Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Lukashenko va Sargsyanning Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal qilish haqidagi tortishuvi audioyozuvi oshkor qilindi
11.12.2020 05:51,  
1055

Yaqinda Ozarbayjonga qarshi urushda yengilgan Armanistonda hukumatni egallash uchun har turli imkon ishga solinyapti. Kuni-kecha sobiq prezident Serj Sargsyan va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2016 yil Yerevanda o‘tkazilgan Yevrosiyo birligiga a’zo davlatlar uchrashuvida o‘zaro qilgan suhbati audio yozuvi internetda e’lon qilindi. 

Audiodan ma’lum bo‘lishicha, agar o‘sha payt armanilar qaysarlik va xobbonilik qilmaganida edi, Tog‘li Qorabog‘ muammosining katta qismi bundan to‘rt yil oldin qon to‘kilmasdan hal bo‘lgan, shu yil 28 sentyabrda urush boshlamagan, Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi bosib olingan yettita tuman Ozarbayjonga tinch yo‘l bilan qaytarilgan, evaziga Armaniston iqtisodiyotiga yirik sarmoya kiritilishi mumkin bo‘lur ekan. 

Keling, quyida  audioyozuvning o‘zbekchaga o‘girilgan matni bilan tanishaylik, keyin davom ettiramiz. (Audio matni muallif tarafidan o‘zbekchalashtirilgan):
Serj Sargsyan: Biz tinch va osoyishta yashashni istaymiz. Ammo, faqatgina istakli bo‘lish, afsuski, yetarli emas.
Aleksandr Lukashenko: Ana shu yettita tuman uchun ular keyinchalik urush boshlaydilar. Agar boshlashmasa-chi?
Serj Sargsyan: Qanaqasiga? Agar ahvolni shunday qoldirsak, 150 mingni olsachi? (izoh: Tog‘li Qorabog‘ aholisi 150 ming kishi, Sargsyan, chamasi, shunga imo qilyapti).
Aleksandr Lukashenko: Keling, unda kafil tashkilot tuzamiz, himoya qilamiz, urush bo‘lmasligi uchun kerakli ishni qilamiz. 
Serj Sargsyan: Qorabog‘-chi?
Aleksandr Lukashenko: Uni esa hal qilishimiz kerak. Masalan, u yerga tegishli tinchlikni saqlash kuchlarini yuborishimiz kerak.
Serj Sargsyan: Tog‘li Qoraboqqa, chegarada-ya?
Aleksandr Lukashenko: Nega bo‘lmasin?! Biz u yerga urushgani kelmaymiz, kelishuvga rioya qilinishini ta’minlash uchun kelamiz. Bilasanmi, mening fikrimcha, shu masalada sening pozitsiyang kuchsiz. 
Serj Sargsyan: Nega?
Aleksandr Lukashenko: «Men senga yettita tumanni bermayman, chunki (olganingdan keyin) urush boshlaysan» (deyapsan). Boshlamasa-chi?
Serj Sargsyan: Albatta! «Boshlamasa-chi?» deganing nimasi? Boshlasa-chi? 
Aleksandr Lukashenko: Unda kafillar aralashadi. 
Serj Sargsyan: Nega shundoqqina bervorishimiz kerak? Tushunmayapman.
Aleksandr Lukashenko: «Shundoqqina?» U (Aliyev) pulini to‘laydi. U birinchi bosqich uchun besh milliard taklif qilgandi. (Izoh: agar Armaniston bosib olingan tumanlarni qaytarsa, evaziga Aliyev  Armanistonga besh milliard dollarlik yotirim kiritishga so‘z bergan, bu masala oldin ham bir necha marta gaplashilgan ekan. Bu yerda gap shu haqda ketyapti).
Serj Sargsyan: Yaxshisi, men unga olti milliard beray, voz kechsin.
Aleksandr Lukashenko: Voz kechsin? Yettita tumandan-a?! Nimalar deyapsan? Agar sen "yettita tumanni beryapman" desang – sizlar o‘rusiyaliklar bilan juda aqllisizlar, shuni tan olyapsanmi? Kelinglar, yigirma mingni u yerga kiritib, vaziyatni barqarorlashtirib, hech qayoqqa ketmasdan, hammamiz birgalashib muammoni hal qilaylik. Lekin sen bu muammo hal bo‘lishini istamayapsan. Senga do‘st o‘laroq fikrimni bildiryapman.
Serj Sargsyan: Quloq sol. Men bunday qilolmayman. Negami? Bu beshta tuman besh ming yigitimiz qoni evaziga olingan. U yerda besh ming kishi o‘ldi. 
Aleksandr Lukashenko: Nima bo‘pti? 
Serj Sargsyan: Nima bo‘pti? Sen uchun «nima bo‘pti», men uchun esa «nima bo‘pti!!!»
Aleksandr Lukashenko: Bizda (ikkinchi jahon urushida) 30 million kishi o‘lgan. Nima, bugun olmonlar bilan urushyapmizmi? 
Serj Sargsyan: Birinchidan, bizda ham undan oz odam o‘lmagan. Faqatgina Belarusda 30 ming odamimiz (armanistonlik) o‘lgan.
Aleksandr Lukashenko: U ancha yillar oldin bo‘lgan edi. 

Mana, audioyozuv matni bilan tanishdingiz. 1992-94 yillarda Armaniston bosqinchi-agressor davlat o‘laroq Ozarbayjonga tegishli Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati va unga qo‘shimcha ravishda tevaragidagi yettita tumanni «bufer zonasi» sifatida bosib olgandi. O‘sha tuproqlarda yashayotgan yettiyuz ming ozarbayjon ona-yurtini tashlab, o‘z vatanida qochqin bo‘lishga majbur qilindi. Armanilar Xonkendining shundoq biqinida joylashgan Xo‘jali qishlog‘i aholisini qatliom qilib, 612 yosh-u qarini vahshiylarcha o‘ldirgan.

BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar Armanistonni bosqinchi davlat ekanini e’tirof etgan. BMT to‘rtta rezolyusiyasida agressor davlatdan o‘z qo‘shinlarini bosib olingan tuproqlardan hech qanday sharsiz olib chiqib ketishini talab qilgan.  

Qrimni bosib olib, Ukraina sharqidagi ahvolga aralashgani uchun Ovro‘pa Birligi va AQSh tomonidan O‘rusiyaga qarshi iqtisodiy jazo sanksiyalari kiritilgan. Lekin armanilarning dunyodagi badavlat lobbisi shunchalik kuchli ekan-ki, birorta davlat mittigina Armanistonga qarshi sanksiyalar kiritish uchun o‘zida kuch topolmadi yoki topishni istamadi. 

Oqibatda, Ozarbayjon o‘z huquqidan foydalanib, agressorga qarshi kirgan urushda so‘zsiz g‘olib bo‘ldi. To‘rt yil oldingi audioyozuvda Lukashenko va Sargsyan tortishgan muammoning katta qismi 44 kunlik urushda har ikki tarafdan minglab askar va tinch aholi o‘limi evaziga hal bo‘ldi. 

Aleksandr Lukashenkoga kelsak, u dilidagini dangal qilib tiliga chiqaradigan davlat boshlig‘i o‘laroq un chiqarganlardan. Buni audioyouv ham isbotlayapti. Bir paytlar u Islom Karimov bilan o‘zaro suhbatida bilib olgan katta sirni ham ochib qo‘ygan. Taptortmas prezidentga ko‘ra, Karimov «Bizdayam bitta jurnalist bor edi, hamma ishga burnini suqaverardi. O‘ligini Anhordan topishdi» degan ekan...

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан