Koronavirus sabab O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kunini o‘tkazish taqiqlandi

Koronavirus sabab O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kunini o‘tkazish taqiqlandi

Respublika maxsus komissiyasi ayrim fuqarolar va jamoat tashkilotlari tomonidan 9 may — Xotira va qadrlash kunida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va yoshi ulug‘ faxriylarimizni ushbu bayram munosabati bilan tabriklash va ularning holidan xabar olish yuzasidan berilayotgan ko‘plab savollari bo‘yicha quyidagilarni ma’lum kiladi:

Bugungi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo va boshqa ko‘plab xorijiy mamlakatlar tomonidan 9 may kuni bayram tadbirlari o‘tkazishda fuqarolarning jamoat joylarida to‘planishi bo‘yicha qat’iy cheklovlar qo‘llanilayotganligi, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga asosan koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish yoshi kattalarda og‘ir kechishini inobatga olib,

hududlarda "yashil", "sariq" va "qizil" toifalarga ajratgan holda tabaqalashtirilgan karantin cheklovlaridan qat’iy nazar,

barcha hududlarda 9 may — Xotira va qadrlash kunida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va yoshi ulug‘ faxriylarning holidan xabar olish TAQIQLANADI va barchamiz uchun ulug‘ ushbu bayramni faqat oila davrasida nishonlash tavsiya etiladi.

Ta’kidlash joizki, ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bayram munosabati bilan tabriklash va rag‘batlantirish tadbirlari sanitariya talablariga rioya qilgan holda davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida jamoat joylarida harakatlanishda, savdo do‘konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash, shuningdek, uch kishidan ko‘p shaxslarning to‘planishi bo‘yicha talablar saqlanib qolganligi, ushbu talablarni buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi mumkin.