Kuzning ilk haftasida O‘zbekiston bo‘ylab qanday ob-havo kuzatiladi?

Kuzning ilk haftasida O‘zbekiston bo‘ylab qanday ob-havo kuzatiladi?

Foto: president.uz

Yoz fasli tugab bormoqda. Umuman olganda bu yilgi yoz unchalik issiq bo‘lmadi. Yoz oylaridagi o‘rtacha harorat me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘ldi.

Faqat ba’zi kunlardagina kunduzgi harorat 37-39 darajagacha, mamlakat janubi va shimoliy tumanlarda ayrim joylarda 40-42 darajaga yetdi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, iyulda issiq davr sal uzoq davom etdi. Kunduzgi harorat 37-39 daraja cho‘l zonasida 43 darajagacha bo‘lgan ob-havo faqat iyulning o‘rtasida kuzatildi.

Odatda yoz davrida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kamdan-kam kuzatiladi. Bu yil ham deyarli shunday bo‘ldi. Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi hududlarida mahalliy qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomg‘irlar ko‘proq yog‘di.

Avgust oyining oxiriga kelib esa O‘zbekistonda yoz fasli uchun umuman xos bo‘lmagan jarayonlar kuzatildi.

26 avgustda respublika bo‘yicha harorat keskin pasayib, momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ib o‘tdi. Ob-havoning bunday o‘zgarishi ayniqsa O‘zbekistonning markaziy tumanlarida avj oldi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kuchli va davomli bo‘ldi. Toshkentda shu kuni 1 mm oylik normada yoqqan yog‘inlar miqdori 17 mm.ni tashkil qildi.

Bu juda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa bo‘lsa ham, biroq meteorologik kuzatuvlar tarixida yagona emas. 1954 yilda Toshkentda iyulda 41 mm, 1969 yil iyulida esa 39 mm yomg‘ir yoqqan.

Sentyabr - kuzning birinchi oyi. O‘zbekistonda sentyabrda, ayniqsa uning birinchi yarmida odatda ob-havo issiq va kam bulutli bo‘ladi. Qisqa muddatli yomg‘irlar faqat ayrim kunlarda ko‘proq tog‘li va tog‘oldi hududlarda kuzatilishi mumkin. Tungi harorat 15-20 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi 32-37 darajadan 25-30 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi.

Bugun va ertaga O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

31 avgustda Volgabo‘yi hududidan nisbatan nam va salqin havo oqimi kirishi natijasida ob-havo o‘zgaradi. Respublika bo‘yicha bulutlilikning ortishi, ob-havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat 1-2 darajaga pasayadi va 28-33 daraja atrofida bo‘ladi, bu me’yordan sal past haroratdir.

Sentyabrning ilk kunlari ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat kechasi 15-20, kunduzi 30-35 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublikaning tog‘li va tog‘oldi tumanlarida 30-31 avgust va 1-2 sentyabr kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.