Bugun AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi shtab a’zosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda koronavirus infeksiyasi borasida aholidan kelgan savollarga javob qaytarildi.
— Shifokorlarning tashxisiga ko‘ra, akam kasallikni yengil kechirmoqdalar, dori vositalarisiz davolash bilan organizm kasallikni o‘zi yengib chiqishi mumkinmi? Lekin PSR test topshirmadik, buni aniq bilish uchun test topshirish shartmi?
— Ha, shunday ham bo‘lishi mumkin. Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, kontaktda bo‘lgan aholining 80%da kasallik simptomlarsiz deyiladigan yengil kechuvida o‘tadi.
Mazkur bemorlarda immun tizim yaxshi rivojlangan va faoliyat yuritadi. Bu holatlarda immun tizimni qo‘llab turish maqsadida, shaxsiy gigiyena qoidalariga va karantin talablariga rioya qilish o‘ta muhim hisoblanadi. Ya’ni:
- tomoqni tez-tez turli eritmalarda chayib turish: kuniga 8 martadan kam bo‘lmagan holda;
- kuniga 3-4 litr suyuqlik ichish;
- sog‘lom ovqatlanish: ovqat ratsionida meva va sabazvotlar iste’mol qilish;
- S-vitaminiga boy mahsulotlarni – limon, na’matak, malina-choylarni ichish;
- bulg‘or qalampiri, piyoz va ko‘katlar iste’mol qilish;
- Shu bilan birga, tez-tez nafas gimnastikalari, yengil yurish va mashqlarni bajarib turish tavsiya etiladi.