Mahbuslarni qamoqda qiynagan “Palach” afv qilinadimi?​

Mahbuslarni qamoqda qiynagan “Palach” afv qilinadimi?​

Videodan lavha

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi axborot xizmati 31 mart kuni “Ozodlik” saytida e’lon qilingan “Mahbuslarni qamoqda qiynagani ortidan qamalgan “Palach”ning afv qilinish ehtimolidan faollar tashvishda” maqolasi yuzasidan bayonot berdi.

Maqolada keltirib o‘tilgan vajlarga javoban IIV JIEBB quyidagilarni ma’lum qildi:

“Navoiy viloyati 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Jumayev Nozim Narziyevich muqaddam og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir qilganligi uchun 4 marotaba sudlanib, yana uyushgan jinoiy guruh tarkibida o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Mahkum N.Jumayevga jazo muddatini o‘tayotgan boshqa mahkumlar qatori O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya kodeksida nazarda tutilgan shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, alohida imtiyozlar yoki ma’lum bir yengilliklar yaratilmagan.

Mahkum N.Jumayev uyushgan guruh tarkibida jinoyat sodir etganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan, muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, mahkum N.Jumayev jazo muddatini o‘tash davomida muntazam ravishda belgilangan ichki tartib qoidalarni buzib kelganligi sababli unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya kodeksining 112-moddasi talablariga muvofiq saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi – deb topilgan.

Navoiy shahar sudining 2019 yil 2 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, uning jazoni o‘tash tartibi o‘zgartirilib, qattiq tartibli koloniyadan 3 yil muddatga turma tartibiga o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining afv etish to‘g‘risidagi Farmon talablari asosida jinoyat sodir etgan shaxslar afv etishni so‘rab iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli, lekin mahkum N. Jumayev jazo muddatini o‘tash davomida afv etish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilmagan.

Maqolada keltirib o‘tilgan, ya’ni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi qamoqxona sobiq mahbuslardan biri (ismi sir qolishini istagan) Ozodlikka aytishicha go‘yo “diabet” kasaliga chalingan degan vaj bilan N. Jumayevga Navoiy viloyatidagi qattiq rejimli 64/46 koloniyada alohida yaxshi sharoit yaratib berilganligi holati yuzasidan quyidagilarni ta’kidlash lozim.

Jinoyat ijroiya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish koloniyalari umumiy, qattiq, maxsus va turma tartibli muassasalarga bo‘linib, jazo o‘tash shartlari bir biridan farq qiladi hamda sud tomonidan umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan mahkumlar qattiq tartibli koloniyalarda jazo o‘tamaydi.

Shu sababli, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 5-son koloniya umumiy tartibli bo‘lib, u yerda jazo muddatini o‘tagan shaxs 11-son (64/46) qattiq tartibli koloniya to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lmasdan fikr bildirganligini anglash mumkin.

Bundan tashqari, jazoni ijro etish tizim xodimlari jazoni ijro etish muassasalariga faqatgina o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun kelib, sport mashg‘ulotlari IIVning tegishli normativ hujjatlariga muvofiq hududiy ichki ishlar organlarida tashkil qilingan sport maydonchalarida o‘tkaziladi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, advokatlar himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanishlari mumkinligi qat’iy belgilangan bo‘lib, maqolada yoritilgan video lavhani mahkum N.Jumayev bilan uchrashuvga kelgan advokati tomonidan tasvirga olinganligini taxmin qilish mumkin.

Mazkur holat yuzasidan, bugungi kunda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan surushtiruv ishlari olib borilmoqda, uning natijasidan kelib chiqqan holda tegishli qaror qabul qilinadi.

Shuningdek, tekshiruv davomida sport bilan shug‘ullanayotganligi ko‘rinishdagi video lavha, mahkum N.Jumayev ozodlikdan mahrum qilingunga qadar tasvirga olinganligi aniqlandi“ deyiladi IIV xabarida.

Shuningdek, “Ozodlik” sayti muxbirlari IIV JIEBB axborot xizmatiga biror marotaba murojaat bilan chiqmagani, maqolada ko‘rsatilgan holatlar, ishonchli manbaga tayanmasdan, bir tomonlama yondashgan holda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganligi natijasida foydalanuvchilarda Jazoni ijro etish tizimi bo‘yicha salbiy fikrlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lganligi ta’kidlangan.

Xulosa sifatida Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarmasi “Ozodlik“ saytining maqolasida keltirilgan holatlarni qat’iy ravishda rad etdi.