Hukumat qarori bilan 2021/2022 o‘quv yilidan mahalla idoralari xodimlariga o‘qishga kirishda imtiyoz berilishi jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Adliya vazirligi imtiyoz qaysi ta’lim yo‘nalishi uchun amal qilishini ma’lum qildi.
Imtiyoz barcha OTMga o‘tmaydi
Adliya vazirligining bildirishicha, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab mahalla xodimlari uchun sirtqi ta’lim bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilishi yuzasidan qabul qilingan hukumat qarori doirasida berilayotgan mazkur imtiyoz barcha OTMga o‘tmaydi. Qolaversa, barcha yo‘nalishlarga nisbatan ham tatbiq etilmaydi. Ya’ni, mahalla xodimlari uchun pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi OTMda faqat “5520100 – Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida sirtqi o‘qish imkoniyati berilmoqda.
Imtiyoz asosida o‘qishga kirganlar ta’lim yo‘nalishini o‘zgartira olmaydi
Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishga imtiyozli ravishda qabul qilingan mahalla xodimlarining o‘qishini boshqa yo‘nalishga ko‘chirishiga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, bu – mahalla xodimlari (hatto tavsiyanoma olganlari ham) o‘qishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi degani emas.
Boshqacha aytganda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lib turib ham, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tilmasa, mahalla organlari xodimlari talabalikka tavsiya etilmaydi.
Tavsiyanoma hammaga ham berilmaydi
Adliya vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tavsiyanoma so‘rab murojaat qilgan har bir mahalla xodimi tavsiyanomali bo‘lib qolmaydi. Ya’ni, tavsiyanoma olishning belgilangan mezonlari bor. Buning uchun mahalla xodimi:
- egallab turgan lavozimida so‘nggi 1 yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
- mahalla tizimida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi;
- faoliyat yuritayotgan mahalla organi reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha “namunali” deb topilgan bo‘lishi kerak.
Qolaversa, mahalla xodimi ijobiy tavsiflanganmi, ish faoliyati ijobiy baholanganmi, unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilmaganmi – shular ham tavsiyanoma berishda inobatga olinadi.
“Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalla organlarini yetuk va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, mahalla organlari xodimlariga ish faoliyatini davom ettirgan holda ta’limni ish bilan birga olib borish uchun sharoit yaratib berish ko‘zlangan. Asosiy muddao shu”, deyiladi Adliya vazirligining rasmiy munosabatida.