Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Lavozimini ko‘tarish orqali ishdan chetlatishdi”. Rossiyaning bo‘lajak bosh prokurori Igor Krasnov haqida nimalar ma’lum?
21.01.2020 12:35,  
1450

Yuriy Chayka 13,5 yillik faoliyatidan keyin Rossiya bosh prokurori lavozimidan ozod qilindi. Endi ushbu idoraga prezident Vladimir Putinning taklifiga muvofiq Tergov qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Igor Krasnov boshchilik qiladi

44 yoshli Igor Krasnov 1997 yili tergovchi sifatida ish boshlagan. Uning dastlabki shov-shuvli ishi 2005 yili prezident ma’muriyatining sobiq rahbari, o‘sha paytda biznes bilan shug‘ullanayotgan Anatoliy Chubaysga qarshi uyushtirilgan suiqasdni tergov qilish bo‘lgan. Bu ish bo‘yicha ayblangan Mudofaa vazirligining tashqi razvedkaga mas’ul Bosh shtab bosh boshqarmasining (sobiq SSSR davridagi Bosh razvedka boshqarmasi – GRU) iste’fodagi polkovnigi Vladimir Kvachkovni sud ikki marta, 2008 va 2010 yilda oqladi. 

2000 yillar o‘rtalarida Krasnov bir qator rus millatchilariga qarshi shov-shuvli ishlarni tergov qilishi ortidan tilga tushdi. U BORN (Rus millatchilarining jangovar tashkiloti) guruhi faoliyati va ular tomonidan o‘ldirilgan advokat Stanislav Markelov hamda jurnalist Anastasiya Baburova ishlarini olib bordi. Ushbu qotilliklar ijrochisi Nikita Tixonov va tashkilot tuzuvchisi Ilya Goryachev umrbod qamoqqa hukm qilindi, ularning hamkori Yevgeniya Tixonova Xasis esa 18 yilga qamaldi. 

“Yaxshi izquvar va professional”

Rossiya Tergov Qo‘mitasining eng mashhur tergovchisiga aylangan Krasnov 2011 yili II darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordenini, 2012 yilda esa adliya general-mayori unvonini oldi. “Neonatsistlardan jabr ko‘rganlar ishi bilan shug‘ullangan advokatlarimiz Krasnov bilan bir necha bor to‘qnash kelishgan. U bu kabi ishlarga boshchilik qilayotgan guruh rahbari sifatida yaxshi va professional kadr sifatida taassurot qoldirgan. Ishonch bilan tasdiqlash mumkinki, 10 yil oldin Moskvani o‘nlab qotilliklarga mas’ul bo‘lgan, qurollangan neonatsistlardan tozalashda asosiy ishni Krasnov qilgandi”, deydi “Agora” huquq himoyasi tashkiloti rahbari Pavel Chikov. 

Krasnov 2014 yil sentyabrdan 2015 yil mart oyigacha “Vostochniy” kosmodromi qurilishiga ajratilgan pul mablag‘larining talon-taroj qilinishi bo‘yicha tergov olib borgan. 

2015 yili Krasnov muxolifat yetakchisi Boris Nemsovning siyosiy qotilligi yuzasidan tergovga boshchilik qildi. Izquvarlar qotilning izini topdi. Ammo Krasnov tergovni oxirigacha muvaffaqiyatli olib borolmadi. Natijada jinoyatga bevosita aloqasi bo‘lmagan kishilarga hukm o‘qilishi bilan ish yopildi. 2017 yil iyulda Moskva harbiy okrug sudi Zaur Dadayevni 20 yil, Anzor Gubashevni 19 yil, Shadid Gubashevni 16 yil, Temirlan Eskirxanovni 14 yil, Hamzat Baxayevni 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Shu bilan birga tergovchilar siyosatchining o‘limiga kim buyurtma berganini aniqlay olishmadi, gumonlanuvchilardan biri bo‘lgan Ruslan Geremeyevni qo‘lga olishga ham, so‘roq qilishga ham imkon bo‘lmadi. 

“2015 yili tergovchilar Geremeyevga qarshi eng kamida ikki marta ayblov e’lon qilishga tayyorlandi, ammo har safar bu qaror Rossiya Tergov Qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin tomonidan to‘xtatib qo‘yildi”, degandi o‘ldirilgan siyosatchi va uning qizi Jannaning advokati bo‘lgan Vadim Proxorov. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Krasnov – yaxshi izquvar va professional. U qotillikni tergov qilish bilan faol shug‘ullangan”. Ammo keyinroq “uni lavozimini oshirish orqali ishdan chetlatishdi”. 2015 yil mayda Krasnov alohida muhim ishlar bo‘yicha tuzilgan boshqarmaga boshliq bo‘ldi. Nemsovning ishini tergov qilayotgan guruhni esa boshqa bir tergovchi – Nikolay Tutevich boshqara boshladi.

2016 yil 30 aprelda Igor Krasnov Tergov qo‘mitasining rahbari Aleksandr Bastrikinning o‘rinbosari etib tayinlandi, bir yil o‘tib esa adliya general-leytenanti bo‘ldi. 

“Bu sharmandalik va uning o‘zi buni yaxshi tushunadi”

Tergov qo‘mitasi saytining “Maqola va chiqishlar” bo‘limidagi Krasnovning sahifasida uning 2019 yil va 2020 yil boshida “Kommersant” gazetasida chiqqan intervyusi berilgan. Birinchi suhbatda u Rossiya Tergov Qo‘mitasi vakillarining Suriyadagi faoliyati haqida batafsil gapirgan, Nemsovning qotilligini tergov qilish bo‘yicha esa “Har bir xontaxta tanqidchisi jinoyatni surishtirishni istalgan tergovchidan yaxshi biladi”, deb kinoya qilgan. 

2020 yil yanvardagi intervyusida Bastrikinning o‘rinbosari ko‘proq korrupsiyaga qarshi kurash haqida gapirdi, ammo shov-shovli tergov ishlari haqida aniq gap aytmadi. Masalan, Markaziy Afrika Respublikasida o‘ldirilgan jurnalistlar – O‘rxon Jamol, Aleksandr Rastorguyev va Kirill Radchenko haqida Krasnov: “Hujum holati o‘rganilganida qotillik MAR yoki unga qo‘shni davlatlar fuqarolari tomonidan, talonchilik maqsadida sodir etilgani aniqlandi”, dedi. 

Mixail Xodorkovskiy jamoasi o‘tkazgan surishtiruv rasmiy tergov natijalarini butunlay inkor etgan. (Jurnalistlar Afrikaga aynan Mixail Xodorkovskiyning “Surishtiruvlarni boshqarish markazi” loyihasi uchun “Vagner” guruhining yollanma askarlari haqida hujjatli film olish uchun borgandi.) Halok bo‘lgan jurnalistlarning qarindoshlari ham rasmiy tergov natijalariga ishonmasliklarini aytib bayonot berishgan. “Krasnovning Markaziy Afrika Respublikasidagi qotillik bo‘yicha izohi bu – sharmandalik va uning o‘zi buni yaxshi tushunadi”, deydi advokat Vadim Proxorov.

Uzoq vaqt davomida Igor Krasnov Aleksandr Bastrikin o‘rniga Rossiya Tergov Qo‘mitasining boshlig‘i bo‘lishi haqida aytib kelingandi. Ammo endi u Bosh prokuraturaga rahbarlik qilishi ma’lum bo‘ldi.        

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан