Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Ko‘sak qurtiga haykal o‘rnatish payti kelmadimikan?” yoki O‘zbekistonda sanoatlashtirish siyosati
29.11.2019 17:03,  
547

So‘zimizni roppa-rossa yuz yillik tarixdan boshlasak. Uzun burunli paxta qo‘ng‘iziga (Anthonomus grandis) o‘rnatilgan yodgorlik anchadan buyon mavjud bo‘lib, o‘quvchi “kelib-kelib qo‘ng‘izga ham haykal qo‘yish mumkin-mi?” degan xayolga borishi tabiiy. Mazkur haykal AQShning Alabama shtatining janubida joylashgan Enterprayz shahrida o‘rnatilgan.

Uzun burunli paxta qo‘ng‘iziga yodgorlik o‘rnatilish tarixi juda ham qiziq. Alabama shtati AQShning paxta yetishtiriladigan asosiy hududlaridan biri bo‘lishi bilan birga, XIX asrda paxta yetishtirish mahalliy fermerlarning asosiy daromad manbai hisoblangan. Biroq, XIX asrning oxirlarida Alabama shtatiga Meksika hududidan uzun burunli qo‘ng‘iz, ya’ni paxta zararkunandasi yopirilib kirib, paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Fermerlar ushbu zararkunandaga qarshi kurashishda kimyoviy vositalardan har qanchalik foydalanmasinlar, ularning urinishlari besamar ketar edi.

XIX asr boshlariga kelib paxta yetishtiruvchi fermerlar inqiroz yoqasiga kelib qoldilar. Mahalliy fermerlardan biri bankirlarning tavsiyasiga amal qilib, paxta ekiladigan maydonlarga yeryong‘oq ekadi. Fermer shu yilning o‘zida 8000 bushel (1 bushel taxminan 38,671 kilogramm) yeryong‘oq yig‘ishtirib olgani holda, yetishtirilgan hosil evaziga fermer o‘z qarzlaridan qutilib, katta daromad olishga erishadi. Buni ko‘rgan fermerlar paxta o‘rniga yeryong‘oq eka boshlaydilar. Yeryong‘oq yetishtirish orqali shu paytgacha paxta ekib biri ikki bo‘lmagan ko‘pchilik fermerlar katta daromad ola boshlaydilar. Fermerlar yeryong‘oq bilan bir qatorda hududga mos ekinlar ekishni yo‘lga qo‘yadilar.

Paxtaning o‘rniga yeryong‘oq va shunga o‘xshash mahalliy iqlim sharoitlariga mos ekinlarni yetishtirish evaziga daromad ko‘rayotgan va bir so‘z bilan aytganda “kosasi oqarayotgan” mahalliy fermerlar to‘kinchilik ramzi sifatida uzun burunli paxta qo‘ng‘iziga minnatdorchilik ramzi sifatida 1919 yil Enterprayz shaharchasida “The Boll Weevil Monument” (Ze Boll Uivil Monument)ni o‘rnatdilar.

Dastlab mazkur yodgorlikda hosildorlik ma’budasi Serera tasvirlangan bo‘lib, yodgorlikning poyidagi toshga qo‘ng‘izga nimaga bunchalik ehtirom ko‘rsatilishi sabablari bayon etilgan yozuv bitilgan edi. Keyinchalik mazkur yodgorlik o‘zgartirilib, me’mor Lyuter Beykerning qo‘li bilan 1949 yilda boshqacha qiyofa kasb etdi. Haykalning yangi ko‘rinishida ma’buda Serera qo‘llarini baland ko‘targan holda, uzun burunli qo‘ng‘izni ko‘tarib turibdi va haykalning ustun toshiga qo‘ng‘izga minnatdorchilik ramzi sifatida quyidagi yozuvlar: “Mazkur haykal farovonlikka erishish yo‘lini ko‘rsatib berganligi uchun uzun burunli paxta qo‘ng‘iziga minnatdorchilik belgisi sifatida Alabama shtati Enterprayz shahri fuqarolari tomonidan o‘rnatilgan” bitilgan edi.

Hushyor o‘quvchilarimizda sanoat siyosatiga ko‘sak qurtining nima aloqasi bor? degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aynan mana shunday dolzarb masalalarni hal etish, iqtisodiyotni sanoatlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 sentyabrdagi PF 5544 sonli “2019 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni va shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi PQ 4105 sonli “O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorlari qabul qilindi.

Aytish lozimki, mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, bugungi kunda mamlakatimizda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish darajasi talab darajasida emas. Shu o‘rinda bir tahlil yuritsak.

O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, mamlakatimizni 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda dunyoning innovatsion jihatdan kuchli rivojlangan 50 ta davlati qatoriga olib chiqish masalasi qo‘yilgan. Kanadalik xokkey yulduzidan “Sizning muvaffaqiyatingiz siri nimada?” deb savol berishganida, u “boshqa o‘yinchilar xokkey shaybasini izlashayotgan bir paytda, men xokkey shaybasi qayerga borib tushushini oldindan bilaman” deb javob bergan ekan. Demakki, bizning mo‘ljallagan manzilimiz aniq, ya’ni innovatsion taraqqiy etgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, lekin bugungi kundagi o‘rnimiz qayerda ekanligini bilib olish foydadan holi bo‘lmaydi.

Xususan, bugungi kunda innovatsion jihatdan rivojlangan kuchli 50 talik davlatlarda ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ajratilyotgan mablag‘lar ulushi YaIMga nisbatan o‘rtacha 2,6 foizni tashkil etgani holda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich YaIMga nisbatan 0,2 foizni (oradagi farq salkam 12 marta)ni tashkil etadi. O‘zbekistonda energetika samaradorligi ko‘rsatkichi yetakchi innovatsion davlatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan salkam 4 marta past. Innovatsion jihatdan rivojlangan davlatlarda korrupsiyani nazorat qilish indeksi 80 dan yuqori bo‘lgani holda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 18 ni tashkil etadi. Yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportida ham katta farqlanishlar mavjud. Xususan, O‘zbekistonda yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportining sanoat mahsulotlari umumiy eksportidagi ulushi 4 foiz atrofida bo‘lgani holda, bu ko‘rsatkich innovatsion jihatdan yetakchi davlatlarda o‘rtacha 23-24 foizni tashkil etadi.

2018 yil uchun eksport va import tarkibini tahlil qilish ham quvonarli natijalarni bermaydi. Xususan, 2018 yilda mamlakatimiz eksportining salkam 53 foizi rangli metallar, uglevodorodlar va ho‘l meva hissasiga to‘g‘ri kelgani holda, import tarkibida mashina va asbob-uskunlarning ulushi tobora ortib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Bugungi kunda sanoatning 69 foizi asosan xom ashyo yoki birlamchi qayta ishlashga to‘g‘ri kelmoqda. Mashina va asbob-uskunalarning importini bir tomondan ijobiy baholash mumkin bo‘lgani holda, masalaning ikkinchi tomonini e’tiborga olish lozim. Bunday holatning muttasil o‘sib borish tendensiyasiga ega bo‘lishi uzoq muddatli davrda mamlakatning “iqtisodiy qotillik” qurboniga aylanishiga zamin yaratib beradi. Shu sababli ham mamlakatimizda sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni barcha chora-tadbirlar bilan qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifaga aylanmog‘i zarur.

Innovatsion jihatdan rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shundan dalolat beradiki, barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashning ustivor yo‘nalishlaridan biri — bu sanoatlashtirish siyosatini izchil amalga oshirishdan iboratdir. Zero, nemis sanoatchisi Xans Volfgang Zinger aytganidek: “Iqtisodiy jihatdan zaif davlat sanoat ishlab chiqarishi yo‘qligi uchun ham qashshoqdir va u ayni vaqtda qashshoq bo‘lganligi sababli ham sanoat ishlab chiqarishi yo‘q”.

Shu bois, mamlakatimizni innovatsion jihatdan yetakchi davlatlar qatoriga olib chiqish, milliy iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida mamlakatimizda alohida Sanoat vazirligini tashkil etishni va bunda asosiy e’tiborni stanoksozlik va asbobsozlik sohalarini vujudga keltirishga, sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirishga qaratishni taklif etgan bo‘lar edik.

Akmal Abduvohidov

Guliston davlat universiteti katta o‘qituvchisi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан