Bugun ijtimoiy tarmoqlarda IIV tomonidan tayyorlangan bir necha videolar tarqala boshladi. Unda ichki ishlar idoralari xodimlarining obrazi hajv qilingani uchun rolik mualliflari uzr so‘ragan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Akmal Burxonov ushbu masala yuzasidan fikr bildirdi:
"Darhaqiqat, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yurtimiz osoyishtaligi, fuqarolarimiz tinchligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, erkin va demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borayotgan yurtimizda ijod erkinligini ta’minlash, madaniyat va san’at sohasiga siyosiy jihatdan yondashilmasligi kerak, deb hisoblayman.
E’tiborlisi, shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Madaniyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilinmoqda. Yuqoridagi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi tahrirdagi qonun bilan madaniyat va san’at sohasi vakillarini erkin ijod qilishlari uchun sharoit yaratilishi, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlanishi muhim,” - deydi Oliy Majlis deputati.