Kuchaytirilgan karantin nazorati davrida diniy marosimlarni o‘tkazish tartibi ma’lum qilindi

Kuchaytirilgan karantin nazorati davrida diniy marosimlarni o‘tkazish tartibi ma’lum qilindi

Joriy yilning 17 aprel kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov boshchiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar vaToshkent shahar vakillari hamda tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida o‘tkazilgan Maxsus komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar va belgilangan vazifalar kun tartibidan joy oldi.

️Videomuloqotda so‘nggi kunlarda epidemiologik vaziyat yomonlashgani, shu bois, diniy soha xodimlari, imom-xatiblardan mas’uliyatni yanada oshirish,masjidlarda o‘tkazilayotgan taroveh, xatmi Qur’on ibodatlarida karantin qoidalariga to‘liq amal qilish lozimligi ta’kidlandi.

Videomuloqotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev muborak Ramazon oyida taroveh namozlarini ochiq hududlarda (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi,masjidga tutash ichki ko‘chalar) ado etish, sanitariya qoidalari va karantin talablariga to‘liq rioya etish hamda iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki ishtirokchilar soni cheklangan holda, ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz o‘tkazish, bu borada imom-xatiblar mas’uliyatini yanada oshirish borasidagi muhim ko‘rsatma va tavsiyalarni aytib o‘tdi.

️Shuningdek, aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida juma va taroveh namozlarini amalga oshirishda 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar, yosh bolalar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslar ibodatlarni uy sharoitida amalga oshirishlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, har bir namozxon masjid ichida va namoz davomida tibbiy niqob taqqan holda bo‘lishi va masjidga kirishda dezinfeksiya vositasidan foydalanishi, bino xonalarini har kunlik dezinfeksiya qilish, kirish-chiqish joylarini pirometrlar (kontaktsiz harorat o‘lchagich), antiseptik vositalar bilan jihozlash kabi muhim jihatlar ham alohida qayd etildi.

️O‘z navbatida, murakkab epidemiologik vaziyatni e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar ham jamoaviy ibodatlarni yuqoridagi tavsiyalar asosida amalga oshirish choralarini ko‘rishlari alohida ta’kidlandi.