Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus xalqaro ta’limga qanday ta’sir ko‘rsatyapti?
30.04.2020 22:17,  
210

Avvalo, dunyo bo‘ylab hozir barcha universitetlarda o‘qishlar onlayn rejimda olib borilmoqda. Xalqaro talabalarning bir qismi o‘zlari o‘qib turgan mamlakatda qolib, o‘qishni shu tarzda davom ettirayotgan bo‘lsa, ba’zilari vatanlariga qaytib ketgan va o‘sha yerdan internet orqali tahsil olmoqda.

Ba’zi davlatlarda, xususan, AQShda ham bu yil oxirigacha universitetlar ochilmasligi haqida xabarlar bor. Ya’ni avgust-cyentyabr oylarida boshlanadigan yangi semestr ham yil oxirigacha onlayn formatda o‘tishi mumkin.

O‘qishga hujjat topshirganlar yoki yangi qabul qilingan xalqaro talabalar nima qiladi?

Universitetlarning qabul tartibida o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q, ammo o‘qishga qabul qilinganlar universitetlar ochilmaguncha uylaridan, ya’ni o‘zlari yashab turgan mamlakatdan onlayn ta’limga qo‘shilishlari mumkin.

Bundan norozi bo‘layotganlar ko‘p. Chunki ko‘plab xalqaro talabalar, xususan, mahalliy talabalar ham o‘qish uchun katta miqdorda pul to‘laydi va ta’lim faqat onlayn bo‘layotgani, universitet resurslaridan to‘liq foydalana olmayotganlari uchun ular buni adolatsizlik deb baholamoqda.

Bunga javoban o‘qish pulini kamaytirgan yoki to‘lovlarning bir qismini qaytarib berayotgan oliy o‘quv yurtlari ham bor. Masalan, Garvard universiteti oziq-ovqat va yotoqxona to‘lovining ishlatilmagan qismini qaytarib berdi va talabalar uylariga yetib olishi uchun har bir odamga qo‘shimcha 200 dollar yordam puli ajratdi.

Universitetlar baholash mezonlarini soddalashtirish yo‘lidan ham boryapti. Ko‘plab o‘quv yurtlari allaqachon harfli baholash tizimini (A, B, C, D) «O‘tdi/O‘tmadi» (Pass/Fail) deb nomlanadigan sodda baholash turiga o‘zgartirdi, ya’ni kurs bo‘yicha minimum talablarni bajargan barcha talabalarga bir xil baho qo‘yiladi. Bu narsa «GPA» tizimi bo‘yicha eng yuqori ball olish uchun qattiq harakat qiladigan talabalarni ortiqcha mashaqqatdan saqlashi aytilmoqda.

Viza berish va grant dasturlari davom etadimi?

Ko‘plab davlatlar elchixonalari, xususan, Toshkentdagi AQSh elchixonasi hozir ishlamayati, ya’ni hech kimga viza berayotgani yo‘q. Bu O‘zbekistondagi va elchixona mansub davlatdagi koronavirus bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bilan bog‘liq. Chekovlar bekor qilinishi bilan elchixonalar odatdagi ishini boshlaydi va viza berish yana tiklanadi.

Grant dasturlari ham davom etadi; odatdagi, har yili o‘tkaziladigan tanlovlar o‘z vaqtida e’lon qilib borilyapti. Faqat ularning belgilangan muddatda amalga oshishi koronavirus vaziyati qanchalik yaxshilanishiga bog‘liq.

Masalan, AQShda har yili xorijlik talabalar uchun bo‘ladigan "Summer Work & Travel" (Yozgi ish va sayohat) dasturining bu yil bekor qilinishi ehtimoli yuqori. O‘zbekiston 30 iyungacha xalqaro qatnovlar boshlanmasligini e’lon qildi. AQSh va boshqa ko‘plab davlatlar ham xorijliklar uchun chegaralarini hali to‘la ochgani yo‘q. Shu bois "Summer Work & Travel" kabi qisqa muddatli va tez orada bo‘lishi kutilayotgan dasturlar bekor qilinishi mumkin.

Ba’zi uzoq muddatli dasturlar ham pandemiya tugaguncha to‘xtatib turilishi mumkin. Masalan, ingliz tilini o‘qitish va tadqiqot qilish bo‘yicha 9 oygacha amerikaliklarni xorijdagi turli mamlakatlarga jo‘natadigan «Fulbright» dasturi bu yil erta tugatildi. Dastur bo‘yicha xorijiy davlatlarga ketgan amerikaliklar mart o‘rtalarida Amerikaga qaytarib olib kelindi.

«Fulbright»ning xorijlik talabalarni Amerikaga olib kelib o‘qitadigan dasturi to‘xtatilgani yo‘q. 2021 yil uchun qabul ayni paytda davom etyapti. Umid shuki, ungacha pandemiya tugaydi va yo‘llar ochiladi.

Xulosa

Demak, koronavirus qisqa muddatli viza va grant dasturlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu yil yozda bo‘ladigan dasturlar o‘tkazilmasligi mumkin. Uzoq muddatda va keyingi yil uchun barcha dasturlar o‘z vaqtida o‘tkazilishi, ya’ni qoldirilmasligi ehtimoli yuqori.

Xorijda o‘qish uchun tayyorlanayotgan bo‘lsangiz, harakatdan to‘xtamang. Karantin paytidagi bo‘sh vaqtni Xudo bergan imkoniyat deb o‘z ustingizda yanada qattiqroq ishlang.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан