Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirusdan keyingi dunyo
23.03.2020 18:52,  
2811

Endilikda insoniyat global inqirozni boshdan kechirmoqda. Ehtimol, bu bizning avlodimiz uchun eng katta inqirozdir. Odamlar va hukumatlarning kelgusi bir necha hafta ichida qabul qiladigan qarorlari, kelajak dunyosini shakllantirishi mumkin. Bunday qarorlar nafaqat sog‘liqni saqlash tizimimizni, balki iqtisodiyotimiz, siyosatimiz va madaniyatimizni ham shakllantiradi. Biz tez va qat’iy choralar ko‘rishimiz kerak. Shuningdek, biz hozirgi harakatlarimizning uzoq muddatli oqibatlarini ham hisobga olishimiz kerak. Biz xar-xil choralarni o‘zaro baholar ekanmiz, o‘zimizdan faqat hozirgi hayotimizga bo‘lgan tahdidni qanday yengib o‘tishni emas, balki bo‘ronlar o‘tgandan keyin hayotimizni qanday bo‘lishini ham so‘rashimiz kerak. Ha, bo‘ronlar o‘tib ketadi, insoniyat omon qoladi. Balki ko‘pchiligimiz tirik qolarmiz, ammo endi biz boshqa davrda yashashni boshlaymiz.

Hozir qisqa muddat ichida ko‘rilgan favqulodda choralar ertaga yangi turmush tarziga aylanadi. Favquloddagi vaziyatlarning hammasi shu xususiyatga ega. Ular tarixiy jarayonlarni tezkor ravishda oldinga surib beradilar. Oddiy hayotda yillar davomida o‘ylab qilinadigan qarorlar, bunda bir necha soatlar ichida qabul qilinadi. Garchi xavfli bo‘lsa-da, puxta o‘ylanmagan texnologiyalar ishga tushuriladi, chunki umuman chora ko‘rmaslik undan ham katta zarar keltiradi. Butun boshli mamlakatlar keng miqyosli ijtimoiy eksperimentlarda tajriba quyoni vazifasini bajaradilar. Hamma odamlar uydan turib ishlasa va faqat masofaviy aloqa qilinsa bu nimalarga olib keladi? Butun boshli maktablar va universitetlar internet tarmog‘i orqali dars o‘tkazishni boshlasa nimalar bo‘ladi? Odatiy vaqtlarda hukumatlar, biznes va ta’lim kengashlari bunday tajribalarni o‘tkazishga hech qachon rozi bo‘lmaydilar. Ammo hozir odatiy vaqtlar emas.

Hozirgi inqiroz davrida biz ikkita muhim masalada tanlov qilishimiz kerak. Birinchi masala totalitar nazorat yoki fuqarolarning mustaqilligini qo‘llab quvvatlash orasidagi tanlov. Ikkinchisi esa jamiyatning ajralishi yoki global birdamlik yo‘li orasidagi tanlov.

Teri-osti kuzatuvi

Teri-osti kuzatuv deganda insonlarni o‘ziga bildirmasdan qilingan kuzatuvlar jarayoni tushuniladi.

Epidemiyani to‘xtatish uchun barcha aholi muayyan ko‘rsatmalarga rioya qilishlari kerak. Bunga erishishning ikkita asosiy usuli mavjud. Bir usul hukumat odamlarni qattiq kuzatishi va qoida buzganlarni keskin jazolashidir. Hozirgi kunda texnologiyalar insoniyat tarixida ilk bora har kimni har doim kuzatib turish imkonini beradi.

Bundan ellik yil oldin, KGBda 240 million sovet fuqarolarini kuniga 24 soat kuzatib tura olish imkoni ham, yig‘ilgan barcha ma’lumotlarni samarali qayta ishlab chiqishga umidlari ham yo‘q edi.

KGB bunday ishlar uchun maxfiy xizmat agentlariga va kuzatuvchilarga ishondi, natijada, har bir fuqaroni ortidan ergashish uchun odam topib bera olmadi. Ammo endilikda hukumatlar, tanasi et va jondan iborat qo‘rqoqlarga emas, balki mavjud bo‘lgan sensorlarga va kuchli algoritmlarga ishonishlari mumkin. Koronavirus epidemiyasiga qarshi qurashda bir nechta davlatlar allaqachon yangi kuzatuv vositalarini amalda sinab ko‘rdi. Bulardan eng diqqatga sazovori – Xitoy. Odamlarning smartfonlarini diqqat bilan kuzatish, yuzni bir zumda aniqlab oladigan yuz millionlab kameralardan foydalanish va fuqarolarni tana harorati, sog‘lig‘ini tekshirishga majburlash, orqali Xitoy nafaqat koronavirus bilan kasallanganlarni aniqlay oladi, balki ularni harakatlarini kuzatib kim bilan muloqotda bo‘lganini ham bilib oladilar. Bir qator mobil ilovalar kasallangan fuqarolar muloqot qilgan odamlarni ogohlantiradilar.

Ushbu turdagi texnologiya faqat Sharqiy Osiyo bilan chegaralanmaydi. Yaqinda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Isroil xavfsizlik agentligiga koronavirus bilan kasallangan bemorlarni kuzatish uchun, terrorchilarga qarshi kurashish uchun ishlatiladigan kuzatuv texnologiyalarini o‘rnatishga buyruq berdi. Tegishli parlament quyi qo‘mitasi ushbu chorani qo‘llashga ruxsat berishdan bosh tortgach, Netanyaxu bu qarorni “favqulodda chora” sifatida qabul qildi.

Bularning hammasi yangilik emas deyishingiz mumkin. Oxirgi yillarda hukumat ham, katta korporatsiyalar ham odamlarni kuzatib borish va ularga ta’sir o‘tqazishda yana ham murakkab texnologiyalardan foydalanib kelmoqdalar. Lekin ehtiyot bo‘lmasak ushbu epidemiya odamlar orqasidan kuzatuvning tarixidagi muhim bir davrni belgilab qo‘yishi mumkin. Bu hodisa ommaviy kuzatuv vositalarini shu paytgacha rad etib kelgan mamlakatlarda joylashtirishni normallashtirilishi mumkinligi bilan emas, balki “teri usti” kuzatuvidan keskin ravishda “teri osti” kuzatuviga o‘tishimiz mumkinligi bilan xavotirlidir.

Hozirgacha siz barmog‘ingiz bilan smartfon ekraniga tegib, havolani bosganingizda, hukumat barmog‘ingiz aynan nimani bosayotganini bilmoqchi bo‘lib kelgan edi. Ammo koronavirus davrida qiziqish yo‘nalishi o‘zgaradi. Endi hukumat bosgan barmog‘ingizning haroratini va uning terisidagi qon bosimini bilmoqchi.

Favquloddagi shirinlik

Biz kuzatuv texnologiyalari rivojlanishi jarayonining qaysi bosqichida ekanimizni tushunib olishimizning qiyinchiliklaridan biri, hozir aniq qay tarzda kuzatilayotganimizni va kelgusi yillarda bu nimalarga olib kelishini bilmasligimizdadir. Kuzatuv texnologiyalari shunchalik tez rivojlanyaptiki, bundan 10 yil oldingi ilmiy fantastika deb bilgan narsalarimiz bugungi kunda odatiy xol bo‘lib qoldi. Keling, tajriba sifatida har bir fuqarodan kuniga 24 soat tana harorati va yurak urishini o‘lchaydigan biometrik bilaguzuk kiyishni talab qiladigan faraziy hukumatni tasavvur qilib ko‘ramiz. Kun davomida yig‘ilgan ma’lumotlar hukumat algoritmlari tomonidan to‘planadi va tahlil qilinadi. Algoritmlar siz kasal ekanligingizni o‘zingizdan oldin bilib oladi va qayerda kim bilan bo‘lganingizni ham biladi. Infeksion zanjirni shu tariqa uzib tashlash yoki kamaytirish mumkin. Bu tizim, ehtimol, bunday epidemiyalarni bir necha kunlar ichida to‘xtatib berar. Ko‘rinishi ajoyib! Shunday emasmi?

Buning salbiy tomon, shubhasiz, shuki, bu dahshatli yangi nazorat tizimining qonuniylashtirilishiga olib keladi. Masalan men CNN axborot tarmog‘i havolasini emas Fox News axborot tarmog‘i havolasini bosganimni bilsangiz, siz mening siyosiy qarashlarim, va hatto mening shaxsiyatim haqida ma’lumot olishingiz mumkin bo‘ladi. Ammo ma’lum video klipni ko‘rayotganimda tanam harorati, qon bosimi va yurak urish tezligini kuzata olsangiz, meni nimalar kuldirishi, nimalar yig‘latishi va meni qaysi masalalar chindan ham g‘azablantirishi haqida batafsil ma’lumotlar yig‘ib olasiz.

Shuni yodda tutishimiz kerakki, g‘azab, quvonch, zerikish va sevgi – bularning hammasi isitma va yo‘tal kabi biologik hodisalardir. Yo‘talni aniqlay oladigan har bir texnologiya kulishni ham aniqlab berishi mumkin. Agar hukumat va korporatsiyalar bizning biometrik ma’lumotlarimizni yig‘ishni boshlasalar, ular bizni o‘zimizdan ko‘ra yaxshiroq tushunishni boshlaydilar va ularda nafaqat bizni his-tuyg‘ularimiz bilan o‘ynashish uchun, balki istagan mahsulot yoki siyosatchini bizga sotishlari uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Bunday biometrik nazorat tizimi “Cambridge-Analitika” xakerlik taktikalarini bir zumda tosh davriga qiyoslab qo‘yishi mumkin. Shimoliy Koreyaning 2030 yildagi ahvolini tasavvur qilib ko‘raylik. Unda har bir fuqaro kuniga 24 soat biometrik bilaguzuk kiyib yuradilar. Bunday zamonda buyuk diktator yo‘lboshchining nutqini tinglaganingiz zahoti sizda g‘azab alomatlari aks etsa — kuningiz bitdi.

Siz, shubhasiz, biometrik kuzatuv tizimini vaqtincha qabul qilingan favqulodda chora sifatida ishlatilishini oqlashingiz mumkin. Favqulodda vaziyat tugashi bilan bu narsa yo‘q qilinishiga ishonishingiz mumkin. Ammo, gap shundaki vaqtinchalik chora sifatida ko‘rilgan tadbirlar voqelikka aylanish odatiga ega, ayniqsa kelajakda doimo yangi favqulodda vaziyatlar uchrab turishi oddiy holat ekanligini inobatga olsak. Mening vatanim bo‘lgan Isroil mamlakati 1948-yilda mustaqillik uchun urush davrida favqulodda vaziyat e’lon qildi va favqulodda chora sifatida axborot vositalarni senzura qilish va yerlarni olib qo‘yishdan tortib, hattoki shirinlik tayyorlashning maxsus belgilangan usullaridan foydalanishni (behazil!) talab qildi. Mustaqillik urushi allaqachon g‘alaba bilan tugab bo‘lgan, amma Isroil hech qachon favqulodda vaziyatni tugadi deb e’lon qilmadi. Mamlakat 1948-yilda ishga tushirgan ko‘pchilik favqulodda choralarni bekor qilishni uddalay olmadi (2011-yilda favqulodda shirinlik ishlab chiqarish to‘g‘risidagi farmon va nihoyat bekor qilindi).

Koronavirus bilan kasalga chalinish holatlari nolga tushgan taqdirda ham, ba’zi ma’lumot uchun ochko‘z bo‘lgan hukumatlar, go‘yoki koronavirusning ikkinchi to‘lqinidan qo‘rqqanlari uchun yoki Markaziy Afrikada Ebolaning yangi shtammlari paydo bo‘layotganidan xavotirlanayotganliklari uchun, biometrik kuzatuv tizimlarini saqlab qolish kerakligini ta’kidlashlari mumkin. So‘nggi yillarda shaxsiy maxfiyligimizni saqlash uchun katta kurash avj olmoqda edi. Koronavirus inqirozi ushbu jangning oxirgi nuqtasiga aylanishi mumkin. Chunki odamlar shaxsiy maxfiylik yoki sog‘liq orasida tanlashga majbur bo‘lib qolsalar, ular odatda sog‘liqni tanlaydilar.

Sovun politsiyasi

Odamlardan shaxsiy hayot daxlsizligi yoki sog‘liq ikkisidan birini tanlashni so‘rash aslida hamma muammolarning ildizidir. Chunki bu ikkala javob ham o‘ta noto‘g‘ri. Biz aslida, ham shaxsiy daxlsizlik ham salomatligimizdan bahramand bo‘lishimiz mumkin va kerak. Biz o‘z sog‘lig‘imizni saqlashni va koronavirus epidemiyasini to‘xtatishni totalitar nazorat rejimlarini o‘rnatish orqali emas, balki fuqarolar o‘zlarining vakolatlari asosida harakat qilishlari va o‘zlarini boshqarishlari uchun keng imkoniyat yaratib berish orqali erishishimiz mumkin. So‘nggi haftalar ichida koronavirus epidemiyasini oldini olish bo‘yicha eng muvaffaqiyatli harakatlar Janubiy Koreya, Tayvan va Singapur tomonidan uyushtirildi. Ushbu mamlakatlar ekstensiv kuzatuv dasturlaridan biroz ko‘proq foydalanishgan bo‘lsa-da, ular keng ko‘lamli testlarga, to‘g‘ri hisobot berishga, ogoh va hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan jamoatchilikning mehnatiga ko‘proq ishonishdi.

Markazlashtirilgan monitoring va qattiq jazo choralari odamlarni kerakli ko‘rsatmalarga amal qilishlarini ta’minlash uchun yagona usul emas. Fuqarolar ilmiy faktlarni eshitsalar va hokimiyatning ushbu faktlarni rostligicha yetkazib berishiga ishonsalar, “katta aka“ kuzatmasa ham to‘g‘ri qabul qila olish mas’uliyatiga egadirlar. Hamma ma’lumotdan xabardor va o‘zini o‘zi boshqara oladigan xalq, kuchli nazorat ostida yashaydigan johil xalqdan ko‘ra ancha samaraliroq va kuchliroq bo‘ladi.

Misol tariqasida qo‘lingizni sovun bilan yuvish jarayoniga boqaylik. Ushbu oddiy jarayon inson gigiyenasidagi eng katta erishilgan yutuqlardan biri bo‘ldi. Ushbu oddiy harakat millionlab odamlarning hayotini saqlab qoladi. Garchi bu biz uchun odatiy xolga aylanib qolgan bo‘lsa-da, qo‘llarni sovun bilan yuvish qanchalik muhimligini olimlar faqat 19-asrga kelibgina aniqladilar. Ilgari hatto shifokorlar va hamshiralar ham qo‘llarini yuvmasdan turib bir jarrohlik amaliyotidan keyingisiga o‘tishgan. Bugungi kunga kelib, milliardlab odamlar har kuni qo‘llarini yuvadilar, ular sovun politsiyasidan qo‘rqqanlari uchun emas, balki haqiqatni tushunganliklari uchun. Men qo‘llarimni sovun bilan yuvaman, chunki men viruslar va bakteriyalar haqida eshitganman, bu mayda organizmlar kasalliklarga olib kelishini tushunaman va sovun ularni olib tashlashi mumkinligini bilaman.

Ammo odamlar bilan bunday muvofiqlik va hamkorlikka erishish uchun sizga ozgina ishonch kerak. Fuqarolar ilm-fanga, davlat organlariga va ommaviy axborot vositalariga ishonishlari kerak. So‘nggi bir necha yil ichida ba’zi mas’uliyatsiz siyosatchilar ilm-fanga, davlat hokimiyatiga va ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonchni qasddan yo‘q qildilar. Endi xuddi shu mas’uliyatsiz siyosatchilar jamoatchilik to‘g‘ri ish qilishiga ishonmaymiz deb avtoritar tizimga olib boradigan yo‘lni tanlashlari mumkin.

Odatda, yillar davomida buzilgan ishonch bir kechada tiklanishi mumkin emas. Ammo hozir oddiy vaqt emas. Tarang vaziyatda odamlarning fikri ham tez o‘zgarishi mumkin. Siz bir necha yil davomida qarindoshlaringiz bilan achchiq janjallarga duch kelgan bo‘lishingiz mumkin, ammo favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, siz o‘zingizda to‘satdan yashirin ishonch va do‘stlik omborini topasiz va bir-biringizga yordam berishga shoshilasiz. Nazorat va kuzatuv tizimini o‘rnatish o‘rniga, odamlarning ilm-fanga, davlat hokimiyati va ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonchlarini tiklashga harakat qilish hali ham kech emas. Biz yangi texnologiyalardan ham foydalanishimiz kerak, ammo bu texnologiyalar fuqarolarning imkoniyatlarini kengaytirishi kerak. Men tana haroratimni va qon bosimimni kuzatishni istayman, ammo bu ma’lumotlarni qudratli hukumatni qo‘liga topshirishni istamayman. Aksincha, bu ma’lumotlar menga puxta o‘ylangan shaxsiy qarorlar qabul qilishim uchun va hukumatning fuqarolar oldida javobgarligini nazorat qilishim uchun imkoniyat berishi kerak.

Agar menda o‘zimning sog‘lig‘imni o‘zim kuniga 24 soat kuzatish imkoniyati tug‘ilsa, men nafaqat atrofdagilar sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirganimni, balki qaysi odatlar mening sog‘lig‘imga keskin ta’sir ko‘rsatishini ham bilib olaman . Va agar men koronavirusning tarqalishi bo‘yicha ishonchli statistikani o‘rganib, tahlil qila olsam, “Hukumat menga haqiqatni ochiq aytyaptimi yoki yo‘q?”, “Epidemiyaga qarshi to‘g‘ri siyosat qabul qilyaptimi yoki yo‘q?”, degan savollarga javob topa olaman. Odamlar kuzatuv texnologiyalari haqida gapirganlarida shuni yodda tutingki, odamlar ustidan nazorat qilish uchun ishlatiladigan xuddi shu texnologiyalarni, fuqarolar o‘z hukumatlarini nazorat qilish uchun ham ishlatilishlari mumkin.

Shunday qilib, koronavirus epidemiyasi fuqarolik nuqtai nazarining asosiy sinovidir. Yaqin kunlarda, har birimiz ilmiy ma’lumotlarga va sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislarga ishonishimiz va asossiz fitna nazariyalaridan va faqat o‘z manfaatlarini o‘ylaydigan siyosatchilardan yiroqda bo‘lishimiz kerak. Agar biz to‘g‘ri tanlov qilmasak, bu bizning sog‘ligimizni saqlashning yagona yo‘li deb o‘ylagan holda, eng qimmatli erkinliklarimizdan voz kechib qolishimiz mumkin.

Bizga global reja kerak

Bizni tanlovga undayotgan ikkinchi masalalardan biri, millatning ajralishi yoki global birdamligidir. Epidemiyaning o‘zi ham, uning ortidan kelgan iqtisodiy inqiroz ham global muammolardir. Ularni faqat global hamkorlik yordamida samarali hal qilish mumkin.

Birinchi navbatda, virusni yo‘q qilish uchun biz global miqyosda ma’lumot almashishimiz kerak. Bu odamlarning viruslar ustidan bo‘lgan eng katta ustunligi. Xitoydagi koronavirus bilan AQShdagi koronavirus odamlarga qanday qilib o‘zini yuqtirish borasida ma’lumot almasha olmaydi. Ammo Xitoy AQShga koronavirus va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘plab qimmatli saboqlarni o‘rgatishi mumkin. Ertalab Milanda Italiyalik shifokor kashf qilgan muolaja, kechqurun Tehronda odamlarning hayotini saqlab qolishi mumkin. Buyuk Britaniya hukumati bir nechta usullardan qaysi birini tanlashga ikkilanib tursa, bir oy oldin xuddi shu dilemmaga duch kelgan Koreyaliklardan maslahat olishi mumkin. Ammo buning uchun bizga global hamkorlik va bir-birimizga ishonch ruhi kerak.

Mamlakatlar ochiqlik va kamtarlik bilan bir-birlari bilan ma’lumotni baham ko‘rishga tayyor bo‘lishlari va olingan ma’lumotlar va tushunchalarga ishona olishlari kerak. Tibbiy asbob-uskunalarni, xususan, test vositalarini va nafas olish apparatlarini ishlab chiqarish va tarqatish uchun bizga global kuch kerak. Har bir mamlakat bunday choralarni mahalliy sharoitda bajarishga harakat qilib, har qanday uskunalarni o‘zida zaxira qilib olish o‘rniga, muvofiqlashtirilgan global harakat uskunalarni ishlab chiqarishni sezilarli darajada tezlashtirishi va hayotni saqlab qoladigan apparatlarni adolatli taqsimlanishiga olib kelishi mumkin. Urush paytida mamlakatlar asosiy tarmoqlarni milliylashtirganidek, koronavirusga qarshi insoniyat urushi bizdan ishlab chiqarishning muhim yo‘nalishlarini “insoniylashtirish” ni talab qiladi. Koronavirus kam bo‘lgan boy mamlakatlar, kambag‘al mamlakatlarga qimmatbaho asbob-uskunalarni yuborishga tayyor bo‘lishlari kerak. Shuningdek keyinchalik ular yordamga muhtoj bo‘lib qolsa, boshqa davlatlar yordamga kelishiga ishonishlari kerak.

Biz tibbiyot xodimlarini birlashtirishga qaratilgan global harakatni ko‘rib chiqishimiz mumkin. Hozirda virus kam ta’sir qilgan davlatlar tibbiy xodimlarni dunyoning eng xavfli mintaqalariga yuborib, ularga muhtoj bo‘lgan vaqtida yordam berishi uchun, va bahonada qimmatli tajriba orttirib kelishlari uchun ham yuborishlari mumkin. Agar keyinchalik epidemik siljish bo‘lsa, yordam teskari yo‘nalishga qarab oqishi mumkin.

Iqtisodiy sohada ham global hamkorlik zarur. Iqtisodiyotning global xususiyatini va ta’minot zanjirini inobatga oladigan bo‘lsak, agar har bir hukumat boshqalarga to‘liq e’tibor bermasdan o‘z ishini qilsa, natijada xaos va undan-da chuqurlashgan inqiroz paydo bo‘ladi. Bizga global harakatlar rejasi kerak va biz unga tezkor ravishda muhtojmiz.

Yana bir talab — sayohat bo‘yicha global kelishuvga erishish. Barcha xalqaro sayohatlarni bir necha oyga to‘xtatib qo‘yish katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi va koronavirusga qarshi kurashni qiyinlashtiradi. Hech bo‘lmaganda muhim sayohatchilar: olimlar, shifokorlar, jurnalistlar, siyosatchilar, ishbilarmonlarning chegaralarini kesib o‘tishda davom etishlariga imkon berish uchun davlatlar hamkorlik qilishlari kerak. Sayohatchilarni o‘z mamlakatlarida ko‘rikdan o‘tkazishni global kelishuv orqali yo‘lga solish bilan erishishlari kerak. Bu o‘z mamlakatlari bo‘ylab sayohatchilarni oldindan ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha global kelishuv orqali amalga oshirilishi mumkin. Agar samolyotda faqat sinchkovlik bilan tekshirilgan sayohatchilarga ruxsat berilganligini bilsangiz, ularni o‘z mamlakatingizga qabul qilishga tayyor bo‘lasiz.

Afsuski, hozirgi paytda mamlakatlar bunday ishlarni amalga oshirmaydilar. Kollektiv befarqlik xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda. Bu xonada kattalar yo‘qdek tuyuladi. Bir necha hafta oldin dunyo rahbarlari favqulodda yig‘ilishi o‘tkazib umumiy harakat rejasini ishlab chiqishlarini kutgan edik. G7 rahbarlari faqat shu hafta videokonferensiya o‘tkazishga muvaffaq bo‘lishdi va bu yig‘ilish bunday rejalarga olib kelmadi.

Avvalgi global inqirozlarda — 2008 yildagi moliyaviy inqiroz va 2014 yilda Ebola epidemiyasi kabi inqirozlarda AQSh global lider rolini o‘z zimmasiga olgan edi. Ammo AQShning hozirgi ma’muriyati global rahbarning ishini tark etdi. U shuni aniq ko‘rsatdiki, u insoniyat kelajagi haqida emas, balki Amerikaning buyukligi haqida ko‘proq qayg‘uradi.

Ushbu ma’muriyat hattoki o‘zining eng yaqin ittifoqchilaridan voz kechdi. U Yevropa Ittifoqidan barcha sayohatlari ta’qiqlanganda, na ularni oldindan ogohlantirish bilan bezovta bo‘lmadi va na ular bilan bu keskin choraning oqibatlari haqida maslahatlashdi. U Germaniyaga “Nemis farmatsevtika kompaniyasiga yangi Covid-19 vaksinasining monopol huquqini sotib olish uchun 1 milliard dollar taklif qilgan” degan ayb bilan chiqdi. Garchi hozirgi ma’muriyat oxir-oqibat yo‘nalishni o‘zgartirib global harakatlar rejasini ishlab chiqqan taqdirda ham, hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydigan, xatolarni tan olmaydigan va butun aybni boshqalarga ag‘darib, o‘zini maqtaydigan rahbarga ergashmaydi.

Agar AQSh qoldirgan bo‘shliqni boshqa davlatlar to‘ldirmasa, hozirgi epidemiyani yengish nafaqat qiyinlashadi, balki uning merosi kelgusi yillardagi xalqaro aloqalarni zaharlaydi. Shunday bo‘lsa-da, har bir inqirozni o‘z navbatida qulay bir fursat deb qarashimiz kerak. Biz shuni umid qilishimiz kerakki, insoniyat hozirgi epidemiya bilan kurashish uchun global ajralishi va birlashmasligi kattaroq xavflarni tug‘dirishini anglab yetadi.

Insoniyat tanlov qilishi kerak. Ajralish yo‘lidan boramizmi yoki global hamjihatlik yo‘lini tanlaymizmi? Agar biz o‘zaro kelishmovchilikni tanlasak, bu nafaqat inqirozni uzaytiradi, balki kelajakda yanada dahshatli fojialarga olib keladi. Agar biz global birdamlikni tanlasak, bu nafaqat koronavirusga qarshi, balki 21-asrda insoniyatni xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan barcha yuqumli kasalliklar va inqirozlarga qarshi ham katta g‘alaba bo‘ladi.

Yuval Noa Xarari

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан