seshanba kuni Xitoyda eng ko‘p zararlangan Hubey viloyatidan tashqari mamlakatning biron yerida koronavirus bilan kasallanish qayd etilmagani haqida xabar berildi. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан