Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Kun.Uz va Jahongir Ortiqxo‘jayev mojarosi: voqealar silsilasiga nazar
19.11.2019 20:32,  
4005

So‘nggi uch kunda Internetning o‘zbek segmenti Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va O‘zbekistondagi eng ilg‘or, peshqadam onlayn nashr – Kun.Uz o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan junbishga keldi.

Hammasi nimadan boshlangan edi? Ortga qaytib, voqealar silsilasini tiklashga harakat qildik.

Yozning oxiri

14.08.2019. Kun.Uz nashri xodimlari – jurnalist Rahmatilla Isroilov va tasvirchi Sherzod Egamberdiyev “Xiva stroy” MChJ rahbarining tahririyatga yo‘llagan murojaati yuzasidan izoh olish maqsadida Olmazor tuman hokimligida bo‘ldi. Murojaatga ko‘ra Olmazor tuman hokimiyati qurilish firmasiga 800 million so‘m atrofida qarzdor bo‘lgan. Ammo hokimiyat binosiga borgan jurnalistlarga ayni murojaat yuzasidan izoh berilishi o‘rniga tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov tajovuz qildi, kamera shtativini sindirib tashlab, nashr xodimlarini haqorat qildi.

16.08.2019. Jurnalistlarga tajovuzdan ikki kun o‘tib, Toshkent shahar hokimligining YouTube’dagi kanalida Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning videointervyusi paydo bo‘ldi. Unda Vahobov bir kun oldin o‘zi hujum qilgan jurnalist Rahmatilla Isroilov pora evaziga yer so‘raganini iddao qildi. (Eslab qoling, sal o‘tib ayni voqeaga boshqa tomondan nazar solamiz!)

Ammo Kun.Uz nashri bu borada tahririyatning ichki tekshiruvini o‘tkazganini ma’lum qilib, Vahobovning iddaosini to‘liq rad etib chiqdi.

Shuningdek, shu kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA), Jurnalistlar uyushmasi, Xalqaro press-klub va bir qator deputatlar bir kun oldingi tajovuzni qoraladi.

17.08.2019. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi “Kun.Uz xodimlariga tajovuz nazoratga olindi”, deya bayonot berdi. Biroq bundan keyin Bosh prokuratura ayni mavzuda boshqa gapirmadi, sukut saqlashni afzal bildi.

23.08.2019. Tuman hokimi tajovuzidan to‘qqiz kun o‘tib, Ichki Ishlar Vazirligi matbuot anjumanida vazirlikning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Qutbiddin Burxonov bayonot berib, ayni voqea yuzasidan tekshiruv ketayotgani, Vahobov kamera shtativini sindirgan va sayt xodimlariga tashlangan vaziyatda IIB xodimi o‘rtaga tushishi shart bo‘lganini aytdi.

Shu bilan bu voqea bo‘yicha bir oygacha hech kim eslamadi.

Kuzning boshi

25.09.2019. Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning “Jurnalist yer olish uchun pul taklif qildi” degan iddaosini tuhmat deb baholagan Kun.Uz nashri xodimi Rahmatilla Isroilov Bosh prokuror nomiga murojaat yo‘llagan edi. Bu murojaatga javob 2019 yil 16 sentyabr imzosi bilan 25 sentyabr kuni nashr ixtiyoriga kelib tushdi. Toshkent shahar prokuraturasi bergan javobda “Abdurasul Vahobov hech qanday noqonuniy harakat qilmagani va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ash rad etilgani” ma’lum qilindi. Haligacha shahar hokimligining YouTube kanalida turgan amaldorning videotuhmatiga O‘zbekistondagi biron huquq-tartibot idorasi javob berishni istamadi.

Ayni javob ijtimoiy tarmoqlarda bir qadar norozilikni keltirib chiqardi: “Nega tuman hokimi o‘rinbosarining videotasvir bilan isbotlangan tajovuzi noqonuniy harakat deb tan olinmadi?”, “Nega Vahobov bir jurnalistga ochiq, omma oldida tuhmat qiladi-yu, huquq tuzilmalari bunga indamay ko‘z yumadi?” kabi javobsiz savollar berildi.

27.09.2019. Shahar prokuraturasi ham, Olmazor tuman prokuraturasi ham oqlab turgan, huquq-tartibot idoralari ochiq tuhmatiga ko‘z yumgan Abdurasul Vahobov kutilmaganda ishdan ketgani e’lon qilindi.

Undan ham qizig‘i, boshida bir gapirgani bo‘yicha shu bilan bu mavzuni boshqalar kabi jim kuzatgan AOKA rahbari Komil Allamjonov Vahobovning iste’fosidan so‘ng “Bugun "Kun.uz" muxbiriga hujum qilgan Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov o‘z lavozimidan ozod qilindi. Shu munosabat bilan biz yana bir bor ta’kidlaymizki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi har bir jurnalist va blogerni uning huquqlari buzilishidan himoya qilishni davom ettiradi”, degan bayonot bilan chiqdi.

Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa Abdurasul Vahobov va uning oilasiga tasalli bergan bo‘ldi: “Ijtimoiy tarmoqlarda sizning o‘g‘lingiz Abdurasul Vahobov to‘g‘risida har xil salbiy fikrlar va izohlar bildirilishi mumkin. Sizlarga sidqidildan bir iltimosim bor, ularga ahamiyat bermang va o‘zingizni qiynamang. Sizni farzandingiz bilan 1,5 yil avval tanishib, shu davr mobaynida men uni fidoyi va jonkuyar, kechayu kunduz xalq dardini yengil qilish maqsadida yurgan qalbi toza inson sifatida ko‘rdim”.

Hammasi shu bilan tugaydigandek edi. Ammo hali bu ish oxiriga yetmagan – huquq-tartibot idoralari Abdurasul Vahobovning xatti-harakatlariga aniq baho bermagan, uning ochiq tuhmati esa umuman e’tiborsiz qolayotgandi.

Kech kuz

13.11.2019. Toshkent shahar prokuraturasi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun favqulodda matbuot anjumani (brifing) uyushtirdi. Bu shunchalik tez, kutilmaganda sodir bo‘ldiki, ko‘pchilik jurnalistlar undan xabar ham topa olmay qoldi. Brifing bo‘lishi haqidagi e’lon uning boshlanishidan taxminan uch soatcha oldin ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Brifingda prokurorlar asosan Toshkent shahar prokuraturasining Abdurasul Vahobovga nisbatan mavqeini, uning ochiq tuhmatidan keyin ham jinoiy ish ochilmaganining sabablarini izohlashga harakat qildi, jurnalistlarning savollariga asosli va qoniqarli javob berilmadi. Buni matbuot anjumanida qatnashgan Kun.Uz, Xabar.Uz va Daryo.Uz nashri xodimlari ta’kidladi.

Jurnalistlarning “Agar jurnalistning pora taklif qilgani rost bo‘lsa, marhamat – javobgarlikka tortilsin, axir bu korrupsiya! Agar bu tuhmat bo‘lsa, unda tuman hokimi sobiq o‘rinbosari javobgarlikka tortilsin, axir bu qip-qizil muttahamlik!” – mazmunidagi savollariga shahar prokurori o‘rinbosari Aliakbar Po‘latov: “Bizning tekshiruvimiz yakuni bo‘yicha shunday xulosaga kelganmizki, mana shu lavozimidan ozod qilinishi davlat organlarida 20 yildan beri xizmat qilayotgan xodim uchun, menimcha, undan ortiq jazo”, deya qiziq javob berdi.

15.11.2019. “Ozodlik” sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning bir fermer yordamchisini soqoli o‘sib ketgani uchun tahqirlagan, gap orasida qaysidir amaldorga "O‘rtoq polkovnik, soqoliniyam, sochiniyam yaltillatib, qirdirib oling. Qarang, soqolini ham, sochini ham anaqa qiling. Xo‘pmi, davay, bo‘ling”, deb buyurgani audiosi tarqaldi.

Ertasiga, 2019 yilning 16 noyabr tongida bu audio O‘zbekiston ichida faoliyat yuritadigan saytlarda ham e’lon qilindi.

Havo soviy boshladi...

Qish yaqin

16.11.2019. Soat 09:46. Farg‘ona hokimining tadbirkorning soch-soqolini qirdirishga buyruq bergani haqidagi audioyozuv tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Shuhrat G‘aniyevning bu xatti-harakatlarini qoralovchi, tanqid qiluvchi fikrlar avj oldi.

Soat 18:46. Farg‘ona viloyat hokimining axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov deyarli o‘n daqiqalik lavha tayyorlab, unda hokimni himoya qilishga urindi: “Tadbirkor bu uchrashuvga soqoli o‘sgan va ajoyib kiyimda kelgani uchun hokim uning yonida o‘tirgan insonga: "Bu yigitning soqolini oldirib qo‘ying" deb tavsiya bergan. Bo‘lgan gap shu!" dedi u. Ammo keyinroq bu video noma’lum sababga ko‘ra Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatining Feysbukdagi sahifasidan o‘chirib tashlandi.

Soat 19:00 dan keyin. Hali Internetning o‘zbek segmenti auditoriyasi Farg‘ona hokimi va uning matbuot kotibining bu gaplarini hazm qilib ulgurmasidan ijtimoiy tarmoqlarni tom ma’noda “portlatgan”, Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlarga “o‘ldirib yuborish”, “gey deb sharmanda qilish”, “uyidan chiqi ketib qaytib kelmasligi” bilan tahdid qilgan yangi audioyozuv paydo bo‘ldi: 1) 19:15 da Qalampir.Uz saytida; 2) 19:30 da Kun.Uz nashrida ; 3) 20:16 da Sof.Uz nashrida. Vaqt o‘tgani sari bu audioyozuv deyarli barcha o‘zbek tilidagi saytlarni qamrab oldi. Muhokamalar boshlandi.

Soat 22:30. Toshkentda barcha partiyalar vakillari ishtirokida o‘tayotgan demokratik debatda bloger Nozim Safari partiyachilardan “Bugun shahar hokimining jurnalistlarga qilgan tahdidi audiosi tarqaldi. Bunga qanday munosabat bildirasizlar?” deb so‘radi. Ammo bironta partiya vakilidan tayinli javob chiqmadi. Ehtimol, ular o‘sha vaqtda atigi 3 soat oldin yoyila boshlagan audiodan bexabar bo‘lgandir.

Ijtimoiy tarmoqlar esa shanba kechqurun va yakshanba tunidan boshlab qizidi, bu borada turli fikrlar, munosabatlar bildirish to‘xtamadi:

– Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullayev: “Biz vaziyatdan xabardormiz va bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda”.

– Jamshid Muslimov, iqtisodchi: “Ortiqxo‘jayev jurnalistlar bilan suhbatda "petux", "geylikka opustit qilish” iboralari sovet davridagi “zona” muhitidagi jinoyatchilarning ongiga xos iboralardir”.

– “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi: “Jurnalist va blogerlarni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlanishidagi hissasini hamda jamiyatimizda adolatni o‘rnatishdagi faolligini e’tirof etgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘rilishini so‘raymiz”.

– Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos: “Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytgan gaplari, O‘zbekiston oliy hokimiyatida sifat jihatidan o‘ta jiddiy inqiroz yaratdi. Ortiqxo‘jayevning aytganlarini qisqa tilga ko‘chirsak, “O‘zbekistonda qo‘rquv manbai bu – davlat hokimiyatidir”, ya’ni, “Davlat terrorchidir” deganini anglatadi”.

– O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi: “Audioyozuvdagi holat haqiqatda ro‘y bergan bo‘lsa, demokratik islohotlarning eng muhim sharti – so‘z va fikr erkinligiga, jurnalistlarga ochiqdan-ochiq tahdid qilish, “menga hamma narsa mumkin”, deb o‘ylash, avvalo, xalq va davlatni mensimaslik, deb baholanishi kerak”.

– Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev: “Bolalar o‘z otalari har qanday paytda yo‘qolib qolishi, cho‘kib ketishi va uyiga qaytmasligini bilmay eshikka qarab kutib o‘tiradigan jamiyat paydo bo‘lib qolishidan qo‘rqyapman. Qo‘rqyapman…”

– Sardor Salim, ziyoli: “Oligarx-amaldorlar jangi yaxshi ketyapti. Hozircha bitta tomon "informatsion pushka" va qo‘lbola blogerlardan unumli foydalandi. Ikkinchi tomonning "otvetka"sini kutamiz”.

– “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov bu masalada fikr bildirishni istamadi: “Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev ovozi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan audioyozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagunicha ushbu masalada fikr bildirishni to‘g‘ri deb hisoblamaymiz. Mavzu bo‘yicha birinchi bo‘lib izoh yoki bayonot berish J.Ortiqxo‘jayev va xabarning muallifiga tegishlidir”.

17.11.2019. Soat 15:21. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati kun yarmidan og‘ganida ayni audio yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi: “Hozirda ushbu masalaga oydinlik kiritish va har tomonlama o‘rganish maqsadida mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”.

Soat 15:22. Hokimiyat bilan ketma-ket O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ham bayonot berdi: “Bosh prokuratura tomonidan Internet nashrlarida va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda”. ("O‘rganish" hamon tugamagan, shekilli, jimib ketishdi.)

Soat 17:00. Keskin burilish nuqtasi. Kun.Uz nashri bu audiodagi tahdidlar aynan o‘z muxbirlariga qarshi yangraganini e’lon qildi:

“16 noyabr kuni internetda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning muxbirlarga qilgan tahdidi audiosi tarqaldi. Audioda Ortiqxo‘jayev jurnalistlarni sharmanda qilish, hattoki jismonan yo‘q qilib yubora olishga qodirligi bilan tahdid qilgan.

Mazkur tahdid shahar hokimidan Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov bilan bog‘liq voqeaning ertasiga Kun.uz muxbirlari Rahmatilla Isroilov, Sherzod Egamberdiyev va Bahodir Ahmedov hokim qabulida bo‘lgan chog‘da yangragan.

O‘sha kuni Toshkent shahar hokimi A.Vahobov va muxbirlarni o‘z huzuriga chorlab, yarashtirmoqchi, o‘rtadagi tushunmovchilikni hal qilmoqchi bo‘lgan. Tomonlar murosa qila olmagach, uchrashuv tahdidli «tarbiyaviy soat»ga aylanib ketgan.

Tahririyat hokim bilan uchrashuv vaqtidagi audioyozuvni Vahobov va Kun.uz o‘rtasidagi nizoli vaziyat qasd olishga aylanib ketmasligi hamda shahar hokimining obro‘-e’tiboriga putur yetkazmaslik uchun ommaga oshkor qilish fikridan voz kechgan edi.

16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shu voqeaga oid audioyozuv tarqalishiga esa tahririyatning aloqasi yo‘q.

Bugun, 17 noyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu audioyozuvdagi ovozning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga mansubligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotgani haqida xabar berildi.

Ma’lumot uchun, Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlari yozib olingan to‘liq formatdagi audioyozuvlar Kun.uz tahririyatida mavjud bo‘lib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilishi mumkin”.

Hamma bir muddat o‘ylanib qoldi, keyin esa barcha ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy ajiotaj ko‘tarildi: hokimni so‘kib-haqoratlash, Kun.Uz bilan hamnafas ekanligini bildirishga shoshilishdi. Rasmiy idoralar esa chuqur sukutga cho‘mdi, ovoz egasi haqiqatdan ham Jahongir Ortiqxo‘jayev, jabrlanuvchi aniq – Kun.Uz nashri bo‘lishiga qaramay munosabat bildirishga shoshilmadi. Balki buni “dam olish kuni bo‘lgani uchun” deb izohlashar.

Ijtimoiy tarmoqlarda endi Jahongir Ortiqxo‘jayevni nima kutayotgani haqidagi taxminlardan tortib, jurnalist va blogerlar bunday munosabatga qarshi birlashishi kerakligi, Kun.Uz bilan yelkama-yelka bo‘lish lozimligi haqida turli fikrlar bildirila boshlandi. Ammo hech kim kutmagan bir vaziyatda, yakshanba kechqurun – dushanba tunida asosiy ijrochilar ishtirokida yana bir keskin burilish sodir bo‘ldi.

18.11.2019. Soat 04:57. Kun.Uz nashri o‘z xodimlari va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rtasida muloqot bo‘lgani, “muloqot yakuniga ko‘ra sayt jamoasi va poytaxt hokimligi rahbariyati o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar barham topgani, tomonlar bir-birini tushunib, o‘zaro murosaga kelgani” haqida xabar berib, jamoatchilikka shunday chaqiriq bilan chiqdi: “Hamkasblar, boshqa nashrlarning jurnalistlari va blogerlarga shunday pallada faol qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Shu bilan birgalikda, ulardan bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni so‘raymiz, zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yo‘lida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz”.

Ayni shu daqiqadan boshlab kechagina Kun.Uz’ni to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelgan Internet jamoatchiligi endi ikkiga bo‘linib ketdi: kimdir Kun.Uz’ning vaziyatini tushungan bo‘ldi – ularning naqadar qiyin sharoitda bu qarorga kelganini, maydonda yakkalanib qolganini, O‘zbekistonda jurnalistika bilan shug‘ullanish uchun o‘z hayotidan voz kechish kerakligini aytdi; yana bir guruh esa Kun.Uz rahbarlarini noto‘g‘ri murosaga borganlikda, sotilganlikda, jurnalistikani biznes manfaatlari yo‘lida qurbon qilganlikda, ko‘pchilikning ishonchini suiiste’mol qilganlikda aybladi.

Soat 05:22. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga qilgan tahdidini qoralashini va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi: “Amerika Qo‘shma Shtatlari so‘z va izoh erkinligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va erkin jamiyatda bu narsalar katta ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Biz jurnalist va blogerlarga qilinayotgan tahdidlarni qoralaymiz”.

Soat 07:29. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dizer ayni voqeaga o‘z munosabatini bildirdi: "Men O‘zbekistondagi Kun.uz xabar agentligi jurnalistlarining yuqori martabali mulozim tomonidan tahdid etilgani haqidagi xabarlardan tashvishdaman. Bosh prokuraturaning hodisaga tezkor munosabatini olqishlayman va ularning har tomonlama tekshiruv o‘tkazishlari, jurnalistlarning xavfsizligi ta’minlanishiga umid qilaman".

Soat 12:03. AOKA rahbari Komil Allamjonov bayonot bilan chiqib, “ikki tomon o‘zaro yarashib olgani, endi vaziyatni bo‘rttirmaslik kerakligi”ni aytdi.

Soat 14:48. Kun.Uz nashrining eng faol jurnalistlaridan bo‘lgan Zafarbek Solijonov so‘nggi voqealar manzarasida saytdan ishdan ketganini e’lon qilib, shahar hokimiga: “Jahongir aka Ortiqxo‘jayevga esa o‘sha gapni yana qaytaraman. Men itning bolasi emasman va "poslednyaya tvar" ham emasman. Men jurnalistlik bilan shug‘ullangan yuristman. Shunchaki, bu davlatda qonun ishlashini xohlagandim xolos. G‘ururim esa otamdan meros. U hammasidan ustun. Uni toptashga haqqingiz yo‘q. Lekin bir narsani tushuning. Bu jangda hech kim yutmadi. Ayniqsa siz”, deya xitob qildi.

Soat 15:19. Kun.Uz’ning yana bir faol jurnalisti Bahodir Ahmedov ham ishdan ketganini bildirdi: “Bugun biz yutqazmadik. Bugun endi uyg‘onayotgan so‘z erkinligi, matbuot yutqazdi. Jahongir aka, sizga aytaman, o‘shanda ham qarshi borganman – men itning bolasimasman, “poslednyaya tvar” ham emasman. Siz yutganingizni emas, davlat imidjiga putur yetkazganingizni o‘ylang. Men rizqimni topishimga ishonaman! Sizlardan iltimos, jurnalistlarning huquqlari himoyalanmagan, kuchsiz matbuot davrida Kun.uz'ni ayblamang!”

Soat 18:21. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlot Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning muxbirlarga qilgan tahdidi bo‘yicha o‘z xavotirlarini bildirdi: “Afsuski, men hali Toshkent shahar hokimi bilan uchrashmaganman. Men uning oxirgi izohlaridan xavotirdaman. Jurnalistlarning xavfsizligi – Ommaviy axborot vositalari erkinligining asosiy prinsiplaridan biridir. Birlashgan Qirollik doimo erkin OAV va jurnalistlarni himoya qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz (hokim bilan) ko‘rishganimizda bu masalani muhokama qilishni kutib qolaman”, dedi u.

Soat 21:00. Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati Kun.Uz va Jahongir Ortiqxo‘jayev “kelishuvi” bosim ostida bo‘lgani haqida ma’lumot berdi: “17 noyabr kuni Kun.Uz nashri xodimlarini huzuriga chaqirgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlarga bosim o‘tkazgani aytilmoqda. Poytaxt hokimi Kun.Uz bosh muharririga ertalabgacha “Vaziyat hal bo‘ldi”, degan maqola chiqarish kerakligini aytgan. Yig‘ilishda ishtirok etgan Bi-bi-si manbasining aytishicha, hokim Ortiqxo‘jayev yig‘ilganlarga "Prezident menga ishdan bo‘shatmasligini aytdi", degan. Toshkent shahar hokimi audioda aks etgan tahdidlar kontekstdan uzib olinganini bildirgan. "To‘liq versiya qo‘yilsa boshqa kartina paydo bo‘ladi", degan u. Ortiqxo‘jayev tahdid va haqoratlari uchun jurnalistlardan uzr so‘ramagan, aksincha vaziyat uchun jurnalistlarning o‘zini ayblagan. "Ko‘chaga chiqsam meni hamma taniydi, kelib rasmga tushadi", deya Toshkent shahar hokimi o‘zining obro‘siga ishora qilgan”.

19.11.2019. Soat 05:59. Kun.Uz nashri muharrirlaridan Shuhrat Shokirjonov Feysbukdagi sahifasida Kun.Uz va Ortiqxo‘jayev mojarosi borasida ba’zi tafsilotlarni ochiqlab, ijtimoiy tarmoqdagi ayrim mulohazalarga munosabat bildirdi:

“Tajovuz tasviri e’lon qilingach, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev Kun.Uz muxbirlarini murosaga keltirish uchun chaqirgan. Muxbirlarga yaxshi gapirib, “Kelishib olinglar, tushunmovchilik bo‘libdi”, deb “zamhokim”dan kechirim so‘ranglar, degan. Hokimning istagiga ko‘ra, jurnalistlar “zamhokim”dan yetkazilgan noqulaylik uchun kechirim so‘rashlari kerak bo‘lgan. Bu kechirim so‘rash marosimi videotasvirga olinib, shahar hokimligi kanalida e’lon qilinishi mo‘ljallangan.

Jurnalistlar buni rad etgach, shahar hokimi kelib, hammaga ma’lumu mashhur tahdidlarini bayon qilgan. To‘g‘ri, oxirida “Lekin men bu ishlarni qilmayman, men bunaqa past odammasman”, ham degan. Tarqalgan “zapis”da bu joyi kesib tashlangan. Oxirida “Kelishib, bir birimizga yordam berib ishlaylik”, degan.

Jurnalistlar rozi bo‘lmagach, ular ketganidan so‘ng A.Vahobov tayyor turgan kameralar qarshisida hokimlik matbuot xizmatiga o‘sha mashhur 1 gektar yer va ko‘p miqdordagi pora haqidagi tuhmatini aytib, intervyusini bergan. O‘sha intervyuda 100 ming dollarni esa quruvchi xayriya qilganini aytib o‘tgan. Quruvchi pulini oldimi-yo‘qmi buyog‘idan bexabar ham qoldik. (Agar hali unutmagan bo‘lsangiz, yuqorida ishora qilganimizdek bu voqeaga boshqa tomondan nazar solyapmiz.)

Tuhmat borasida prokuraturaga murojaat qilinganida “Jinoyat alomatlari yo‘q”, degan tamg‘a bilan ikki marta ish yopildi.

Endi vijdonan ayting: qandaydir “zamhokimcha”ga qonuniy chora ko‘rolmagan prokuratura organlari O‘zbekistonning №3-raqamli amaldori Toshkent shahar hokimiga chora ko‘ra olarmidi?

Toshkent shahar hokimi bilan shu insedent bo‘yicha murosa qilindi. Lekin ich-ichimizdan baribir bunaqa hollarga murosasizmiz. Chunki hokimda qilgan ishidan zarracha pushaymonlik tuyg‘usi yo‘q, uzr so‘rashniku o‘ziga mutlaqo ep ko‘rmadi. Allohning o‘zi surobini to‘g‘rilamasa, bandalarining kuchi yetmaskan”.

Soat 13:33. Hozircha so‘nggi shov-shuv – Kun.Uz nashri o‘sha, 15 avgust kuni shahar hokimiyati binosida bo‘lgan tahdid va haqoratlarning to‘liq shakli va matnini e’lon qildi. Uni eshitib, yoki stenogrammasini o‘qib chiqqan odamda “Jahongir Ortiqxo‘jayev ham da’volarida bir qadar haq ekan-ku”, degan fikr uyg‘onishi mumkin.

Kun.Uz saytining asoschisi, jurnalist va bloger Muhrim A’zamxo‘jayev audioning to‘liq shakliga shunday munosabat bildirdi: “Siyosiy texnologiyalar shunaqa qo‘rqinchli narsa – olti sekundda bir odamni “geyga aylantirish” ham, olti sekundda 14,34 minutlik audioni ustalik bilan 94 sekundlik “bomba”ga aylantirib, bir odamni OAVning eng katta dushmani qilib ko‘rsatish ham mumkin (bu odam o‘zi avvaldan OAV bilan unchalik ham kelishmay kelgani alohida masala)”.

Kun.Uz audioning to‘lig‘ini e’lon qilgach, oxirida o‘z munosabatini ham keltirib o‘tdi:

“Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqda Kun.uz jamoasini mazkur mavzuni yopish qarori uchun tanqid qilayotganlardan bu qarorni to‘g‘ri tushunishni so‘raymiz.

To‘liq audiodan keyin ham shahar hokimi tomonidan muxbirlarga tazyiq va tahdid mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, sayt tahririyatining shahar hokimida xusumati yo‘q. Lekin adolat ta’minlanishi uchun tegishli organlar ushbu faktga e’tibor qaratishi va munosabat bildirishini kutib qolamiz”.

Umid o‘lmaydi

Mojaroning hozirgacha bo‘lgan tarixi qisqacha shunday. Sof.Uz bir axborot nashri sifatida O‘zbekistonda fundamental haqlardan bo‘lgan so‘z erkinligi to‘liq ta’minlanishi, jurnalist, bloger va umuman mamlakatning barcha fuqarolariga kasbiy faoliyati, erkin so‘zi tufayli bosim o‘tkazilmasligini istaydi. Zero, har qanday taraqqiyot erkinlikdan boshlanadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан